Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Yangiliklar | Ro'yxatga o'tish

O‘zbekiston buyuk kelajak sari dadil bormoqda

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 21-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylov jarayonini xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kelgan uch yuzdan ziyod kuzatuvchi bevosita kuzatib bordi. O‘zA muxbirlari ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi.

Zenonas Vaygauskas, Litva Markaziy saylov komissiyasi raisi:

– O‘zbekiston mustaqillik yillarida ulkan taraqqiyotga erishdi. Jamiyatning barcha jabhalarida, xususan, saylov tizimida ham xalqaro andozalarga to‘la javob beradigan tamoyillar joriy etilib, u yanada takomillashtirilmoqda. Mamlakatingizda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik va hamjihatlik muhiti tobora mustahkamlanmoqda. Bu islohotlarning samarasi 21-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda yana bir karra namoyon bo‘ldi.

Saylovda kuzatuvchi sifatidagi ishtirokim xalqingizning ijtimoiy-siyosiy hayoti, madaniyati haqidagi taassurotlarimni yanada boyitdi. O‘nlab saylov uchastkalariga borib, amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdim. Yurtingizning barcha hududlarida saylovga qizg‘in hozirlik ko‘rilgani va tadbir yuqori saviyada o‘tganiga guvoh bo‘ldim. Xalqingiz ko‘tarinki kayfiyatda, tashabbuskorlik ruhida saylovda ishtirok etdi. Ovoz berish jarayonida tenglik, adolatlilik, haqqoniylik prinsiplariga to‘la amal qilindi.

Mamlakatingiz parlamentiga o‘tgan ushbu saylov O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik tizimining rivojlanishi va mustahkamlanishiga, Qonunchilik palatasida siyosiy partiyalar rolining yanada kuchayishiga xizmat qiladi. Partiyalarning faolligi va partiyalararo raqobat darajasi oshadi. Bu O‘zbekistonda demokratiyaning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Tadeush Bodio, Varshava universiteti Siyosiy fanlar instituti professori (Polsha):

– O‘zbekiston tarixan qisqa davrda – mustaqillikning o‘tgan yigirma uch yilida qo‘lga kiritgan ulkan yutuqlariga havas qilsa arziydi. Mamlakatingiz erishayotgan muvaffaqiyatlar Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan islohotlarning “o‘zbek modeli”ni hayotga tatbiq etishning amaldagi natijasidir. O‘zbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi asosida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Saylov jarayonini Toshkent va Buxoro shaharlarida kuzatdim. Saylov uchastkalari barcha zarur moddiy-texnika va huquqiy adabiyotlar bilan ta’minlangani, yashirin ovoz berish kabinalari bilan jihozlangani, saylov qutilari o‘rnatilgani hamda uchastka saylov komissiyalari tomonidan saylovchilarning to‘liq ro‘yxati tuzilganini alohida ta’kidlashni istardim.

O‘zbekiston – ko‘ppartiyali mamlakat. Saylov jarayonlarida ishtirok etgan partiyalarning har biri o‘ziga xos o‘ringa ega ekaniga amin bo‘ldik. Saylov barcha xalqaro normalar – oshkoralik, haqqoniylik va ochiqlik kabi tamoyillariga to‘liq rioya etilgan holda, yuksak saviyada o‘tdi. Saylov bayramona muhitda o‘tgani, odamlar yuz-ko‘zidagi quvonch va ko‘tarinki kayfiyat menga juda yoqdi. Demokratik taraqqiyot yo‘li O‘zbekistonni buyuk kelajak sari yetaklamoqda.

Efim Kilar, MDH Ijroiya qo‘mitasi departament direktorining o‘rinbosari:

– O‘zbekistonda parlament saylovi yuksak saviyada, juda muvaffaqiyatli o‘tdi, deyish uchun to‘la asos bor. Mamlakatingiz fuqarolari ovoz berish uchun saylov uchastkalariga bayramona ruhda tashrif buyurib, bu jarayonda faol ishtirok etgani juda quvonarli.

Saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonini kuzatar ekanmiz, O‘zbekistonning saylov tizimi qonunchiligiga va bu boradagi xalqaro standartlarga zid keladigan xatti-harakatlarni, kamchiliklarni uchratmadik. Saylov jarayoni barcha qonun-qoidalarga muvofiq, g‘oyat to‘g‘ri, ochiq va adolatli o‘tdi.

Baxman Aga Razi, Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarining maslahatchisi:

– Parlament saylovlari davomida ko‘plab saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonini kuzatib, shunga guvoh bo‘ldikki, barcha saylov uchastkalarida mazkur siyosiy tadbir uchun yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rilgan. Barcha uchastkalar saylov qonunchiligiga muvofiq zarur texnik jihozlar bilan to‘liq ta’minlangani katta taassurot qoldirdi.

Saylov uchastkalarida boshqa davlatlarda uchramaydigan o‘ziga xos jihatlarga guvoh bo‘ldik. Masalan, yosh bolali fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida ona va bola xonasi hamda saylovchilarning ovoz berish jarayonida salomatligini ta’minlash uchun tibbiyot xonasi tashkil etilgani O‘zbekistonda inson qadri g‘oyat baland ekanining yana bir in’ikosidir. Bunday go‘zal va xayrli islohotlardan boshqa mamlakatlar ham o‘rnak olsa arziydi.

Ken’ichi Matsumoto, Yaponiyaning tibbiyot uskunalari sohasida tashqi texnik ko‘maklashish tashkiloti prezidenti:

– Parlament Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bo‘lib o‘tgan saylovni kuzatarkanman, O‘zbekistonda ushbu muhim siyosiy voqeaga katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilganiga yana bir bor guvoh bo‘ldim. Saylovchilarning faolligi e’tiborimni tortdi. Uchastkalarda saylovni o‘tkazish uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Bu O‘zbekiston xalqi o‘zi tanlagan demokratik taraqqiyot yo‘lidan sobitqadam borayotganidan dalolat beradi.

Folker Neyef, «Berliner Blatt» elektron nashri bosh muharriri (Germaniya):

– Saylov jarayonining yuksak saviyada tashkil etilgani, saylovchilar uchun yaratilgan qulayliklar meni hayratlantirdi. Masalan, byulleten matni saylov o‘tkaziladigan joyga qarab, uch til – o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida chop etilgan. Saylov uchastkalari tongi soat oltida ochilib, kech soat sakkizda yopilgani ham menda katta taassurot qoldirdi. Ovoz berish uchun yetarlicha vaqt berilishi saylovchilarga o‘z konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish imkonini berdi. Salomatligi yomonligi sababli saylov uchastkasiga kela olmagan va keksa yoshli kishilar uchun ularning xonadonlarida ovoz berish tashkil etilgani ham alohida e’tiborga loyiqdir.

Safo Mahmud Al-Janabiy, xalqaro kuzatuvchi (BAA):

– Ovoz berish jarayoni yuqori darajada tashkil etildi, hammasi puxta o‘ylangan. Saylovchilarning uchastkalar ochilishi bilan erta tongda kelgani va o‘zining fuqarolik burchini ado etishga bo‘lgan faolligi meni hayratga soldi. Ularning ayrimlari bilan suhbatlashdim va ushbu voqeaning muhimligini yaxshi anglashi, ona Vatani kelajagini belgilash uchun o‘z mas’uliyatini chuqur his etishiga ishonch hosil qildim.

Nodira Manzurova, Iroda Umarova, Bobur Obidov, O‘zA


11801

24Dekabr 2014



Dolzarb mavzular