Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Yangiliklar | Ro'yxatga o'tish

O‘zbekistondan kuzatuvchilar Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi saylovida

Ozarbayjon Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasining taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati rahbari N.Nurmatov va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati T.Karimov MDH kuzatuvchilari missiyasi tarkibida Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisiga shu yil 1-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovni kuzatishda ishtirok etishdi.

 

Ozarbayjon Respublikasi Konstitutsiyasining 84-moddasiga asosan har bir chaqiriq Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi saylovi har besh yilda noyabr oyining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi. Ozarbayjon Respublikasi Saylov kodeksining 143-moddasiga muvofiq Milliy Mejlisning 125 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha besh yil muddatga saylanadi.

 

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish Markaziy saylov komissiyasi, 125 ta okrug va 5547 ta uchastka saylov komissiyalari tomonidan amalga oshirildi.

 

Saylovda 15 ta siyosiy partiyalar, o‘z ichiga 7ta siyosiy partiyani birlashtirgan «Azadlig-2015» bloki, mustaqil nomzodlar va o‘z tashabbusi bilan ko‘rsatilgan nomzodlar ishtirok etdi. 125 ta deputatlik mandati uchun 767 nafar nomzod kurash olib bordi: siyosiy partiyalardan – 278 nafar, siyosiy partiyalar blokidan – 20 nafar, fuqarolar tashabbuskor guruhlaridan – 2 nafar, o‘z tashabbusi bilan – 467 nafar.

 

Ovoz berish saylov kuni soat 8.00 dan soat 19.00 ga qadar amalga oshirildi. Markaziy saylov komissiyasining ma’lumotlariga ko‘ra saylovchilar ro‘yxatiga 5 million 198 ming 658 saylovchi kiritilib, ularning 2 million 897 ming 188 nafari, ya’ni 55,7 foizi ovoz berishda ishtirok etdi.

 

Saylov jarayonini 503dan ziyod xorijiy va 57 mingdan ortiq mahalliy kuzatuvchilar kuzatib bordi. Ro‘yxatga olingan nomzodlar, nomzodlari ro‘yxatga olingan siyosiy partiyalar va siyosiy partiyalar bloki «Azadlig-2015» bir nafardan o‘z vakilini tegishli saylov komissiyalari tarkibiga maslahat ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan komissiya a’zosi sifatida yuborish imkoniga ega bo‘ldi.

 

Xorijiy kuzatuvchilar orasida qariyb 40 ta xalqaro tashkilot va 57 ta chet el davlatlarining, shu jumladan Yevroparlament, Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi, MDH, MDH Parlament Assambleyasi, xorijiy davlatlarning parlament delegatsiyalarining vakillari bo‘ldi. Shuningdek, saylov monitoringida saylov uchastkalaridan chiqishda saylovchilar ijtimoiy so‘rovini o‘tkazish (ekzit-poll) bo‘yicha ixtisoslashgan bir necha xalqaro tashkilotlar ham qatnashdi.

 

Saylov kampaniyasini monitoring qilish doirasida MDH kuzatuvchilari missiyasi vakillari Baku, Gyandja, Sumgait shaharlarida, Absheron, Gabalin, Ismail, Salyan, Samux, Neftchalin, Shamkir tumanlarida 1070 ta saylov uchastkalariga tashrif buyurdi, saylov komissiyalarining ishlari bilan tanishdi.

 

Milliy Mejlis saylovining dastlabki natijalariga asosan «Yeni Ozarbayjon» («Yangi Ozarbayjon») partiyasi parlamentda 70 ta o‘ringa ega bo‘ldi. Mustaqil nomzodlar 42 ta saylov okrugidan saylandi. Fuqarolik birdamligi partiyasidan 3 nafar, boshqa 10 ta partiyadan bir nafardan deputat saylandi.

 

Qonunchilikka asosan Markaziy saylov komissiyasi ovoz berish kunidan keyin 20 kundan kechirmasdan okrug saylov komissiyalarining bayonnomalarini tekshiradi va 48 soat mobaynida ularni Konstitutsiyaviy sudga taqdim qiladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

11800

04Noyabr 2015



Dolzarb mavzular