VATAN UCHUN JONIN TIKKANLAR ( I qism)

“Vatan uchun jon fido!”

Yo‘q, bu, shunchaki, rasmi mulozamat uchun tanlangan balandparvoz gap emas. Bu – Ikkinchi jahon urushi yillarining “ko‘z ilg‘amas janggohlari”da jasorat ko‘rsatgan jasur o‘zbek razvedkachilaridan biri- Sharif Shirinboyevning eng sevimli iborasi, eng qaltis vaziyatlarda taqdirini hal qilgan kalom, hayotida bir umr qat’iy amal qilib yashagan  dastur.

Urushda erishilgan olamshumul g‘alabaga O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining o‘z Vatani, xalqi va burchiga sadoqatli minglab xodimlari ham beqiyos hissa qo‘shgan. Ular Qurolli Kuchlarning askar va zobitlari bilan bir qatorda bosqinchilarga qarshi janggohlarda, dushman orasida va front ortidagi beayov kurashlarda yuksak jasorat namunalarini ko‘rsatgan, ko‘plab yuksak jangovar va davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan.

Sharif Shirinboyev - ulardan biri. 1908 yili Samarqand shahrida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. Avval bu qadim shahardagi o‘rta maktabda, keyin Farg‘ona davlat pedagogika institutining tarix fakultetida tahsil olgan. Bir muddat shahardagi Bog‘ishamol tuman sudida ishlagan. Yigirma to‘rt yoshida davlat xavfsizlik tizimida faoliyatini boshlab, maxsus kurslarda bilim va ko‘nikmasini oshirgan.

Otasi Abduqayum Shirinboyev Samarqand uyezdi rahbarining tarjimoni bo‘lib ishlagan, o‘z davrining ma’rifatli odamlaridan bo‘lgan. Bu o‘g‘lining hayotida muhim o‘rin tutgani tabiiy.

Ajoyib suhbatdosh

Sharif Shirinboyev haqida menga O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining iste’fodagi polkovnigi, maxsus xizmat faxriysi Xudoyberdi SOHIBOV gapirib berdi.

Darvoqe, avval tanishaylik: polkovnik Xudoyberdi Sohibovning o‘zi kim? Qanday odam?

“Kim?” Suhbatdoshim bir zum xayolga toladi-da, dadil javob beradi: “Xudoning oddiy bir bandasi. Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida tug‘ilib o‘sgan. Musiqa maktabida o‘qigan. “Mendan Betxoven chiqmas ekan” deb, cholg‘u ilmidan voz kechib, Muxtor Ashrafiyday atoqli bastakorning tanbehlarini eshitgan. ToshDUning (hozirgi Milliy universitet) sharqshunoslik fakultetida xorijiy tillarni o‘rgangan. Nurotadagi qishloq maktabida bolalarga ingliz tilidan saboq bergan. So‘ng xavfsizlik xizmatiga ishga taklif etilgan. Kontrrazvedka, razvedka kabi sohalar unga ham begona emas”.

Maxsus topshiriqlar bilan xorijga ham yuborilgandir, albatta?

“Ha, unaqasi ham bo‘lgan. Shukrki, hammasidan yorug‘ yuz bilan qaytgan”.

Umrini maxfiy xizmat ishiga bag‘ishlagan bu mohir mutaxassisni “Domla” deb atagim keldi. Mabodo, ilk uchrashuvimizdan avval, ko‘cha-ko‘y, to‘y-ma’rakada baqamti kelib qolganimda ham, Xudoyberdi akaga hech ikkilanmay shunday murojaat qilgan bo‘lar edim: “Domla!”

U, rostan ham, muallimga, aniqrog‘i, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiga o‘xshaydi. Juda odmi, lekin did bilan kiyingan, siyraksiy boshlagan kumush sochlari silliq taralgan, kamtarin, kamsuqum. Farqi - uning yoshiga yetib, saksonni qoralab qolganida, aksariyat mardum, atoqli adibimiz aytganidek, “jag‘iga suyanib qoladi”. Mening suhbatdoshim esa, aksincha, gapga o‘ta hasis. “Grammlab gapiradi”. Har bir so‘zini ming marta o‘ylab, shoshilmasdan, tahlil tarozisiga solib aytadi.Tiliga pishiq, ajoyib suhbatdosh.

U urushdan keyingi, tinchlik-osoyishtalik yillarida Sharif Shirinboyevning suhbatlarini olgan. Xotiralaridan bahramand bo‘lgan. Hayoti va faoliyatini astoydil o‘rgangan.

“Men Sharif aka bilan o‘tgan asrning 60-yillari oxiri, 70-yillarning boshida ko‘p uchrashganman, - deb gap boshladi Xudoyberdi aka. –Fozil va zakiy odam edi. Boshqa hamkasblarim qatori men ham u kishidan ko‘p maslahatlar olganman. Ustozimiz. Ayrim asarlarini, xususan, “Sharqdan esgan nasim” xotira kitobini qo‘lyozmaligida o‘qiganman. Afsuski, o‘sha paytlarda uni chop etishning iloji bo‘lmagan”.

