Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Dolzarb mavzular | Ro'yxatga o'tish

Ochiqlik va haqqoniylik tamoyillari asosida

Xalqaro kuzatuvchilar mamlakatimizda 21 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, davlat hokimiyati vakillik organlari saylovlari haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashmoqda.

 

Quandiq TURGANQULOV,

Qozog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi:

 

– Kuzatuvchi sifatida saylov jarayonini xolis baholashim shart. Fikrimcha, O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi, hududlardagi saylov tashkilotchilari puxta va salmoqli tayyorgarlik ishlarini olib borgan. Xalqaro standartlarga javob beradigan milliy qonunchilik bu boradagi ishlarga asos bo‘ldi. Bu amaliyotda o‘z tasdig‘ini topdi.

 

21 dekabr kuni Buxoroda saylovlarni kuzatdim. Qator saylov uchastkalarida bo‘ldim. Hech qanday qonunbuzilish holatlari uchramadi. Barcha jarayon qonunchilikka muvofiq o‘tdi. Saylov komissiyalari aniq va samarali ishladi.

 

Saylov kampaniyasi oldidan Markaziy saylov komissiyasi va mamlakat hukumati demokratik saylovlarni o‘tkazishga oid xalqaro tajribani chuqur o‘rganish bo‘yicha katta ishlarni olib borgan. Shu masalaga bag‘ishlangan konferensiyalardan birida o‘zim ham qatnashdim. Bugun ko‘rinib turibdiki, xalqaro amaliyotdagi barcha ijobiy jihatlar saylov tizimiga muvaffaqiyatli tatbiq etilmoqda.

 

Valerius SIMULIK,

deputat, Litva Seymidagi O‘zbekiston bilan parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha guruhi raisi:

 

– O‘zbekistonda saylov jarayoni demokratiya talablariga uyg‘un, ochiq va oshkora o‘tishini ta’minlashga qaratilgan barcha shart-sharoit yaratilgan. Alohida qayd etish kerakki, nomzodlar orasida xotin-qizlar ham ko‘pchilikni tashkil qildi. Ular davlat tomonidan qator sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchilaridir. Ayollarning parlament faoliyatida qatnashishi mamlakatda samarali gender siyosati yuritilayotganiga yorqin misoldir.

 

Bugun atrof-muhit muhofazasi muammolari insoniyatni xavotirga solmoqda. O‘zbekistonda ekologiya masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani diqqatga sazovor. Parlament quyi palatasida Ekoharakat uchun 15 ta deputatlik o‘rnining ajratilishi davlat rahbariyati tomonidan tabiat muhofazasi va inson salomatligini asrab-avaylashga ustuvor ahamiyat berilayotganini yaqqol namoyon etib turibdi.

 

Saylov yakunlanganidan so‘ng parlamentning yangi tarkibi bilan ham mustahkam hamkorlik olib borishga umid qilamiz. Ularni Litvada kutamiz. Tajriba almashish, o‘ylaymanki, har ikki tomon uchun ham foydalidir.

 

Vijay JOLLI,

“Bxaratiya janata parti” partiyasining tashqi aloqalar shu’basi muvofiqlashtiruvchisi (Hindiston):

 

– O‘zbekistondagi muhim siyosiy voqea – parlament saylovi demokratik andozalarga muvofiq tashkil etildi.

 

Siyosiy partiyalardan nomzodlar xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi aniq maqsadli dasturlarini taklif etdi. Bu esa aholining siyosiy faolligini oshirishga turtki berdi. Mahalliy OAVda siyosiy partiyalar tomonidan olib borilgan keng ko‘lamli tashviqot ishlari ko‘magida saylovchilar ularning faoliyatidan yaxshi xabardor bo‘ldilar. Shu asosda joylarda tashkil qilingan saylov uchastkalarida o‘z tanlovlarini amalga oshirdilar.

