Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Kuzatuvchi | Ro'yxatga o'tish

Saylov jarayonlari xalqaro andozalarga mos

Shu yilning 27 dekabr kuni bo’lib o’tadigan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovni kuzatish jarayonida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan yuzlab vakillar ishtirok etadi. O’zA muxbirlari mamlakatimizga tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchilarning ilk taassurotlari, saylov jarayonlari to’g’risidagi fikrlari bilan qiziqdi.
Anatoliy Kasyanenko, “Ukrgidroenergo” ochiq aksiyadorlik jamiyati raisi o‘rinbosari (Ukraina):

– O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, barcha jabhalarda, jumladan iqtisodiyot, yoqilg‘i-energetika, sayyohlik kabi sohalarda ulkan yutuqlarga erishdi. Xalq farovonligi muttasil yuksalib, mamlakatingizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori tobora oshmoqda. Bu yurtingiz tanlagan milliy taraqqiyot yo‘li g‘oyat to‘g‘ri ekaniga yorqin misoldir. O‘zbekiston demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda. 

Bundan avval ham O‘zbekistonda o‘tkazilgan saylovlarda ishtirok etganman. Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, mamlakatingizdagi saylov jarayoni yanada takomillashib bormoqda. Yurtingizda qonun ustuvorligini ta’minlash, adolatni qaror toptirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar o‘z samaralarini berayotir. 

Butun dunyoda atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi dolzarb muammolardan biriga aylangan. Ekologik harakat esa ana shunday muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Bugungi kunda Orol muammosi nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki dunyoning ekologik muammosiga aylangan. Ushbu muammoni bartaraf etishda O‘zbekiston faol ishtirok etmoqda. Atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholi salomatligini mustahkamlash masalalariga e’tiborni yanada kuchaytirish nazarda tutilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi 15 deputatlik mandati O‘zbekiston Ekologik harakati a’zolariga berilgani kelajakda yuksak samaralar berishiga ishonaman. 

Boris Qandov, AQSH va Kanadadagi Buxoro yahudiylari kongressi prezidenti:

– Yurtingizda o‘tkazilgan ko‘plab saylov jarayonlarida ishtirok etishga muyassar bo‘lganman. O‘zbekiston saylov qonunchiligiga oid hujjatlar bilan tanishib chiqdim. Saylovga oid barcha savollarimga to‘liq va aniq javob oldim. Saylovchilar uchun barcha qulay shart-sharoit yaratilganini alohida ta’kidlash joiz. Deputatlikka nomzodlar orasida xotin-qizlar ham ko‘pligi katta ahamiyatga molik. Bu, albatta, mamlakatingizda xotin-qizlarning ijtimoiy mavqeini oshirishga qaratilayotgan ulkan e’tibordan dalolatdir. 

Saylovni ochiqlik va oshkoralik asosida o‘tkazish, saylov tizimini demokratlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilgani, saylovchilarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirish imkoniyati to‘la ta’minlangani saylovning xalqaro standartlarga mos holda o‘tishidan dalolat beradi. 

Shuni qat’iy ishonch bilan aytishim mumkinki, o‘tgan 18 yil mobaynida mustaqil O‘zbekiston barcha jabhalarda ulkan yutuqlarga erishdi. Har kelganimda yurtingizda ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilganining guvohi bo‘laman. Jumladan, Toshkentdagi Amir Temur maydonining tanib bo‘lmas darajada o‘zgarganini ko‘rdim, uning go‘zalligi meni lol qoldirdi. Ushbu xiyobon o‘z tarovati bilan har qanday kishining e’tiborini tortadi. 

Bardunias Nikos, Gretsiyaning “Kafimerini” moliyaviy-iqtisodiy gazetasi yetakchi tahlilchisi, jurnalist:

– Mamlakatingizga kelishdan avval O‘zbekiston Respublikasi saylov tizimiga oid hujjatlarni o‘rgandim. Bu yerda parlament saylovini o‘tkazish uchun katta tayyorgarlik ko‘rilganiga guvoh bo‘ldim. Har bir mamlakat o‘zi istagan tarzda saylov tizimini ishlab chiqish huquqiga ega. O‘zbekistonning mazkur sohaga oid qonun hujjatlarida xalqaro andozalarga mos barcha zarur jihatlar aks etgan. 

2004 yilda ham O‘zbekiston Respublikasi parlamenti saylovlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etganman. Aytishim lozimki, saylovga tayyorgarlik jarayonlari ancha takomillashgan. 

O‘zbekistonda har gal saylov jarayonlarini kuzatish uchun xorijdan yuzlab mutaxassislar taklif etiladi. Bu esa mamlakatingizda erkin saylov tizimi yaratilganidan dalolat berish barobarida saylov jarayonlarining ochiq va oshkora o‘tishini to‘liq ta’minlashga xizmat qiladi.


UzA

5011

24Dekabr 2009



Dolzarb mavzular