Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Yangiliklar | Ro'yxatga o'tish

Tarixi boy, ma’naviyati yuksak xalqning kelajagi buyuk bo‘ladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga o‘tkazilayotgan saylovlarni kuzatish uchun mamlakatimizga kelgan xalqaro kuzatuvchilar viloyatlarda ovoz berish jarayonlarini bevosita kuzatmoqda.

 

Vladimir Churov, Rossiya Markaziy saylov komissiyasi raisi:

 

– Bugun Samarqand viloyatidagi saylov uchastkalarida ovoz berish boshlanishini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Hali tong yorishmagan bo‘lsa-da, binolar saylovchilar bilan gavjum. Odamlarning kayfiyati ko‘tarinki. Ular saylovda faol ishtirok etib, o‘zlari munosib deb bilgan nomzodlarga ovoz bermoqda. Qish fasli bo‘lishiga qaramay, havo juda iliq, yoqimli. Bu ham o‘zbek xalqining samimiyligi, bag‘rikengligi va mehmondo‘stligini ifoda qilganday tuyuldi.

 

Bir necha kundan buyon saylovga tayyorgarlik jarayonlarini kuzatdik va bugun bu tayyorgarliklar samarasi namoyon bo‘lmoqda. Hech ikkilanmay aytish mumkin, saylovlarni demokratik tamoyillar asosida o‘tkazish borasida O‘zbekistonda katta tajriba to‘plangan.

 

Axim Koyeddermann, Nyu-York universiteti falsafa fakulteti dekani (AQSh):

 

– Samarqanddagi bir nechta saylov uchastkasida bo‘lib, ertalabdan saylov qutilarida anchagina byulletenlar tashlanganini ko‘rdim. Bu aholining faolligidan dalolat. Jarayonni tashkil etish, saylovchilar va kuzatuvchilar uchun munosib sharoit yaratishda qonun talablariga qat’iy amal qilingan. Muhimi, ovoz berishda har bir saylovchi erkin, bir-biriga hurmat bilan munosabatda bo‘lmoqda. Uchastkalarda ona va bola, tibbiyot xonalarining tashkil etilgani mamlakatingizda inson salomatligi eng katta boylik sifatida qadrlanishidan dalolat beradi.

 

Mustaqil taraqqiyot yo‘lini tanlab, demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati qurish yo‘lidan borayotgan O‘zbekistonda qisqa vaqtda turli sohalarda erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda zamonaviy saylov tizimiga havas qilsa arziydi.

 

Tamara Guzenkova, Rossiya strategik tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari:

 

– Samarqandga ilk bor kelishim. Bu maftunkor shaharga kelib, O‘zbekiston Respublikasi parlamenti saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etayotganimdan behad mamnun bo‘ldim.

 

Erta tongdan Samarqand chet tillar institutida joylashgan 60-saylov uchastkasida bo‘lib bildimki, mamlakatingizda fuqarolarning saylovda qatnashishi, saylov huquqini, o‘z xohish-irodasini erkin ifodalash, qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish va himoya qilishni ta’minlash uchun barcha sharoit va huquqiy asos yaratilgan.

 

Sergey Lebedev, MDH Ijroiya qo‘mita raisi – Ijrochi kotibi:

 

– Biz, MDH vakolati bilan 8 mamlakatdan kelgan 76 kuzatuvchi 8 dekabrdan buyon O‘zbekistonda saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, saylovlarga tayyorgarlik va uning o‘tkazilishi jarayonlari bilan atroflicha tanishdik. Men Jizzax viloyatidagi bir necha saylov uchastkasida bo‘lib, saylovlar mamlakat qonunlari va xalqaro me’yorlar asosida tashkil etilgani, bu yerda saylovchilar o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etayotganiga guvoh bo‘ldim. Barcha saylov okruglarida nomzodlar mavjud to‘rtta siyosiy partiyadan muqobillik asosida qo‘yilgani, uchastkalarda saylovchilar uchun yaratilgan qulayliklar, tibbiyot, onalar va bolalar xonalari tashkil etilgani menda katta taassurot qoldirdi. Bugun ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasini “Jizzaxplasteks” korxonasi, yangi uy-joylar, ijtimoiy inshootlar, shahar va qishloqlar qiyofasida, odamlarning saylovda mamnunlik bilan qatnashayotganlarida ham ko‘rdim. O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyoti Prezident Islom Karimov rahnamoligida rivojlanishning to‘g‘ri va oqilona yo‘li tanlanganiga yana bir dalildir.

 

Aleksandr Antonov, Rossiya tabiiy fanlar akademiyasi akademigi, Yevropa tabiatshunoslik akademiyasining haqiqiy a’zosi, YuNESKO professori:

 

– Erta tongdan saylov uchastkasining bu darajada gavjum bo‘lishi saylovchilarning siyosiy jarayonlardagi faolligidan dalolat beradi. Muhimi, har bir saylovchida mamlakatning ertangi kuniga daxldorlik hissi sezilib turibdi. O‘zbekistonda parlament va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tayotgani mamlakat demokratiya yo‘lidan borayotganidan dalolatdir. Saylovlarga tayyorgarlik va uni o‘tkazish jarayonlari bilan tanishib, demokratiyaga xos bo‘lgan oshkoralik, ochiqlik normalariga to‘liq rioya qilinayotganiga ishonch hosil qildim. Men suhbatda bo‘lgan saylovchilar turli partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz berganlarini aytdi. Ular dasturlari ma’qul kelgan partiyalarning vakillariga ovoz berayotgani O‘zbekistonda parlament saylovining demokratik asoslarda o‘tayotgani isbotidir.