 

Bu galgi parlament saylovida siyosiy partiyalar o‘rtasidagi halol kurashga guvoh bo‘ldim. Saylovchilarga muqobil nomzodni tanlash imkoniyati berildi. Huquqshunos sifatida aytishim joizki, bunda siyosiy partiyalar rolini oshirishga oid huquqiy asos yaratilgani muhim omil bo‘ldi. Masalan, parlamentda eng ko‘p deputatlik o‘rnini olgan partiya Bosh vazir nomzodini taklif etadi. Bu demokratiyaning yorqin ifodasidir.

 

Yong Jo LI,

Kyonxi universiteti Xalqaro Tinch okeani tadqiqotlari oliy maktabi professori (Koreya Respublikasi):

 

– Saylov jarayonlari menda ijobiy taassurot qoldirdi. Ular yuqori darajada o‘tkazildi. Saylovchilarning uchastkalarga kelib, o‘zlarining konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarishlari uchun barcha shart-sharoit taqdim etildi. Buxoroda saylovlarni kuzatdim. Saylov komissiyalari o‘zlarining asosiy ishlaridan tashqari, saylov uchastkalariga kelish imkoniga ega bo‘lmagan bemorlar, keksalarning uylariga borishdi. Bizning davlatda bunday amaliyot yo‘q. Hamma uchun saylov huquqini ta’minlash nuqtai nazaridan mamlakatingiz tajribasi diqqatga sazovor. Boshqa tarafdan barcha uchastkalarda saylov uchun zarur imkoniyatlar yaratilganiga shohid bo‘ldim. Ona va bola, tibbiyot xonalari shular jumlasidandir. Saylov uchastkalarida siyosiy partiyalar a’zolari, deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillari qatnashdi. Ularning ishtiroki saylov jarayoni ochiqligi, uning natijalari xolisligidan dalolat beradi.

 

Yar Muhammad BADINI,

“Balochistan Today” gazetasi va “Balochistan Times” jurnali bosh muharriri (Pokiston):

 

– Demokratiyaning muhim shartlaridan biri ko‘ppartiyaviylikdir. To‘rtta partiya tomonidan o‘zaro halol raqobatga kirishilgani, debatlar olib borilgani, nomzodlar ilgari surilganiga guvoh bo‘ldim. Bu har tomonlama muhokamadan o‘tkazilgan hamda aholini qiziqtirayotgan masalalar fuqarolar xohish-irodasida aks etishida muhim ahamiyatga egadir. Markaziy saylov komissiyasi bu borada samarali ish olib bordi, siyosiy partiyalarning saylovlarda qatnashishi uchun barcha imkoniyatni yaratib berdi.

 

Li SIN,

Shanxay xalqaro tadqiqotlar akademiyasining Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari tadqiqotlari markazi direktori, professor (Xitoy):

 

– O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatish va unda ishtirok etish men uchun katta sharaf. Samarqanddagi bir qator saylov uchastkalarida bo‘lib, muhim tadbirda g‘ayrat bilan qatnashgan bu ko‘hna shahar aholisining katta ijtimoiy-siyosiy faolligi guvohiga aylandim. Mamlakatingizda shakllantirilgan mustahkam me’yoriy-huquqiy baza har bir insonning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishga imkoniyat yaratadi. Saylovchilar siyosiy partiyalar va nomzodlarning dasturlari bilan yaxshi tanish. Ularning aytishicha, keng ko‘lamli saylovoldi tashviqoti – OAVda maqolalar, teledebatlar, saylovchilar bilan uchrashuvlar tashkil etilishi tanlov masalasini hal qilishga sezilarli ta’sir o‘tkazgan. Bu saylovoldi tashviqotining samaradorligini yana bir karra tasdiqlaydi.

