Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Dolzarb mavzular | Ro'yxatga o'tish

O‘zbekistonda xalqaro talablarga to‘la javob beradigan saylov tizimi yaratilgan

Shu yilning 21-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga saylovlarni kuzatish jarayonida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan uch yuzdan ziyod vakil ishtirok etishi kutilmoqda. O‘zA muxbirlari mamlakatimizga tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchilarning ayrimlari bilan uchrashib, ularning taassurotlari, saylov jarayonlari to‘g‘risidagi fikrlari bilan qiziqdi.

 

Yoshiko Kavabata, Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti professori (Yaponiya):

 

– O‘zbekiston Respublikasi sayloviga oid barcha qonun hujjatlari, ularga kiritilgan o‘zgarishlar bilan tanishib chiqdim. Mamlakatingizda fuqarolar saylov huquqining amalda ijrosini ta’minlash maqsadida xalqaro talablarga to‘la javob bera oladigan saylov tizimi yaratilgan.

 

Xalqingiz saylov ruhi bilan yashayotganining guvohi bo‘ldim. Ommaviy axborot vositalarida chop etilayotgan maqolalar, tele-radio kanallari orqali namoyish etilayotgan aksariyat ko‘rsatuv va eshittirishlar saylovga bag‘ishlangan, ko‘chalar va binolarda deputatlikka nomzodlarning plakatlari hamda saylovchilarni ovoz berishga chorlovchi shiorlar osilgan. Televideniye orqali siyosiy partiyalar vakillari va deputat nomzodlarning chiqishlarini, ularning saylovoldi tashviqotlari va bahs-munozaralarini ko‘rdim. Bu jarayon g‘oyat qizg‘in va faol o‘tayotgani saylovchilarning ovoz berish jarayonida munosib nomzodni tanlash imkoniyatini kengaytiradi.

 

Deputatlikka nomzodlar ichida xotin-qizlar vakillarining ko‘pligi mamlakatingiz saylov tizimidagi yutuqlardandir. O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, Oliy Majlis va mahalliy vakillik organlari deputatligiga nomzodlar orasida xotin-qizlar uchun 30 foiz kvota belgilangani mamlakatingizda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarning amaliy samarasidir. O‘zbekistonda bu borada erishilgan yutuqlarga havas qilsa arziydi.

 

Evgeniy Sloboda, MDH Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i:

 

– Missiyamiz vakillari shu kungacha Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Farg‘ona va Samarqand viloyatlaridagi saylov uchastkalari bilan tanishdi. Barcha saylov uchastkalarida saylovga yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rilganiga guvoh bo‘ldik.

 

O‘zbekistonda saylovlarni demokratik ruhda o‘tkazish uchun juda ko‘p ish qilingan. MDH kuzatuvchilar missiyasi O‘zbekistonda o‘tgan oldingi parlament saylovlarida ham qatnashgan. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston milliy saylov qonunchiligi takomillashib, eng yuqori demokratik talablarga to‘liq javob beradi. Fuqarolarning o‘z xohish-irodasini bildirish erkinligini ta’minlash kafolatlari kuchaytirilgan.

 

Boris Qandov (AQSh):

 

– O‘zbekiston mustaqillik yillarida barcha sohalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Xalq farovonligi muttasil oshib, mamlakatingizning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib bormoqda. Bu O‘zbekiston tanlagan taraqqiyot yo‘lining g‘oyat to‘g‘ri va hayotiy ekanidan dalolat beradi. O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar tahsinga sazovor.

 

O‘zbekiston saylov qonunchiligiga oid hujjatlar bilan tanishib, bu boradagi barcha savollarimga to‘liq javob topdim. Mamlakatingizda saylov tizimi va uni o‘tkazish jarayoni tobora takomillashib borayotgani, qonun ustuvorligini ta’minlash va adolat tamoyillariga rioya qilish borasida olib borilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani alohida e’tiborga loyiq. O‘zbekistonda saylovchilar uchun barcha qulay shart-sharoit yaratilgan. Deputatlikka nomzodlar orasida yosh avlod vakillari ko‘pligi diqqatimni tortdi. Bu mamlakatingizda yoshlarga qaratilayotgan ulkan e’tibordan dalolatdir.

 

Nodira Manzurova, Iroda Umarova, O‘zA

7692

15Dekabr 2014



Dolzarb mavzular