Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Dolzarb mavzular | Ro'yxatga o'tish

Saylov jarayoni xalqaro standartlarga to‘la javob beradi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 21-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovni xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning uch yuz nafardan ortiq vakili kuzatib boradi. O‘zA muxbiri mamlakatimizga kelgan xalqaro kuzatuvchilarning ushbu muhim siyosiy voqeaga tayyorgarlik to‘g‘risidagi fikrlari bilan qiziqdi.

 

Pan Davey, Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi huzuridagi Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘rganish markazi direktori (Xitoy):

 

– O‘zbekistonning saylovga oid qonunchiligi asoslari bilan tanishib chiqdim. Xalqaro standartlarga to‘la mos bu qonunlar barcha fuqarolarga saylash va saylanish, o‘z xohish-irodasini erkin bildirish imkonini beradi.

Parlamentning to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov yo‘li bilan shakllantirilishi, Oliy Majlis vakolatlarining kengaytirilishi mamlakatda demokratiya jadal rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Saylov jarayoniga ko‘plab xalqaro kuzatuvchilar taklif etilgani uning ochiq-oshkoraligidan dalolatdir.

 

O‘zbekistonda saylov kampaniyasi davlat tomonidan moliyalashtirilayotgani va ushbu jarayonning ochiqligi ta’minlanayotgani alohida e’tiborga molik. Parlament saylovining yuqori darajada tashkil etilgani, deputatlikka nomzodlar o‘rtasida kechayotgan kuchli raqobat Oliy Majlisning yangi tarkibiga aholining barcha qatlamlari manfaatlarini ifoda etadigan qonun ijodkorlari saylanishiga zamin yaratadi.

 

O‘zbekistonga har gal kelganimda ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘laman. Bu mamlakatingizda iqtisodiyot va boshqa sohalar jadal rivojlanayotganining yorqin tasdig‘idir.

 

Robert Blum, Jeneva diplomatik doirasi prezidenti (Shveytsariya):

 

– O‘zbekiston hayotidagi ushbu muhim siyosiy voqeaning guvohi bo‘layotganimdan xursandman. Saylov jarayonining yuksak saviyada tashkil etilgani mamlakatingizda demokratiya tamoyillari qaror topganidan dalolat beradi. Fuqarolik jamiyatini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tahsinga loyiq. O‘zbekistonning har bir fuqarosi ularning fikrini aks ettiradigan va fuqarolik pozitsiyasiga mos keladigan dasturni ilgari surayotgan partiya vakili uchun ovoz berish imkoniga ega. Bu davlat va jamiyatning yanada ravnaq topishining kafolatidir. Shuning uchun O‘zbekiston tanlagan demokratik taraqqiyot yo‘li buyuk kelajakka erishishiga xizmat qiladi, deb ishonch bilan aytish mumkin.

 

O‘zbekistonda avval o‘tkazilgan saylovlar natijalari bilan tanishib chiqdim va ularda saylovchilar faol ishtirok etgani maqtovga sazovordir. Bu O‘zbekiston xalqining Vatan taqdiri, uning yanada rivojlanishiga daxldorlik tuyg‘usi yuqoriligidan dalolat beradi. Navbatdagi saylov ham shunday yuksak tashkiliy darajada o‘tishiga ishonaman.

 

Per Myuller, «Xalqaro yashil xoch» ekologik tashkilotining ijrochi vitse-prezidenti:

 

– O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Ekologik harakatiga Oliy Majlisda 15 deputatlik o‘rni ajratilgani ham buning yorqin tasdig‘idir. Bu, shubhasiz, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan qonunlarni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

 

Bobur Obidov, O‘zA

6478

19Dekabr 2014



Dolzarb mavzular