Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Qonunchilik | Ro'yxatga o'tish

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida» (Yangi tahriri)

(Mazkur Qonunning yangi tahriri O‘zR 29.08.2003 y. 518-II-son Qonuni bilan tasdiqlangan)
(Mazkur Qonunga quyidagilarga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilgan O‘zR 27.08.2004 y. 671-II-son Qonuni, O‘zR 03.12.2004 y. 714-II-son Qonuni, O‘zR 25.12.2008 y. O‘RQ-194-son Qonuni, O‘zR 19.12.2012 y. O‘RQ-340-son Qonuni)


I. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISINING QONUNCHILIK PALATASIGA SAYLOV TO‘G‘RISIDA

1-BOB. UMUMIY QOIDALAR

1-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazishning asosiy prinsiplari

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (quyi palata) (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) besh yil muddatga saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat.

Qonunchilik palatasining bir yuz o‘ttiz besh deputati hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.

Qonunchilik palatasining o‘n besh deputati O‘zbekiston ekologik harakatidan saylanadi.

2-modda. Umumiy saylov huquqi

Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi umumiydir. Saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) saylash huquqiga egadirlar.

Qonunchilik palatasiga saylanish huquqiga saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar egadirlar.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas va saylovda qatnashmaydilar.

3-modda. Teng saylov huquqi

Har bir fuqaro - saylovchi bir ovozga ega.

Fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma’lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar, teng saylov huquqiga egadirlar.

4-modda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi

Qonunchilik palatasining bir yuz o‘ttiz besh deputati fuqarolar tomonidan bevosita saylanadi.

5-modda. Yashirin ovoz berish

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida erkin va yashirin ovoz beriladi. Ovoz beruvchilarning xohish-irodasi nazorat qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

6-modda. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishdagi oshkoralik

Qonunchilik palatasi sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshiradilar.

Saylov komissiyalari fuqarolarni o‘z ishlaridan, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan yeri va ish vaqtidan voqif etadilar, saylovchilarning ro‘yxatlari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning ro‘yxati bilan tanishtiradilar, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar (bundan buyon matnda deputatlikka nomzodlar deb yuritiladi) xususidagi ma’lumotlar, ovoz berish va saylov yakunlaridan xabardor qiladilar.

O‘zbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishi va saylov qanday o‘tayotganligini yoritib boradilar.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda deputatlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan bittadan kuzatuvchi, ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egadirlar. Ularning vakolatlari tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

Manfaatdor tashkilotlar o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalariga (bundan buyon matnda okrug saylov komissiyalari deb yuritiladi) saylovga kamida o‘n besh kun qolganida ma’lum qiladilar.

Okrug saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda Markaziy saylov komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan belgilanadigan namunadagi mandatni manfaatdor tashkilotdan ariza olinganidan keyin kuzatuvchiga besh kun ichida beradi.

Kuzatuvchilar quyidagi huquqlarga ega: 
okrug va uchastka saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish;

O‘zbekiston ekologik harakatidan Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish va ularni saylash bo‘yicha O‘zbekiston ekologik harakatining konferensiyasida hozir bo‘lish;

saylov uchastkasida hozir bo‘lish hamda tayyorgarlik ishlarining borishini, ovoz berish uchun saylov qutilarining joylashtirilishi va muhrlanishini, fuqarolarga saylov byulletenlarining berilishini kuzatish;

ovozlarni sanab chiqishda va uchastka saylov komissiyasining bayonnomalarini tuzishda hozir bo‘lish;

saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan nusxalarini so‘rash va ularni olish;

agar saylov uchastkasida ushbu Qonunning buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblash uchun asos bo‘lsa, o‘z kuzatuvlari to‘g‘risida yuqori saylov komissiyasiga ma’lum qilish.

Kuzatuvchilarga quyidagilar man etiladi: 
saylovchi saylov byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo‘lish;

saylovchilarga ta’sir o‘tkazish, biron-bir tashviqot materiali yoki adabiyoti tarqatish;

saylovchilardan ular kimni yoqlab ovoz berganliklarini surishtirish yoki saylovchilarga saylov byulleteniga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish;

uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan, saylov qutilarini muhrlashda, ularni ochishda, ovozlarni sanab chiqishda aralashish.

2-BOB. SAYLOV OKRUGLARI VA SAYLOV UCHASTKALARI

7-modda. Saylov okruglarini tuzish

Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazish uchun bir yuz o‘ttiz beshta hududiy saylov okrugi tuziladi. Har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanadi.

Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini o‘tkazuvchi saylov okruglari (bundan buyon matnda saylov okruglari deb yuritiladi) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi. Saylov okruglarining chegaralari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining ma’muriy-hududiy tuzilishini inobatga olgan holda belgilanadi.

Saylov okruglari, qoida tariqasida, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida saylovchilar soni teng holda tuziladi. Har bir saylov uchun saylov okrugiga to‘g‘ri keladigan saylovchilar normasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Markaziy saylov komissiyasi saylov okruglari ro‘yxatini ularning chegaralari va saylovchilar sonini ko‘rsatgan holda saylovga kamida yetmish besh kun qolganida e’lon qiladi.

8-modda. Saylov uchastkalari tuzish tartibi va normasi

Saylov uchastkalari tumanlar, shaharlar, shaharlardagi tumanlarning chegaralarini inobatga olgan holda, saylovchilarga mumkin qadar ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida tuziladi. Saylov uchastkalari harbiy qismlarda ham tuziladi va qism joylashgan yerdagi saylov okrugiga kiradi. Saylov uchastkalarining chegaralari tegishli saylov okrugi doirasidan chiqib ketmasligi kerak.

O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida, sanatoriylar va dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa stasionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan yerlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash joylarida saylov uchastkalari tuzilishi mumkin. Bu saylov uchastkalari o‘zlari joylashgan yerdagi saylov okruglariga kiradi. O‘zbekistondan tashqarida tuziladigan saylov uchastkalarini qaysi saylov okrugiga birkitish to‘g‘risidagi masala Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hal etiladi.

Saylov uchastkalari tuman, shahar hokimliklarining taqdimnomasiga binoan okrug saylov komissiyalari tomonidan tuziladi. Harbiy qismlarda saylov uchastkalari qismlar yoki harbiy qo‘shilmalar komandirlarining taqdimnomasiga binoan okrug saylov komissiyalari tomonidan tuziladi. O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.

Saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida tuziladi. Harbiy qismlarda, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida, shuningdek olis va borish qiyin bo‘lgan yerlarda ham saylov uchastkalari ana shu muddatda, alohida hollarda esa istisno tariqasida saylovga kamida besh kun qolganida tuziladi.

Saylov uchastkalari, qoida tariqasida, kamida yigirma nafar va ko‘pi bilan uch ming nafar saylovchidan iborat etib tuziladi.

Ovoz berishni tashkil etish uchun har bir saylov uchastkasiga tuman, shahar hokimligi bino ajratadi.

Okrug saylov komissiyasi uchastka saylov komissiyasining va ovoz berish binosining joylashgan yerini ko‘rsatgan holda har bir saylov uchastkasining chegaralari to‘g‘risida saylovchilarni xabardor etishni tashkil qiladi.

3-BOB. SAYLOV KOMISSIYALARI

9-modda. Saylov komissiyalari tizimi

Qonunchilik palatasiga saylov quyidagilar tomonidan tashkil etiladi va o‘tkaziladi: 
Markaziy saylov komissiyasi; 
okrug saylov komissiyalari; 
uchastka saylov komissiyalari.

10-modda. Markaziy saylov komissiyasini tuzish

Markaziy saylov komissiyasi "O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq tuziladi.

