Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Dolzarb mavzular | Ro'yxatga o'tish

Ochiq-oshkora saylovlar – demokratik islohotlar samarasi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 21-dekabr kuni bo‘ladigan saylovlarni kuzatish uchun kelgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar ekspertlari, mutaxassislar mamlakatimizdagi demokratik islohotlar, saylovga ko‘rilgan tayyorgarlik bilan tanishmoqda. O‘zA muxbirlari ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi.

 

Vladimir Churov, Rossiya Federatsiyasi markaziy saylov komissiyasi raisi:

 

– Demokratik saylovlar mamlakat taraqqiyoti va farovonligining muhim omili. O‘zbekistonning mazkur sohaga oid qonunchiligida xalqaro andozalarga mos barcha zarur jihatlar ifodasini topgan. Saylovlar ko‘ppartiyaviylik, muqobillik asosida o‘tishi O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat shakllangani va saylov tizimi xalqaro normalarga to‘la mos kelishidan dalolatdir. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga konstitutsiyaviy organ maqomi berilgani e’tiborga sazovor. Bu Markaziy saylov komissiyasining boshqa hokimiyat organlarining aralashuvisiz saylovlarga tayyorgarlik ko‘rishi va ularni o‘tkazishini ta’minlaydi.

 

Muddatidan oldin ovoz beruvchilar, salomatligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra saylov binosiga kela olmaydiganlar uchun ham yetarli sharoitlar yaratilgan. Chet eldagi fuqarolar uchun O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalarida, jumladan, Rossiyada ham saylov uchastkalari tashkil etilgan.

 

Biz saylovni Samarqand va Buxoroda kuzatib boramiz. O‘zbekistonning shahar va qishloqlari qiyofasi kun sayin o‘zgarib, aholi turmush darajasi oshib borayotgani, xalqingizning milliy madaniyati va qadriyatlariga hurmati yuqori ekani e’tiborga loyiq. Ayniqsa, yoshlarning har jabhada faolligiga havasim keldi. Ular zamonaviy texnologiyalarni chuqur egallagan, bilimli, bir necha tilda so‘zlasha oladi. Bunday ulkan boylikka ega mamlakatning kelajagi buyukdir.

 

Teri Mariani, Fransiya milliy assambleyasi deputati:

 

– Saylov ruhi, unga odamlarning qiziqishi har qadamda namoyon. Kattayu kichik saylov to‘g‘risidagi qonunchilikdan, siyosiy partiyalar faoliyatidan yaxshi xabardor. Saylovchilar deputatlikka nomzodlarning tarjimai holi, saylovoldi dasturi haqidagi ma’lumotlar bilan tanishgan. Bularning barchasi parlament saylovining demokratik, ochiqlik hamda oshkoralik tamoyillariga muvofiq o‘tishiga va saylovchilarning nomzodlarni tanlash imkoniyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

 

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlardan xabardorman. Misol uchun, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovlarda eng ko‘p deputatlik o‘rnini olgan siyosiy partiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi taklif etilishi tamoyili siyosiy partiyalarning rolini yanada oshirishga xizmat qiladi.

 

Prezident Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga oid konsepsiya asosida qabul qilingan qonunlar Oliy Majlisning roli va ahamiyatini yanada kuchaytirgan. Ijro hokimiyati organlarining parlament oldidagi mas’uliyatini oshirgan.

 

Yurtingizga har kelganimda ulkan o‘zgarishlarning guvohi bo‘laman. Milliy va zamonaviy uslubni o‘zida mujassam etgan me’moriy obidalar, madaniy yodgorliklarni ziyorat qilib, ma’naviy ozuqa olaman. Go‘zal tabiat, bog‘u rog‘lar, keng va fayzli ko‘chalarni ko‘rib, zavqlanaman.

 

Oydin Abbosov, Ozarbayjon milliy majlisi deputati, “Ozarbayjon-O‘zbekiston” parlamentlararo guruhi rahbari:

 

– Saylovlarga yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rilganining guvohi bo‘ldik. Mamlakatingiz erishayotgan yutuqlar Prezident Islom Karimov tomonidan tanlab olingan taraqqiyot modeli naqadar to‘g‘ri ekanini yaqqol isbotlamoqda.

 

O‘zbek xalqiga xos bo‘lgan bag‘rikenglik, iliqlik bu tabarruk zaminga ilk qadam qo‘ygan lahzalardanoq seziladi. Azaldan qardosh bo‘lgan xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalar, do‘stona rishtalar mustahkamlanib bormoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va saylov qonunchiligida saylov jarayonini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish bo‘yicha belgilangan asosiy qoidalar, parlament va siyosiy partiyalar o‘rnining qonuniy jihatdan kuchaytirilgani bizda katta taassurot qoldirdi.

