– Saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlarning shaxsi, bilimi va
salohiyatini saylovchilar oldida to‘la namoyon qilishga, saylovchilarni
nomzodlar dasturlarining mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtirishga,
saylovchilarni nomzod uchun ovoz berishga da’vat etishga qaratilgan
muhim bosqich sifatida saylov kampaniyasida alohida ahamiyat kasb
etadi, – deydi M.Xo‘jayev. – Bu jarayonda Markaziy saylov komissiyasi
va barcha bo‘g‘indagi saylov komissiyalarining asosiy vazifasi
saylovoldi tashviqoti adolatli, xolis, ochiq va oshkora olib borilishi
uchun barcha nomzodlarga teng imkoniyat va kafolatlarni yaratishdan
iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq
deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik
ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha konsepsiyada saylovga tayyorgarlik
ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha eng muhim talab va maqsadli
vazifalardan biri sifatida siyosiy partiyalar va deputatlikka
nomzodlarning saylov qonunchiligi prinsiplari va talablarini hisobga
olgan holda saylov jarayonida siyosiy raqobatning madaniyatli
shakllaridan foydalanishga ko‘maklashish belgilangan.
Milliy
saylov qonunchiligimizda saylovoldi tashviqoti bilan bog‘liq huquqiy
asoslar mustahkamlangan bo‘lib, mazkur tadbirning teng, adolatli, ochiq
va oshkora asosda olib borilishini to‘la kafolatlaydi. O‘zbekiston
Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasida O‘zbekiston Respublikasi
fuqarolarining davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va
saylanish huquqi, shuningdek, har bir saylovchi bir ovozga ega
ekanligi, ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi
va erkinligi qonun bilan kafolatlanishi mustahkamlab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar saylov huquqlarining
kafolatlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga
saylov to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar
Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy
saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlarida saylovoldi
tashviqotini amalga oshirishga doir qoida-talablar mustahkamlangan.
“O‘zbekiston
Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi qonunning
27-moddasiga muvofiq va “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar
Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi qonunning 25-moddasiga binoan
saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlar ro‘yxatga olingan kundan
e’tiboran boshlandi. Deputatlikka nomzodlarga, siyosiy partiyalarga
ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng imkoniyatlar
yaratilgan.
Siyosiy partiyalar, deputatlika nomzodlar o‘z
saylovoldi dasturlarining qoidalarini, ularda aks etgan mamlakatimizni
ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb
masalalariga doir nuqtai nazarlarini saylovchilarga, jamoatchilikka
yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalaridan keng va teng
foydalanmoqdalar.
– Hozir deputatlikka nomzodlar
saylovoldi tashviqotini olib bormoqdalar. O‘zlarining ishonchli
vakillarini tayinlamoqdalar. Deputatlikka nomzodlarning ishonchli
vakillarining huquq va majburiyatlari nimalardan iborat?
–
Deputatlikka nomzodning ishonchli vakili – ro‘yxatga olingan nomzod
tomonidan tayinlanadigan, o‘z faoliyati bilan tegishli nomzodning
saylanishiga ko‘maklashadigan shaxsdir. Alohida ta’kidlash joizki,
ishonchli vakillarni tayinlash deputatlikka nomzodning majburiyati
emas, balki huquqidir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod o‘n nafarga qadar, xalq
deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatligiga nomzod uch
nafarga qadar ishonchli vakilga ega bo‘lishi mumkin. Ishonchli vakillar
nomzod deputat etib saylanishi uchun tashviqot yuritadilar, davlat
organlari va jamoat birlashmalarining organlari, saylovchilar bilan
o‘zaro munosabatlarda, shuningdek, saylov komissiyalarida nomzodning
manfaatlarini himoya qiladilar.
Deputatlikka nomzod
ro‘yxatga olinganidan keyin o‘z ishonchli vakillarini o‘zi belgilaydi
va bu haqda okrug saylov komissiyasiga ma’lum qiladi. Saylov
komissiyasi ishonchli vakillarni ro‘yxatga oladi va ularga guvohnoma
beradi. Deputatlikka nomzod okrug saylov komissiyasiga ma’lum qilgan
holda saylovga qadar o‘z ishonchli vakilini istagan vaqtda vakolatidan
mahrum qilishi va uni boshqasi bilan almashtirishi mumkin. Ishonchli
vakil istagan vaqtda o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishga haqli.
Ishonchli vakil saylov komissiyasiga a’zo bo‘lishi mumkin emas.
–
Ma’lumki, saylovning qonunga qat’iy rioya qilgan holda, ochiq va
oshkora o‘tishida kuzatuvchilar muhim ahamiyat kasb etadi. Milliy
saylov qonunchiligimizda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni
o‘tkazishda siyosiy partiyalardan kuzatuvchilarning ishtirokiga doir
qanday qoidalar belgilangan?
– “O‘zbekiston
Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari
viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi qonunlarga
muvofiq, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha
tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va
ovozlarni sanab chiqishda deputatlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy
partiyalardan bittadan kuzatuvchi, ommaviy axborot vositalarining
vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan
kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egadirlar. Ularning vakolatlari
tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.
Siyosiy
partiyalar o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida okrug saylov komissiyalariga
saylovga kamida o‘n besh kun qolganida ma’lum qilishlari kerak. Okrug
saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi
tomonidan belgilanadigan namunadagi mandatni siyosiy partiyadan ariza
olinganidan keyin kuzatuvchiga besh kun ichida beradi.
Boshqa
kuzatuvchilar singari siyosiy partiyalar kuzatuvchilari ham okrug va
uchastka saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish, saylov
uchastkasida hozir bo‘lish hamda tayyorgarlik ishlarining borishini,
ovoz berish uchun saylov qutilarining joylashtirilishini va
muhrlanishini, fuqarolarga saylov bulletenlarining berilishini
kuzatish, ovozlarni sanab chiqishda va uchastka saylov komissiyasining
bayonnomalarini tuzishda hozir bo‘lish, saylov natijalari to‘g‘risidagi
hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan
nusxalarini so‘rash va ularni olish, agar saylov uchastkasida qonun
buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblash uchun asos bo‘lsa, o‘z
kuzatuvlari to‘g‘risida yuqori saylov komissiyasiga ma’lum qilish
huquqiga egadirlar.
Shu bilan bir qatorda, kuzatuvchilarga
saylovchi saylov bulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda yashirish
ovoz berish kabinasi yoki xonasida bo‘lish, saylovchilarga ta’sir
o‘tkazish, biron-bir tashviqot materiali yoki adabiyoti tarqatish,
saylovchilardan ular kimni yoqlab ovoz berganliklarini surishtirish
yoki saylovchilarga saylov bulleteniga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda
yordam ko‘rsatish, uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, shu
jumladan, saylov qutilarini muhrlashda, ularni ochishda, ovozlarni
sanab chiqishda aralashish man etiladi.
Saylov to‘g‘risidagi
qonunchiligimizda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda
siyosiy partiyalardan kuzatuvchilarning ishtirok etish huquqi
kafolatlangani deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalarning
manfaatlarini to‘liq ta’minlash barobarida saylovning xolis, ochiq va
oshkora o‘tishiga ham xizmat qiladi.
Xulosa qilib
aytganda, qonunchiligimizda saylov kampaniyasining muhim tarkibiy qismi
hisoblangan saylovoldi tashviqotini o‘tkazish bilan bog‘liq yetarli
shart-sharoit va imkoniyatlar belgilangan. Ushbu huquqiy kafolatlar
nomzodlar va siyosiy partiyalarga o‘z dasturlarini keng targ‘ib qilish
imkonini beradi hamda saylovchilarning nomzodlar orasidan o‘zi munosib
deb hisoblagani uchun ovoz berishiga xizmat qiladi.
UzA