11-modda. Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari

Markaziy saylov komissiyasi: 
1) O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ushbu Qonunning ijrosini nazorat qiladi va uning bir xil tarzda qo‘llanilishini ta’minlaydi, saylovni tashkil etishga doir masalalar yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida yo‘riqnomalar chiqaradi hamda tushuntirishlar berib boradi; 
2) saylov okruglarini tuzadi, ularga nom va tartib raqami beradi; 
3) okrug saylov komissiyalarini tuzadi va ularning joylashgan yeri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi; 
4) saylov komissiyalarining faoliyatini yo‘naltirib boradi, ularning tarkibiga o‘zgartishlar kiritish tartibini belgilaydi, okrug saylov komissiyalarining qarorlarini, agar bu qarorlar ushbu Qonunga zid bo‘lsa, mustaqil tarzda yoki O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasiga binoan bekor qilishi mumkin; 
5) O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida tuziladigan saylov uchastkalarini qaysi saylov okrugiga birkitish to‘g‘risidagi masalalarni hal etadi; 
6) deputatlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalarning tegishli hujjatlarini qabul qilib oladi;
7) deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga oladi; 
8) deputatlikka nomzodlarga saylov kampaniyasida ishtirok etishlari uchun teng sharoitlarni ta’minlaydi; 
9) pul mablag‘larini saylov komissiyalariga taqsimlaydi, saylov komissiyalarining binolar, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlanishini nazorat qiladi, saylovni moddiy-texnika jihatidan ta’minlashning boshqa masalalarini ko‘rib chiqadi; 
10) Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga doir saylov byulletenlarining, saylovchilar ro‘yxatlarining, imzo varaqalarining, saylov komissiyalari bayonnomalarining, saylovga doir boshqa hujjatlarning namuna va shakllarini, saylov qutilarining va saylov komissiyalari muhrlarining namunalarini, saylovga doir hujjatlarni saqlash tartibini belgilaydi; 
11) siyosiy partiyalar, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlatning boshqa organlari hamda jamoat birlashmalari vakillarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotlarini eshitadi; 
12) saylovning O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha umumiy yakunini chiqaradi, saylangan deputatlarni ro‘yxatga oladi, Qonunchilik palatasiga o‘tkazilgan saylov yakunlariga doir ma’lumotlarni va saylangan deputatlarning ro‘yxatini matbuotda e’lon qiladi; 
13) deputatlarga Qonunchilik palatasi deputatining guvohnomasi va ko‘krak nishonini beradi; 
14) saylov komissiyalarining qarorlari va xatti-harakatlari ustidan tushgan ariza hamda shikoyatlarni ko‘rib chiqadi va ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi; 
15) ushbu Qonun jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladigan tarzda buzilganligiga doir materiallarni prokuratura organlariga oshiradi; 
16) saylovni tashkil etish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq hujjatlar arxivlarga topshirilishini ta’minlaydi; 
17) ushbu Qonun va boshqa qonunlarga muvofiq o‘zga vakolatlarni amalga oshiradi.

12-modda. Okrug saylov komissiyasini tuzish

Okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiyaning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va kamida olti nafar boshqa a’zosidan iborat tarkibda tuziladi. Okrug saylov komissiyasining shaxsiy tarkibi Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan tasdiqlanadi.

13-modda. Okrug saylov komissiyasining vakolatlari

Okrug saylov komissiyasi: 
1) saylov okrugi hududida ushbu Qonun ijrosini nazorat qiladi; 
2) saylov uchastkalarini tuzadi, saylov okrugi bo‘yicha ularning tartib raqamini belgilaydi, manzilini ko‘rsatgan holda ularning ro‘yxatini e’lon qiladi; 
3) uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi; 
4) mablag‘larni uchastka saylov komissiyalari o‘rtasida taqsimlaydi, uchastka saylov komissiyalarining binolar, transport, aloqa vositalari bilan ta’minlanishini nazorat qiladi va saylov okrugida saylovni moddiy-texnika jihatidan ta’minlashning boshqa masalalarini ko‘rib chiqadi; 
5) deputatlikka nomzodlarga saylov kampaniyasida ishtirok etishlari uchun teng sharoitlarni ta’minlaydi; 
6) Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan deputatlikka nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi va bu nomzodlarga tegishli guvohnomalar beradi; 
7) deputatlikka nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga ko‘maklashadi; 
8) deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga oladi va bu vakillarga tegishli guvohnomalar beradi; 
9) siyosiy partiyalar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlatning boshqa organlari hamda jamoat birlashmalari vakillarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotlarini eshitadi; 
10) saylovchilar ro‘yxatlari tuzilishi va ularning hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilishini kuzatib boradi; 
11) saylov okrugi bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi tasdiqlagan namunaga muvofiq saylov byulleteni matnini tasdiqlaydi, byulletenlar tayyorlanishi va uchastka saylov komissiyalari ular bilan ta’minlanishini tashkil etadi; 
12) saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlaydi va Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etadi; 
13) takroriy ovoz berish va takroriy saylov, shuningdek bo‘shab qolgan o‘ringa deputat saylovi o‘tkazilishini tashkil etadi; 
14) uchastka saylov komissiyalarining qarorlari va xatti-harakatlari ustidan tushgan ariza hamda shikoyatlarni ko‘rib chiqadi va ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi; 
15) ushbu Qonun va boshqa qonunlarga muvofiq o‘zga vakolatlarni amalga oshiradi.

14-modda. Uchastka saylov komissiyasini tuzish

Uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan tuziladi. Uchastka saylov komissiyasi saylovga kamida qirq kun qolganida besh-o‘n to‘qqiz nafar a’zodan, shu jumladan rais, rais o‘rinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi. Agar komissiya yetti nafargacha a’zodan iborat tarkibda tuzilsa, rais va kotib saylanadi. Uchastka saylov komissiyasining shaxsiy tarkibi okrug saylov komissiyasining qarori bilan tasdiqlanadi.

Uchastka saylov komissiyasi tarkibining soni zarur hollarda ko‘paytirilishi yoki kamaytirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida uchastka saylov komissiyasi raisining vazifalarini idora rahbari amalga oshiradi.

15-modda. Uchastka saylov komissiyasining vakolatlari

Uchastka saylov komissiyasi: 
1) uchastka bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatini tuzadi; 
2) saylovchilarni saylovchilar ro‘yxati bilan tanishtiradi, ro‘yxatda yo‘l qo‘yilgan xatolar va noaniqliklar to‘g‘risidagi arizalarni qabul qiladi va ko‘rib chiqadi hamda ro‘yxatga tegishli o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi masalani hal etadi; 
3) saylov kuni o‘z turar joyida bo‘lish va ovoz berishda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilardan saylov konvertlarini qabul qilib oladi; 
4) aholini saylov kuni va ovoz berish joyi to‘g‘risida xabardor etadi; 
5) ovoz berish binolari va saylov qutilari hamda boshqa saylov ashyolari tayyorlab qo‘yilishini ta’minlaydi; 
6) saylov kuni saylov uchastkasida ovoz berishni tashkil etadi; 
7) saylov uchastkasida berilgan ovozlarni hisoblab chiqadi; 
8) saylovga tayyorgarlik ko‘rish va ovoz berishni tashkil etish masalalari yuzasidan tushgan ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi; 
9) ushbu Qonun va boshqa qonunlarga muvofiq o‘zga vakolatlarni amalga oshiradi.

16-modda. Saylov komissiyalariga a’zolik

Okrug saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda Markaziy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi. Uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi va tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi. Okrug va uchastka saylov komissiyalarining a’zolari jamoatchilikning obro‘li vakillari orasidan tayinlanadi.

Komissiyaning a’zosi shaxsan bergan arizasiga muvofiq, shuningdek vakolatlaridan mahrum etilgan taqdirda o‘z vazifasini bajarishdan ozod qilinishi mumkin.