 

Rafael Nektalov, xalqaro kuzatuvchi (AQSh):

 

– O‘zbekistonga o‘n yil oldin kelgandim. Mamlakatingizning rivojlanish dinamikasi, odamlar dunyoqarashidagi o‘zgarishlar meni hayratga soldi.

 

Sirdaryo viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi bir necha saylov uchastkalarida bo‘ldim. Barcha uchastkalar juda ozoda va shinam, saylovchilar uchun hamma sharoit yaratilgan.

 

O‘zbekiston xalqi yuksak madaniyatga, boy ma’naviy merosga ega. AQSh televideniyesi orqali Nukus san’at muzeyi haqidagi filmni ko‘rgan edim. Bu yerdagi noyob eksponatlarni bevosita tomosha qilarkanman, davlatning madaniyatga, tarixga, san’atga bo‘lgan munosabatini his qildim. Muzeyda saqlanayotgan ajoyib durdonalar meni lol qoldirdi.

 

Leonardo Komuchchi, “Il Santuchchio” uyushmasi prezidenti, Florensiya provinsiyasi kengashi a’zosi (Italiya):

 

– O‘zbekiston parlament tizimi xalqaro andozalar asosida rivojlanib bormoqda. Saylovlarga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilgani, siyosiy partiyalarning faolligi va bu jarayonga aholining qiziqishi shundan dalolat beradi.

 

Italiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Florensiya va Samarqand o‘rtasida yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yilib, ular birodarlashgan shaharlarga aylangani bilan faxrlanamiz. Mamlakatingiz yoshlari yuksak intellektual salohiyatga ega. Davlatingiz rahbari tomonidan xorijiy tillarni o‘rganishga katta e’tibor qaratilayotganini eshitib xursand bo‘ldik. Bundan ruhlanib, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Samarqand davlat chet tillar instituti bilan Italiyaning Florensiya universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish niyatidamiz.

 

David Lyuksemburg, “Zmadim” sug‘urta kompaniyasi prezidenti (Isroil):

 

– O‘zbekistonga ilk bor kelishim. Zamonaviy shaharlaringiz, mehmondo‘st va ochiqko‘ngil odamlaringiz menga juda manzur bo‘ldi. O‘zbekiston haqida, Prezident Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan siyosiy-iqtisodiy islohotlar to‘g‘risida ko‘p eshitganman. Bu yerga kelib, ushbu islohotlar samaralarini ko‘rdik. Odamlaringiz yuzidagi baxtiyor tabassum ularning o‘z hayotidan mamnun ekani, shunday go‘zal va obod yurtda yashash baxtidan masrur ekanining in’ikosidir.

 

O‘zbekistonda Prezidentingiz tashabbusi bilan har yilga o‘ziga xos nom berilishi menda katta taassurot qoldirdi. Masalan, bu yil Sog‘lom bola yili, 2015-yil Keksalarni e’zozlash yili, deb nomlanishi mamlakatingizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni yanada faollashtirishga xizmat qilmoqda.

 

Paulo Kasaka, Janubiy Osiyo demokratik forumi ijrochi direktori (Belgiya):

 

– O‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va bag‘rikengligi meni hayratga soldi. O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati, san’ati, ma’naviy merosi betakrordir.

 

O‘zbekiston fuqarolik jamiyatida mahalla instituti alohida o‘ringa ega ekanidan xabarim bor. Mustaqillik yillarida ushbu institut yanada rivojlanib, mamlakatingizda demokratik islohotlarni amalga oshirish, shu jumladan, hokimiyat vakillik organlariga saylovlarni o‘tkazishning faol ishtirokchisiga aylangani e’tiborlidir. O‘zbekiston mahalla instituti faoliyatini chuqurroq o‘rganish niyatidaman.

 

Ne’mutullo Izadi, eronlik kuzatuvchilar delegatsiyasi rahbari:

 

– Biz mamlakatingiz saylov qonunchiligi, unga kiritilgan o‘zgarishlar, saylov uchastkalaridagi tayyorgarlik bilan tanishdik. Yurtingizda fuqarolarning saylovda qatnashishi, o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi uchun demokratik huquqiy baza va barcha shart-sharoit yaratilganiga yana bir bor ishonch hosil qildik.

 

Zamonaviy uy-joylar, infratuzilma obyektlari yurtingiz chiroyiga chiroy qo‘shib turibdi. Fuqarolarning siyosiy faolligi, mamlakat ravnaqi uchun daxldorlik hissi yuqoriligi ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy sohalardagi o‘zgarishlarda, jumladan, saylov jarayonlarida ham namoyon bo‘lmoqda.

 

Sayyora Shoyeva, Nazokat Usmonova, Iroda Umarova, Nodira Manzurova, Aminboy Ortiqboyev, O‘zA

13755

19Dekabr 2014



Dolzarb mavzular