Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Dolzarb mavzular | Ro'yxatga o'tish

Demokratiya, tinchlik va osoyishtalik – taraqqiyot omili

Ozbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 21-dekabr kuni bolib otadigan saylovlarni kuzatish uchun yurtimizga kelgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari mamlakatimiz saylov qonunchiligi, saylov uchastkalaridagi sharoitlar bilan tanishmoqda. O‘zA muxbirlari ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi.

 

Chjan Szili, Shanxay chet tillari universiteti dekani (Xitoy):

 

– Toshkent shahridagi 81-saylov uchastkasida bo‘ldik. Saylovga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilgan, saylovning ochiq va adolatli o‘tishi, fuqarolarning erkin ovoz berishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Saylovchilar saylov to‘g‘risidagi qonunchilikdan, deputatlikka nomzodlar haqidagi ma’lumotlardan yaxshi xabardor. Saylov uchastkalarida ularning tarjimai holi, dasturlari xususida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.

 

Siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari bilan tanishib chiqdim. Ularning har biri saylovlarda yutib chiqib, ijro hokimiyatida o‘z o‘rniga ega bo‘lishga intilmoqda. Bu O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik izchil rivojlanayotgani, mamlakat hayotida siyosiy partiyalarning o‘rni ortib borayotganidan dalolat beradi. Saylovoldi tashviqoti keng olib borilayotgani odamlarga munosib nomzodni tanlashga yordam beradi. Bu siyosiy tadbir tenglik, oshkoralik va demokratiya tamoyillari asosida o‘tkazilishiga ishonaman.

 

Edgar Kloze, Brandenburg Texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash instituti boshqaruvi raisi, professor (Germaniya):

 

– O‘zbekiston saylov qonunchiligi bilan tanishman. Keyingi yillardagi o‘zgartish va qo‘shimchalar sohaga oid me’yoriy hujjatlarni demokratik tamoyillar asosida yanada takomillashtirdi. Bu kutilayotgan saylovlarning adolatli o‘tishiga, fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga xizmat qiladi.

 

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni kuzatib boraman. Mamlakatingizda iqtisodiyot, fan-ta’lim va texnologiyalar sohasi izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidlashni istardim.

 

Bugun dunyoda tinch yashashning o‘zi katta baxt. O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik xalqingizning eng katta yutug‘idir. Bunday mamlakatda taraqqiyot, demokratiya bo‘ladi. Odamlar ertangi kunga ishonch bilan qaraydi. Aholining saylov jarayoniga qiziqishi, siyosiy bilimdonligi va faolligi shundan bo‘lsa kerak.

 

Den Peterson, Sietl universiteti vakili, Sietl-Toshkent birodarlashgan shaharlar uyushmasi prezidenti (AQSh):

 

– Mustaqillik yillarida O‘zbekiston barcha jabhalarda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Har kelganimda yurtingizda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganiga, barcha sohalarda taraqqiyot davom etayotganiga guvoh bo‘laman. Mamlakatingiz qiyofasi tubdan o‘zgarib bormoqda.

 

Mamlakatingizning saylovga oid qonunlari menda katta taassurot qoldirdi. Xotin-qizlar siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining o‘ttiz foizidan kam emasligi yurtingizda ayollar qadri baland ekanidan dalolat beradi. Parlament faoliyatida atrof-muhit muhofazasi masalalari bilan shug‘ullanadigan Ekologik harakatning mavqei yuqoriligi ham o‘rnak olsa arzigulikdir.

 

Toshkent shahridagi bir nechta saylov uchastkalarida bo‘lib, saylov jarayonlariga juda puxta tayyorgarlik ko‘rilganiga, saylovchilarning erkin va faol ovoz berishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilganiga guvoh bo‘ldim. Saylov uchastkalarida tashkil etilgan ona va bola xonalarini ko‘rib, g‘oyat ta’sirlandim. Har bir uchastka saylovga oid qonun hujjatlari, tegishli qo‘llanmalar bilan ta’minlangan.

 

Muhammad Ja’far Siddiq, yozuvchi, publitsist (Indoneziya):

 

– Prezident Islom Karimov rahnamoligida mamlakatni demokratlashtirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar o‘z samaralarini bermoqda. Bu siyosiy partiyalarning saylovoldi kurashlarida ham o‘z ifodasini topmoqda. O‘zbekistondagi siyosiy partiyalar o‘z a’zolari va tarafdorlari safini kengaytirayotgani, hokimiyat vakillik organlari ishlarida faol ishtirok etayotgani e’tiborga molik.

 

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yetakchi davlat. O‘zbekiston tanlagan taraqqiyot yo‘li – “o‘zbek modeli” bugun mamlakatingizning har sohada yuksak natijalarga erishishida muhim omil bo‘layotir. Ushbu mashhur model bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat qurish strategiyasi sifatida O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi.

 

Jerard Langedijk, xalqaro kuzatuvchi (Niderlandiya):

 

– O‘zbekistonda saylovchilar huquqlarini ta’minlash borasidagi ishlar, saylovga doir qonunlar, siyosiy partiyalarning va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotlari bilan yaqindan tanishmoqdaman. Saylovning ochiq va oshkora o‘tishini ta’minlash maqsadida uchastkalarga barcha siyosiy partiyalardan, xorijiy mamlakatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar jalb etilgani diqqatga sazovor.

 

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va agrosanoat rivojlangani haqida eshitgan edim. Yurtingizga kelib guvoh bo‘ldikki, bu soha taraqqiyoti Niderlandiyadagidan qolishmas ekan. Fermerlarga keng imtiyozlar yaratilgani, qayta ishlash sanoati izchil rivojlanayotgani bizni quvontirdi.

 

Yang Bo, xalqaro kuzatuvchi (Xitoy):

 

– O‘zbekistonda har bir fuqaro millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishi va jinsidan qat’i nazar, saylash va saylanish huquqiga ega ekani juda e’tiborlidir. Bu mamlakatingizda inson huquqlari ta’minlanganidan, ijtimoiy tenglik qaror topganidan dalolat beradi.

 

Taraqqiyotning “o‘zbek modeli” o‘zining hayotiyligi va samaradorligini oqladi, desak, hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot barqaror o‘sib borayotgani, aholi turmush darajasi tobora yuksalayotganida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mazkur modelni yaratishda xalqaro andozalar bilan bir qatorda milliy mentalitet omillari ham inobatga olingani juda muhim ahamiyatga ega.

 

O‘zbekistonda mahalla instituti g‘oyat puxta shakllangani va faol ish yuritayotgani, ularning jamiyat hayotidagi roli oshib borayotgani ko‘plab mamlakatlar uchun o‘rnak bo‘la oladi.

 

Nodira Manzurova, Iroda Umarova, O‘zA

10873

18Dekabr 2014



Dolzarb mavzular