Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Hamkorlik | Ro'yxatga o'tish

Davlat va jamiyatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning roli

Toshkentda 29-30 sentabr kunlari “Siyosiy partiyalar va saylov: jahon amaliyoti va O‘zbekiston qonunchiligi” mavzuida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi, Fuqarolik jamiyatini o‘rganish instituti, YEXHTning mamlakatimizdagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi, Milliy demokratiya instituti (AQSH) va “Mintaqaviy muloqot” nodavlat tashkiloti (Sloveniya) tomonidan tashkil etildi.
Forumda Belarus, Buyuk Britaniya, Hindiston, Janubiy Koreya, Polsha, Rossiya, Slovakiya, Sloveniya, AQSH, Ukraina, Chexiya, Yaponiya va xalqaro tashkilotlardan ekspertlar, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan siyosiy partiyalar hamda jamoat birlashmalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbati ishtirokchilari davlat va jamiyat qurilishini rivojlantirish, aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda siyosiy partiyalarning rolini, jumladan, qonunchilik va hokimiyatning vakillik organlariga saylovlarda siyosiy partiyalar ishtirokini kengaytirish orqali saylov jarayonining demokratligini ta’minlashda qator mamlakatlar tajribasini muhokama etdi.
Xorijiy ekspertlar o‘z chiqishlarida istiqlol yillarida O‘zbekistonda mamlakatning barqaror va jadal rivojlanib borayotgan siyosiy tizimi, professional asosda faoliyat ko‘rsatayotgan ikki palatali parlament tashkil etilgani, demokratik talablar va xalqaro huquqiy normalarga to‘liq javob beradigan saylov tizimi va saylovlar qonunchilik bazasi, fuqarolar hamda siyosiy partiyalarning saylov jarayonlarida erkin, faol ishtirok etishi uchun barcha zarur tashkiliy-huquqiy, moddiy-texnik sharoitlar yaratilganini ta’kidladi.
Bunda O‘zbekistonning siyosiy partiyalar to‘g‘risidagi qonunchiligi xalqaro standartlarga to‘la mosligi alohida qayd etildi. Uning ro‘yobga chiqarilishi va yanada rivojlantirilishi mamlakatimizda ko‘ppartiyali tizimni amalda mustahkamlash, demokratik ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda partiyalar rolini kuchaytirishga ta’sir ko‘rsatadi.
Yonsey universiteti professori Sangtu Ko (Janubiy Koreya): “Davra suhbati davomida turli partiyalar vakillari o‘rtasidagi qizg‘in bahslarning guvohi bo‘ldim. Bu – partiyalar a’zolarining qanchalik faolligi, ularning o‘z siyosiy qarashlarini nechog‘lik aniq belgilashi va ilgari surishidan dalolat. Biz O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan siyosiy partiyalar dasturlari xilma-xilligi bilan bir-biridan ajralib turishini ko‘rdik. Zero, demokratiyaning talabi ham shunday”.
YEXHTning Gruziyadagi missiyasining inson turmush darajasini baholash bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Inkeri Aarnio-Lvofning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekistonda siyosiy partiyalar to‘g‘risida qator qonunlarning qabul qilingani mamlakat to‘g‘ri yo‘ldan borayotganidan dalolatdir. Yosh va mustaqil davlatingiz tomonidan elektoratning siyosiy madaniyatini oshirish, aholining saylov kampaniyasi, saylov qonunchiligi haqida xabardorlik darajasini yuksaltirishda jamoat institutlari rolini kuchaytirishga doir ko‘rilayotgan chora-tadbirlar demokratik rivojlanishning muhim tarkibiy qismlaridandir. O‘zbekistonda birinchi marta bo‘lishim. Bugungi davra suhbati kabi tadbirlarning o‘tkazilishi ushbu yo‘nalishdagi muhim qadamdir va u mamlakatda yuz berayotgan siyosiy jarayonlarni chuqur anglash imkonini beradi”.
Xorijiy ekspertlar fikr almashish davomida odamlarning siyosiy, ijtimoiy va fuqarolik ongi, ularda yon-atrofida ro‘y berayotgan voqealar, mamlakatda barqarorlikni mustahkamlash uchun javobgarlik tuyg‘usining oshgani O‘zbekistonda boshlangan saylov kampaniyasining muhim jihatlaridandir, degan xulosaga keldi.
