Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Dolzarb mavzular | Ro'yxatga o'tish

Parlament sayloviga hamma narsa tayyor

2014 yilgi saylovlarni yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan diplomatik korpuslar, xalqaro tashkilotlarning rahbarlari, xorijiy kuzatuvchilar, mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari uchun shu yil 21 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan parlament sayloviga tayyorgarlik ko‘rishning borishiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

 

Unda, shuningdek, MDH va YeXHT DIIHBning saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyalari vakillari ishtirok etdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha qilingan ishlar to‘g‘risida batafsil axborot berdi.

 

2014 yilgi saylov kampaniyasi ham o‘zining mantiqiy nihoyasiga yetmoqda – bir necha kundan so‘ng, 21 dekabr kuni O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqea – mamlakatimizdagi chuqur demokratik o‘zgarishlarning in’ikosi bo‘lgan davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov bo‘lib o‘tadi.

 

Qayd etilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov bo‘yicha saylov kampaniyasi sifat jihatidan yangi ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy sharoitda takomillashtirilgan saylov qonunchiligi, umume’tirof etilgan xalqaro standartlar va demokratik talablar asosida o‘tmoqda.

 

Saylovlarni yuksak demokratik darajada o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda miqyosiga ko‘ra katta tayyorgarlik ishlarini amalga oshirdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2014 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Unda saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bo‘yicha muhim talablar va maqsadli vazifalar, aniq vaqt ko‘rsatilgan jadval asosida o‘tkaziladigan barcha tadbirlar belgilab olingan va amalga oshirilmoqda. Bu saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishni yuksak demokratik saviyada tashkil etish, fuqarolarning saylov huquqlarini to‘liq amalga oshirish, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda siyosiy partiyalarning faol ishtirokini ta’minlash uchun keng shart-sharoit yaratish imkonini berdi. Saylov jarayonlarining ochiq va oshkoraligini ta’minlash, saylov qonunchiligini saylovchilarga teran tushuntirish bo‘yicha samarali ishlar tashkil etish, fuqarolarni deputatlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlari, ularning ishchanlik va ma’naviy fazilatlari bilan tanishtirish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayoni haqida saylovchilarning xabardorlik darajasini oshirishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi.

 

Tadbirda qayd etilganidek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan xorijiy va mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining 340 nafardan ziyod jurnalistlariga saylov jarayonini yoritishda zarur sharoit yaratilgani ochiqlik, shaffoflik va oshkoralik tamoyillarini amalda ta’minlashning muhim omili hisoblanadi. Ayni paytda O‘zbekistonda xorijlik kuzatuvchilar, jumladan, YeXHT DIIHB va MDH Ijroiya qo‘mitasi kuzatuvchilari missiyalari qizg‘in faoliyat olib borayapti. Yaqin kunlarda ularga Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Islom hamkorlik tashkiloti xalqaro kuzatuvchilari ham qo‘shiladi. Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Osiyo, Yevropa, Afrika, Amerikaning 40 davlatidan, shuningdek, MDHdan 300 nafarga yaqin kuzatuvchi ro‘yxatga olindi. Ularning orasida milliy parlament va saylov organlari rahbarlari hamda a’zolari, jamoatchilik tashkilotlari va OAV vakillari, olimlar hamda siyosatshunoslar bor. Qolaversa, okrug saylov komissiyalari tomonidan siyosiy partiyalarning 70 mingdan ortiq kuzatuvchilari va vakolatli vakillariga tegishli mandatlar taqdim etildi.

 

Brifing ishtirokchilariga 2014 yilgi parlament saylovida O‘zbekistonning barcha to‘rt partiyasi qatnashishi haqida ma’lumot berildi. Bugungi kunda davom etayotgan saylovoldi kampaniyasida ular saylovchilar ovozi uchun faol raqobat kurashiga kirishishgan.