Komissiya a’zosini vakolatlaridan mahrum etish huquqi komissiyani tuzgan organga tegishli bo‘lib, komissiya a’zosi ushbu Qonun talablarini buzgan yoki o‘z vazifalarini muntazam ravishda e’tiborsiz qoldirib kelgan taqdirda vakolatlaridan mahrum etiladi.

Zarurat bo‘lganda saylov komissiyasining yangi a’zosi ushbu Qonunda belgilangan tartibda tayinlanadi.

Saylov komissiyasining raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va boshqa a’zolari siyosiy partiyaning a’zosi bo‘lishlari mumkin emas. Deputatlikka nomzodlar saylov komissiyalariga a’zo bo‘lishlari mumkin emas. 
Bir shaxs faqat bitta saylov komissiyasiga a’zo bo‘lishi mumkin.

17-modda. Saylov komissiyalarining ishini tashkil etish va ularning vakolat muddati

Saylov komissiyasining majlisi, agar unda majlis o‘tkazilayotgan kundagi komissiya tarkibining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etayotgan bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi. Komissiya qarori ochiq ovoz berish orqali komissiya umumiy tarkibining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Qarorga rozi bo‘lmagan komissiya a’zolari o‘zlarining alohida fikrlarini bayon etishga haqlidirlar, bu fikr yozma shaklda bayonnomaga ilova qilinadi. Agar ovozlar teng bo‘linib qolsa, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi kuchga ega bo‘ladi.

Saylov komissiyasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarori quyi saylov komissiyalari, shuningdek barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari, mehnat jamoalari va harbiy qismlarning, korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlarining ijrosi uchun majburiydir.

Saylov komissiyasining qaroriga binoan komissiyaning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi yoki boshqa a’zosi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida, o‘rtacha oylik ish haqi saylov o‘tkazish uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan saqlangan holda, ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan ozod qilinishi mumkin.

Davlat organlari va jamoat birlashmalari organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar saylov komissiyalariga o‘z vakolatlarini amalga oshirishda yordam berishlari, ularning ishi uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etishlari shart.

Davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun kerakli binolar va jihozlarni saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turishlari shart.

Saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan davlat organlariga hamda jamoat birlashmalari organlariga, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga, mansabdor shaxslarga murojaat qilish huquqiga ega, ular komissiya tomonidan qo‘yilgan masalani ko‘pi bilan uch kun ichida ko‘rib chiqishlari va saylov komissiyasiga javob qaytarishlari shart.

Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan "O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq tugatilishi mumkin.

Okrug va uchastka saylov komissiyalari tegishli saylov okruglaridan saylangan deputatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinganidan keyin o‘z faoliyatini tugatadi.

17¹-modda. Siyosiy partiyaning vakolatli vakili

Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiya saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadigan tartibda o‘z a’zolari orasidan vakolatli vakil tayinlashga haqli.

18-modda. Saylov komissiyalarining qarorlari ustidan tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish

Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalarning organlari, deputatlikka nomzodlar, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ana shu qaror qabul qilinganidan keyin o‘n kun ichida yuqori saylov komissiyasiga yoki sudga shikoyat qilishlari mumkin. Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan qaror qabul qilinganidan keyin o‘n kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin. Shikoyat kelib tushganidan keyin uch kun ichida, saylovga olti kundan kam vaqt qolganda esa darhol ko‘rib chiqilishi kerak. Shikoyat bergan shaxslar shikoyat ko‘rib chiqilishida bevosita ishtirok etish huquqiga ega.

4-BOB. SAYLOV KAMPANIYASI BOSHLANGANLIGINI
E’LON QILISH. DEPUTATLIKKA NOMZODLAR KO‘RSATISH VA ULARNI RO‘YXATGA OLISH

19-modda. Saylov kampaniyasi boshlanganligini e’lon qilish

Saylov kampaniyasi boshlanganligi avvalgi chaqiriq Qonunchilik palatasi deputatlarining vakolat muddati tugashidan kamida uch oy oldin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

20-modda. Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish huquqi

Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish huquqiga siyosiy partiyalar egadirlar.

Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan, saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida qirq ming saylovchining imzosini to‘plagan taqdirdagina deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishi mumkin.

Belgilangan namunadagi imzo varaqalari saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingandan keyin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.

Ma’muriy-hududiy tuzilmalardan birida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) siyosiy partiya qirq ming saylovchining ko‘pi bilan sakkiz foizi imzosini to‘plashi mumkin.

Imzo varaqalarida imzolar soxtalashtirilgan taqdirda Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning saylovda qatnashish huquqini rad etadi.

21-modda. Saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar taqdim etadigan hujjatlar

Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak: 
partiya rahbari tomonidan imzolangan saylovda qatnashish to‘g‘risidagi ariza;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin ro‘yxatga olinganligini tasdiqlovchi ma’lumotnomasi;

imzo varaqalari.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar taqdim etilgach, Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiya vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana qayd etilgan ma’lumotnoma beradi. Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddat ichida siyosiy partiyaning saylovda qatnashishiga ijozat berish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qiladi. Saylovda ishtirok etuvchi siyosiy partiyalarning ro‘yxati arizalar kelib tushish tartibiga qarab markaziy matbuotda e’lon qilinadi.

22-modda. Deputatlikka siyosiy partiyalar tomonidan nomzodlar ko‘rsatish

Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va saylovga qirq besh kun qolganida tugaydi.

Deputatlikka nomzodlar siyosiy partiyalarning yuqori organlari tomonidan ko‘rsatiladi.

Siyosiy partiyalar deputatlikka bir yuz o‘ttiz besh nafar nomzod, ya’ni har bir saylov okrugidan bittadan deputatlikka nomzod ko‘rsatishga vakolatlidir. Bir shaxs faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin. Deputatlikka nomzod tanlash tartibini siyosiy partiyalarning o‘zlari hal etadilar.

Xotin-qizlar soni siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida o‘ttiz foizini tashkil etishi lozim.

Siyosiy partiyalar faqat o‘z partiyasi a’zolarini yoki partiyasizlarni deputatlikka nomzod etib ko‘rsatishga vakolatlidir. Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risida bayonnoma tuziladi.

O‘zR 25.12.2008 y. O‘RQ-194-son Qonunigamuvofiq 23-modda o‘z kuchini yo‘qotgan

23¹-modda. Imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tekshirish

Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tekshiriladi.

Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish uchun ichki ishlar organlarining, adliya organlarining, shuningdek aholini hisobga olish bilan shug‘ullanuvchi muassasalarning mutaxassislarini jalb etishi mumkin. Ularning xulosalari Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalaridagi imzolarni soxtalashtirilgan deb topishi uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish tartibi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligini Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tekshirilishi jarayonida ishtirok etish huquqiga ega.

24-modda. Deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etiladigan hujjatlar

Siyosiy partiyaning rahbari deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olishni iltimos qilib, Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
siyosiy partiya yuqori organining deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori;

siyosiy partiya yuqori organi majlisining deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi bayonnomasi, unda deputatlikka nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaga mansubligi, shuningdek saylov okrugining nomi va tartib raqami ko‘rsatiladi;

deputatlikka nomzodning o‘z nomzodi tegishli saylov okrugidan ovozga qo‘yilishiga rozi ekanligi to‘g‘risidagi arizasi;

deputatlikka nomzodning, basharti u Qonunchilik palatasi deputati etib saylangudek bo‘lsa, bajarib turgan ishidan (xizmatidan) bo‘shash to‘g‘risidagi arizasi.

Hujjatlarni taqdim etgan shaxsga Markaziy saylov komissiyasi hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beradi.

Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni yetti kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning ushbu Qonun talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi.

Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va ushbu Qonun talablaridan chetga chiqish hollari to‘g‘risida tegishli siyosiy partiyalarning rahbarlariga belgilangan tartibda ma’lum qiladi.

25-modda. Deputatlikka nomzodlarga qo‘yiladigan talablar

Quyidagilar: 
sodir etgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar;

saylov kuniga qadar so‘nggi besh yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashamagan fuqarolar;

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, Milliy xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalarning xodimlari;

diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari deputatlikka nomzod etib ro‘yxatga olinmaydilar.

26-modda. Deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalardan deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun hujjatlarni qabul qilishni ro‘yxatga olish muddati tugashiga yetti kun qolganida to‘xtatadi.

Ushbu Qonunga muvofiq deputatlikka nomzod etib ko‘rsatilgan shaxsga ro‘yxatga olinganlik guvohnomasi beriladi.

Deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish saylovga o‘ttiz besh kun qolganida tugallanadi.

Deputatlikka nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinganidan keyin besh kunlik muddat ichida tegishli okrug saylov komissiyasi ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risidagi xabarni deputatlikka nomzodning familiyasini, ismi va otasining ismini, tug‘ilgan yilini, partiyaga mansubligini, egallab turgan lavozimini, ish va yashash joyini, shuningdek uni deputatlikka nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiyani ko‘rsatgan holda mahalliy matbuotda e’lon qiladi.

5-BOB. SAYLOVOLDI TASHVIQOTI.
DEPUTATLIKKA NOMZODLAR FAOLIYATINING KAFOLATLARI

27-modda. Saylovoldi tashviqoti

Saylovoldi tashviqoti - saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni deputatlikka nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat.

Saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran boshlanadi. Saylov kuni va ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Saylovoldi tashviqotini saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi.

27¹-modda. Saylovoldi tashviqotini olib borish turlari, shakllari va usullari

Saylovoldi tashviqoti quyidagi tarzda olib boriladi:
siyosiy partiyaning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni o‘zining deputatlikka nomzodlarini yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish;

deputatlikka nomzod to‘g‘risidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish.

Saylovoldi tashviqoti omma oldida munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, intervyular, so‘zga chiqishlar, saylovchilarning yig‘ilishlari, deputatlikka nomzod, siyosiy partiya to‘g‘risidagi roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.

Saylovoldi tashviqoti:
ommaviy axborot vositalari, shuningdek televidenie, umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari (shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i) orqali;

bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish orqali;

saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini olib borishning qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turlari, shakllari va usullaridan ham foydalanishi mumkin.

27²-modda. Saylovoldi tashviqotini ommaviy axborot vositalari orqali olib borish

Saylovoldi tashviqoti olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda deputatlikka nomzodlarga, siyosiy partiyalarga hajmiga ko‘ra bir xil bo‘lgan efir vaqti va nashr maydonini bepul berish yo‘li bilan teng sharoitlar ta’minlanadi.

Deputatlikka nomzodlarga, siyosiy partiyalarga davlat ommaviy axborot vositalarida haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.

Deputatlikka nomzodlarga, siyosiy partiyalarga nodavlat ommaviy axborot vositalarida qonun hujjatlariga muvofiq efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.

Saylov kampaniyasida ishtirok etuvchi ommaviy axborot vositalari tomonidan efir vaqti, nashr maydoni uchun belgilanadigan haq to‘lash shartlari hamda boshqa talablar barcha deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar uchun teng va bir xil bo‘lishi kerak.

Ommaviy axborot vositalarida tarqatiladigan axborot haqiqatga mos bo‘lishi, deputatlikka nomzodlarning, siyosiy partiyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak. Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni, shuningdek deputatlikka nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.

Saylovoldi tashviqoti maqsadida ommaviy axborot vositalaridan foydalanish tartibi, hajmi va vaqti siyosiy partiyalar bilan kelishilgan holda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

27³-modda. Saylovoldi tashviqotini bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini chiqarish hamda tarqatish orqali olib borish

Siyosiy partiyalarga bosma, ko‘rgazmali, audiovizual materiallarni, fonogrammalarni, bosma mahsulotning elektron shakllarini va boshqa tashviqot materiallarini moneliksiz chiqarish hamda tarqatish uchun teng sharoitlar yaratib beriladi. Tashviqot materiallari O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi kerak.

Bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
tashviqot materiallarini tayyorlagan yuridik shaxsning nomi (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) va u haqdagi boshqa ma’lumotlar;

tashviqot materiallariga buyurtma bergan yuridik shaxsning nomi (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi);

tashviqot materiallarining adadi, chiqarilgan sanasi to‘g‘risidagi axborot.

Binolarga, inshootlarga va boshqa joylarga ilgari joylashtirilgan saylovoldi tashviqoti materiallari saylovga bir kun qolganida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan olib qo‘yiladi.

27-modda. Saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali saylovoldi tashviqotini olib borish

Deputatlikka nomzodlarga, siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali saylovoldi tashviqoti uchun teng sharoitlar yaratib beriladi.

Saylovchilar bilan uchrashuvlar deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda o‘tkaziladi. Ularni o‘tkazish joyi va vaqti, qoida tariqasida, uchastka saylov komissiyalari bilan kelishib olinadi, mazkur komissiyalar bu haqda saylovchilarni oldindan xabardor qiladi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari deputatlikka nomzodlarga, siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun jihozlangan xonalarni bepul ajratishi, zarur ma’lumot va axborot materiallarini olishda yordam ko‘rsatishi shart.

Deputatlikka nomzod yoki uning ishonchli vakillari boshqa deputatlikka nomzodlar yoki ularning ishonchli vakillari bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishga yoxud boshqa deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli

28-modda. Ishonchli vakillar

Deputatlikka nomzod o‘n nafarga qadar ishonchli vakilga ega bo‘lishi mumkin. Ishonchli vakillar nomzod deputat etib saylanishi uchun tashviqot yuritadilar, davlat organlari va jamoat birlashmalarining organlari, saylovchilar bilan o‘zaro munosabatlarda, shuningdek saylov komissiyalarida nomzodning manfaatlarini himoya qiladilar.

Deputatlikka nomzod ro‘yxatga olinganidan keyin o‘z ishonchli vakillarini o‘zi belgilaydi va bu haqda okrug saylov komissiyasiga ma’lum qiladi. Saylov komissiyasi ishonchli vakillarni ro‘yxatga oladi va ularga guvohnoma beradi.

Deputatlikka nomzod okrug saylov komissiyasiga ma’lum qilgan holda saylovga qadar o‘z ishonchli vakilini istagan vaqtda vakolatidan mahrum qilishi va uni boshqasi bilan almashtirishi mumkin. Ishonchli vakil istagan vaqtda o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishga haqli.

Ishonchli vakil saylov komissiyasiga a’zo bo‘lishi mumkin emas.

29-modda. Deputatlikka nomzodlarni saylovoldi tadbirlarida ishtirok etishlari uchun ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalaridan ozod qilish

Deputatlikka nomzod qilib ro‘yxatga olingan shaxs saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, saylovoldi yig‘ilishlarida so‘zga chiqish, televidenie ko‘rsatuvlari va radio eshittirishlarida qatnashish vaqtida, o‘rtacha oylik ish haqi saylov o‘tkazish uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan saqlangan holda, ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan ozod bo‘lish huquqiga ega.

30-modda. Deputatlikka nomzodning transportda tekinga yurish huquqi

Deputatlikka nomzod ro‘yxatga olinganidan keyin tegishli saylov okrugi doirasida davlat yo‘lovchilar transportining barcha turlarida (shahar yo‘lovchilar transportidan, taksidan va transport boshqa turlarining buyurtma yo‘nalishlaridan tashqari) tekinga yurish huquqiga ega. Saylov okrugidan tashqarida yashovchi deputatlikka nomzod ham saylov okrugiga kelish va undan yashash joyiga qaytishda ana shunday huquqdan foydalanadi.

31-modda. Deputatlikka nomzodlik maqomidan mahrum etish. Deputatlikka nomzodlikdan voz kechish

Siyosiy partiya u yoki bu shaxsni deputatlikka nomzod etib ko‘rsatish to‘g‘risidagi o‘z qarorini saylovga kechi bilan besh kun qolganda bekor qilish huquqiga ega, bu shaxs Markaziy saylov komissiyasi tomonidan deputatlikka nomzodlik maqomidan mahrum etilishi mumkin. Siyosiy partiya deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish muddati tugaguniga qadar Markaziy saylov komissiyasiga yangi nomzodni ro‘yxatga olish to‘g‘risida taklif kiritishi mumkin.

Siyosiy partiya faoliyatining tugatilganligi deputatlikka nomzodni shu partiyadan saylovda ishtirok etish huquqidan mahrum etadi.

Deputatlikka nomzod saylovga qadar istagan vaqtda nomzodlikdan voz kechishi mumkin. Buning uchun u Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat qiladi.

6-BOB. SAYLOVCHILARNING RO‘YXATLARI.
SAYLOV BYULLETENI

32-modda. Saylovchilarning ro‘yxatlarini tuzish

Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘ladigan, ro‘yxat tuzilayotgan vaqtda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilib kelayotgan fuqarolarning familiyalari saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.

Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.

Saylovchilar ro‘yxati har bir saylov uchastkasi bo‘yicha uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuziladi va uni komissiya raisi bilan kotibi imzolaydi. Uchastka saylov komissiyasi saylovchilar ro‘yxatini tuzish ishida qatnashishga jamoatchilik vakillarini jalb etishi mumkin.

Tumanlar va shaharlarning hokimliklari saylovchilar hisobga olinishini ta’minlaydilar hamda uchastka saylov komissiyalariga tegishli hududda istiqomat qiluvchi saylovchilar to‘g‘risida saylovchilar ro‘yxatini tuzish uchun zarur ma’lumotlarni beradilar.

Harbiy qismlardagi harbiy xizmatchi-saylovchilarning, shuningdek harbiy xizmatchilar oila a’zolari va boshqa saylovchilarning, agar ular harbiy qismlar joylashgan yerda istiqomat qilsalar, ro‘yxatlari harbiy qismlarning komandirlari taqdim etgan ma’lumotlar asosida tuziladi. Harbiy qismlardan tashqarida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar o‘zlarining yashash joylari bo‘yicha umumiy asoslarda saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladilar.

O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida, sanatoriylar va dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa stasionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash joylarida tuzilgan saylov uchastkalari bo‘yicha saylovchilarning ro‘yxatlari mazkur muassasalar (idoralar) rahbarlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida tuziladi.

Saylovchilarning familiyalari saylovchilar ro‘yxatlarida ovoz berishni tashkil etish uchun qulay bo‘lgan tartibda ko‘rsatiladi.

Ro‘yxatda har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manzili ko‘rsatiladi.

33-modda. Fuqarolarni saylovchilar ro‘yxatlari bilan tanishtirish

Saylovchilarning ro‘yxatlari saylovga o‘n besh kun qolganida, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida, sanatoriylar va dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa stasionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan yerlarda, qamoqda saqlash joylarida tuzilgan saylov uchastkalarida esa saylovga yetti kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim qilinadi. Uchastka saylov komissiyasi ro‘yxat bilan tanishish joyi va vaqti to‘g‘risida saylovchilarni xabardor etadi.

Fuqarolarga uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish imkoniyati ta’minlanadi.

34-modda. Saylovchilar ro‘yxatlari xususida bahslashuv

Har bir fuqaro saylovchilar ro‘yxatidagi xato yoki noaniqlik to‘g‘risida uchastka saylov komissiyasiga arz qilishi mumkin. Uchastka saylov komissiyasi 24 soat ichida bunday arizani ko‘rib chiqishi va xatoni yoki noaniqlikni bartaraf etishi yoxud arizachiga uning arizasi rad etilganligi to‘g‘risida asoslantirilgan javob berishi shart.

Saylov komissiyasining xatti-harakati va qarori ustidan qonunda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.

35-modda. Saylov byulleteni

Saylov byulleteniga deputatlikka nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi alifbo tartibida kiritilib, uning tug‘ilgan yili, egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi) va uni deputatlikka nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya ko‘rsatiladi. Saylov byulletenida uni to‘ldirish tartibi to‘g‘risida tushuntirish bo‘lishi kerak.

Saylov byulletenlari davlat tilida, shuningdek okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan saylov okrugining ko‘pchilik aholisi so‘zlashadigan tillarda nashr etiladi.

36-modda. Saylov byulletenlarini yetkazib berish

Uchastka saylov komissiyalari saylov byulletenlarini okrug saylov komissiyalaridan saylovga kamida uch kun qolganida oladilar. Saylov byulletenlari berilganligi va olinganligini tegishli okrug va uchastka saylov komissiyalarining raisi yoki rais o‘rinbosari yoxud kotibi o‘z imzosi bilan tasdiqlaydilar.

Uchastka saylov komissiyasi oladigan saylov byulletenlarining soni saylov uchastkasi bo‘yicha saylovchilarning ro‘yxatlariga kiritilgan saylovchilar sonidan yarim foizdan ko‘p bo‘lishi mumkin emas. Saylov byulletenining o‘ng tomoni yuqori burchagiga uchastka saylov komissiyasining ikki a’zosi imzo qo‘yadi, imzolar uchastka saylov komissiyasining muhri bilan tasdiqlanadi. Komissiya tomonidan tasdiqlanmagan saylov byulletenlari ovozlarni sanab chiqishda hisobga olinmaydi.

7-BOB. OVOZ BERISH VA SAYLOV NATIJALARINI ANIQLASH

37-modda. Ovoz berish binosi

Ovoz berish maxsus ajratilgan binolarda o‘tkazilib, bu binolarda yashirin ovoz berish uchun yetarli miqdorda kabinalar yoki xonalar tayyorlangan bo‘lishi, saylov byulletenlari berish uchun joy ajratilgan va saylov qutilari qo‘yilgan bo‘lishi lozim. Saylov qutilari ularning yoniga ovoz beruvchilar albatta yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalaridan o‘tib boradigan qilib joylashtiriladi. Ovoz berish binosida boshqa hech qanday siyosiy tadbir o‘tkazilishiga ruxsat etilmaydi. Binoni jihozlash va unda zarur tartibni saqlab turish mas’uliyati uchastka saylov komissiyasi zimmasida bo‘ladi.

38-modda. Ovoz berish vaqti va joyi

Ovoz berish saylov kuni soat 6 dan soat 20 gacha o‘tkaziladi. Ovoz berish vaqti va joyi to‘g‘risida uchastka saylov komissiyasi saylovga kamida o‘n kun qolganida saylovchilarni xabardor qiladi. O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylar va dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa stasionar davolash muassasalarida, shuningdek olis va borish qiyin bo‘lgan yerlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash joylarida tuzilgan saylov uchastkalarida, agar ro‘yxatga kiritilgan barcha saylovchilar ovoz berib bo‘lgan bo‘lsa, uchastka saylov komissiyasi istalgan vaqtda ovoz berish tugaganligini e’lon qilishi mumkin.

39-modda. Ovoz berishning boshlanishi

Saylov kuni ovoz berish binosi uchastka saylov komissiyasi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lgandagina ochiladi. Saylov komissiyasining raisi komissiya a’zolari hozirligida saylov qutisini muhrlaydi, saylov byulletenlari va saylovchilarning ro‘yxatlarini komissiya a’zolari o‘rtasida taqsimlaydi hamda saylov boshlanganligini e’lon qiladi. Saylov byulletenlarining umumiy soni alohida hujjat bilan rasmiylashtiriladi.

