O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi

Ïðåññ-ñëóæáà Ïðåçèäåíòà Ðåñïóáëèêè Óçáåêèñòàí

Ïîðòàë Ãîñóäàðñòâåííîé âëàñòè




Saylovoldi tashviqoti – muhim bosqich
25.11.2009
Saylov jarayonining eng muhim va mas’uliyatli bosqichlaridan biri – saylovoldi tashviqoti boshlandi. Bu jarayonda deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar saylovchilarni o‘z kelgusi faoliyat dasturlari bilan tanishtiradilar. Ularning saylovda muvaffaqiyatga erishishi ko‘p jihatdan saylovoldi tashviqotini nechog‘lik faol va samarali tashkil etishiga bog‘liqdir. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiri Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Feruza Ahmedova bilan saylovoldi tashviqotining saylov kampaniyasidagi o‘rni va ahamiyati, huquqiy asoslari, saylovoldi tashviqotini o‘tkazishning asosiy qoida va talablari xususida suhbatlashdi.

– Saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlarning shaxsi, bilimi va salohiyatini saylovchilar oldida to‘la namoyon qilishga, saylovchilarni nomzodlar dasturlarining mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtirishga, saylovchilarni nomzod uchun ovoz berishga da’vat etishga qaratilgan muhim bosqich sifatida saylov kampaniyasida muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi F.Ahmedova. – Saylovoldi tashviqoti nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun o‘z imkoniyatlarini namoyon qilish yo‘lidagi o‘ziga xos siyosiy maydondir. Bu jarayonda Markaziy saylov komissiyasi va barcha bo‘g‘indagi saylov komissiyalarining asosiy vazifasi saylovoldi tashviqoti adolatli, xolis, ochiq va oshkora olib borilishi uchun barcha nomzodlarga teng imkoniyat va kafolatlarni yaratishdan iboratdir.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha konsepsiyada saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha eng muhim talab va maqsadli vazifalardan biri sifatida siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylov qonunchiligi prinsiplari va talablarini hisobga olgan holda saylov jarayonida siyosiy raqobatning madaniyatli shakllaridan foydalanishga ko‘maklashish belgilangan.

Saylovoldi tashviqotini o‘tkazishda xolisona yondashuvni ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yechimining zamonaviy, samarali va muqobil yo‘llarini ko‘rsata bilish, saylovchilarni unga ishontira olish muhim ahamiyatga egadir. O‘z navbatida, saylovoldi tashviqoti mobaynida qonun talablariga qat’iy rioya etish, nomzodlarning sha’ni, qadr-qimmatini hurmat qilish talab etiladi.

– Saylovoldi tashviqotini o‘tkazishning huquqiy asoslari to‘g‘risida gapirib bersangiz.

– Milliy saylov qonunchiligimizda saylovoldi tashviqoti bilan bog‘liq huquqiy asoslar mustahkamlangan bo‘lib, mazkur tadbirning teng, adolatli, ochiq va oshkora asosda olib borilishini to‘la kafolatlaydi. Avvalambor, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqi, shuningdek, har bir saylovchi bir ovozga ega ekanligi, ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanishi mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlarida saylovoldi tashviqotini amalga oshirishga doir qoida-talablar mustahkamlangan.

Saylovoldi tashviqotiga oid qoidalarni belgilashda “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun muhim ahamiyatga ega. Ushbu qonunning 12-moddasiga muvofiq saylovchilar hokimiyatning vakillik organlariga ko‘rsatilgan nomzodlarni yoqlab tashviqot yuritish huquqiga egadirlar. Bundan tashqari, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi qonunning 27-moddasiga muvofiq va “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi qonunning 25-moddasiga binoan saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlar ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran boshlanadi. Deputatlikka nomzodlarga, siyosiy partiyalarga ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquq beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar, siyosiy partiyalarning saylov kampaniyasi davrida saylovoldi tashviqotini o‘tkazishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda ommaviy axborot vositalari tomonidan deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalarga saylovoldi tashviqotini o‘tkazish uchun teng sharoit yaratib berishning tartibi va shakllari mustahkamlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha konsepsiyada siyosiy partiyalarga, deputatlika nomzodlarga o‘z saylovoldi dasturlarining qoidalarini, ularda aks etgan mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb masalalariga doir nuqtai nazarlarini saylovchilarga, jamoatchilikka yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda keng va teng imkoniyatlar yaratilishi belgilangan.