 

Maykl EDELShTEYN,

Atrof-muhitni o‘rganish bo‘yicha institut direktori, Romapo kolleji professori (AQSh):

 

– Qaysi saylov uchastkasiga borgan bo‘lsam, hammasida ishlar yuqori saviyada tashkillashtirilganini ko‘rdim. Saylov komissiyalari a’zolarining professionalligi, huquqiy bilimi yuksakligini alohida qayd etish joiz. Men yurtingiz saylov qonunchiligini o‘rganib chiqdim. Nazarimda, unda ushbu sohadagi xalqaro standartlar, saylov kampaniyasining barcha yangiliklari o‘z in’ikosini topgan. Uchastkalarda saylovchilar ko‘p kelishi kuzatilgani barobarida, saylovlar tartibli, do‘stona muhitda o‘tdi.

 

Vladimir FILIPPOVICh,

MDH Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i:

 

– Saylov uchastkalari faoliyati bilan tanishib, komissiyalar tomonidan katta tayyorgarlik ishlari olib borilganini anglash mumkin. Saylovga taraddud yuqori darajada bajarilgan. Saylovni ochiqlik, oshkoralik tamoyillari asosida o‘tkazish, fuqarolarning erkin ovoz berishlari uchun zarur shart-sharoitlar muhayyo qilingan. Har bir uchastkada saylovchilar uchun tanlash muqobilligi ta’minlangan. Turli siyosiy kuchlardan deputatlikka nomzodlar ilgari surilgani bunga misoldir.

 

O‘zbekistonda avvalgi saylovlarda ham ishtirok etganman. Ularning barchasi qonunlar doirasida o‘tkazilgan. Saylovlarda saylovchilarning faol ishtiroki, siyosiy partiyalarning munosib kurashini ko‘rish quvonarlidir. Saylov qonunchiligi muntazam takomillashtirilib, yanada demokratlashtirilmoqda. Bularning barchasi saylovlarning haqqoniy va adolatli o‘tishiga imkon yaratdi.

 

Ichiro SUKADA,

Yaponiya parlamenti yuqori palatasi deputati, O‘zbekiston bilan do‘stlik parlament ligasi ijroiya qo‘mitasi rahbari:

 

– Saylovlarni kuzatib, barchasi umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillarga muvofiq, ochiq va oshkora o‘tganining guvohi bo‘ldim. Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda saylovni o‘tkazish va uni tashkil qilishda o‘ziga xos yondashuv hamda metodika ishlab chiqilgan. Xususan, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarning huquq hamda majburiyatlarini amalga oshirish bo‘yicha yaxlit tizim yaratilgan. Bu professional va yuqori darajada tashkil etilgan saylovlarning muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minladi.

 

Hasan Basriy ARSLAN,

IHT bosh kotibiyati mahkamasi xodimi:

 

– Bevosita saylov jarayonlarini kuzatib, O‘zbekistonda parlament va mahalliy Kengashlarga saylovlar ochiq, oshkora, demokratik prinsiplar asosida o‘tganiga amin bo‘ldim. Kuzatuvchilar uchun saylov kampaniyasi haqida barcha zarur axborotlarni olish, qiziqtirgan savollarga javob topish imkoni yaratib berildi. Ommaviy axborot vositalari saylov jarayonini muntazam yoritib bordi. Siyosiy partiyalarga teng imkoniyatlar yaratildi. So‘nggi yillarda mamlakatingizda milliy saylov qonunchiligi yanada rivojlantirilib, xalqaro talablarga mos demokratik tizim yaratildi. Unda ko‘zda tutilgan maqsad esa fuqarolarning saylash va saylanishga oid o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini yanada keng ro‘yobga chiqarishga yaqindan ko‘mak beradi.

 

Datuk Seri Moxd Xashim ABDULLA,

Malayziya saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari:

 

– Saylov kuni saylov uchastkalari saylovchilarni qabul qilishga to‘la-to‘kis tayyor holga keltirildi. Jarayonlar qonunchilikka muvofiq puxta tashkillashtirildi. Barcha saylov uchastkalarida ona va bola hamda tibbiyot xonalarining mavjudligi, xavfsizlik ta’minlangani katta taassurot qoldirdi. Bu ham odamlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik namunasidir. Saylovchilarning saylash huquqlarini amalga oshirish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Fuqarolar bundan faol foydalandilar.

