Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Qonunchilik | Ro'yxatga o'tish

O'zbekiston Respublikasining Qonuni

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)

(Qonunchilik palatasi tomonidan 2014 yil 27 martda qabul qilingan, Senat tomonidan 2014 yil 10 aprelda ma'qullangan)

O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga ushbu o'zgartish va qo'shimchalar hokimiyat va boshqaruv tizimini yanada demokratlashtirish, «kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari» printsipi bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ta'minlash, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining davlat hokimiyati organlari tizimidagi rolini, ichki va tashqi siyosatning strategik vazifalarini amalga oshirishdagi huquq va vakolatlarini kengaytirish, Vazirlar Mahkamasi hamda ijro etuvchi organlar faoliyati ustidan qonun chiqaruvchi oliy organning, hokimiyat vakillik organlarining nazorat funktsiyalarini kuchaytirish, shuningdek hukumatning, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini ro'yobga chiqarish borasidagi mas'uliyatini oshirish maqsadida kiritilmoqda.

1-modda. 1992 yil 8 dekabrda o'n ikkinchi chaqiriq O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o'n birinchi sessiyasida qabul qilingan O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga (O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 yil, № 1, 4-modda; 1994 yil, № 1, 5-modda; O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003 yil, № 3–4, 27-modda; O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007 yil, № 4, 162-modda; 2008 yil, № 12, 637-modda; 2011 yil, № 4, 100-modda, № 12/1, 343-modda) quyidagi o'zgartish va qo'shimchalar kiritilsin:

1) 32-modda:

ikkinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«Bunday ishtirok etish o'zini o'zi boshqarish, referendumlar o'tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo'li bilan amalga oshiriladi»;

quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to'ldirilsin:

«Davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi»;

2) 78-modda birinchi qismining 21-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«21) parlament nazoratini va ushbu Konstitutsiyada nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish»;

3) 93-modda birinchi qismining:

7-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«7) O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari yuzasidan murojaat qilish huquqiga ega»;

8-bandidagi «tuzadi va tugatadi» degan so'zlar «O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan tuzadi va tugatadi» degan so'zlar bilan almashtirilsin;

10-bandidagi «va lavozimidan ozod qiladi» degan so'zlar «hamda uni iste'foga chiqqanda, Bosh vazirga nisbatan bildirilgan ishonchsizlik votumi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan qabul qilinganda yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda lavozimidan ozod qiladi» degan so'zlar bilan almashtirilsin;

16-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«16) respublika davlat boshqaruvi organlarining va hokimlarning qabul qilgan hujjatlarini ular qonun hujjatlari normalariga nomuvofiq bo'lgan hollarda to'xtatadi, bekor qiladi; O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga haqli»;

24-bandidagi «O'zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatini tuzadi» degan so'zlar chiqarib tashlansin;

4) 98-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«98-modda. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o'rinbosarlari, vazirlar, davlat qo'mitalarining raislaridan iborat. Qoraqalpog'iston Respublikasi hukumatining boshlig'i Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o'z lavozimi bo'yicha kiradi.

Vazirlar Mahkamasi:

1) samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, pul-kredit siyosati yuritilishi, fan, madaniyat, ta'lim, sog'liqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish bo'yicha dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi uchun javobgar bo'ladi;

2) fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

3) davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtiradi va yo'naltiradi, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni ta'minlaydi;

4) O'zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta'minlaydi;

5) O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga har yili mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan ma'ruzalar taqdim etadi;

6) ushbu Konstitutsiya va O'zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Vazirlar Mahkamasi konstitutsiyaviy normalar doirasida va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq O'zbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo'lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.

Vazirlar Mahkamasi o'z faoliyatida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti oldida javobgardir.

Amaldagi Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida o'z vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi, biroq Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi shakllantirilguniga qadar mamlakat Prezidentining qaroriga muvofiq o'z faoliyatini davom ettirib turadi.

O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri:

1) Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo'ladi;

2) Vazirlar Mahkamasining majlislarida raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi;

3) xalqaro munosabatlarda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko'radi;

4) O'zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.

O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko'p deputatlik o'rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko'p deputatlik o'rinlarini qo'lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdim etilgan Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko'rib chiqqanidan keyin o'n kun muddat ichida uni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining ko'rib chiqishi va tasdiqlashi uchun taklif etadi.

Bosh vazir lavozimiga nomzod O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida uning nomzodi ko'rib chiqilayotganda va tasdiqlanayotganda Vazirlar mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo’ljallangan harakat dasturini taqdim etadi.

Bosh vazir nomzodi uning uchun tegishincha O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari umumiy sonining yarmidan ko'pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a'zolari Bosh vazir taqdimiga binoan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o'rtasida ziddiyatlar doimiy tus olgan holda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman kiritilgan taklif bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo'shma majlisi muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala kiritiladi.

Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi tegishincha O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi. Bunday holatda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan ozod etish to'g'risida qaror qabul qiladi. Bunda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga iste'foga chiqadi.

Yangi Bosh vazir nomzodi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraktsiyalari bilan tegishli maslahatlashuvlar o'tkazilganidan so'ng O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga ko'rib chiqish va tasdiqlashga taqdim qilish uchun taklif etiladi.

Oliy Majlis tomonidan Bosh vazir lavozimiga nomzod ikki marta rad etilgan taqdirda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazir vazifasini bajaruvchini tayinlaydi va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisini tarqatib yuboradi.

Vazirlar Mahkamasining faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolat doirasi qonun bilan belgilanadi»;

5) 103-modda:

quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to'ldirilsin:

«Viloyat, tuman va shahar hokimi tegishli xalq deputatlari Kengashiga viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etadi, ular bo'yicha xalq deputatlari Kengashi tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinadi»;

ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin;

6) 117-modda:

quyidagi mazmundagi oltinchi — to'qqizinchi qismlar bilan to'ldirilsin:

«O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovni, shuningdek O'zbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va o'tkazish uchun O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy printsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo'lgan O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi.

O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi o'z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi va o'z faoliyatida O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O'zbekiston Respublikasining saylov to'g'risidagi hamda referendum to'g'risidagi qonunlariga va boshqa qonunlarga amal qiladi.

O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining a'zolari Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasi bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan saylanadi.

O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi komissiya a'zolari orasidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimi bo'yicha komissiya majlisida saylanadi»;

oltinchi qismi o'ninchi qism deb hisoblansin.

2-modda. Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

O'zbekiston Respublikasining 
Prezidenti 
I. KARIMOV

Toshkent shahri, 
2014 yil 16 aprel 
№ O'RQ—366




26231

16Aprel 2014



Dolzarb mavzular