Ma’lumki, avvallari saylovchilarning yig‘ilishlari uchastka saylov komissiyasi tomonidan tashkil qilinardi. Milliy saylov qonunchiligimizga kiritilgan so‘nggi o‘zgartishlarga ko‘ra, saylovchilarning yig‘ilishlari siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda o‘tkaziladi. Saylovchilarning yig‘ilishlari o‘tkaziladigan joy va vaqt, qoida tariqasida, uchastka saylov komissiyalari bilan kelishib olinadi. Mahalliy hokimiyat organlari va jamoat birlashmalari, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari deputatlikka nomzodlarga yig‘ilishlar o‘tkazish uchun jihozlangan xonalar ajratishlari, ularga saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishni tashkil etishda, zarur ma’lumot va axborot materiallarini olishda yordam ko‘rsatishlari shart. Yig‘ilishlar va uchrashuvlarning o‘tkaziladigan joyi hamda vaqti haqida saylovchilarga oldindan xabar qilinadi.

Qonunchiligimizga muvofiq, saylovoldi tashviqotini nomzodlar nomidan ularning ishonchli vakillari ham olib borishi mumkin. Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar o‘n nafar ishonchli vakilga ega bo‘lishlari mumkin. Ishonchli vakillar nomzod deputat etib saylanishi uchun uning nomidan tashviqot yuritadilar, davlat organlari va jamoat birlashmalarining organlari, saylovchilar bilan o‘zaro munosabatlarda, shuningdek, saylov komissiyalarida nomzodning manfaatlarini himoya qiladilar.

Deputatlikka nomzod ro‘yxatga olinganidan keyin o‘z ishonchli vakillarini o‘zi belgilaydi va bu haqda okrug saylov komissiyasiga ma’lum qiladi. Saylov komissiyasi ishonchli vakillarni ro‘yxatga oladi va ularga tegishli guvohnomalar beradi. Ishonchli vakil saylov komissiyasiga a’zo bo‘lishi mumkin emas.

Saylov kuni tashviqot yuritishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ya’ni, saylov kuni saylov uchastkalari va ularning yaqinida og‘zaki hamda yozma tashviqot yuritish, u yoki bu nomzodga ovoz berishga chaqiruvchi plakatlarni osib qo‘yish, turli xil bukletlarni va o‘zida nomzodlar haqidagi ma’lumotlarni ifodalovchi har qanday materiallarni tarqatish taqiqlanadi. Ushbu qoida ovoz berish jarayonida saylovchining o‘z irodasini erkin ifodalashini ta’minlovchi muhim kafolat bo‘lib xizmat qiladi.

– Saylovoldi tashviqotini o‘tkazishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalarga qanday imkoniyatlar yaratiladi?

– Saylovoldi tashviqoti jarayonida ommaviy axborot vositalari g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Shu bois, qonunchilikda bu borada saylov jarayoni ishtirokchilariga, aniqrog‘i, deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun teng sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu masalada Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov bo‘yicha saylov kampaniyasi davrida deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqotini o‘tkazishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom muhim ahamiyatga egadir. Mazkur nizom deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalarning saylov kampaniyasi davrida saylovoldi tashviqotini o‘tkazishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanish tartibini belgilaydi.

Qonunchiligimizga muvofiq, deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarga saylovoldi tashviqotini o‘tkazish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquq beriladi. Ular saylovoldi tashviqotini o‘tkazishning shakli, uslublari va mazmunini mustaqil belgilaydilar.

Ommaviy axborot vositalari deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalarga saylovoldi tashviqotini o‘tkazish uchun teng sharoit yaratadilar. Davriy matbuot nashrlari deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalarga saylovoldi tashviqotini o‘tkazish bilan bog‘liq chiqishlari uchun teng miqdorda bosma maydoni, bir xil joy, bir xil shrift va boshqa shu kabi sharoitlarni ta’minlab beradilar. Davlat ommaviy axborot vositalarining efir vaqti, bosma maydoni deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalarga bepul ajratiladi.

Xulosa qilib aytganda, qonunchiligimizda saylov kampaniyasining muhim tarkibiy qismi hisoblangan saylovoldi tashviqotini o‘tkazish bilan bog‘liq yetarli shart-sharoit va imkoniyatlar belgilangan. Ushbu qoida-talablar saylovoldi tashviqotini olib borish borasidagi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan norma va prinsiplariga mos keladi. Nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovoldi dasturlarining mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish, saylovchilar bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazish orqali tanishtirishda teng huquqlar yaratilgan. Ushbu huquqiy kafolatlar nomzodlar va siyosiy partiyalarga o‘z dasturlarini keng targ‘ib qilish imkonini beradi hamda saylovchilarga nomzodlar orasidan o‘zi uchun munosibini tanlashga xizmat qiladi.



UzA
408 marta o`qilgan



Ðàçðàáîòêà UZINFOCOM
Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER