Ko'rinish

A
A
A
Ko'rinish o'lchami
Shrift o'lchami
Maxsus imkoniyatlar
| Shaxsiy kabinetga kirish | Рус | O'zb | Ўзб | Eng

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Kuzatuvchi | Ro'yxatga o'tish

Tohir Foruq: "Saylov mingdan ortiq ommaviy axborot vositalarida yoritilgani e’tiborga molik"

Tohir Foruq, “Ittihod” gazetasi muharriri (Pokiston) :
– Jurnalist bo‘lganim uchun O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari faoliyati, ularning Prezident saylovidagi ishtiroki bilan qiziqdim. Saylov jarayoni mingdan ortiq bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida yoritilgani alohida e’tiborga molik. 

23 dekabr kuni Buxoro viloyatidagi bir qator saylov uchastkalarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdim. Barcha uchastkalar zarur texnik vositalar, me’yoriy-huquqiy hujjatlar, adabiyotlar bilan to‘la ta’minlangan ekan. Ko‘cha-ko‘yda, transport vositalarida, aholi gavjum joylarda nomzodlarning tarjimai holi va dasturi aks etgan tashviqot vositalarining ko‘pligi diqqatimni tortdi. Saylovchilarning ayrimlari bilan suhbatlashdim. Ular Prezidentlikka nomzodlarning dasturi bilan yaxshi tanish ekani, saylovda ixtiyoriy ravishda qatnashib, o‘zi tanlagan nomzod uchun ovoz berayotganini aytdi. 

Ba’zi mamlakatlarda saylov kampaniyasini haddan tashqari shovqin-suron, ur-yiqit, bir-birining ustidan mag‘zava to‘kish, nihoyasiz mitinglar, namoyishlar bilan o‘tkazish demokratiya sifatida baholanadi. O‘zbekistonda saylov jarayoni tinch-osoyishta o‘tgani bu yurtda sharqona qadriyatlar, o‘zaro hurmat-ehtirom, andisha, vazminlik, insoniylik va bag‘rikenglik singari ezgu fazilatlar barqaror ekanidan dalolatdir. Demokratiya esa avvalo o‘zgaga hurmatdan boshlanadi. Katta-kichik hurmat qilinmaydigan, qonun tan olinmaydigan, sharm-hayo unutilgan yurtda boshboshdoqlik boshlanadi. 

O‘zbek xalqi esa azaldan o‘zining yuksak aql-zakovati, buyuk mutafakkirlari bilan mashhur. Ularning bugungi vorislari o‘z kelajagini mustaqil belgilash va yangi, mutarraqiy jamiyat barpo etishga, o‘ziga munosib yo‘lboshchi tanlashga qodir. Saylovda umumiy saylovchilarning to‘qson foizdan ko‘prog‘i ovoz bergani xalqning ahilligi, yuksak darajadagi siyosiy ongi va faolligi, yurt istiqboliga befarq emasligidan dalolatdir. 

Dastlabki ma’lumotlarga binoan, Islom Karimovning salkam 90 foiz ovoz olgani esa xalqingizning o‘z Yurtboshisiga bo‘lgan yuksak ishonchining amaldagi yana bir ifodasidir. 

Vatanimga qaytib borgach, o‘zim ishlayotgan gazetada O‘zbekiston haqida, bu yerda demokratik tamoyillar asosida, ochiq-oshkora o‘tkazilgan Prezident saylovi haqida maqola yozish niyatidaman. O‘zbekistondagi tinch-osuda, erkin va barakotli hayotga mening juda havasim keldi. 

O‘zA

6279

27Dekabr 2007



Dolzarb mavzular