40-modda. Saylovchining shaxsini aniqlash

Ovoz berish binosiga kelgach, saylovchi uchastka saylov komissiyasining a’zosiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatadi hamda saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi. Shundan keyin unga saylov byulleteni beriladi.

Biron-bir sababga ko‘ra saylovchilar ro‘yxatiga familiyasi kirmay qolgan saylovchilarning familiyalari saylovchining shaxsi, fuqaroligi va turar joyini tasdiqlovchi hujjatga asosan saylovchilar ro‘yxati ilovasiga kiritiladi.

41-modda. Ovoz berish tartibi

Saylov byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida to‘ldiriladi. Saylov byulletenini to‘ldirish vaqtida ovoz beruvchidan boshqa shaxslarning hozir bo‘lishi taqiqlanadi. Saylov byulletenini mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra, saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslardan, kuzatuvchilardan va nomzodlarning ishonchli vakillaridan boshqa biron kishini kabina yoki xonaga taklif qilishga haqli.

Saylovda saylovchi o‘zi yoqlab ovoz berayotgan deputatlikka nomzodning familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga belgi-krestik qo‘yadi.

Ovoz beruvchi to‘ldirilgan saylov byulletenini saylov qutisiga tashlaydi.

Buzib qo‘yilgan saylov byulleteni saylovchining iltimosiga ko‘ra yangisi bilan almashtirilishi mumkin. Buzib qo‘yilgan saylov byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi va alohida saqlanishi lozim.

Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.

Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga bir kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning, ommaviy axborot vositalari vakillarining e’tiboriga yetkaziladi.

Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligi sabablari (ta’til, xizmat safari, chet elga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida o‘z yashash joyidagi uchastka saylov komissiyasidan saylov varaqasini oladi. Saylovchi saylov varaqasini olganligi haqida uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.

Saylov varaqasi maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan to‘ldiriladi.

Saylovchi qaror qabul qiladi va to‘ldirilgan saylov varaqasini yopiq konvertda uchastka saylov komissiyasida qoldiradi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka saylov komissiyasi ikki nafar a’zosining imzolari qo‘yilib, ular komissiyaning muhri va saylovchining imzosi bilan tasdiqlanadi.

Saylov varaqasining shakli va uni tayyorlash tartibi, shuningdek saylov varaqalarini saylov uchastkalariga yetkazib berish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Ayrim saylovchilar salomatligining yaxshi emasligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, ularning iltimosiga binoan, uchastka saylov komissiyasi komissiya a’zolariga ovoz berishni ana shu saylovchilar turgan joyda tashkil etishni topshiradi.

42-modda. Saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish

Ovoz berish tugagach, saylov qutilarini ochishdan oldin uchastka saylov komissiyasining a’zolari hozirligida saylov varaqalari solingan yopiq konvertlar qutilarga tashlanadi. Foydalanilmagan barcha saylov byulletenlari uchastka saylov komissiyasi tomonidan sanab chiqiladi va bekor qilinadi.

Saylov qutilari uchastka saylov komissiyasining raisi ovoz berish tugaganini e’lon qilganidan keyin uchastka saylov komissiyasi tomonidan ochiladi. Ovoz berish tugaguniga qadar saylov qutilarini ochish qat’iyan taqiqlanadi.

Uchastka saylov komissiyasi uchastkadagi saylovchilarning umumiy sonini, saylov byulletenlari olgan saylovchilarning sonini aniqlaydi.

Uchastka saylov komissiyasi saylov uchastkasida har bir deputatlikka nomzod bo‘yicha berilgan ovozlarni alohida-alohida sanab chiqadi.

Saylov qutilaridagi saylov byulletenlari va varaqalariga asosan uchastka saylov komissiyasi: 
ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning umumiy sonini;

har bir deputatlikka nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini;

haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari va varaqalari sonini aniqlaydi.

Saylovchilar tomonidan saylov byulletenlari va varaqalariga qo‘shimcha tarzda yozilgan fuqarolarning familiyalari bo‘yicha berilgan ovozlar hisobga olinmaydi.

Belgilanmagan namunadagi saylov byulletenlari va varaqalari, shuningdek ovoz berish chog‘ida bittadan ortiq kvadratga belgi-krestik qo‘yilgan yoki bitta ham kvadratga bunday belgi qo‘yilmagan saylov byulletenlari va varaqalari haqiqiy emas deb topiladi. Saylov byulletenining, varaqasining haqiqiyligi shubha tug‘dirsa, masala uchastka saylov komissiyasi tomonidan ovozga qo‘yish orqali hal etiladi.

Saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda deputatlikka nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyaning vakolatli vakili ishtirok etishi mumkin.

Ovozlarni sanab chiqish natijalari uchastka saylov komissiyasining majlisida ko‘rib chiqiladi va saylov komissiyasining raisi, rais o‘rinbosari, kotibi, boshqa a’zolari tomonidan imzolanadigan bayonnomada aks ettiriladi. Shundan keyin bayonnoma uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari tomonidan o‘qib eshittiriladi hamda mazkur bayonnomaning ko‘chirma nusxasi uchastka saylov komissiyasi binosida hamma tanishib chiqishi uchun 48 soatdan kam bo‘lmagan muddatga osib qo‘yiladi. Uchastka saylov komissiyasining bayonnomasi tegishli okrug saylov komissiyasiga belgilangan tartibda taqdim etiladi.

Ovozlarni sanab chiqish jarayonida ishtirok etayotgan siyosiy partiyaning vakolatli vakili uchastka saylov komissiyasining bayonnomasi bilan tanishish huquqiga ega.

43-modda. Okrug bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash

Saylov okruglari bo‘yicha saylov natijalari faqat uchastka saylov komissiyalarining taqdim etilgan bayonnomalari asosida aniqlanadi. Okrug saylov komissiyasi: 
okrug bo‘yicha saylovchilarning umumiy sonini; 
saylov byulletenlari va varaqalari olgan saylovchilarning sonini; 
ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning sonini; 
har bir deputatlikka nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini;
haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari va varaqalari sonini aniqlaydi.

Okrug bo‘yicha saylov natijalari saylov komissiyasi majlisida aniqlanadi va bayonnomada aks ettiriladi. Bayonnoma saylov komissiyasining raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va boshqa a’zolari tomonidan imzolanadi hamda Markaziy saylov komissiyasiga belgilangan tartibda taqdim etiladi.

44-modda. Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovining natijalarini aniqlash

Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalaridan olingan bayonnomalar asosida: 
O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha saylovchilarning umumiy sonini; 
saylov byulletenlari va varaqalari olgan saylovchilarning sonini; 
ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning sonini; 
har bir deputatlikka nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini;
haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari va varaqalari sonini aniqlaydi.

Ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko‘pining ovozini olgan deputatlikka nomzod deputat etib saylangan deb hisoblanadi.

Agar saylovda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilarning o‘ttiz uch foizidan kami ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tmagan deb topiladi.

Saylov chog‘ida yo‘l qo‘yilib, oqibat natijada ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarlik tufayli saylov umuman yoki ayrim saylov okruglari yoxud ayrim saylov uchastkalari bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Saylovni haqiqiy emas deb topishga doir qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va bu qaror ustidan saylov yakunlari e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.

Ayrim saylov uchastkalarida saylov haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, ana shu uchastkalar bo‘yicha ovoz berish natijalarisiz ham umuman saylov haqiqiy deb topilishi mumkin ekanligi inobatga olingan holda, bu natijalar Markaziy saylov komissiyasining qaroriga binoan saylovning umumiy natijalaridan chiqarib tashlanadi.

