Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Yangiliklar | Ro'yxatga o'tish

Vatan, xalq taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi yaqqol namoyon bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 21 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylov jarayonlarini xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kelgan uch yuzdan ziyod kuzatuvchi bevosita kuzatib bordi. O‘zA muxbirlari ularning ayrimlari bilan suhbatda bo‘lib, mamlakatimizning saylov tizimi va ovoz berish jarayoni haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

 

Mahmadsharif Haqdodov, Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibining o‘rinbosari:

 

– Toshkentdagi qator saylov uchastkalarida bo‘lib, O‘zbekistonda o‘tkazilgan parlament saylovi jarayonlarini sinchkovlik bilan kuzatdik. O‘zbekiston fuqarolarining o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish uchun barvaqt saylov uchastkalariga kelgani, jarayonda faol ishtirok etgani, ulardagi bayramona va ko‘tarinki kayfiyat menda, ayniqsa, o‘zgacha taassurot qoldirdi. Bu xalqingiz qalbida yurtingizda ro‘y berayotgan siyosiy jarayonlarga, mamlakat taqdiri va uning ertangi kuniga daxldorlik hissi mujassam ekanidan dalolat beradi.

 

O‘zbekistonning saylov tizimini va bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilgan. Ushbu omil siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning o‘z saylovoldi tashviqotlarini xalqaro demokratik standartlar asosida o‘tkazishini ta’minladi.

 

O‘zbekistonda o‘tkazilgan saylovlarga xorijiy ommaviy axborot vositalari va xalqaro kuzatuvchilar tomonidan katta qiziqish bildirilgani e’tiborga molik. Bu O‘zbekistonda o‘tgan mazkur siyosiy voqeaning g‘oyat muhim ahamiyat kasb etishidan dalolat beradi.

 

Abdul Malik Baloch, Belujiston viloyati bosh vaziri (Pokiston):

 

– Mamlakatingizdagi qator saylov uchastkalarida bo‘lib, ovoz berish jarayonini kuzatib, uning demokratik normalarga to‘la muvofiq, adolatli, shaffof va xolisona o‘tganiga ishonch hosil qildim. Saylovchilarning o‘z xohish-irodasini erkin amalga oshirishi uchun xalqaro talablar darajasida imkoniyat va sharoit yaratildi. Bu jarayonda ularga tashqaridan ta’sir qilish, aralashish holatlari umuman kuzatilmadi. Saylovchilar saylovga oid qonunchilikdan, deputatlikka nomzodlar haqidagi ma’lumotlardan yaxshi xabardor ekani sezilib turdi. O‘zbekiston fuqarolarining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyati va siyosiy faolligi yuqori ekani saylovning samarali o‘tishini ta’minladi. Saylov uchastkalarining hammasida ushbu siyosiy tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rilgani yaqqol ko‘zga tashlandi.

 

Siyosiy partiyalardan deputatlikka ko‘rsatilgan nomzodlar saylovoldi kampaniyasi va tashviqotida o‘z dasturlari va g‘oyalari bilan faol ishtirok etdi. Bu siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobat kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

 

Mamlakat parlamentida O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari uchun 15 deputatlik o‘rnining ajratilgani muhim ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega va ibrat olishga loyiq. Barcha jabhada bo‘lganidek, ekologiya sohasida ham tabiat bilan inson munosabatini tartibga solishda qonunlar muhim o‘rin tutadi. Ekologik harakatdan saylangan deputatlar kelgusida bu boradagi huquqiy bazani yanada takomillashtirishga, atrof-muhit muhofazasini yaxshilashga, iqtisodiy mexanizmlarni rivojlantirishga munosib ulush qo‘shadi, albatta.

 

Saylov kuni muayyan sabablarga ko‘ra saylov uchastkasiga kela olmagan fuqarolarga maxsus ko‘chma quti olib borildi va ularga ovoz berish uchun imkoniyat yaratildi. Inson manfaatlari va huquqlariga hurmatning bunday yorqin ifodasidan o‘rnak olsa arzigulikdir.

