Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Dolzarb mavzular | Ro'yxatga o'tish

O‘zbekistonda saylovlar demokratiya talablariga uyg‘un tarzda o‘tkazildi

Xalqaro kuzatuvchilar mamlakatimizda 21 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda davlat hokimiyati vakillik organlari saylovlari demokratiya talablariga uyg‘un tarzda o‘tganligini e’tirof etmoqdalar. Quyida ulardan ayrimlarining fikr-mulohazalari bilan tanishasiz.

 

Fadli ZON, Indoneziya xalq vakillari Palatasi spikeri o‘rinbosari:

 

– Saylov kuni Toshkent shahridagi bir qator saylov uchastkalarida bo‘lib, ovoz berish jarayonini kuzatdim. Men ko‘pgina mamlakatlarda bo‘lganman. Ammo saylovga shu qadar puxta hozirlik ko‘rilgani hamda fuqarolarning yuqori darajadagi faolligini kamdan-kam kuzatganman. Saylov uchastkalarida xalqaro kuzatuvchilar, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari, deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillari, jurnalistlar ishtirok etgani saylov jarayonlarining chinakam ochiqligini ta’minladi. O‘z missiyamizni bajarishga saylov komissiyalari yaqindan ko‘maklashdi. Qonunchilikda parlament quyi palatasida Ekoharakat vakillari uchun 15 deputatlik o‘rnining kvotalanishi nazarda tutilgani e’tiborlidir. Bu atrof-muhit va inson salomatligi muhofazasi yo‘lida keng jamoatchilikni birlashtirgan ushbu tashkilotning nufuzini, davlat hokimiyati uning fikrlarini inobatga olishga tayyorligini ko‘rsatadi.

 

O‘zbekistonda davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlar osoyishta, demokratiya tamoyillari asosida o‘tkazildi. Shubhasiz, bunda saylov qonunchiligining shakllantirilgani muhim omil bo‘ldi.

 

Ekzam GUBAYDULLIN, Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi:

 

– Mamlakatingizning ilg‘or demokratik standartlar asosida takomillashtirilgan saylov qonunchiligini katta qiziqish bilan o‘rganib chiqdim. Ayniqsa, Markaziy saylov komissiyasiga konstitutsiyaviy organ maqomi berilgani tahsinga sazovor. Ko‘plab rivojlangan davlatlarda saylov organlarida bunday vakolat yo‘q. Yurtingizning mazkur tashabbusi saylov jarayonlarining demokratik ruhda o‘tishiga zamindir. Saylov kuni ovoz berish jarayonlarini kuzatib, O‘zbekiston huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lida dadil odimlayotganiga yana bir bor amin bo‘ldim. Chunki saylovning barcha bosqichlari transparentlik va oshkoralik asosida o‘tkazildi.

 

Anil Kumar ShASTRI, “Hindiston milliy kongressi” Butunhindiston qo‘mitasi departamenti raisi:

 

– O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik tizimi va partiyalar o‘rtasidagi siyosiy kurash hamda sog‘lom raqobat tobora rivojlanib borayapti. Buni davlat hokimiyati vakillik organlariga bo‘lib o‘tgan saylov, undan avval samarali tashkil etilgan saylovoldi tashviqotlari ham yaqqol ko‘rsatib turibdi. Ovoz berish kuni Toshkent shahridagi 148-saylov uchastkasi faoliyatini borib ko‘rdik. Hech qanday qonunbuzilish holatlari kuzatilmadi. Buni boshqa kuzatuvchilar ham alohida e’tirof etdilar.

 

Peter FRANKE, “Wostok” jurnali bosh muharriri (Germaniya):

 

– O‘zbekiston demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati qurish yo‘lidan katta ishonch bilan borayapti. Saylovchilar o‘z xohish-irodasini erkin bildirgani bunga yorqin misoldir. Yurtingizda bo‘lib o‘tgan saylovlarda siyosiy faollik, saylovchilarning ko‘tarinki kayfiyati, ularning o‘tkazilgan muhim voqelikka to‘g‘ri va xolis yondashishlari menda katta taassurot qoldirdi. Urganch shahridagi bir nechta saylov uchastkalarida bo‘lib, buning jonli guvohiga aylandim.

 

Ket RIZ, “The Haven Wolverhampton” NNT bosh direktori (Buyuk Britaniya):

 

– Saylov kuzatuvchisi sifatida O‘zbekiston ekologik harakati mamlakat parlamentiga o‘z vakillarini ilgari surishi menda katta qiziqish uyg‘otdi.

