Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Dolzarb mavzular | Ro'yxatga o'tish

Shirin Akiner: “Saylovlar chog‘ida aholining yuksak fuqarolik faolligi yaqqol namoyon bo‘ldi”

Mamlakatimizning Londondagi elchixonasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlarning yakunlariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda Buyuk Britaniya parlamenti, vazirlik va davlat tashkilotlari, Britaniya - O‘zbekiston jamiyati, Birlashgan Qirollikning ishbilarmon, ekspert-tahlil va ilmiy doiralari vakillari hozir bo‘ldilar.

 

 Brifing chog‘ida 2014-yil 21-dekabr kuni mamlakatimizda o‘tkazilgan parlament saylovlarining yakunlari, mazkur siyosiy tadbirning O‘zbekistonning yanada demokratlashuvi va siyosiy modernizatsiyalashishida muhim bosqich sifatidagi ahamiyati bilan bog‘liq ma'lumotlar tadbir ishtirokchilarining e'tiboriga havola qilindi. Alohida qayd etilganidek, saylovlar Prezident Islom Karimov tomonidan 2010-yil noyabr oyida mamlakat Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida ilgari surilgan O‘zbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi doirasidagi islohotlar ruhiga monand ravishda o‘tkazildi. Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan to‘rt siyosiy partiya o‘rtasida deputatlik o‘rinlarining bo‘lingani, ekologik harakatga O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi 150 ta o‘rindan 10 foiz miqdordagi kvotaning ajratilgani haqidagi ma'lumotlar xususida ham atroflicha fikr yuritildi.

 

Ta'kidlanganidek, saylovlarda 5 xalqaro tashkilot - Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, 52 xorijiy davlatdan 340 nafardan ortiq kuzatuvchi ishtirok etdi. Brifing chog‘ida saylov jarayonlari monitoringini olib borgan britaniyalik xalqaro kuzatuvchilar o‘z baholarini hamda mamlakatimizda orttirgan taassurotlarini tadbir qatnashchilari bilan o‘rtoqlashdilar.

 

Britaniya - O‘zbekiston jamiyati raisi, doktor Xartli But mamlakatimizda mustaqil rivojlanish yillari davomida ro‘y bergan o‘zgarishlarga ijodiy baho berdi. U qayd etganidek, O‘zbekiston demokratiyani bosqichma-bosqich qurish yo‘lida dadil qadamlarni tashlamoqda.

 

X. But saylovlardagi ishtiroki doirasida xalqaro kuzatuvchi sifatida yettita saylov uchastkasida bo‘lgani hamda okrug saylov komissiyasi rasmiylari bilan suhbatlashganini ma'lum qildi. U ovoz berish uchastkalarida ovoz berish uchun barcha sharoitlar yaratilgani xususida to‘xtalar ekan, birorta ham saylov uchastkasida saylovchilarga hamda kuzatuvchilarga chetdan ta'sir o‘tkazish hollari kuzatilmaganini e'tirof etdi. “Bu saylovlarning shaffoflikda hamda adolatli o‘tganini tasdiqlaydi”, dedi u.

 

Ekspertning fikricha, Ekologik harakatga O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 15 o‘rinning ajratilgani asoslidir va bu mamlakat hukumatining atrof muhiti va uning muhofazasi masalalariga qaratayotgan e'tiboridan hamda bu jarayonda jamoatchilik tashkilotlarining o‘rni salmoqli ekanligidan dalolat beradi.

 

Shuningdek, britaniyalik ekspert Qonunchilik palatasiga saylangan 150 deputatning 24 nafari xotin-qizlar ekanligiga ham e'tibor qaratar ekan, bunday holat O‘zbekistonda muvozanati ta'minlangan gender siyosati yuritilayotganidan dalolat berishini aytdi.

 

Britaniya - O‘zbekiston jamiyati raisining o‘rinbosari, doktor Shirin Akiner ushbu saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashishga taklif etgani uchun O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasiga minnatdorlik izhor etdi. Uning fikr bildirishicha, mazkur parlament saylovlari tashkiliy jihatdan ham, mazmunan ham muvaffaqiyatli o‘tdi.

 

Ekspert Termizdagi saylov uchastkalarida siyosiy partiyalar nomzodlarining milliy tarkibiga alohida ahamiyat qaratgani haqida so‘zlar ekan, o‘zbeklar bilan bir qatorda ular orasida qozoq, tojik, rus, koreys millatiga mansub nomzodlar ham borligini qayd etdi. “Saylovchilar bilan suhbatlashgan chog‘imda ular mustaqillik yillari davomida o‘z mamlakatida ro‘y bergan salmoqli ijtimoiy - iqtisodiy o‘zgarishlardan bahramand bo‘lishayotganini aytishdi”, dedi u.

 

Sh. Akiner saylovlar paytida aholining yuksak fuqarolik faolligi yaqqol namoyon bo‘lganini, shu bilan birga, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobat muhiti ham sezilib turganini qayd etdi.

 

London shahar va Vestminster Konservativ uyushmasi raisining o‘rinbosari Botagoz Xopkins saylovlar muvaffaqiyatli o‘tgani va demokratlashtirish sohasida qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlari bilan O‘zbekistonni qutladi.

 

Markaziy Osiyo mintaqasida tug‘ilgan va yoshlik chog‘laridan buyon O‘zbekistonga tez-tez kelib turadigan B.Xopkins mamlakatimiz o‘tmishini bugungi kuni bilan taqqoslar ekan, yurtimizda mustaqillik yillari davomida salmoqli taraqqiyotga erishilganini alohida ta'kidladi. “O‘zbekiston mustaqil rivojlanishning dastlabki yillari davomida qanday murakkabliklarga duch kelganini britaniyaliklar va, umuman, yevropaliklarning aksariyati teran tushunishi qiyin, dedi B.Xopkins. O‘sha kezlari ko‘p ishlarni yo‘qdan yoki yangidan boshlashga to‘g‘ri kelgan. Tarixan qisqa davr ichida mamlakat taraqqiyot yo‘lida katta muvaffaqiyatlarga erishdi, o‘z xalqining munosib va baxtli hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlarni yaratishga muvaffaq bo‘ldi”.

 

“Jahon” AA, London

13488

19Yanvar 2015



Dolzarb mavzular