 

Qayd etilganidek, saylovda O‘zbekiston ekologik harakati ikkinchi bor ishtirok etmoqda. O‘zbekistonda parlamentni shakllantirishning o‘ziga xos jihatlaridan biri Ekoharakat uchun 15 ta deputatlik o‘rnining kvotalanishidir. Bu esa mamlakatimizda atrof-muhit muhofazasi va aholi salomatligini yanada mustahkamlashning muhim omilidir. Saylov kuni poytaxtimizda O‘zbekiston ekologik harakatining Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlarni saylash bo‘yicha konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.

 

Yurtimizdagi saylovoldi kampaniyasi jarayonlari shu kunlarda butun dunyo nigohida. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik missiyalari tomonidan mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovi haqida keng ko‘lamli tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Chunonchi, Ozarbayjon, Belgiya, Germaniya, Isroil, Ispaniya, Italiya, Hindiston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Latviya, Malayziya, Fransiya, AQSh, Turkiya, Shveysariya, Yaponiyada ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifinglar tashkil etildi. Shular qatorida Madrid, Pekin, Shanxay, Kuala-Lumpur, Seul, Novosibirsk, Anqara, Tokio kabi o‘nlab shaharlarda ijtimoiy-siyosiy va ekspert-tahlil doiralari ishtirokida davra suhbatlari, ilmiy seminarlar hamda uchrashuvlar o‘tkazildi.

 

Hozirgi paytda barcha saylov uchastkalari ovoz berish uchun shay holatga keltirilgan. Ular zarur inventarlar, aloqa hamda texnika vositalari, huquqiy adabiyotlar bilan to‘liq ta’minlangan. Saylov komissiyalari a’zolarining huquqiy madaniyatini oshirish, saylov qonunchiligiga kiritilgan yangiliklar bilan tanishtirish maqsadida mamlakatning barcha hududida turkum seminarlar o‘tkazildi. Maxsus ajratilgan xonalarda yashirin ovoz berish kabinalari to‘liq jihozlanib, saylov qutilari o‘rnatilgan. Uchastka saylov komissiyalari tomonidan qariyb 20,8 million nafar fuqaroning ism-sharifi kiritilgan saylovchilarning to‘liq ro‘yxati tuzilgan. Saylovchilar ovoz berish vaqti hamda joyi haqida xabardor qilingan.

 

Saylov kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi soat 13.00, 17.00 va 22.00 da o‘tkaziladigan brifinglarda keng jamoatchilikni ovoz berish jarayoni haqida boxabar etadi. Ertasi kuni saylovning dastlabki natijalari e’lon qilinadi.

 

Brifing yakunida uning ishtirokchilari jurnalistlarga intervyu berdi.

 

Qobil XIDIROV,

«Xalq so‘zi» muxbiri.

 

 

So‘z – brifing ishtirokchilariga

 

Yevgeniy KOZYaK,

MDH Ijroiya qo‘mitasi maslahatchisi:

 

– O‘zbekistonda demokratik islohotlar samaradorligini yanada yuksaltirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar e’tiborga molikdir. 21 dekabr – yakshanba kuni mamlakatingizda bo‘lib o‘tadigan saylovda missiyamizdan 70 nafardan ziyod kuzatuvchilar ishtirok etadi. Shtabimiz ularning ishini muvofiqlashtirib, zarur materiallarni tayyorlaydi. Vakillarimiz imkon qadar barcha hududlarda bo‘lishiga harakat qilamiz.

 

O‘zbekistonda haqqoniy demokratik va xolis saylovlarni o‘tkazish borasida juda ko‘p ishlar olib borildi. MDH missiyasi kuzatuvchilari avvalgi saylovoldi kampaniyalarida ham hozir bo‘lgandi. Aytish joizki, milliy saylov qonunchiligi sezilarli darajada takomillashtirildi va xalqaro talablarga to‘liq javob beradi. Fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin ifodalash kafolatlari kuchaytirilgani bunga bir misoldir. Missiyamiz vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona va Samarqand viloyatlaridagi saylov uchastkalarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Qayd etish lozimki, tayyorgarlik ishlari diqqat-e’tibor bilan olib borilgan. Uchastkalar saylovga har tomonlama tayyor.