Xususan, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Ishtvan Vensel shunday dedi: “Bo‘lajak saylov O‘zbekiston siyosiy hayotida muhim ahamiyatga ega, fuqarolarning mamlakatda davlat va siyosiy jarayonlarni boshqarishda ishtirokini ta’minlaydi. Bu nihoyatda muhim, negaki O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar davom etmoqda, davlatni boshqarish tizimi o‘zgarmoqda. Bunday sharoitda fuqarolik jamiyatini shakllantirishda siyosiy partiyalar roli ancha ortadi”.
Milliy demokratiya instituti vakili Klark Pleksikoning (AQSH) ta’kidlashicha, “har bir xalq o‘z an’anasiga ega va uning siyosiy tizimi ham shundan kelib chiqqan holda shakllanadi. O‘zbek xalqi bu masalani mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha o‘zining madaniy an’analari va xususiyatlarini hisobga olgan holda hal etmoqda. Bunday jarayonni Yevropa va AQSHda ham kuzatish mumkin. Biroq, eng asosiysi – siyosiy tizimdan qat’i nazar, uning barqarorligini ta’minlash muhim va buni mamlakatingiz misolida yaqqol ko‘rish mumkin. O‘zbekistonga kelganimdan buyon bu yerda siyosiy sohada katta o‘zgarishlar yuz berganini qayd etishni istar edim. Eng muhimi, mamlakatingizda tinchlik va barqarorlik hukm surmoqda. Parlament islohoti siyosiy tizimni rivojlantirishga ko‘maklashdi va bu saylov jarayoniga ham o‘zining ijobiy ta’sirini o‘tkazadi. O‘zbekiston siyosiy tizimidagi hayotbaxsh o‘zgarishlar AQSH tomonidan katta xayrixohlik bilan kuzatib borilmoqda, biz O‘zbekistonni jamiyatni yanada demokratlashtirishda qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”.
J.Neru nomidagi universitet professori Ajay Kumar Patnaikning (Hindiston) ta’kidlashicha, “O‘zbekistonda siyosiy sohada jadal va ijobiy o‘zgarishlar izchil davom etmoqda. Hayotning barcha jabhalari demokratlashtirilmoqda. Bu tub o‘zgarishlar aholi barcha qatlamlarining davlat boshqaruvida ishtirok etayotganidan dalolatdir. Saylovchilarning siyosiy faolligi ancha oshganini ham ta’kidlash joiz. Aholining saylovga bo‘lgan katta qiziqishi saylov jarayonida ham o‘z ifodasini topmoqda”.
Muhokama davomida xorijiy ekspertlar O‘zbekistonda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarida siyosiy partiyalarning ijtimoiy-siyosiy faolligi va partiyalar o‘rtasida sog‘lom raqobat ortib borayotganini alohida ta’kidladilar. Bularning barchasi demokratiyani rivojlantirish omillaridan sanaladi va siyosiy partiyalarning elektorat oldidagi mas’uliyatini oshiradi.
Siyosiy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha ekspert Yan Dirk Blau (Gollandiya) ko‘pchilikning bu haqdagi fikrini umumlashtirib, shunday dedi: “O‘zbekistonda siyosiy jarayon izchil va maromida rivojlanmoqda. Biz siyosiy partiyalar o‘rtasidagi siyosiy raqobatning guvohi bo‘lmoqdamiz. Ular o‘zlarining ijobiy maqsadlarini ilgari surmoqda, negaki ushbu maqsadlarga erishish hokimiyat uchun ham, xalq uchun ham foydali bo‘lishi mumkin. Shuningdek, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobat demokratiyaning yagona maqsadi emas, deb hisoblayman. Darhaqiqat, bunday raqobat dunyoning ko‘pgina davlatlarida mavjud, ammo bu har doim ham jamiyat farovonligining kafolati hisoblanmaydi. Partiyalar, avvalambor, o‘z elektoratiga nisbatan samimiy bo‘lishi lozim”.
Xorijiy ekspertlar amaliy muloqot va erkin fikr almashish ruhida o‘tgan muhokama yakunlarini sarhisob qilar ekan, O‘zbekistonda tashkil etilgan saylov tizimi haqiqiy demokratik, ochiq, erkin va transparent saylovni o‘tkazish uchun mustahkam mexanizm sifatida xizmat qilishini ta’kidladi. Siyosiy partiyalarga saylov jarayoni, davlat hokimiyatining qonunchilik hamda vakillik organlari ishida va umuman, jamiyatni yanada demokratlashtirish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etishi uchun qonun tomonidan mustahkamlangan keng huquq hamda imkoniyatlar berilgan.

http://www.uza.uz/oz/

5799

05Oktabr 2009



Dolzarb mavzular