Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Yangiliklar | Ro'yxatga o'tish

O’zbekiston – jadal rivojlanayotgan mamlakat

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish uchun mamlakatimizga kelgan qator xorijiy davlatlar va turli xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari, ekspertlari joylarda saylovga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishish asnosida yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, keng ko’lamli islohotlar samaralariga yuksak baho bermoqda. O’zA muxbiri Farg’ona viloyatida mazkur jarayonni kuzatayotgan xalqaro kuzatuvchilar bilan suhbatda bo’ldi.

Sin Guanchen, Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi chegara oldi hududlar tarixi va geografiyasini o’rganish markazi direktori:

O’zbekiston milliy saylov tizimi saylovchilarga o’z konstitutsiyaviy huquqini to’la amalga oshirish imkonini beradi. Markaziy saylov komissiyasi saylov kampaniyasining barcha bosqichlarini samarali tashkil etgan. Mamlakatingiz saylov qonunchiligi ham xalqaro standartlarga to’la mos keladi. Ayniqsa, saylov qonunchiligiga kiritilgan so’nggi o’zgartirish va qo’shimchalar O’zbekistonda ijtimoiy va davlat qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonaman.

Prezident sayloviga ham milliy qonunchilik va xalqaro demokratik tamoyillar asosida puxta tayyorgarlik ko’rilgan. Saylovoldi kampaniyasini olib borish uchun barcha nomzodlarga teng sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Ularning dasturlari, uchrashuvlari ommaviy axborot vositalarida izchil yoritilgan.

Buyuk ipak yo’lida joylashgan O’zbekiston va Xitoy xalqlari o’rtasidagi munosabatlar tarixi uzoq asrlarga borib taqaladi. Qadimiy Movarounnahr bilan Chin yurti o’rtasidagi savdo-sotiq va madaniy aloqalar choy, paxta, ipak, qog’oz va boshqa mahsulotlarning butun dunyoga tarqalishida muhim o’rin tutgan. Bugungi kunda bu hamkorlik munosabatlari yangi mazmun bilan boyib, barcha sohalarda izchil rivojlanmoqda. O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov o’zbek-xitoy hamkorligi rivojiga beqiyos hissa qo’shgan va bu ishlar izchil davom ettirilishiga ishonaman.

Mina Singx Roy, Hindiston Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa va strategik tahlil instituti ilmiy xodimi:

O’zbekistonda bir necha marta bo’lganman. Bu safar muhim siyosiy jarayonda kuzatuvchi sifatida ishtirok etayotganimdan xursandman. Har kelganimda ulkan o’zgarish va yangilanishlar guvohi bo’laman. Amalga oshirilayotgan keng ko’lamli bunyodkorlik ishlari – zamonaviy binolar, keng va ravon yo’llar, ko’rkam bog’u xiyobonlar, muhtasham maydonlar har qanday kishini maftun etadi.

Farg’ona viloyatining Qo’qon shahri va Rishton tumanida bo’lib, diqqatga sazovor joylar bilan tanishdim. Ayniqsa, kulolchilik mahsulotlari menda katta taassurot qoldirdi. “Indorama Qo’qon tekstil” korxonasi faoliyati iqtisodiy sohada katta ishlar amalga oshirilayotganini ko’rsatadi.

O’zbekiston saylov qonunchiligida milliy xususiyatlardan kelib chiqqan holda, xalqaro saylov huquqining eng yaxshi printsiplari va normalari uyg’unlashgan. Bunday siyosat samaralarini mamlakatning jadal rivojlanayotgani, jamiyat hayotining barcha sohalari modernizatsiya qilinayotganida ham ko’rish mumkin.

Saylov kampaniyasining barcha bosqichlari yuksak saviyada tashkil etilgani, saylovchilarning faolligi alohida e’tiborga molik. Farg’ona shahridagi 696-saylov uchastkasida tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdim. Ona va bola, tibbiyot xonalari tashkil etilgani saylovchilarga yaratilgan, boshqalar o’rgansa arziydigan qulayliklardir.

Iskander Matraimov, Qirg’iziston Respublikasi Jo’qorg’u Kenesi deputati:

O’zbek-qirg’iz xalqlari azaldan yaqin qo’shni sifatida ahil-inoq yashab kelgan. Yaqinda o’tkazilgan do’stlik safarlari xalqlarimizni yanada yaqinlashtirdi, hamkorligimiz bundan-da mustahkamlanishiga yangi qadam qo’yildi. O’zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida mustaqillik yillarida ulkan islohotlar amalga oshirildi, buni xalqaro hamjamiyat keng e’tirof etmoqda.

Saylov har tomonlama muvaffaqiyatli o’tishiga ishonchim komil. Umume’tirof etilgan xalqaro talab va me’yorlar asosida o’tayotgan saylovlar O’zbekistonda nainki demokratik davlat qurish yo’lidagi ijobiy o’zgarishlar, balki odamlarning mamlakatda kechayotgan jarayonlarga nisbatan faol munosabatini ham namoyish etmoqda.

Ma’sudjon Sulaymonov, O’zA

9601

03Dekabr 2016



Dolzarb mavzular