Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Yangiliklar | Ro'yxatga o'tish

O‘zbekistondagi tinchlik va osoyishtalik bardavom bo‘lsin

Murtazo Saffori, Eron parlamenti deputati:

– O‘zbekistonda Birinchi Prezident Islom Karimov tomonidan shunday mustahkam poydevor barpo etildiki, bu mamlakatning xotirjam hayot kechirishi, taraqqiy etishi, bugungidek tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazishiga keng sharoit yaratmoqda.

Ochiqlik, transparentlik – bu saylov o‘tkazishning eng muhim tamoyillaridan. O‘nga yaqin saylov uchastkasida bo‘lib, ularning barchasida bu omillar mavjudligini ko‘rdik.

O‘zbekistonga sakkiz yil oldin kelgandim. Juda katta o‘zgarishlar, yangilanish va rivojlanish ro‘y berganiga guvoh bo‘ldim. Ishonchim komilki, bundan keyin ham shunday rivojlanish davom etaveradi, bebaho ne’mat – tinchlik va osoyishtalik barqaror bo‘ladi.

Nina Linde, Latviya fanlar akademiyasi Iqtisodiyot instituti direktori, professor: 

– Har bir uchastkada juda katta va puxta tayyorgarlik ko‘rilganiga guvoh bo‘ldik. Saylovlarga odamlar erkin kelib, xohish-irodasini bildirib, ovoz berdi. Xalqning kayfiyati baland, bayram muhiti hukmron bo‘ldi. O‘zbekistonning iqtisodiy jihatdan izchil taraqqiy etayotgani, xalq farovon yashayotgani bois ham mana shunday ijobiy manzara ko‘zga tashlandi. Zero, o‘tgan 25-yilda O‘zbekistonda bu yo‘lda juda ko‘p ishlar amalga oshirildi.

Eldar Ibragimov, Ozarbayjon Milliy majlisi komissiyasi raisi:

– O‘zbekistonda demokratik talablarga va umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirish kafolatlarini ta’minlaydigan milliy saylov tizimi yaratilgan. Bu Prezident saylovini ana shunday asosda, yuqori darajada o‘tkazishga imkon berdi.

Beshta saylov uchastkasida bo‘ldim va ularning barchasida ovoz berish qonunlarga muvofiq o‘tdi. Fuqarolar saylovda juda faol qatnashdi. Buni boshqa davlatlar bilan solishtirganda katta farqni ko‘rish mumkin. Xalqingizga xos bo‘lgan yuksak vatanparvarlikni boshqa joylarda uchratish qiyin.

Valerius Simulik, Litva Seymining O‘zbekiston bilan parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha guruh rahbari:

– O‘zbekiston har tomonlama rivojlangan. Nafaqat bugungi kunga, balki kelajakka ham salmoqli investitsiyalar kiritilmoqda. Yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularning ilm olishi, sport bilan shug‘ullanishi, tadbirkorlik qilishi uchun imtiyozlar davlat tomonidan ta’minlanmoqda. Bu ijobiy samarasini ko‘rsatmoqda.

Davlat xalq ishonchini qozonayotgani uchun ham aholining saylovga bo‘lgan munosabati ijobiy va ular bu jarayonda faol ishtirok etdi. Saylovga tayyorgarlik ham shunga munosib. Hammasi yuksak darajada. Ko‘zi ojiz kishilar uchun brayl alifbosidagi byulletenlar chiqarilganini boshqa biror davlatda uchratmaganman.

Abdurahmon AL-Xamisi, Misr Arab Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi a’zosi:

– O‘zbekiston dunyoda eng tez rivojlanayotgan, jahon hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega davlat hisoblanadi. Bunga buyuk Yo‘lboshchi Islom Karimov asos solgan milliy model samarasida erishildi. Bugun xalq tanlaydigan nomzod, bo‘lajak Prezident zimmasida ana shu boshlangan ishlarni munosib davom ettirishdek mas’uliyat bor.

Buni xalq ham anglab, saylovga shu nuqtai nazardan yondashib, unda faol ishtirok etdi. Bu jarayonda barchasi tartibli o‘tgani, buning uchun barcha imkoniyatlar ta’minlangani e’tiborga loyiq.

Moxd Yusuf bin Hoji Osman, Islom taraqqiyoti instituti direktori (Malayziya):

O‘zbekistonda fuqarolarning yashirin, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berishi menga juda ma’qul bo‘ldi. Bu har bir fuqaroning o‘z xohish-irodasini bildirishiga, davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda shaxsan ishtirok etishiga imkon beradi. Bularni amalda ko‘rib, saylovga oid tajribangizning ko‘plab ijobiy jihatlarini o‘rganishga muyassar bo‘ldim.

O‘zbekistonning yuqori demokratik talablar asosida rivojlanishida buyuk allomalaringiz qoldirgan boy ilmiy merosning o‘rni katta, deb o‘ylayman.

Maykl Brodi, AQSh universiteti professori:

– Saylov haqqoniy o‘tganiga har bir saylov uchastkasida guvoh bo‘ldik. Fuqarolar yuqori darajada shart-sharoit bilan ta’minlangani, ularning erkinligi va o‘ziga ishonchi har qanday odamni quvontiradi. Bu – haqiqiy demokratik jarayon. Saylov O‘zbekistonning kelgusida yanada taraqqiy etishiga yo‘l ochishiga ishonamiz.

Li Chjunsin, Xitoy xalqaro radiosi muxbiri:

– Saylovga tayyorgarlikning barcha jarayonlarini kuzatib, ular haqida axborot tayyorlab bormoqdamiz. Ommaviy axborot vositalari uchun barcha shart-sharoit muhayyo etib qo‘yilganidan mamnunmiz. Bu saylovning ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga mos o‘tganining yaqqol ifodasidir.

Ko‘plab uchastkalarda bo‘lib, aholining yuqori darajada faolligini kuzatdik. Ota-onalarga hamrohlik qilib kelgan bolakaylarning xursandchiligi, birinchi marta ovoz bergan yoshlar ko‘zidagi quvonch saylovga bayramona ruh bag‘ishladi. Saylov uchastkalaridagi yuqori darajadagi tayyorgarlik va yaratilgan shart-sharoit tahsinga sazovor.

Norgul Abduraimova, O‘zA 

9231

04Dekabr 2016



Dolzarb mavzular