Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Dolzarb mavzular | Ro'yxatga o'tish

Muqobillik va oshkoralikning yorqin ifodasi

Avval xabar qilinganidek, xalqaro kuzatuvchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, davlat hokimiyati vakillik organlari saylovlari monitoringi olib borildi. Kecha kuzatuvning dastlabki natijalari e’lon qilindi.

 

Li Jay XOVA, Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasi boshqaruvi bo‘yicha departament bosh direktori:

 

– Erta tongdanoq Samarqand shahridagi 63, 129-saylov uchastkalarida bo‘ldik. Qayd etish joizki, hali barvaqt bo‘lishiga qaramasdan, saylov uchastkalari ovoz beruvchilar bilan gavjum edi. O‘zbekistonliklar mamlakat hayotidagi muhim siyosiy voqeaga aloqadorligini his qilib, saylovlarda faol ishtirok etishdi. Saylov uchastkalari qonunchilikning barcha talablariga muvofiq, fuqarolarning katta qismini qabul qilishga to‘la-to‘kis tayyorlab qo‘yilgan ekan. Shu bois saylovlar tartibli va uyushqoqlik bilan o‘tdi. Saylov uchastkalarida hech bir mamlakatda, hatto Koreya Respublikasida ham uchramaydigan ona va bola hamda tibbiyot xonalarining mavjudligi menda alohida taassurot qoldirdi. Saylovlarni tashkil etish darajasi nuqtai nazaridan O‘zbekiston ko‘plab rivojlangan davlatlardan o‘zib ketgan, deyish mumkin.

 

Irnerio SEMINATORE,

Yevropa xalqaro munosabatlar instituti direktori:

 

– Men Toshkentdagi bir nechta saylov uchastkalariga bordim. Amin bo‘ldimki, O‘zbekistonda saylovlar barcha xalqaro qoidalarga muvofiq, yuqori darajada tashkil etilgan. Bu yo‘lda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan katta tashkiliy-uslubiy va targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilibdi. Alohida qayd etish joizki, yurtingizda siyosiy partiyalar yangi darajaga chiqib, ularning jamiyat hayotidagi roli oshmoqda. O‘zbekistonga uch kunlik tashrifim davomida Farg‘ona viloyatini borib ko‘rdim. U yerdagi saylov uchastkalari bilan tanishdim, viloyat komissiyasida bo‘ldim. Mamlakatingiz barcha yo‘nalishlarda barqaror o‘sish sur’atlarini namoyish qilayapti. Demokratik davlat qurish yo‘lidan ishonch bilan odimlamoqda. Barcha yangilanish va islohotlar aholi turli qatlamlari manfaatlarini nazarda tutgan holda xalq farovonligiga yo‘naltirilgan. O‘zbekistonliklarni ular hayotidagi ushbu muhim voqea bilan tabriklayman.

 

Karlis KAMRADZIS,

Latviya Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari:

 

– 21 dekabrning erta tongida Toshkentdagi 75-saylov uchastkasida ovoz berishning boshlanishida qatnashdim. Saylov komissiyasi o‘z ishini soat 6:00 da Davlat madhiyasi sadolari ostida boshladi. Aholi ovoz berish jarayonida faol ishtirok etdi. So‘ngra biz Samarqandga yo‘l oldik. U yerda 10 va 75-saylov uchastkalariga tashrif buyurdik. Umuman, saylovlar yuqori tashkilotchilik ruhida o‘tdi. Saylov qonunchiligini buzish bo‘yicha biror holatni ko‘rmadim. Saylov uchastkalari texnik jihatdan saylovlarga shay etilgan. Komissiya a’zolari aholi, ayniqsa, saylovda birinchi marta qatnashadigan yoshlar o‘rtasida oldindan keng ko‘lamli tushuntirish ishlarini olib borgani ko‘rinib turibdi.

 

Saylov jarayoni yuqori darajada kechganligi menda iliq taassurot uyg‘otdi. Chunki ko‘pgina mamlakatlarning saylovlarini kuzatganman. Va hatto, yuz yillar mobaynida demokratiya shakllangan davlatlarda ham davlat ishlarida fuqarolarning faolligi pasayishi holatlari kuzatilmoqda. 21 dekabr kechga yaqin ovoz berish jarayonlarida ishtirok etgan saylovchilar 80 foizdan oshdi. Bu – juda yuqori ko‘rsatkich. Qolaversa, muqobillik va oshkoralikning yorqin ifodasidir.

 

Parviz MORVIJ, “Global ilmiy nashrlar” markazi direktori, Nyu-York davlat universiteti professori:

 

– O‘zbekistonda saylovlar xalqaro talab va me’yorlar, demokratik andozalar asosida tashkil etildi. Saylov nafaqat demokratik davlat qurish yo‘lidagi ijobiy o‘zgarishlarni, balki odamlarning mamlakatda kechayotgan jarayonlarga nisbatan faol munosabatini ham aniq namoyon etdi. Ayniqsa, ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy tadbirda xotin-qizlar ham deputatlikka nomzod sifatida, ham saylovchi sifatida juda faol qatnashgani e’tiborimni tortdi. Bu yurtingizda tobora rivojlanib, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarda faol o‘rin egallayotgan mahalla institutining ijobiy ta’siridir. Demokratiyaning o‘ziga xos jihatlarini qamrab olgan O‘zbekistonning saylov tajribasini boshqa davlatlarda ham qo‘llasa arziydi.

