Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Dolzarb mavzular | Ro'yxatga o'tish

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dunyo e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 21-dekabr kuni bo‘ladigan saylovlarni kuzatish uchun kelgan xorijiy kuzatuvchilar mamlakatimizda fuqarolar saylov huquqining amalda ijrosini ta’minlash maqsadida xalqaro talablarga to‘la javob bera oladigan saylov tizimi yaratilganini ta’kidlashmoqda.

 

Datuk Seri Muhammad Hoshim, Malayziya Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari:

 

– O‘zbekiston juda tez sur’atlarda rivojlanmoqda. Saylovda ishtirok etish uchun ko‘plab chet ellik va xalqaro kuzatuvchilar kelgani ham O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga qiziqish katta ekanidan, uning xalqaro nufuzi ortib borayotganidan dalolatdir.

 

Keyingi yillarda O‘zbekiston qonunchiligiga kiritilgan muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar parlament va siyosiy partiyalar o‘rnini qonuniy jihatdan yanada kuchaytiradi. Bu galgi saylov O‘zbekiston kelajagi uchun muhim voqeadir. Ushbu jarayonga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilganiga guvoh bo‘ldik. Saylovning samarali o‘tishida O‘zbekiston fuqarolarining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy savodxonligi va ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilgani diqqatga sazovor. Bu boradagi tajribalarni o‘rgansak arziydi.

 

Toyama Kiyoxiko, Yaponiya yuqori palatasi deputati, Yaponiya – O‘zbekiston do‘stligi parlamenti ligasi bosh kotibi o‘rinbosari:

 

– O‘zbekiston barcha sohalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Mamlakatingizda taraqqiyot va farovonlik yil sayin yuksalib bormoqda. Bu Prezident Islom Karimov tomonidan belgilangan taraqqiyot yo‘li naqadar to‘g‘ri ekanining ifodasidir. Buni barcha xalqaro ekspertlar qatori men ham yuksak baholayman.

 

O‘zbekistonning saylovga oid qonunchiligi bilan tanishib, ularda saylov kampaniyasining ochiq va oshkoraligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilganiga guvoh bo‘ldim. Mamlakatingizda to‘rtta siyosiy partiyaga saylov jarayonida teng va keng imkoniyatlar yaratilgan. Saylovda munosib nomzodlar saylanishiga ishonaman.

 

Andreas Yanom, Germaniya Bundestagi referenti:

 

– Yurtingizda saylov tizimining to‘liq shakllangani, xalqaro normalarga javob beradigan qonunlar ishlab chiqilib, amalga joriy etilgani, saylovchilarning erkin, yashirin ovoz berishi uchun barcha sharoit yaratilgani xalqingizning ulkan yutug‘idir. Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan Vatan himoyachilarining ham saylovda ishtirok etishi uchun qulay sharoit yaratilgani e’tiborimni tortdi.

 

Biz, kuzatuvchilarga saylov kuni o‘zimiz istagan uchastkaga borib, saylov jarayonini kuzatish huquqi berilgan. Bu saylovga tayyorgarlik ishlarini chuqurroq o‘rganish uchun katta imkoniyatdir. Men Samarqandga borib, saylov okruglari va uchastkalarini ko‘rmoqchiman. Ishonamanki, ushbu muhim siyosiy voqea muvaffaqiyatli o‘tadi.

 

Fotis Fitsilis, Gretsiya parlamenti departament boshlig‘i:

 

– O‘zbekiston Respublikasi parlamenti saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etayotganimdan mamnunman. Mamlakatingizda fuqarolarning saylovda qatnashishi uchun barcha imkoniyatlar, saylov huquqini, o‘z xohish-irodasini erkin ifodalash, qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish va himoya qilish huquqini ta’minlash uchun barcha shart-sharoit va huquqiy asos yaratilgan.

 

Gretsiya O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga alohida e’tibor qaratadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik kelgusida yanada taraqqiy etishi tarafdoriman.

 

Yong Jo Li, Kyonxi universiteti professori (Janubiy Koreya):

 

– Mamlakatingizda joriy yilning iyun oyida o‘tkazilgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etgan edim. O‘shanda mamlakatingizning qishloq xo‘jaligi sanoatida erishayotgan olamshumul yutuqlariga havas qilgandim. O‘zbekistonga saylov jarayonlarini kuzatish uchun xorijdan yuzlab mutaxassislar taklif etilgani mamlakatingizda demokratiyani mustahkamlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganidan va erkin saylov tizimi yaratilganidan dalolat berish bilan birga, saylov jarayonlarining ochiq va oshkora o‘tishini to‘liq ta’minlashga xizmat qiladi.

 

O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan ta’limning barcha bosqichini, xususan, oliy ta’limni izchil rivojlantirishga g‘oyat ulkan e’tibor qaratiladi. Mamlakatingizdagi ko‘plab oliy o‘quv yurtlari xorijning ilg‘or va nufuzli ta’lim dargohlari bilan faol hamkorlik qilishi havas qilsa arzigulikdir. O‘zbekistonda chet elning qator obro‘li universitetlarining filiallari faoliyat yuritayotgani mamlakatingizda boshqa jabhalar qatori ta’lim sohasini jadal rivojlantirish va mazkur yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi keng ko‘lamli ishlarga yorqin misol bo‘la oladi.

 

Inna Stetsenko, Boltiq xalqaro akademiyasi prorektori, professor (Latviya):

 

– Latviyada O‘zbekistonga iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan barqaror rivojlanayotgan mamlakat sifatida alohida e’tibor bilan qaraladi. O‘zbekiston o‘zi tanlagan taraqqiyot yo‘lidan og‘ishmay borayotgani, mamlakatingizda barcha sohalarni izchil taraqqiy ettirishga ulkan e’tibor qaratilayotgani tahsinga sazovor.

 

Parlament saylovlarida O‘zbekiston aholisining siyosiy faolligi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bunda ommaviy axborot vositalarining hissasi katta bo‘layotganini ta’kidlash kerak. Siyosiy tadbirga tayyorgarlik jarayonini yoritish va nomzodlarning dasturlarida ilgari surilgan yo‘nalishlarning mazmun-mohiyatini ochib berishda barcha ommaviy axborot vositalari imkoniyatidan samarali foydalanilayotgani, saylovga oid ko‘plab tadbir va brifinglar o‘tkazilayotgani ahamiyatlidir.

 

O‘zbekiston siyosiy partiyalari faoliyati, ularning dasturlari bilan yaqindan tanishdim. Xalqingiz farovonligini yanada oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi, jumladan, ona va bola salomatligini mustahkamlash kabi ko‘plab aniq maqsad va vazifalarni qamrab olgan bunday ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar dolzarbligi bilan menda katta taassurot qoldirdi.

 

Sayyora Shoyeva, Iroda Umarova, Nodira Manzurova, O‘zA

9554

20Dekabr 2014



Dolzarb mavzular