 

Biz muddatidan oldin ovoz berish jarayonini kuzatib, u qonunlarga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkazilganiga guvoh bo‘ldik.

 

Larisa YuShKEVICh,

MDH Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i:

 

– Men Farg‘ona, Toshkent, Samarqand viloyatlaridagi saylov uchastkalariga bordim. Alohida qayd etishim joizki, O‘zbekistonda saylovga tayyorgarlik ko‘rish yo‘lida ulkan tashkiliy ishlar amalga oshirilgan. Uchastkalar keng va shinam. Ko‘chalarda deputatlikka nomzodlarning plakatlari, saylovda ishtirok etishga chaqiruvchi shiorlar osilgan. Uchastka saylov komissiyasi a’zolarining aksariyati yoshlar ekanligi diqqatga sazovor. Ular bilan muloqotimiz asnosida saylov qonunchiligi, o‘z majburiyatlarini juda yaxshi bilishlariga ishonch hosil qildik. Buning uchun Markaziy saylov komissiyasi tomonidan seminar-treninglar o‘tkazilgani ham e’tiborga molikdir.

 

Menga ma’qul yana bir jihat saylov uchastkalarida birinchi marta saylovda qatnashadigan yosh fuqarolarning ro‘yxati ilib qo‘yilgani bo‘ldi. Asosan, o‘qituvchilardan iborat uchastka saylov komissiyasi a’zolari ular orasida tushuntirish ishlarini olib borgan.

 

Bu O‘zbekistondagi saylovlarda birinchi ishtirokim emas. Amin bo‘ldimki, o‘tgan davrda yurtingizda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘la-to‘kis ta’minlash uchun demokratik talablarga to‘liq javob beradigan mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgan. O‘ylaymanki, bu ovoz berish jarayoni hamda saylovlar yakunida yaqqol namoyon bo‘ladi.

 

Fumixiko KATO,

Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

 

– O‘zbekiston mustaqillik yillarida barcha sohada ulkan yutuqlarga erishdi. Aholi farovonligi yuksalib borayapti, mamlakatning jahon miqyosidagi nufuzi o‘smoqda. Bunday keng ko‘lamli islohotlar yuksak e’tirofga loyiq, albatta. Konstitutsiya va saylovga oid qonunlarga kiritilgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalar bilan tanishdim. Shu asosda fuqarolarning yashirin ovoz berishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratilgan, saylovchilar huquq va erkinliklari kafolatlari kuchaytirilgan. Bularning barchasi saylovlarning yuksak tashkilotchilik ruhi va darajasida o‘tkazilishiga xizmat qiladi.

 

Saylovlarda yurtimizdan o‘ndan ziyod kuzatuvchilar qatnashadi. Ularning orasida professorlar, siyosatchilar, iqtisodchilar bor. Kezi kelganda qayd etmoqchimanki, o‘tgan haftada Yaponiyada ham ochiqlik, oshkorlik, transparentlik tamoyillariga amal qilgan holda parlament saylovi yakuniga yetdi.

Ishonamanki, O‘zbekistonda ham saylovlar haqqoniy tarzda, sog‘lom raqobat asosida bo‘lib o‘tadi.

 

Masud MANNAN,

Bangladesh Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

 

– Bugun o‘zbekistonliklar saylov kayfiyatida yashamoqda. Mamlakatingizda ko‘ppartiyaviylik tizimi samarali faoliyat yuritayapti. Bu esa fuqarolarga saylash muqobilligini ta’minlayotir. Bo‘sag‘ada turgan saylov davlat ravnaqi uchun juda muhimdir. Zero, bu inson huquqlari muhofazasi, fuqarolarning siyosiy bilimdonligi va faolligi masalasiga daxldordir.

 

Deputatlikka nomzodlar orasida ayollarning borligi yurtingiz saylov tizimi yutuqlaridan biri sanaladi. O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, siyosiy partiyalar tomonidan ilgari surilayotgan deputatlikka nomzodlarning kamida o‘ttiz foizi xotin-qizlar bo‘lishi kerakligidan xabardorman. Bu esa jamiyatda ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha ro‘yobga chiqarilayotgan ishlarning amaliy natijasidir. Binobarin, O‘zbekistonning ushbu jihatlariga faqat havas qilsak arziydi.