 

Bernadette MILL,

Londondagi Uoltxem-Forest tumani munitsipaliteti deputati:

 

– Saylov kuni Urganchdagi 45 va 52-saylov uchastkalarida hamda Xivadagi 352-saylov uchastkasida bo‘ldik. Ularda saylovchilar uchun xalqaro talablarga mos sharoit yaratilgan. Kuzatuvchi sifatida saylovning har bir jihatiga alohida e’tibor qaratdim. Saylov uchastkalarida onalar va bolalarga, salomatligi yaxshi bo‘lmagan insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatildi. Saylov uchastkalariga kelolmaydigan saylovchilar uchun ularning o‘z uylarida ovoz berishi ta’minlandi. Bu fuqarolarga katta g‘amxo‘rlik, ularning saylov huquqlarini amalga oshirishga ko‘maklashishning yorqin dalolatidir.

 

Vey SIN,

“Dunfan Szabao” gazetasining xalqaro yangiliklar departamenti direktori (Xitoy):

 

– Xalqaro kuzatuvchilar uchun yaratilgan sharoitlardan minnatdorman. Toshkentga kelishimiz bilan Markaziy saylov komissiyasi saylov qonunchiligi, Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, mamlakatning milliy qonunchiligi, saylov uchastkalari manzillari, saylovchilar, siyosiy partiyalar faoliyati haqida barcha ma’lumotni taqdim qildi.

 

Men AQSh, Fransiya, Singapur singari davlatlarda saylovlarni kuzatganman. O‘zbekistondagi vaziyat bilan qiyoslaydigan bo‘lsak, bu yerda yuksak tashkilotchilik ko‘zga yaqqol tashlanadi. Saylovchilar barcha dolzarb axborotga ega. Qolaversa, har bir saylovchining uyiga saylovda qatnashish uchun taklifnomalar yuborilgan. Fuqarolar saylovga shunchaki bir tadbir sifatida emas, balki mas’uliyat bilan qaramoqda. Bunday tayyorgarlik darajasini hech qayerda ko‘rmaganman.

Shuni qayd etmoqchimanki, barcha siyosiy partiyalarga saylovoldi tashviqotini olib borishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng imkoniyat yaratib berildi.

 

Gerald UYBERShER,

“Reise Travel” elektron nashri bosh muharriri (Germaniya):

 

– Saylovdan bir kun oldin men Buxorodagi 23 va 27-saylov uchastkalari bilan yaqindan tanishdim. Shuni aytishim kerakki, O‘zbekiston saylovga tayyorgarlik ko‘rish darajasi bo‘yicha Yevropaning ko‘plab mamlakatlaridan ildamlab ketibdi. Saylov uchastkalari barcha texnika vositalari bilan jihozlangan. Ularda ona va bola, tibbiyot xonalarining mavjudligi menda katta taassurot qoldirdi. Germaniyada hozircha bunday amaliyot yo‘q. Saylov uchastkalaridagi hamshiralarning aytishicha, ular birinchi yordamni ko‘rsatish uchun zarur dori vositalari bilan ta’minlangan. Bu davlat saylov paytida ham o‘z fuqarolari sog‘lig‘i haqida qayg‘urayotganidan dalolatdir.

 

Saylov uchastkalari erta tongdan ochildi. Binoda deputatlikka nomzodlar haqida barcha ma’lumot mavjud. Yana shu narsa e’tiborimni tortdiki, masalan, 75 va 160-saylov uchastkalarida fuqarolar saylovda faol qatnashishdi. Saylovlar qonunchilikka to‘liq rioya qilingan holda o‘tdi. Hech qanday qonunbuzilish holatlari kuzatilmadi.

 

Skand Randjan TAYAL,

Hindiston ijtimoiy-siyosiy arbobi:

 

– Avvalo, shuni qayd etmoqchimanki, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylovga puxta hozirlik ko‘ribdi. 21 dekabr – yakshanba kuni Urganch shahrida bir qator saylov uchastkalarida saylovlarni kuzatdim. Kechga yaqin poytaxtingizdagi ayrim saylov uchastkalariga tashrif buyurishga ulgurdim. Urganchda ham, Toshkentda ham saylovlar yuksak saviyada, milliy saylov qonunchiligining barcha talablari hamda xalqaro standartlarga to‘liq mos tarzda tashkil etildi. Ovoz berishda birinchi marta qatnashayotgan yigit-qizlarni ko‘rish menda iliq taassurot uyg‘otdi. Shunisi muhimki, agar ularda bevosita jarayon bo‘yicha qandaydir savol tug‘ilsa, to‘g‘ri tushuntirish berildi.

 

Nikolay VASILEV,

“Tribuna” gazetasi bosh direktori (Rossiya):

 

– 21 dekabr kuni hamkasblarimiz bilan Toshkent shahridagi 6 ta saylov uchastkasiga tashrif buyurdik. Fuqarolarning saylovlarga qiziqishi katta. Biz ayrim saylovchilarga qandaydir qonunbuzilish holatlari yoki ularning saylovchilar ro‘yxatida yo‘qligi yuzasidan savollar berdik. Ular bu borada hech qanday muammo yo‘qligi, hammasi risoladagidek ekanligini aytishdi. Saylov jarayonini tashkil etishdan hayratlandim. Qolaversa, saylov uchastkalari atrofi obodonlashtirilgani, ozodaligi, bayramona muhit yaratilgani bizda iliq taassurot uyg‘otdi.

 

«Xalq so‘zi» muxbiri Ziyoda AShUROVA yozib oldi.

8017

23Dekabr 2014



Dolzarb mavzular