Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Dolzarb mavzular | Ro'yxatga o'tish

“Diplomatic World” O‘zbekistondagi parlament saylovlari haqida

Belgiyada nashr etiladigan “Diplomatic World” jurnalining veb-sahifasida “O‘zbekistondagi parlament saylovlari yakunlari” sarlavhali maqola e'lon qilindi. Unda 2014-yil 21-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tgan saylovlar mavzusi atroflicha qalamga olingan.

 

 Nashr ushbu saylovlarda to‘rt siyosiy partiya - tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyalari ishtirok etganligi haqida yozar ekan, ushbu muhim siyosiy tadbir ochiqlik, oshkoralik va muqobillik tamoyillariga hamda demokratik prinsiplarga to‘la muvofiq holda o‘tkazilganini ta'kidlaydi.

 

“Bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarining o‘ziga xos jihati shunda bo‘ldiki, Qonunchilik palatasida eng ko‘p ovoz to‘plagan siyosiy partiya Bosh vazir lavozimiga nomzod taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu mamlakatni boshqaruvida parlamentning hamda siyosiy partiyalarning roli oshib borayotganini tasdiqlaydi. Quyi palataga siyosiy partiyalardan nomzodlar ko‘rsatish 2014-yil 17-oktyabrda boshlanib, 6-noyabrda yakuniga yetgan edi”, deb yozadi nashr. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi natijalariga ko‘ra, parlament quyi palatasiga 150 nafar deputat saylandi, shu jumladan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan 52 nafar, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan 36 nafar, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan 27 nafar, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan 20 nafar deputat saylandi. 15 nafar deputat O‘zbekiston ekologik harakatining vakillaridir”.

 

Maqolada ushbu saylovlarning yoritilishi masalasiga ham alohida e'tibor qaratilgan. “Saylov jarayonining ochiqligi va oshkoraligi ta'minlanishida ko‘p jihatdan ommaviy axborot vositalari, mahalliy va xorijiy kuzatuvchilarning faoliyati katta ahamiyat kasb etadi, deb yozadi “Diplomatic World”. Saylov jarayonini 550 dan ortiq milliy va 120 dan ziyod xorijiy ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, 180 dan ortiq internet-nashrlar yoritib bordi. Saylovlarning ochiq va oshkora o‘tkazilishini ta'minlash maqsadida siyosiy partiyalar o‘zlarining 70 ming nafardan ziyod kuzatuvchi va vakolatli vakillarini jalb qildilar. Bundan tashqari, saylovlar monitoringida Belgiya, Niderlandiya, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Gretsiya, Shveysariya va Polsha singari dunyoning 52 ta davlatidan 340 nafardan ortiq xalqaro va xorijlik kuzatuvchilar ishtirok etishdi”.

 

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 52-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga o‘tkazilgan saylovlar haqidagi ma'lumot ham mazkur maqolada o‘z ifodasini topgan. Unga ko‘ra, yuqori palata a'zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda - 6 nafardan saylanishi haqida aytib o‘tilgan. Saylovlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi, viloyat, tuman va shahar davlat hukumati vakillik organlari deputatlarining qo‘shma majlisiga muvofiq nomzodlarga yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgani ko‘p sonli o‘quvchilarning e'tiboriga havola qilingan.

 

Shuningdek, nashr Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2015-yil 29-mart mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni, deb e'lon qilingani haqida ham to‘xtalar ekan, ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Konsititutsiyasining 117-moddasiga hamda «Davlat hokimiyati vakillik organlariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining navbatdagi saylovi to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunning 2-moddasiga va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasiga muvofiq qabul qilinganini ta'kidlaydi.

 

Yuqoridagilardan tashqari Belgiya nashri o‘z o‘quvchilarini mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyoti ko‘rsatkichlari bilan yaqindan tanishtirgan. “O‘zbekiston so‘nggi 10 yil mobaynida 8 foizdan kam bo‘lmagan iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarini saqlab kelmoqda. Bunday natija 2015-yilda ham takrorlanishiga O‘zbekistonda barcha asoslar mavjuddir. 2015-yilda davlat byudjetining 60 foizga yaqin qismi ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi. Asosiy e'tibor sog‘liqni saqlash, ta'lim, ilm-fan, madaniyat va san'at, sport sohalarini yanada rivojlantirishga qaratiladi, muxtasar qilib aytganda, taraqqiyot markazini inson omili egallaydi”.

 

Maqola intihosida “Diplomatic World” nashri 2015-yil O‘zbekistonda “Keksalarni e'zozlash yili”, deb e'lon qilgani bilan o‘z o‘quvchilarini xabardor qilar ekan, Prezident Islom Karimovning ushbu tashabbusi keksa avlod vakillari farovonligini ta'minlashga xizmat qilajagini qayd etadi.

 

“Jahon” AA, Bryussel

16175

23Yanvar 2015



Dolzarb mavzular