Markaziy saylov komissiyasi saylov yakunlari bo‘yicha bayonnoma tuzadi va qaror qabul qiladi.

45-modda. Takroriy ovoz berish

Agar saylov okrugi bo‘yicha deputatlikka ikki nafardan ortiq nomzod qo‘yilgan bo‘lsa-yu, ulardan birontasi ham saylanmasa, okrug saylov komissiyasi eng ko‘p ovoz olgan ikki nafar nomzod bo‘yicha okrugda takroriy ovoz berishni o‘tkazish haqida qaror qabul qiladi va bu haqda Markaziy saylov komissiyasi hamda okrug saylovchilarini xabardor etadi. Takroriy ovoz berish ushbu Qonunning talablariga rioya etgan holda ikki hafta ichida o‘tkaziladi.

Takroriy ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan ko‘proq olgan deputatlikka nomzod, saylangan deb hisoblanadi.

Takroriy ovoz berishda saylovchilarning ishtirok etishi foizi hisobga olinmaydi.

46-modda. Qonunchilik palatasi deputatining takroriy saylovi

Qonunchilik palatasi deputatining takroriy saylovi quyidagi hollarda o‘tkaziladi: 
a) agar saylov okrugida saylov o‘tmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa; 
b) agar takroriy ovoz berish Qonunchilik palatasiga deputat saylanganligini aniqlash imkonini bermagan bo‘lsa; 
v) agar saylov okrugi bo‘yicha deputatlikka ko‘pi bilan ikki nomzod ovozga qo‘yilgan va ulardan birontasi ham saylanmagan bo‘lsa.

Qonunchilik palatasi deputatining takroriy saylovi Markaziy saylov komissiyasining topshirig‘iga binoan okrug saylov komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi. Bunda Markaziy saylov komissiyasi takroriy saylov yangi tarkibdagi okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan o‘tkazilishi zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Ovoz berish asosiy saylov o‘tkazish uchun tuzilgan avvalgi saylov uchastkalarida va saylovchilarning ro‘yxatlari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Qonunchilik palatasi deputatining takroriy saylovi asosiy saylovdan keyin ko‘pi bilan bir oylik muddat ichida o‘tkaziladi. Saylov komissiyalarini tuzish, deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish va boshqa tadbirlar ushbu Qonunda belgilangan tartibda o‘tkaziladi.

47-modda. Bo‘shab qolgan o‘rinlarga Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovini o‘tkazish

Markaziy saylov komissiyasi ayrim deputatlarning vakolatlarini haqiqiy emas deb topgan taqdirda, shuningdek deputat chaqirib olingan, boshqa sabablarga ko‘ra deputatlik vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan hollarda tegishli saylov okruglarida yangi saylov o‘tkaziladi. Saylov Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov o‘tkazilishiga kamida bir oy qolganida tayinlanadi va ushbu Qonunning talablariga rioya qilgan holda tashkil etiladi. Bunda okrug saylov komissiyasi saylovga yigirma besh kun, uchastka saylov komissiyalari esa o‘n besh kun qolganida tuziladi. Deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish saylovga o‘n besh kun qolganida tugallanadi.

Qonunchilik palatasi vakolat muddatining tugashiga olti oydan kam vaqt qolganida Qonunchilik palatasi deputatining o‘rni bo‘shab qolsa, bo‘shab qolgan o‘ringa yangi deputat saylovi o‘tkazilmasligi mumkin.

7¹-BOB. O‘ZBEKISTON EKOLOGIK HARAKATIDAN QONUNChILIK PALATASIGA DEPUTATLARNI SAYLASH TARTIBI

47¹-modda. O‘zbekiston ekologik harakatidan Qonunchilik palatasi deputatlarini saylash

O‘zbekiston ekologik harakatidan Qonunchilik palatasining o‘n besh deputati mazkur harakatning oliy organi (Konferensiyasi) tomonidan Markaziy saylov komissiyasi belgilaydigan muddatlarda saylanadi.

O‘zbekiston ekologik harakatidan Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish va ularni saylash tartibi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

O‘zbekiston ekologik harakatidan Qonunchilik palatasiga deputatlar sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish ochiq hamda oshkora amalga oshiriladi.

47²-modda. O‘zbekiston ekologik harakatidan Qonunchilik palatasi deputatlari etib saylanadigan shaxslarga qo‘yiladigan talablar

O‘zbekiston ekologik harakatidan Qonunchilik palatasi deputatlari etib saylanadigan shaxslarga ushbu Qonun 2-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida hamda 25-moddasida nazarda tutilgan talablar qo‘yiladi.

47³-modda. Ro‘yxatga olish uchun Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etiladigan hujjatlar

O‘zbekiston ekologik harakati oliy organining vakili O‘zbekiston ekologik harakatidan Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlar ro‘yxatini Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etadi. Ro‘yxatga quyidagilar ilova qilinadi:
O‘zbekiston ekologik harakati oliy organining mazkur harakatdan Qonunchilik palatasiga deputatlar saylash to‘g‘risidagi qarori;

O‘zbekiston ekologik harakati oliy organi majlisi bayonnomasidan ko‘chirma, unda O‘zbekiston ekologik harakatidan Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan har bir shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyi ko‘rsatiladi;

saylangan deputatning deputat etib ro‘yxatga olingan taqdirda bajarib turgan ishidan (xizmatidan) bo‘shash to‘g‘risidagi arizasi.

Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston ekologik harakati oliy organining hujjatlarni taqdim etgan vakiliga ularning qabul qilib olingan sanasi va vaqti ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beradi.

Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni yetti kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning ushbu Qonun talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi. Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va ushbu Qonun talablaridan chetga chiqish hollari to‘g‘risida O‘zbekiston ekologik harakati oliy organining vakiliga belgilangan tartibda ma’lum qiladi.

47⁴-modda. O‘zbekiston ekologik harakatidan Qonunchilik palatasi deputatlarining takroriy saylovi

O‘zbekiston ekologik harakatidan Qonunchilik palatasi deputatligiga deputatlar saylovi o‘tmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan hollarda O‘zbekiston ekologik harakatidan deputatlarning takroriy saylovi o‘tkaziladi.

O‘zbekiston ekologik harakatidan Qonunchilik palatasi deputatlarining takroriy saylovini o‘tkazish tartibi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

47⁵-modda. Bo‘shab qolgan o‘rinlarga O‘zbekiston ekologik harakatidan Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish

Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston ekologik harakatidan Qonunchilik palatasiga saylangan ayrim deputatlarning vakolatlarini haqiqiy emas deb topgan taqdirda, shuningdek deputat chaqirib olingan, boshqa sabablarga ko‘ra deputatlik vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan hollarda yangi saylov o‘tkaziladi.

8-BOB. DEPUTATLARNI RO‘YXATGA OLISH
VA SAYLOV YAKUNLARINI E’LON QILISH

48-modda. Qonunchilik palatasi deputatlarini ro‘yxatga olish

Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalaridan olingan bayonnomalar, O‘zbekiston ekologik harakati oliy organining tegishli qarori asosida Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarni ro‘yxatga oladi va bu haqda deputatlarni xabardor etadi.

Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan shaxslar Markaziy saylov komissiyasiga Qonunchilik palatasi deputatining maqomiga to‘g‘ri kelmaydigan vazifalarni o‘z zimmasidan soqit qilganligi to‘g‘risida yozma ravishda ma’lum qilishi shart.

Deputat etib saylangan shaxslar, shu jumladan O‘zbekiston ekologik harakatidan saylangan shaxslar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan paytdan e’tiboran Qonunchilik palatasi deputati maqomiga ega bo‘ladi.

