Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Dolzarb mavzular | Ro'yxatga o'tish

Saylov tizimi rivojining yangi bosqichi

Toshkentda “Saylov tizimi va qonunchiligini demokratlashtirish: O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar tajribasi” mavzuida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbir Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Jahon saylov organlari assotsiatsiyasi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Senati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

 

Davra suhbati xorijiy mamlakatlar hamda O‘zbekiston saylov qonunchiligini rivojlantirish masalalarini muhokama qilish, xalqaro hamjamiyatni O‘zbekiston saylov tizimini xalqaro standartlarga muvofiq isloh etish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar bilan tanishtirish maqsadida o‘tkazildi.

 

Unda Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, shuningdek, Fransiya, Germaniya, Koreya Respublikasi, Latviyadan ekspertlar, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va hududiy saylov komissiyalari a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senati a’zolari, siyosiy partiyalar, O‘zbekiston ekologik harakati, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, olimlar, saylov huquqi sohasi mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi M. Abdusalomov tadbirni ochar ekan, mustaqillik yillarida yurtimizda siyosiy, davlat hamda huquqiy tizim izchillik bilan bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinishi samarasida yuksak demokratik talablarga mos milliy saylov tizimi yaratilganini ta’kidladi. Fuqarolarning shu asnoda davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi to‘liq amalga oshirilmoqda. Bunda Asosiy Qonunimiz hamda qonunlarda umume’tirof etilgan norma va prinsiplar asosida shakllantirilgan saylovlarni o‘tkazishning demokratik prinsiplari mustahkamlab qo‘yilgani muhim ahamiyatga egadir.

 

Davra suhbatida erkin saylov va xohish-irodani erkin bildirish prinsiplari, birinchi navbatda, har bir shaxsning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash hamda saylanish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqi milliy davlatchiligimiz modelining asosini tashkil etishi ta’kidlandi. Saylov sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar tizimli, izchil va o‘zaro bog‘liq xususiyatga ega.

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga boshqa davlat hokimiyati organlarining aralashuvisiz saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni ta’minlaydigan, davlat hokimiyati organi tizimida alohida o‘rin tutgan konstitutsiyaviy organ maqomi berilgani ham saylovlarning demokratikligi, ochiq hamda oshkoraligini har tomonlama ta’minlashning muhim kafolatlaridan biridir. Markaziy saylov komissiyasini shakllantirishning demokratik tizimi, faoliyatining asosiy prinsiplari konstitutsiyaviy norma sifatida belgilandi, shuningdek, Byudjet kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, uning moliyaviy mustaqilligi ta’minlandi.

 

2014 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tgan saylov, shuningdek, 2015 yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi demokratik saylov tizimini rivojlantirish borasida olib borilayotgan o‘zgarishlar o‘z samarasini berayotganidan dalolatdir. Mazkur saylovlar yakunlari davlat hokimiyati organlarini shakllantirish, xalq hokimiyatining demokratik asoslarini mustahkamlash, mamlakatimizni huquqiy davlat hamda kuchli fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida yanada rivojlantirishning muhim bosqichiga aylandi.

 

Tadbir davomida saylov tizimi va saylov to‘g‘risidagi qonunchilikning turli jihatlari, jumladan, huquqni qo‘llash amaliyoti, saylov kampaniyasini moliyalashtirish, saylov jarayoni ishtirokchilarining javobgarligi, partiyalararo raqobat, fuqarolarning davlat hamda jamiyat ishlarida ishtirokini kengaytirishga doir dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

 

Xususan, saylovchilarning yagona elektron reyestri faoliyati bo‘yicha xorijiy huquqni qo‘llash amaliyoti, mamlakatimizda ham saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini tashkil etish va undan foydalanishning huquqiy asoslarini yaratish masalasi muhokama qilindi.

 

Shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirish, saylov jarayonining barcha ishtirokchisi tomonidan saylov qonunchiligi talablarining qat’iy bajarilishi, uni bir xilda qo‘llash hamda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

 

Ekspertlarning fikricha, saylov jarayonining ochiq hamda oshkoraligini ta’minlash fuqarolarning saylash huquqlarini amalga oshirishning kafolatidir. Saylov kampaniyasi davomida ommaviy axborot vositalari nafaqat saylovchilarni xabardor qilishning asosiy kanali, balki muhim jamoatchilik nazorati vositasi hamdir. Bo‘lib o‘tgan parlament va Prezident saylovi davomida Markaziy saylov komissiyasining ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi rivojlanib, yanada mustahkamlanib borayotgani yaqqol namoyon bo‘ldi.

 

Davra suhbati ochiq hamda amaliy muloqot shaklida, bahs-munozaralar ruhida o‘tdi. Tadbir ishtirokchilari Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar inobatga olingan holda, O‘zbekistonda izchil amalga oshirilayotgan, jumladan, saylov erkinligini ta’minlash hamda saylov qonunchiligini rivojlantirish borasida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar fuqarolarning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish bo‘yicha Konstitutsiyamizda kafolatlangan huquqlarini mustahkamlashga qaratilgani haqida yakdil fikr bildirdi.