 

O‘zbekiston saylov qonunchiligi, ko‘ppartiyaviylik tizimini chuqur o‘rgandim. Aytish joizki, yurtingizda siyosiy kurash madaniyati va sog‘lom raqobat yuqori darajada rivojlanmoqda.

 

O‘zbekistonga nafaqat saylovlarni kuzatish, balki bu boradagi ijobiy tajribani o‘rganib, uni mamlakatimizda ham joriy etish maqsadida kelganmiz. Yurtimizda yoshlarga katta e’tibor qaratiladi. Bilamizki, O‘zbekistonda ham ular soni aholining yarmidan ko‘pini tashkil etadi. Saylovga tayyorgarlik ishlariga yosh avlod vakillari ham jalb qilingani diqqatga sazovor. Zero, yoshlar – har qanday davlatning kelajagidir.

 

Muhammad SALAMA,

“Xabar” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari (Misr):

 

– Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar o‘zbek xalqi uchun muhim siyosiy voqeadir. 2004 yilgi saylovlarni ham kuzatib borgandim. Ta’kidlash lozimki, ayni paytda aholining huquqiy tafakkuri ancha o‘sgan, ko‘ppartiyaviylik tizimi mustahkamlangan, siyosiy kuchlar o‘rtasidagi raqobat kuchaymoqda. Jurnalist sifatida menda OAVda chiqqan tashviqot materiallari qiziqish uyg‘otdi. Mass-media maydonida siyosiy partiyalar uchun teng va bir xil sharoitlar yaratib berildi. Bu saylov jarayonining maksimal ochiq hamda oshkora o‘tishida muhim rol o‘ynadi.

 

Saylov kuni Samarqand shahridagi saylov uchastkalariga bordim. Hech qanday qonunbuzilish holatlari ko‘zga tashlanmadi. Samarqandliklar parlament saylovlarida faollik ko‘rsatganini aytish lozim. Saylovchilar deputatlikka nomzodlarning dasturlari hamda partiyalarning saylovoldi platformalaridan yaxshi xabardor ekanligi sezildi.

 

Uchastka saylov komissiyalarining tezkor va aniq faoliyati ham tahsinga sazovor.

 

Boris MANEYeV,

“BLOK” Butunisroil harakati raisi, “Isroil – O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati rahbari, Kiryat-Gat shahri meri maslahatchisi:

 

– Yurtingizda o‘tkazilgan parlament saylovlarini kuzatar ekanman, ular demokratiya va transparentlik tamoyillariga mos o‘tganiga ishonch hosil qildim. Toshkentdagi qator (28, 75, 83, 158, 173, 160, 437, 479, 540-) saylov uchastkalariga bordim. Ushbu siyosiy voqeaga puxta tayyorgarlik ko‘rilganiga guvoh bo‘ldim. Siyosiy partiyalar tomonidan saylovchilarga bosim o‘tkazish holatlari kuzatilmadi. Respublikangizda jahon standartlariga mushtarak saylovlarni munosib darajada o‘tkazish imkonini beradigan demokratik saylov tizimi to‘liq shakllantirilgan.

 

Saylov jarayonida yoshlarning faol ishtirokini qayd etmoqchiman. Aniq maqsadni oldiga qo‘yib voyaga yetayotgan avlod mamlakat taqdiri va kelajagiga befarq emas. O‘zbekistonning bugungi yoshlari erishayotgan natijalardan hayratga tushaman. Ular ta’lim, sport, fan, iqtisodiyot, san’at va madaniyat sohalarida katta yutuqlarni qo‘lga kiritmoqdalar.

 

«Xalq so‘zi» muxbirlari

Saidjon MAXSUMOV,

Ziyoda AShUROVA

yozib oldi.

16036

24Dekabr 2014



Dolzarb mavzular