O‘zbekiston ekologik harakati haqida
O‘zbekiston ekologik harakati 2008 yil 2 avgustda tashkil topgan.
2008 yil 20 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tgan. Ekoharakat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida kvotalangan 15 ta deputatlik o‘rniga ega. Ekoharakatning Respublika konferensiyasi, Markaziy Kengash, uning Ijroiya qo‘mitasi, Markaziy nazorat-taftish komissiyasi uning rahbar organlari hisoblanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi viloyatlar va Toshkent shahrida O‘zbekiston ekologik harakatining hududiy bo‘linmalari faoliyat olib bormoqda.
Ekoharakat – jamiyatning barcha kuchlari, O‘zbekistonning bugungi fuqarolari va kelajak avlodlari qulay tabiiy atrof muhitda yashash huquqiga ega bo‘lishlari, aholi salomatligini yaxshilashga, muhofaza qilishga, tabiiy resurslarning barcha manbalaridan samarali foydalanishga yo‘naltirilgan say’-harakatlarni safarbar qilishga intiladi. “Sog‘lom muhit – inson salomatligi” Ekoharakatning bosh shioridir.
O‘zbekiston ekologik harakatining dasturiy vazifalari:
-Atrof-muhit muhofazasi va ekologik holatni sog‘lomlashtirish ishida jamoatchilik ishtiroki faolligini har tomonlama kuchaytirish;
-Atrof tabiiy muhit muhofazasi masalalarida qabul qilingan qonunlar va davlat miqyosidagi boshqa qarorlar ijrosini ta’minlash hamda bu sohadagi qonunchilikni rivojlantirish va takomillashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha tizimli ishlarni yuritish;
-Atrof tabiiy muhit muhofazasi va shu maqsadlarga ajratilgan resurslardan oqilona foydalanish borasida qabul qilingan hujjatlarni ijro etishda markaz va joylarda davlat organlari, jamoatchilik va boshqa tuzilmalar mas’uliyatini oshirish;
-Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, ekologik ta’lim va tarbiya tizimini rivojlantirish;
-Atrof-muhit muhofazasi sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
-Atrof-muhit muhofazasi davlat, jamiyat va har bir fuqaroning vazifasi bo‘lishiga erishish;
-Atrof-muhit muhofazasi sohasida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish.
Jamoatchilik e’tiborini ekologik sog‘lomlashtirish va atrof-muhit muhofazasi muammolarini izchil suratda hal etish zaruratiga qaratgan holda Ekoharakat mamlakatimizning barcha fuqarolarini Ona Vatanimizning bebaho tabiiy boyliklarini kelgusi avlodlar uchun asrab-avaylashdek oliy vazifani bajarishda faol ishtirok etishga chaqiradi.
Ekoharakat “Jamiyat” ijtimoiy-siyosiy va “Ekohayot” ijtimoiy-iqtisodiy gazetalariga hammuassis hisoblanadi.
Yosh avlodni Ona tabiat va uning ne’matlariga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash, ularda ekologik bilim va madaniyatni shakllantirish, uzluksiz ekologik ta’lim-tarbiya tizimiga ko‘maklashish maqsadida “Buloqcha” (“Rodnichok”) bolalar ekologik jurnali o‘zbek va rus tillarida chop etilmoqda.
Ekologik muammolar, atrof-muhit muhofazasiga oid qonun hujjatlari buzilishlari haqida tezkor xabardor bo‘lish va ularning yechimini topish maqsadida O‘zbekiston ekologik harakati qoshida “Ishonch telefoni” muntazam faoliyat ko‘rsatmoqda. “Ishonch telefoni” raqami - (99871) 245-96-32.
O‘zbekiston ekologik harakati Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Toshkent shahri, Bunyodkor shoh ko‘chasi, 1 A uyda joylashgan.
Telefon: (99871) 227-44-95
Faks: (99871) 245-12-76
E-mail: info@eco.uz
Web-site www.eco.uz.