 

So‘z – xalqaro davra suhbati ishtirokchilariga

 

D. SABO, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori:

– Saylov har bir davlatning hayotida muhim siyosiy tadbir sanaladi. O‘zbekiston saylovlar kabi jiddiy tadbirlarni uyushqoqlik bilan o‘tkaza oladigan mamlakat hisoblanadi. Bunga yurtingizning ushbu sohada to‘plagan tajribasi va saylov tizimini mustahkamlash bo‘yicha huquqiy asoslar rivoji xizmat qilmoqda.

 

Mazkur davra suhbati amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish, asosiy vazifalarni belgilab olish imkonini berdi. Biz O‘zbekistonda saylov tizimini takomillashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirayapmiz. Misol uchun, hozirgi vaqtda Buyuk Britaniya va Daniyaga tashrif buyurgan O‘zbekiston delegatsiyasi Yevropaning ushbu mamlakatlari tajribasini, chunonchi, saylovchilarning markazlashtirilgan elektron ro‘yxatini joriy etishni o‘rganishayapti. Hozirgi shiddatkor davrimizda odamlar o‘z yashash joyini erkin hamda tez-tez o‘zgartirishi uchun biron bir shahar yoki mamlakatga borishini nazarda tutadigan bo‘lsak, har bir fuqaroga saylash huquqini ro‘yobga chiqarish imkoniyatini taqdim qilish zarurdir.

 

A. SIMDARS, Latviya Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi:

– Men O‘zbekistonda Prezident saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etganman. Aytishim joizki, saylovlar puxta va uyushqoqlik bilan o‘tkazildi. Saylov uchastkalari butun saylov jarayoniga oid mufassal ishlab chiqilgan hujjatlar bilan ta’minlangan edi. Qonunchilikka rioya etish saylov paytidagi eng muhim masaladir. Unga amal qilmaslik fuqarolarning saylov qonunchiligiga bo‘lgan ishonchi susayishiga sabab bo‘ladi.

Latviya tajribasidan kelib chiqib, aytishim mumkinki, saylovchilarning yagona elektron reyestri joriy etilishi, shubhasiz, fuqarolar huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi, butun saylov jarayoni ochiqligi va oshkoraligi prinsipini ta’minlaydi, saylov komissiyalari hamda mahalliy organlar faoliyatini soddalashtiradi, saylovchilar haqida aniq ma’lumotlarni tuzish imkonini yaratadi, ikki marta ovoz berish holatlarining oldini oladi, “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyilining amalda ro‘yobini ta’minlaydi. Eng muhimi, u aynan saylovchilarning mas’uliyatini oshiradi, ular tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan shikoyatlar sonini kamaytiradi, chunki saylovchilar ro‘yxatidagi ma’lumotlar to‘g‘riligi uchun mas’uliyat saylovchilar zimmasida ham bo‘ladi.

 

J. RAKEN, Tuluza shahri moliya sudining faxriy vitse-prezidenti:

– O‘tkazilgan tadbir saylov tizimi rivoji uchun katta ahamiyatga ega. Bu yerda turli mamlakatlardan manfaatdor ekspertlar yig‘ildi. O‘zbekiston yuksak demokratik rivojlanish darajasiga erishdi. O‘zbekistondan o‘rganishimiz kerak bo‘lgan jihatlar bor.

Men O‘zbekiston saylov qonunchiligi bilan tanishib, u puxta o‘ylangan va to‘laqonli ekan, degan fikrga keldim. Unda fuqarolar huquqlariga taalluqli barcha masalaga e’tibor qaratilgan. Bu jamiyatda yuksak demokratik qadriyatlar shakllanganidan dalolatdir. Mening fikrimcha, saylov to‘g‘risidagi qonunlarning yaxlit Saylov kodeksi ko‘rinishida kodifikatsiya qilinishi navbatdagi mantiqiy qadam bo‘ladi. Bu barcha darajada saylovlarni o‘tkazishning asosiy qoidalari hamda umumiy tartibini mustahkamlash imkonini beradi.

 

KIM Yun Tak, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasining axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha menejeri:

– O‘zbekistonda saylovlarning ochiqligi hamda shaffofligini ta’minlash borasida adolatli saylov tizimi yaratilgan. Bo‘lib o‘tgan parlament va Prezident saylovlari uning demokratiyaga muvofiqligini ko‘rsatdi. Axborot texnologiyalari ushbu jarayonni yanada takomillashtirish imkonini yaratadi. Xususan, Koreya Respublikasida saylovchilarni elektron ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi joriy qilingan va u muvaffaqiyatli ishlamoqda. Ularning barchasi elektron bazada identifikatsiya qilingan hamda hisobga olingan. Davra suhbatida tizimimiz haqida taqdimot o‘tkazdim va uning samaradorligi xususida gapirib berdim. Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati fuqarolarning saylov huquqlarini amalga oshirishni, saylovlarning shaffof hamda demokratik ruhda o‘tishini ta’minlaydi.

 

Ziyoda ASHUROVA,

«Xalq so‘zi» gazetasi muxbiri.

17765

25Noyabr 2015



Dolzarb mavzular