Bu, shubhasiz, mamlakatda dolzarb vazifalardan biri bo‘lgan atrof-muhit va aholi salomatligi muhofazasida davlat hokimiyati vakillik organlari rolini oshirishga xizmat qiladi. Bizda Yashillar partiyasi bor, lekin uning jamiyatda tutgan o‘rni yurtingizdagi ekologlar, atrof-muhit himoyachilarining ushbu jamoatchilik ommaviy harakati kabi emas.

 

Axim KOYeDDERMANN, Nyu-York davlat universiteti professori (AQSh):

 

– Yurtingiz hayotida demokratik tamoyillar tobora chuqurlashtirilayapti. Bunga saylovda, xususan, Samarqanddagi ovoz berish jarayonini kuzatish asnosida yana bir bor ishonch hosil qildim. Ushbu siyosiy voqeaga tayyorgarlik, tashviqot-targ‘ibot hamda ovoz berish jarayonlari milliy va xalqaro huquqiy hujjatlarga qat’iy amal qilingan holda o‘tkazildi.

 

Akkan SUVER, “Marmara grupp” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar Fondi bosh direktori (Turkiya):

 

– Saylov kuni Farg‘onadagi saylov uchastkalarida bo‘ldik. Fuqarolar saylovda faol ishtirok etishdi. Ular orasida uchastkaga farzandlari bilan kelgan ayollar ko‘pchilikni tashkil qildi. Ulardan biri yosh go‘dagini ko‘tarib kelganini ko‘rganimda, to‘g‘risi, juda hayratlandim. Aslida u o‘z farzandi va oilasining kelajagini o‘ylab ovoz berdi. O‘z navbatida, har bir saylov uchastkasida ona va bola hamda tibbiyot xonalari tashkil etilgani diqqatga sazovordir.

 

Ameya SATAYe, “Diplomacy India.com” axborot-tahliliy portali ijrochi direktori (Hindiston):

 

– O‘zbekistonda saylov jarayonlarini kuzatib, demokratik jamiyat qaror topayotganligiga amin bo‘ldik. Davlat boshqaruvida fuqarolarning ishtiroki yanada sezilarli darajada o‘smoqda. Bu respublikaning katta muvaffaqiyatidir. O‘tkazilgan saylovlarda to‘rtta partiyaning faol qatnashgani, ularning saylov kampaniyasi davridagi sog‘lom raqobati fuqarolik jamiyatining roli oshib borayotganidan guvohlik beradi. Odamlar bilan suhbat chog‘ida xalq saylovlarga, mamlakat taqdiriga befarq emas, degan xulosaga keldim.

 

Jaklin ShTIGLMAYER, advokatlik kompaniyasi rahbari (Germaniya):

 

– Saylovning barcha bosqichlari – texnik-tashkiliy tayyorgarlik, saylovoldi kampaniyasi, aholi o‘rtasidagi keng tushuntirish ishlari, ommaviy axborot vositalaridan foydalanish, ovoz berish jarayoni qonunchilikka qat’iy rioya etilgan holda olib borildi. Bu siyosiy voqeada transparentlik, adolatlilik, ochiqlik kabi eng zarur tamoyillar to‘la ta’minlandi. Yurtingizda kuzatuvchi sifatida faoliyat yuritib, bu borada hammasi risoladagidek tashkil etilganiga guvoh bo‘ldim.

 

Aleksandrs SAKOVSKIS, parlament deputati (Latviya):

 

– Buxoro shahrida saylovlarni kuzatdik. Saylov uchastkalarida hamma narsa shay qilib qo‘yilganini alohida aytishni istardim. Komissiya faoliyati, saylovchilarning yashirin ovoz berishlari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Uchastkaga farzandlari bilan kelgan yoki o‘zini betob his qilgan saylovchilar uchun zarur qulayliklar taqdim etilgan. Ularga malakali yordam ko‘rsatildi. Jarayonning o‘zi ochiqlik, xolislik nuqtai nazaridan xalqaro standartlarga mushtarak tarzda o‘tdi. Saylovlarni nafaqat xalqaro ekspertlar, balki akkreditatsiyadan o‘tkazilgan xorijlik va mahalliy jurnalistlar, partiyalar a’zolari, nomzodlarning ishonchli vakillari kuzatib bordi. Saylovchilarning yuqori darajadagi faolligini kunning ikkinchi yarmidayoq saylov qutilari byulletenlar bilan deyarli to‘lganidan ham ko‘rish mumkin.

 

«Xalq so‘zi» muxbirlari

Saidjon MAXSUMOV,

Ziyoda AShUROVA yozib oldi.

10106

25Dekabr 2014



Dolzarb mavzular