 

Dario Chitati, Oliy geosiyosiy tadqiqotlar va turdosh fanlar institutining “Yevrosiyo” dasturi rahbari (Italiya):

 

– Saylovchilar ovoz berish jarayonida faol ishtirok etdi. Parlament saylovida ko‘plab xalqaro kuzatuvchilarning qatnashgani ham mamlakatda demokratiyani mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganidan dalolatdir. O‘zbekiston Respublikasining saylovga oid qonun va boshqa hujjatlari xalqaro me’yorlarga to‘liq mos keladi, saylovchilarning konstitutsiyaviy huquqlari va jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan demokratik tamoyillarni o‘zida keng ifoda etadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga Bosh vazir lavozimiga nomzodni Oliy Majlisning Qonunchilik palatasida eng ko‘p deputatlik o‘rnini olgan siyosiy partiya tomonidan taklif etilishi, parlamentning hukumatga nisbatan ishonchsizlik votumini bildirish kabi muhim institutlar kiritilgani alohida e’tiborga molik. Bunday islohotlar O‘zbekistondagi demokratik mexanizmlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda, siyosiy partiyalarning ahamiyatini yanada oshirmoqda.

 

Bernadet Mill, Londonning Uoltxem-Forest munitsipaliteti deputati (Buyuk Britaniya):

 

– Saylovchilarning qariyb 90 foizi saylovda ishtirok etgani O‘zbekiston fuqarolarining yuksak faolligidan dalolat beradi.

 

Mamlakatingiz saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar saylovning yuqori saviyada tashkil etilishi va eng yuqori demokratik talablar asosida o‘tishi uchun sharoit yaratdi. Xiva shahridagi qator saylov uchastkalarida bo‘lib, bunga bevosita guvoh bo‘ldik. Har bir uchastkada fuqarolarga erkin ovoz berish uchun qulay shiroit yaratildi. Nogironlar, saylovga kelishi qiyin bo‘lgan kishilar uchun ularning xonadonlarida ovoz berish tashkil etildi. Bu insonarvarlikning yuksak ko‘rinishi bo‘lishi bilan birga, saylovga chuqur tayyorgarlik ko‘rilganini ko‘rsatadi.

 

Valerius Simulik, Litva Seymidagi O‘zbekiston bilan parlamentlararo hamkorlik guruhi raisi:

 

– O‘zbekiston nafaqat tinch va osuda, balki tolerantlik, o‘zaro mehr-oqibat ustuvor bo‘lgan davlat. Bu saylov jarayonida ham yaqqol ko‘zga tashlandi. Ko‘pchilik xalqaro kuzatuvchilar e’tirof etayotganidek, yoshlarning saylovga muhim tadbir sifatida qarab, o‘z konstitutsiyaviy huquqimni amalga oshiryapman, deb faxr bilan faollik ko‘rsatgani mening ham e’tiborimni tortdi.

 

O‘zbekiston va Litva davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik, parlamentlararo aloqalar rivojlanayotgani xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiladi. O‘ylaymanki, kelgusida ta’lim va san’at yo‘nalishlarida, biznes sohasida hamkorligimiz yanada rivojlanadi va buning uchun bizda barcha imkoniyatlar mavjud.

 

Quandiq Turganqulov, Qozog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi:

 

– Saylov kunlari Buxoroda bo‘lib, saylovoldi kampaniyasini bevosita kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Tayyorgarlik juda yuqori darajada tashkil etilgan. Bir nechta saylov uchastkalariga borib, parlament saylovini kuzatdik. Saylovchilarning ovoz berish jarayonida faol ishtirok etgani quvonarli. Saylovda ko‘plab xalqaro kuzatuvchilarning qatnashgani mamlakatingizda demokratiyani mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganidan dalolatdir.

 

Saylovchilar uchun yaratilgan qulay shart-sharoit, saylov uchastkalaridagi tartib va xushmuomalalik juda ma’qul bo‘ldi. Barcha ovoz beruvchilar nomzodlarning dasturi, saylovga oid boshqa ma’lumotlardan yetarlicha xabardorligi saylovga yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rilganining tasdig‘idir.