 

Jak-Anri ELS,

Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

 

– Mamlakatingizda o‘tkaziladigan parlament saylovi konstitutsiyaviy o‘zgarishlarning samarasi sifatida demokratiya yo‘lidan borishning navbatdagi bosqichiga aylanishi, shubhasiz. Bunday yangilanishlar, jumladan, hukumat va joylarda ijro hokimiyati ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Islohotlar jamiyatda siyosiy partiyalar, har bir fuqaroning rolini, Markaziy saylov komissiyasi kabi organlar faoliyati mustaqilligini kuchaytirish uchun zarurdir. Bunday o‘zgarishlar demokratiyaning chuqur ildiz otishi kafolatidir.

 

O‘tayotgan yilda Fransiya va O‘zbekiston parlamentlari o‘rtasida bu borada qator samarali aloqalar olib borildi. Mamlakatingiz bilan ikki tomonlama munosabatlarning yuqori darajada ekanligi mazkur sohadagi hamkorlik, shuningdek, ikki davlat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash imkonini beradi.

 

Sun LITsZE,

Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

 

– Bugungi brifingda yaqinda bo‘lib o‘tadigan umumxalq sayloviga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni, ayni chog‘da muhim yakuniy bosqichga kirgan saylov kampaniyasining borishi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘ldik. O‘zbekistonda saylov kampaniyasi mamlakatingiz Konstitutsiyasi, milliy qonunchiligiga muvofiq davom etmoqda. Siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar uchun saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalaridan foydalanishlari uchun teng sharoitlar yaratilgan. Yurtingizda xalqaro kuzatuvchilar instituti qonuniy mustahkamlangan. Bu esa saylov tizimini yanada takomillashtirish uchun yangi imkoniyatlar beradi. Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan, O‘zbekistonga xalqaro kuzatuvchilar keldi. Ularning orasidan Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi, Shanxay ijtimoiy-siyosiy doirasi vakillaridan iborat xitoylik kuzatuvchilar guruhi ham o‘rin olgan. 21 dekabr kuni ular saylov uchastkalarida saylov jarayonlarini bevosita kuzatadilar. Hammasiga o‘zlari guvoh bo‘lib, xolis baholarini bildiradilar. O‘zbekistonda saylovlar muvaffaqiyatli o‘tishiga ishonaman.

 

Muhammad Nur Usmon Yusuf BALQAR,

Iordaniya Hoshimiylar Podshohligining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

 

– Avvalambor, O‘zbekiston xalqi va rahbariyatini yaqinlashib kelayotgan saylovlar bilan tabriklayman. Ishonchim komilki, bu mamlakatni yanada yangilash hamda demokratlashtirish, fuqarolarning kelajak uchun ishonch bildirishi yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ladi. O‘z navbatida, jahon standartlariga to‘la javob beradigan parlamentni yanada rivojlantirishda mazkur siyosiy jarayonning o‘rni katta. Fuqarolar aniq dasturiy maqsadlariga ega, islohotlarga har tomonlama daxldor va kamarbasta bo‘la oladigan nomzodlarni saylashi, shubhasiz. Zero, ovoz berish huquqi va so‘z erkinligi demokratik taraqqiyotning muhim shartidir. Kuzatuvchi hamda elchi sifatida mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchimanki, saylov jarayonlari amaldagi qonunchilik va xalqaro huquqiy hujjatlarga qat’iy rioya qilingan holda olib borilayapti. Bu davlatingiz rahbari tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan demokratik islohotlar naqadar oqilona va to‘g‘ri ekanligining yaqqol tasdig‘idir. O‘zbekiston yaqin kelajakda ilg‘or rivojlangan huquqiy demokratik davlatlar safidan joy olishiga to‘liq aminman.

 

Saidjon MAXSUMOV,

Ziyoda AShUROVA,

«Xalq so‘zi» muxbirlari.

12804

18Dekabr 2014



Dolzarb mavzular