49-modda. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovining yakunlarini e’lon qilish

Markaziy saylov komissiyasi saylov yakunlari to‘g‘risidagi axborotni va Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning ro‘yxatini deputatlarning familiyasi, ismi, otasining ismini, tug‘ilgan yili, partiyaga mansubligi, egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyi, saylov okrugining tartib raqami va nomini ko‘rsatgan holda o‘n kundan kechiktirmay matbuotda e’lon qiladi.

II. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISINING SENATINI
SHAKLLANTIRISh TARTIBI

50-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatini shakllantirish

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (yuqori palata) (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) hududiy vakillik palatasi bo‘lib, Senat a’zolaridan (senatorlardan) tarkib topadi.

Senat a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda - olti kishidan saylanadi. Senatga saylov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi.

Senatning o‘n olti nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.

Senatning vakolat muddati - besh yil.

51-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga hamda O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasining boshqa qonun hujjatlariga muvofiq o‘tkaziladi.

52-modda. Senatga saylov o‘tkazish muddatlari

Senatga saylov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari saylanganidan keyin bir oydan kechiktirmay o‘tkaziladi.

53-modda. Senat a’zoligiga saylanadigan nomzodlarga qo‘yiladigan talablar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, viloyat, tuman, shahar davlat hokimiyati vakillik organining saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan deputati Senat a’zoligiga saylanish uchun nomzod bo‘lishi mumkin.

54-modda. Davlat hokimiyati vakillik organlari qo‘shma majlisining vakolatliligi

Davlat hokimiyati vakillik organlarining qo‘shma majlisi, agar unda deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi.

55-modda. Davlat hokimiyati vakillik organlarining qo‘shma majlisini chaqirish, Senat a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatish, ovoz berishni o‘tkazish

Davlat hokimiyati vakillik organlarining qo‘shma majlisini chaqirish, Senat a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatish, shuningdek ovoz berishni o‘tkazish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida Senat a’zolarini saylash tartibi to‘g‘risidagi nizom Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

56-modda. Senat a’zolarining saylovi bo‘yicha ovoz berish natijalarini aniqlash

Ovoz berish natijalariga ko‘ra boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan Senat a’zoligiga nomzodlar, basharti davlat hokimiyati vakillik organlarining majlisda hozir bo‘lgan deputatlarining ellik foizidan ortig‘i ularni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, saylangan deb hisoblanadi.

57-modda. Takroriy ovoz berish

Agar ovoz berish chog‘ida belgilangan miqdorda Senat a’zolari saylanmagan bo‘lsa, saylanmay qolgan miqdordagi Senat a’zoligi uchun ovozlarning zarur miqdorini to‘plamagan nomzodlar bo‘yicha davlat hokimiyati vakillik organlarining ana shu qo‘shma majlisining o‘zida takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.

58-modda. Senat a’zolari saylovining yakunlari

Markaziy saylov komissiyasi davlat hokimiyati vakillik organlari qo‘shma majlislarining bayonnomalari asosida, bu bayonnomalar kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay, Senat a’zolarini ro‘yxatga oladi.

Agar saylov davomida, ovozlarni sanab chiqishda, yashirin ovoz berish natijalarini aniqlashda ushbu Qonun talablari saylov natijalariga ta’sir qilgan tarzda buzilishiga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, Markaziy saylov komissiyasi Senat a’zolarining saylovini haqiqiy emas deb topishi mumkin.

59-modda. Senat a’zolari saylovining yakunlari ustidan shikoyat berish

Davlat hokimiyati vakillik organlari qo‘shma majlislarining, shuningdek Markaziy saylov komissiyasining Senat a’zolarining saylovi to‘g‘risidagi qarorlari ustidan qaror qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat berilishi mumkin.

60-modda. Senat a’zolarining takroriy saylovi

Senat a’zolarining takroriy saylovi quyidagi hollarda o‘tkaziladi:
a) agar saylov haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa;
b) agar takroriy ovoz berish natijasida belgilangan miqdorda Senat a’zolari saylanmagan bo‘lsa.
Ushbu modda birinchi qismining "b" bandida nazarda tutilgan hollarda takroriy saylov saylanmay qolgan miqdordagi Senat a’zoligi uchun o‘tkaziladi. 
Senat a’zolarining takroriy saylovi Senatga o‘tkazilgan asosiy saylovdan keyin ko‘pi bilan o‘n besh kunlik muddat ichida o‘tkaziladi. 
Saylanmay qolgan miqdordagi Senat a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatish va takroriy saylov o‘tkazish ushbu Qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

61-modda. Bo‘shab qolgan o‘rinlarga Senat a’zolarining saylovini o‘tkazish

Bo‘shab qolgan o‘rinlarga Senat a’zolarining saylovi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida ushbu Qonun talablariga rioya etilgan holda o‘tkaziladi.

Senat vakolat muddatining tugashiga olti oydan kam vaqt qolganida Senat a’zosining o‘rni bo‘shab qolsa, bo‘shab qolgan o‘ringa Senatning yangi a’zosi saylovi o‘tkazilmasligi mumkin.

62-modda. Senatni shakllantirish yakunlarini e’lon qilish

Markaziy saylov komissiyasi Senatni shakllantirish yakunlari to‘g‘risidagi axborotni va Senat a’zolarining ro‘yxatini ularning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili, egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyini ko‘rsatgan holda o‘n kundan kechiktirmay matbuotda e’lon qiladi.

III. YAKUNLOVCHI QOIDALAR

63-modda. Qonunchilik palatasi deputatining va Senat a’zosining guvohnomasi hamda ko‘krak nishoni

Qonunchilik palatasi deputatiga va Senat a’zosiga tegishincha Qonunchilik palatasi deputatining hamda Senat a’zosining guvohnomasi va ko‘krak nishoni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.

Qonunchilik palatasi deputatining va Senat a’zosining guvohnomasi hamda ko‘krak nishoni namunalari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

64-modda. Saylovning moliyaviy ta’minoti

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Qonunchilik palatasi deputatligiga va Senat a’zoligiga nomzodlarni boshqa mablag‘lar hisobidan moliyaviy ta’minlash va moddiy jihatdan o‘zga tarzda qo‘llab-quvvatlash taqiqlanadi.

Siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar saylov o‘tkazish uchun o‘z mablag‘larini ixtiyoriy ravishda berishlari mumkin. Bu mablag‘larni Markaziy saylov komissiyasi saylov kampaniyasi vaqtida foydalanish uchun qabul qilib oladi.

65-modda. Ushbu Qonunni buzganlik uchun javobgarlik

Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylash va saylanish, saylovoldi tashviqoti olib borish huquqlarini amalga oshirishlariga zo‘ravonlik, aldash, tahdid qilish yoki boshqa yo‘l bilan qarshilik ko‘rsatuvchi shaxslar, shuningdek soxta saylov hujjatlari tuzgan, ovozlarni atayin noto‘g‘ri sanab chiqqan, ovoz berish yashirinligini buzgan yoki ushbu Qonun boshqacha tarzda buzilishiga yo‘l qo‘ygan saylov komissiyalarining a’zolari, boshqa mansabdor shaxslar, siyosiy partiyalarning vakillari qonunga muvofiq javobgar bo‘ladilar. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod yoki Senat a’zoligiga nomzod to‘g‘risida soxta ma’lumotlarni e’lon qilgan yoki o‘zgacha tarzda tarqatgan shaxslar ham javobgarlikka tortiladilar.

Ovoz berish kuniga qadar uch kun ichida, shuningdek ovoz berish kuni jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari taxminlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni chop etishga (e’lon qilishga), shu jumladan, ularni umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlariga (shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘iga) joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti I. Karimov

Toshkent sh.,
1993 yil 28 dekabr,
990-XII-son

42723




Dolzarb mavzular