Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Dolzarb mavzular | Ro'yxatga o'tish

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov natijalari e’lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Saylov komissiyasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi bo‘yicha 22 saylov okrugida bo‘lib o‘tgan takroriy ovoz berish yakunlari ko‘rib chiqildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov 22 saylov okrugining har birida asosiy saylov natijalari bo‘yicha eng ko‘p ovoz olgan ikki nafardan deputatlikka nomzodga takroriy ovoz berilganini ma’lum qildi. Ushbu okruglarda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 3 million 434 ming 345 nafar saylovchidan 2 million 642 ming 63 nafar saylovchi takroriy ovoz berishda ishtirok etdi. Bu ro‘yxatga kiritilgan saylovchilarning 76,9 foizini tashkil qildi.

 

Takroriy ovoz berish milliy saylov qonunchiligining barcha qoidalariga muvofiq, umume’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida ochiq va oshkora o‘tkazildi. Tegishli okruglarda deputatlikka nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda saylovoldi tashviqotini olib bordi va bunda ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan foydalandi. Takroriy ovoz berishda siyosiy partiyalarning 5,7 mingdan ziyod kuzatuvchisi va vakolatli vakillari ishtirok etdi.

 

Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etilgan okrug saylov komissiyalarining takroriy ovoz berish natijalari haqidagi bayonnomalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 22 nafar deputati ro‘yxatga olindi. Shu tariqa barcha 135 saylov okrugida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi yakunlandi.

 

***

 

Shu kuni saylovni yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov yakunlariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

 

Brifingda Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov saylov milliy saylov qonunchiligida mustahkamlab qo‘yilgan ochiqlik, oshkoralik va muqobillik kabi demokratik prinsiplarga to‘la rioya qilingan holda o‘tkazilganini qayd etdi.

 

2014 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar dasturida ko‘zda tutilgan tashkiliy-huquqiy tadbirlarning izchil amalga oshirilgani bunda muhim omil bo‘lib xizmat qildi. Saylovoldi kampaniyasida qonunchilikda belgilangan barcha uchun majburiy va bir xil norma hamda talablarga to‘liq amal qilindi.

 

Milliy qonunchiligimizga muvofiq, siyosiy partiyalar va ular tomonidan ilgari surilgan deputatlikka nomzodlarga saylovoldi kampaniyasi, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, saylovoldi dasturlari mazmun-mohiyatini saylovchilarga yetkazish, saylovoldi tashviqotini amalga oshirish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquq va imkoniyatlar taqdim etildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi raisi brifing qatnashchilariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi natijalariga ko‘ra, 150 deputat, jumladan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan 52 nafar, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan 36 nafar, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan 27 nafar, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan 20 nafar deputat saylanganini ma’lum qildi. 15 deputat O‘zbekiston Ekologik harakatining vakillaridir. Saylangan 150 deputatning 24 nafari xotin-qizlardir.

 

Saylangan 150 deputatdan 40 nafari ilgari Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgan. Bu saylangan deputatlar nafaqat o‘z saylovchilarining ishonchiga sazovor bo‘lgani, balki parlament Qonunchilik palatasi faoliyatida ularning hayotiy tajribasi va qonun ijodkorligi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalaridan yanada samarali foydalanish imkonini beradi.

 

Ommaviy axborot vositalari, mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar faoliyati saylov jarayonining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashga xizmat qildi. Saylov jarayonini 550 dan ortiq milliy va 120 dan ziyod xorijiy ommaviy axborot vositasi, jumladan, 180 dan ortiq internet-nashr yoritib bordi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq 9 mingdan ortiq material e’lon qilindi.

 

5 xalqaro tashkilot – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, 52 xorijiy davlatdan 340 dan ortiq kuzatuvchi va deputatlikka nomzodlarni ilgari surgan siyosiy partiyalarning 70 mingdan ziyod kuzatuvchisi va vakolatli vakili saylovni monitoring qilib bordi.

 

Barcha bo‘g‘indagi saylov komissiyalarining uyushqoqlik bilan mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik tamoyillariga asoslangan faoliyati saylovning demokratik prinsiplar asosida o‘tkazilishi, ushbu jarayonda amaldagi qonunchilikka rioya qilinishini ta’minladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tgan saylov xalqimiz demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston tanlagan yo‘lga sodiqligini yana bir bor namoyon etdi.

 

Sardor Tojiyev, O‘zA

10704

05Yanvar 2015



Dolzarb mavzular