Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Kuzatuvchi | Ro'yxatga o'tish

Saylovni bevosita kuzatib borish uchun barcha sharoit yaratilgan

Shu yilning 27 dekabr kuni bo’lib o’tadigan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovni kuzatish jarayonida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan yuzlab vakillar ishtirok etadi. O’zA muxbirlari mamlakatimizga tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchilarning ilk taassurotlari, saylov jarayonlari to’g’risidagi fikrlari bilan qiziqdi.

Siddhart Saksena, Markaziy Osiyo bo‘yicha Kembrij forumi raisi (Buyuk Britaniya):

– O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdim. Internet orqali deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti va dasturlari bilan qiziqdim. Ular haqida ko‘p ma’lumotga ega bo‘ldim. Mamlakatingizning saylovga oid barcha huquqiy hujjatlari xalqaro standartlarga to‘la mos kelishini alohida ta’kidlash joiz. Xalqaro kuzatuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov jarayonlarini bevosita kuzatib borishi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan. 

Shuni alohida qayd etish joizki, O‘zbekistonda barcha sohalarga, ayniqsa, ta’lim sohasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Buni mamlakatingizdagi ko‘plab ta’lim muassasalari misolida ko‘rishga muyassar bo‘ldim. 

Azmat Hayot Xon, Peshovar universiteti rektori, professor (Pokiston):

– O‘zbekistonda ko‘p bo‘lganman, biroq saylov jarayonlarida kuzatuvchi sifatida ilk marta ishtirok etyapman. Saylovga tayyorgarlik jarayoni, deputatlikka nomzodlarning dasturi, okrug va uchastka saylov komissiyalarining faoliyati bilan yaqindan tanishdim. O‘zbekistonda saylovga tayyorgarlik ishlari xalqaro me’yorlarga to‘liq mos. 

O‘zbekistonda atrof-muhit muhofazasiga, Orol muammosini bartaraf etish kabi dolzarb masalalarga katta e’tibor qaratilayotir. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi 15 deputatlik mandati O‘zbekiston Ekologik harakati a’zolariga berilgani atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan qonun loyihalarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. 

Demosfenos Bardzokas, Gretsiya Milliy texnika universiteti professori:

– Men O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olish baxtiga muyassar bo‘lganman. Istiqlol yillarida mamlakatingizda boshqa jabhalar qatori ta’lim sohasida ham ulkan muvaffaqiyatlarga erishilganini ko‘rib, behad quvondim. 

O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasiga saylovni ochiq va oshkora, demokratik prinsiplar asosida o‘tkazish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Xalqingiz demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida dadil odimlamoqda. O‘tkazilajak saylov mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichini belgilab beruvchi omil sifatida xizmat qilishiga ishonaman. 

Akbar Ahmad O‘zgan, “Pokiston-O‘zbekiston” madaniy jamiyati raisi:

– 2007 yili Toshkent, Urganch va Xivaning bir nechta saylov uchastkalarida Prezident saylovi jarayonlarini bevosita kuzatishga muvaffaq bo‘lgan edim. Saylovchilar ovoz berish jarayonida faol ishtirok etgandi. Bu ularning mamlakat taqdiriga befarq emasligidan dalolat. 

Bu gal ham saylov uchastkalarida saylovchilar va kuzatuvchilar uchun zarur barcha qulay sharoitlar yaratilganini ko‘rdim. Deputatlikka nomzodlarning tajrimai holi va dasturlari o‘ziga xosligi, turli yo‘nalishlarni o‘zida mujassam etgani bilan e’tiborga molik. 

O‘zbekistonga har galgi tashrifimda ulkan o‘zgarishlarning guvohi bo‘laman. Yurtingizda xalq farovonligini oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar yuksak samaralar berayotgani xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan.


UzA

7154

23Dekabr 2009



Dolzarb mavzular