Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Kuzatuvchi | Ro'yxatga o'tish

Munosib nomzodlar saylanishiga ishonamiz

Shu yilning 27 dekabr kuni bo’lib o’tadigan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovni kuzatish jarayonida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan yuzlab vakillar ishtirok etadi. O’zA muxbirlari mamlakatimizga tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchilarning ilk taassurotlari, saylov jarayonlari to’g’risidagi fikrlari bilan qiziqdi.
Babich Bogdasha xonim, Amaliy siyosat instituti direktori (Ukraina):

– O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi o‘z ishini juda puxta va rejali tarzda olib bormoqda. Bu saylovning ko‘ngildagidek o‘tishiga xizmat qiladi. 

O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritilgani e’tiborga molik. Qonun ijodkorligini takomillashtirish, partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni demokratik yangilashdagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi deputatlik o‘rinlari soni 120 tadan 150 taga ko‘paytirilgani shular jumlasidandir. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod ko‘rsatish huquqiga faqat siyosiy partiyalar ega bo‘ldi. Ekologik harakat tashkil etilib, Qonunchilik palatasida unga 15 deputatlik o‘rni berilishi yurtingizda atrof-muhitni muhofaza qilish borasida katta ishlar qilinayotganining yorqin dalilidir. 

Biz, kuzatuvchilarga saylov kuni o‘zimiz istagan uchastkaga borib, saylov jarayonlarini kuzatish huquqi berilgan. Bu esa saylovga tayyorgarlik ishlarini chuqurroq o‘rganish uchun juda katta imkoniyatdir. Men Farg‘ona vodiysidagi saylov uchastkalari va okruglarini borib ko‘rishni ma’qul topdim. 

Siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari bilan tanishib chiqdim. O‘zbekistonda saylov kampaniyasining ochiq va oshkoraligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganining guvohi bo‘ldim. Menga siyosiy partiyalarning keskin bahs-munozaralari juda yoqdi. Bular saylovchilarning ovoz berish jarayonida munosib nomzodni tanlashga bo‘lgan imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. 

Yurtingizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini kuzatib, to‘g‘risi, juda hayratlandim. Zotan, mamlakatning qudrati unda qurilgan binolarda ham aks etadi. 

Anatoliy Savchuk, Belarus Respublikasi Milliy yig‘ilishi Vakillar palatasi deputati yordamchisi:

– O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov jarayonlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatingizga kelganimdan g‘oyat mamnunman. Saylovga oid barcha qonun va hujjatlar bilan tanishib, yurtingizda xalqaro andozalarga to‘la javob bera oladigan saylov tizimi yaratilgan degan xulosaga keldim. Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar esa mamlakatingizning demokratik davlat qurish yo‘lidagi yana bir katta qadamidir. 

Saylovlarning samarali o‘tishida O‘zbekiston fuqarolarining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy savodxonligi va siyosiy faolligi muhim ahamiyat kasb etadi. 

2007 yili mamlakatingizda o‘tkazilgan Prezident saylovida ham kuzatuvchi sifatida ishtirok etgandim. O‘shanda saylovchilarning faolligi meni lol qoldirgandi. Bunday holat dunyo mamlakatlari orasida kam uchraydi. Bu esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov yuritayotgan oqilona siyosat mamlakatingiz aholisiga o‘zi istagan nomzodga erkin ovoz berish imkonini berayotganidan dalolatdir. 

Vitaliy Kulik, Fuqarolik jamiyati muammolari tadqiqotlari markazi direktori (Ukraina):

– 2004 yilda ham O‘zbekiston Respublikasi Parlamenti saylovlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etgandim. Bu gal yurtingizda saylov tizimi va qonunchiligi yanada takomillashganiga guvoh bo‘ldim. Tashkilotimiz Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi siyosiy jarayonlarni kuzatish bilan shug‘ullanadi. O‘zbekistonda juda samarali va izchil demokratik islohotlar olib borilayotir va yuksak natijalarga erishilayotir. Jumladan, sud-huquq va qonunchilik tizimlarini erkinlashtirish borasida katta yutuqlar qo‘lga kiritildi. 

Ommaviy axborot vositalarida chop etilayotgan maqolalarni o‘qish orqali nomzodlarning saylovoldi dasturlari va bahs-munozaralari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldim. O‘zbekistonning saylov tizimi xalq mentaliteti, siyosiy madaniyati, umuminsoniy qadriyatlarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. Mamlakatingiz bu borada juda to‘g‘ri yo‘l tanlagani bois izchil taraqqiy etmoqda. 

Markaziy saylov komissiyasi saylovni yuqori saviyada o‘tkazish uchun katta tayyorgarlik ko‘rgan. Buni saylovchilarning erkin ovoz berishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan saylov uchastka va okruglari misolida yaqqol ko‘rish mumkin.


UzA

7497

25Dekabr 2009



Dolzarb mavzular