 

Mamlakatingizda bo‘lib o‘tgan saylovda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Ekologik harakati uchun 15 deputatlik o‘rni ajratilgani ekologik muammolarni bartaraf etishda ilgari surilayotgan ulkan tashabbus, deb o‘ylayman. Ular kelgusida sohaga tegishli huquqiy bazani yanada takomillashtirishga, iqtisodiy mexanizmlarni rivojlantirishga munosib ulush qo‘shadi.

 

Vidjay Jolli, «Bxaratiya Janata» partiyasining tashqi aloqalar bo‘limi muvofiqlashtiruvchisi (Hindiston):

 

– O‘zbekistonga birinchi marotaba kelishim. Xalqlarimiz ochiqko‘ngil va samimiyligi bilan bir-biriga juda yaqinligiga guvoh bo‘ldim. Saylov kuni Toshkent shahridagi 76-, 81-, 166-saylov uchastkalarida bo‘lib, yaratilgan qulayliklar bilan tanishdik. Biz ham o‘rganishimiz kerak bo‘lgan bir qator jihatlarga guvoh bo‘lganimizni aytishni hohlardim.

 

O‘zbekiston Respublikasining saylovga oid huquqiy-me’yoriy hujjatlari bilan tanishib chiqdim. Markaziy saylov komissiyasining vakolati kengaygani sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirishga xizmat qilsa, g‘olib partiya Bosh vazir nomzodini ko‘rsatishi demokratik tamoyillarga juda mos. Mazkur qonuniy hujjatlar va unga kiritilgan o‘zgartishlar saylovni yanada ochiq va oshkora o‘tkazishda qo‘l keladi, deb ishonaman. Zero, bu o‘zgartishlar insonlarning erkin fikr yuritishiga va ularning manfaatlarini ta’minlashga yo‘naltirilgani bilan yanada ahamiyatlidir.

 

Li Jay Xova, Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasi departamenti bosh direktori:

 

– Samarqanddagi qator saylov uchastkalarida bo‘ldik. Saylovga tayyorgarlik ishlarini diqqat bilan kuzatib, bu jarayon demokratiya tamoyillariga to‘liq mos kelishiga ishonch hosil qildik. Saylovchilar uchun barcha shart-sharoit yaratildi. Ular erta tongdan kelib, o‘zlari tanlagan nomzodga ovoz berishdi.

 

Saylov jarayonini kuzatish bilan birga, qadimiy va maftunkor Samarqandning dunyoga mashhur obidalari hamda xalqingizning madaniy boyliklari bilan tanishish baxtiga musharraf bo‘ldim. Madaniyati va tarixini saqlagan xalqning kelajagi porloq bo‘ladi.

 

Karlis Kamradzis, Latviya Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari:

 

– Men Samarqand viloyati va poytaxtingizdagi bir necha saylov uchastkalarida saylov jarayonini kuzatish imkoniga ega bo‘ldim. Saylov uchastkalari faoliyatidagi professionallikka, zamonaviylik va milliylik xususiyatlarining uyg‘unlashtirilganiga, saylovchilarning Vatan oldida o‘z fuqarolik burchini to‘la-to‘kis ado etishga bo‘lgan faolligiga havasim keldi. Bu O‘zbekistonda mustaqillik yillarida demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish, saylov tizimini isloh etish yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning o‘ziga xos natijasidir.

 

O‘zbekistonda parlamentga Ekologik harakatdan deputatlar saylash dunyo miqyosidagi o‘ziga xos, noyob tajribalardan biri bo‘lib, o‘tgan davrda bu tashabbus o‘z natijalarini yaqqol namoyon etayotir. Ya’ni, ekolog deputatlar yangi qabul qilinayotgan qonunlarda ekologik huquq mexanizmlarini takomillashtirish va bu yo‘nalishdagi qonunchilikning ijro samaradorligini mustahkamlash yuzasidan samarali faoliyat olib bormoqda. Bu ishlar tobora global tus olayotgan, inson hayoti va salomatligiga jiddiy tahdid tug‘dirayotgan ekologik muammolarning yechimini topish, kelajak avlodlarga sog‘lom muhit, musaffo tabiat meros qilib qoldirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilayotir.

 

O‘zA

12513

22Dekabr 2014



Dolzarb mavzular