Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Dolzarb mavzular | Ro'yxatga o'tish

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov yakunlandi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 11 va 48-moddalariga muvofiq, 2015 yil 4 yanvarda 22 ta saylov okrugida bo‘lib o‘tgan takroriy ovoz berish natijalarini inobatga olgan holda mamlakat parlamenti Qonunchilik palatasi saylovi yakunlari ko‘rib chiqildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov qayd etganidek, saylov amaldagi saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, unda mustahkamlab qo‘yilgan ochiqlik, oshkoralik va muqobillik tamoyillariga hamda demokratik prinsiplarga to‘la muvofiq holda o‘tkazildi.

 

2014 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar dasturida ko‘zda tutilgan tashkiliy-huquqiy tadbirlarning izchil amalga oshirilgani bunga ko‘p jihatdan imkon berdi. Qonun hujjatlarida belgilangan qoida va talablar barcha uchun bir xil va majburiy ekanligiga saylov kampaniyasi davrida to‘liq va og‘ishmay amal qilindi.

 

Siyosiy partiyalarning keskin raqobati natijasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov bo‘yicha 22 ta saylov okrugida nomzodlarning birontasi ham saylanish uchun zarur ovozlarni to‘play olmadi. Shu munosabat bilan 2015 yil 4 yanvar kuni ushbu okruglarda takroriy ovoz berish o‘tkazildi.

 

Takroriy ovoz berishda saylovchilar ro‘yxatiga familiyalari kiritilgan 3 million 434 ming 345 nafar saylovchidan 2 million 642 ming 63 nafar saylovchi ishtirok etdi va bu ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 76,9 foizini tashkil qiladi.

 

Takroriy ovoz berish milliy saylov qonunchiligining barcha qoidalariga muvofiq umume’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida ochiq va oshkora o‘tkazildi. Tegishli okruglarda deputatlikka nomzodlar saylovoldi tashviqotini olib borish va bu maqsadda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan foydalanishi mumkin edi. Takroriy ovoz berishda siyosiy partiyalarning 5700 dan ortiq kuzatuvchilari va vakolatli vakillari ishtirok etdi.

 

Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan okrug saylov komissiyalarining takroriy ovoz berish natijalari haqidagi bayonnomalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 22 nafar deputati ro‘yxatga olindi. Shunday qilib, 135 ta saylov okrugining barchasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi yakunlandi.

 

Shu kuni 2014 yilgi saylovlarni yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov yakunlariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi raisi brifing qatnashchilariga ma’lum qilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi natijalariga ko‘ra, parlament quyi palatasiga 150 nafar deputat, shu jumladan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan 52 nafar; O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan 36 nafar, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan 27 nafar, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan 20 nafar deputat saylandi. 15 nafar deputat O‘zbekiston ekologik harakatining vakilidir. Saylangan deputatlarning 24 nafari yoki 16 foizi xotin-qizlardir.

 

Saylangan deputatlarning 40 nafari yoki 27 foizi ilgari Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgan. Bu ularning o‘z saylovchilari ishonchiga sazovor bo‘lganligi tasdig‘i bo‘lib, parlamentimiz quyi palatasi professional faoliyatida ularning tajribasi va qonun ijodkorligi borasida amaliy ko‘nikmalaridan yanada samarali foydalanish imkoniyatini beradi. Shuni qayd etish kerakki, Oliy Majlis quyi palatasi tarkibida jamiyatning deyarli barcha qatlamlari vakillari bor.

 

Saylov jarayoni ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashda ko‘p jihatdan ommaviy axborot vositalari, mahalliy va xorijiy kuzatuvchilarning faoliyati katta omil bo‘lib xizmat qildi. Saylov jarayonini 550 dan ortiq mahalliy va 120 dan ziyod xorijiy ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, 180 dan ortiq internet-nashrlar yoritib bordi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq 9 mingdan ortiq materiallar e’lon qilindi.

 

Saylovni kuzatishda 5 ta xalqaro tashkilot – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorlik tashkilotidan hamda 52 ta davlatdan 340 dan ziyod kuzatuvchilar, shuningdek, siyosiy partiyalarning 70 mingdan ortiq kuzatuvchilari va vakolatli vakillari qatnashdi.

 

Barcha bo‘g‘indagi saylov komissiyalari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik tamoyillari asosida faoliyat olib borgani saylovlarning umume’tirof etilgan demokratik prinsiplar, mamlakatimiz saylov qonun hujjatlariga qat’iy amal qilingan holda o‘tkazilishida hal qiluvchi omil bo‘ldi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga bo‘lib o‘tgan saylovda xalqimiz O‘zbekiston tanlagan demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalaridagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish yo‘liga sodiqligini yana bir karra namoyon etdi.

 

Qobil XIDIROV,

«Xalq so‘zi» gazetasi muxbiri.

15727

06Yanvar 2015



Dolzarb mavzular