 

Emmanuel Dyupyuin, Yevropa prognozlashtirish va xavfsizlik instituti prezidenti (Fransiya):

 

– Andijon shahridagi bir qator saylov uchastkalari faoliyati bilan tanishdim. Ularda saylovlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilganiga guvoh bo‘ldim. Yurtingizda saylovlarni o‘tkazish tobora takomillashib bormoqda, ayniqsa, texnik tayyorgarlik o‘sib borayotgani yaqqol ko‘rinadi. Saylovlarni demokratik tamoyillar asosida o‘tkazish bo‘yicha umume’tirof etilgan normalarga amal qilinmoqda. Bunga bugun bo‘lib o‘tayotgan saylov jarayonlarida bevosita ishtirok etib, yana bir bor ishonch hosil qildim. Andijon davlat universitetida tashkil etilgan 28-saylov uchastkasida saylov jarayoni belgilangan me’yorlar asosida o‘tmoqda.

 

Andijon davlat universitetida fransuz tilini o‘qitish, fransuz tilida o‘quv va ilmiy adabiyotlar tayyorlash, chop etish borasida ishlar amalga oshirilayotgani meni quvontirdi. Ayniqsa, qurilish va bunyodkorlik, obodonlashtirish, yoshlarni ish bilan ta’minlash kabi muhim yo‘nalishlarda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni alohida e’tirof etishni istardim.

 

Yefim Kilar, MDH Ijroiya qo‘mitasi departamenti direktori o‘rinbosari:

 

– O‘zbekistonda milliy an’analarga asoslangan, xalqaro me’yor va normalarga to‘la javob beradigan saylov qonunchiligi shakllangan. Saylovlarda saylov komissiyalari o‘z faoliyatini mustaqil olib borayotgani, okrug va uchastka saylov komissiyalari qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda shakllantirilgani, siyosiy partiyalarning saylovlarda ishtirok etishi, saylovoldi targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishi uchun teng sharoitlar yaratilgani singari qator mezonlar aniq va qat’iy amalga oshirilgani tahsinga sazovor.

 

Andijon shahridagi 36-, 68-saylov uchastkalaridagi saylov jarayonlari bilan tanishib, saylovlar adolatli, xalqaro me’yor va talablar asosida o‘tayotganini ko‘rdim.

 

Fuqarolarning siyosiy faolligi, saylovlarga katta qiziqish bilan jiddiy yondashayotgani havasimni keltirdi. Bu O‘zbekistonda aholi ma’naviyati, siyosiy, huquqiy bilim va madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha Prezident Islom Karimov rahnamoligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samaralaridir.

 

Vladimir Filipovich, MDH kuzatuvchilari missiyasi a’zosi (Belarus):

 

– Qashqadaryo viloyatida ham saylovga tayyorgarlik bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilganiga guvoh bo‘ldim. Bunga saylov uchastkalarini kuzatish davomida amin bo‘ldim. Bu boradagi ishlar mamlakatingiz qonunchiligi va umume’tirof etilgan xalqaro normalarga to‘la mos keladi. Saylov komissiyalari a’zolari juda tajribali mutaxassislardan tashkil topgan.

 

Turli davlatda saylov turlicha o‘tadi. O‘zbekistonda saylovlarning ko‘ppartiyaviylik asosida tashkil etilishi demokratik tamoyillarga mos.

 

Mamlakatingizda yoshlarga oid davlat siyosatiga jiddiy e’tibor qaratilayotgani boshqalar uchun namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Hamma saylov uchastkalarida birinchi marta ovoz beradiganlarning aniq soni yozib qo‘yilgani ularga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasidir.

 

Sanjay Kumar (Hindiston):

 

– Saylov uchastkalari hamma joyda zamonaviy jihozlangan. Ovoz beruvchilar, komissiya a’zolari, kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun barcha sharoit muhayyo qilingan.

 

Nukus shahridagi 13- va 14-saylov uchastkalarida bo‘lganimda, saylovchilarning faolligini ko‘rib hayratga tushdim. Erta tongdan odamlar bu yerga kelib, o‘z munosabatini bildirayotgani demokratiyaning yorqin ko‘rinishidir. Deputatlikka nomzodlar turli sohada mehnat qilayotgan kishilar bo‘lib, ularning o‘ttiz foizi xotin-qizlardan iborat ekan. Bu davlatning xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratishidan darak beradi.

 

I.Savitskiy nomidagi qoraqalpoq davlat muzeyida saqlanayotgan durdona asarlar bilan tanishdim. Ular menda juda katta taassurot qoldirdi. Tarixi chuqur ildizga ega va boy, madaniyati yuksak xalqning kelajagi albatta buyuk bo‘ladi.

 

G‘.Hasanov, T.Beknazarov, F.Ubaydullayev, O‘.Barotov, A.Ortiqboyev, O‘zA

13062

21Dekabr 2014



Dolzarb mavzular