Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Dolzarb mavzular | Ro'yxatga o'tish

Sergey Lebedev: MDH kuzatuvchilari missiyasi saylov kampaniyasini yuqori baholaydi

O‘zbekistonda 8-dekabrdan buyon MDH kuzatuvchilari missiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev rahbarligidagi missiya kuzatuvchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov kuzatuvchilarni mamlakatimizda parlament sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirdi.

 

Uchrashuvda saylov kampaniyasi doirasidagi barcha tadbirlar saylov to‘g‘risidagi milliy qonunchiligimizga qat’iy muvofiq ravishda belgilangan muddatlarda o‘tkazilgani ta’kidlandi. Xususan, 15-noyabrdan 19-dekabrgacha O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan barcha to‘rt siyosiy partiya va ular tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar keng saylovoldi tashviqotini o‘tkazdi. Bundan tashqari, 11-19-dekabr kunlari u yoki bu sabab tufayli saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniga ega bo‘lmagan saylovchilar muddatidan oldin ovoz berdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tadbirlari xalqaro hamda xorijiy kuzatuvchilar ishtirokida ochiq va oshkora o‘tkazilayotganiga alohida e’tibor qaratildi.

 

MDHning uzoq muddatli kuzatuvchilari saylov jarayonini monitoring qilishda Markaziy va hududiy saylov komissiyalari tadbirlarida ishtirok etdi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi va Oliy sudida, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. MDHning uzoq muddatli kuzatuvchilari saylov komissiyalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida saylovga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishlarini o‘rgandi.

 

MDH kuzatuvchilari missiyasi o‘n kunlik ishlar yakuni bo‘yicha oraliq hisobot tayyorladi va 18-dekabr kuni uni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etdi.

 

Mazkur hujjatda O‘zbekistonda parlament saylovini yuksak demokratik darajada o‘tkazish uchun yaratilgan tashkiliy-huquqiy sharoitlar bayon etilgan. 2014-yil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga muntazam faoliyat ko‘rsatadigan mustaqil konstitutsiyaviy organ maqomi berilgani, mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik uning faoliyatining asosiy prinsiplari etib belgilangani alohida qayd etilgan.

 

Missiya hisobotida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha aniq maqsadga qaratilgan ishlarni izchil amalga oshirayotgani bayon etilgan. Shu maqsadda Markaziy saylov komissiyasi qabul qilgan dasturda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning asosiy prinsiplari, vazifalari, ustuvor yo‘nalishlari va tadbirlari belgilangan.

 

2014-yilning may oyidan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, xorijiy ekspertlar ishtirokida qator xalqaro konferensiyalar, seminar va davra suhbatlari tashkil etildi. Bu tadbirlarda O‘zbekistonda saylov tizimini rivojlantirish masalasi, uning demokratik saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha umume’tirof etilgan normalarga muvofiqligi muhokama etildi. Shuningdek, saylovda ilk bor ishtirok etayotgan saylovchilar uchun huquqiy mavzuda tushuntirish tadbirlari ham o‘tkazildi.

 

Okrug va uchastka saylov komissiyalari qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarga muvofiq shakllantirildi. Hisobotda xalqaro kuzatuvchilarga ushbu komissiyalar faoliyati bilan monesiz tanishish huquqi berilgani qayd etilgan. Uchastka saylov komissiyalari saylov to‘g‘risida zarur uslubiy adabiyot, hujjatlar to‘plami, axborot materiallari va ko‘rgazmali qo‘llanmalarga ega. Barcha okrug va uchastka saylov komissiyalari ovoz berish kabinalari, shaffof saylov qutilari, axborot texnologiyalari, aloqa vositalari va avtotransport bilan ta’minlangan.

 

Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan siyosiy partiyalar tomonidan qonunchilikda belgilangan barcha talablar bajarilgan holda o‘tkazilgan syezd va qurultoylarda deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilgani, Markaziy saylov komissiyasiga saylovda ishtirok etish uchun barcha zarur hujjatlar taqdim qilingani, shuningdek, deputatlikka ko‘rsatilgan nomzodlarning kamida 30 foizi xotin-qizlar ekani qayd etilgan.

 

Hujjatda Markaziy saylov komissiyasi saylov jarayonining ochiq va oshkoraligini ta’minlash uchun ommaviy axborot vositalari imkoniyatidan samarali foydalanayotgani ta’kidlangan.

 

Siyosiy partiyalar, ular tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlarga saylovoldi tashviqotini, jumladan, ommaviy axborot vositalari orqali olib borish uchun teng sharoitlar yaratilgan. Saylovchilar bilan uchrashuvlar milliy mentalitet va an’analar e’tiborga olingan holda, ochiq va oshkora ruhda o‘tdi.

 

MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev O‘zA muxbiriga bergan intervyusida O‘zbekistonda saylovga tayyorgarlik jarayoniga yuksak baho berdi:

 

– MDH kuzatuvchilari missiyasi O‘zbekiston parlamentiga o‘tkazilgan avvalgi saylovlarda ham ishtirok etgan. Mamlakatingizda ushbu muhim siyosiy voqeaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga katta e’tibor berilayotganiga yana bir bor amin bo‘lmoqdamiz. Hatto, ayrim rivojlangan demokratik davlatlarda ham saylovlarni o‘tkazadigan maxsus organ yo‘qligi, bu vazifa ba’zida davlat nazorat organlari zimmasiga yuklanayotgani va bu demokratiyaga zid ekani yaxshi ma’lum. O‘zbekistonda esa Markaziy saylov komissiyasi doimiy asosda faoliyat yuritadi va endi u konstitutsiyaviy organ maqomiga ega bo‘lib, o‘z mustaqilligini yanada mustahkamladi.

 

2014-yilgi saylovda ko‘plab xalqaro kuzatuvchilar qatnashish istagini bildirgani dunyoda O‘zbekistonga qiziqish katta ekani, uning xalqaro mavqei tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi. Joriy yilda MDH kuzatuvchilari missiyasi tarkibiga 8 mamlakatdan 76 kishi va MDH Ijroiya qo‘mitasi kiritilgan. Bular saylovni baholashda katta tajribaga ega Markaziy saylov komissiyalari raislari va a’zolari, parlamentariylar, diplomatlar, hukumat a’zolari, turli siyosiy partiyalar vakillaridir. O‘zbekistonda 2014-yilgi saylov ham yuksak saviyada o‘tishiga ishonaman.

 

MDH kuzatuvchilari missiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovni kuzatish natijalari haqidagi xulosani 22-dekabr kuni, ya’ni saylov nihoyasiga yetgandan so‘ng e’lon qiladi.

 

Sardor Tojiyev, O‘zA

9761

19Dekabr 2014



Dolzarb mavzular