Olov ichida

Bilamizki, fashistlar Germaniyasi Sovet Ittifoqiga 1941 yilning 22 iyunida hujum qilgan va bu qonli urush g‘oyat uzoq - to‘rt yil – fashistlar batamom tor-mor etilgunicha, 9 maygacha, davom etgan. Sharif Shirinboyev uchun esa suronli yillar bundan ancha oldin – 1937 yilning kuzagida boshlanganini ta’kidlash o‘rinli.

O‘sha yili u afsonaga asoslangan “Sharif Qayumiy” degan nom, shu nomga yarasha to‘qilgan tarjimai holni diliga va hujjatlariga tugib, maxfiy topshiriq bilan Xitoyning Shinjon viloyatiga yuborilgan. Avvalo, yashirin faoliyatining mana shu – birinchi davriga to‘xtalib o‘tsak.

 

Bu paytda Xitoy tom ma’nodagi Yapon urushi olovi ichida qolgan, uning talay qismini Kvantun armiyasi ishg‘ol qilib bo‘lgan edi. 1931 yilning sentyabrida boshlanib, sakkiz yil davom etgan yapon-xitoy urushi davrida Chin yurtida 20 milliondan ortiq odamning yostig‘i qurigan. Aslini olganda, Kvantun harbiylarining rejasi uch-to‘rt oy ichida Xitoyni “saranjomlab”, keyin Shimolga qarab siljishdan iborat bo‘lgani sir emas.

Bunday vaziyatda Sovet hukumati ham qo‘l qovushtirib turolmasligi aniq edi. Xitoy xalqi bilan birdamligini izhor etib, bayonot beradi va 30-yillarda bu jabrdiyda mamlakatga harbiy texnika, qurol-yarog‘ va oziq-ovqatdan katta yordam ko‘rsatadi.

Xitoy xalqining bosqinchilarga qarshi olib borgan qaqshatqich kurashi Yaponiyani holdan toydirgan va u sovetlar diyoriga hujum qilishga botinolmagan.  

Dunyoning eng qadimiy davlatlaridan biri bo‘lmish Chin yurtida o‘sha yillari yapon, nemis fashistlari va ingliz razvedkasi o‘z to‘rini keng yoygan edi. Mamlakatda hokimiyat, jumladan, joylardagi mahalliy hokimiyat ham, turli xorijiy davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan goh u, goh bu siyosiy guruh qo‘liga o‘tar ediki, ularning o‘zaro ayovsiz qon to‘kishlari fuqarolar urushiga aylanib ketgan, bunday muhorabalar oqibatida Xitoy tubsiz jar yoqasiga kelib qolgan edi.

“Suhbatlarimizdan birida Sharif aka, rahmatli, xizmat yuzasidan o‘tkazilgan tadbirlar asnosida o‘zi guvoh bo‘lgan qiziq bir kuzatishini hikoya qilib bergan edi, - deb gapini davom ettiradi polkovnik X.Sohibov. -Aytishicha, o‘zaro hokimiyat talashayotgan isyonchi to‘dalar rahbarlarining birining xonasidagi devorda Gitler, ikkinchisinikida Stalin, boshqasinikida Buyuk Britaniya Bosh vaziri Cherchillning surati osig‘liq turganini ko‘rish mumkin ekan. Vaziyat shu darajada murakkab va chigal bo‘lganki, qaysi guruh qanday maqsadda kurashayotganini na ichidan, na sirtidan aniq bilish, anglash oson emasdi. Xiyonat va xoinlik vabo singari keng tarqalgan, Xitoydek qudratli davlatni ichdan yemirib, parchalanish darajasiga olib kelgan edi”.

Ajal bilan yuzma-yuz

Bunday porakandalikdan ustamonlik bilan foydalangan yirik davlatlar, jumladan, yapon harbiylari va razvedkachilari Xitoy bilan chegaradosh mamlakat - Sovet Ittifoqiga, jumladan, O‘rta Osiyo o‘lkalariga, qarshi qo‘poruvchilik ishlarini avj oldirayotgan edi. Bunda ular kollektivlashtirish, quloq qilish va surgunga badarg‘a etilishdan qo‘rqib, chet ellarga qochishga majbur bo‘lgan, har tomonlama tang ahvolga tushib qolgan muhojirlarni yollashga o‘tgan. Maqsad – o‘zbek, qozoq, turkman, qirg‘iz, uyg‘ur millatlariga mansub musofirlarni yo‘ldan og‘dirib, qo‘liga qurol berish, O‘rta Osiyoga tashlash hamda strategik jihatdan o‘ta muhim mazkur mintaqada ham Xitoydagi kabi parokandalikni keltirib chiqarish. Yangi urush olovini yoqib, xalqni qirg‘inbarotga giriftor qilish orqali Movaraunnahrning boyliklarini talash.

Sharif Shirinboyevning zimmasiga ana shunday katta tahdidlarning oldini olish bilan bog‘liq g‘oyat xavfli va nozik vazifa yuklangan ediki, o‘zbek o‘g‘loni o‘z burchini yuksak sharaf bilan ado etdi.

Qashg‘arga kelganidan so‘ng u tegishli odamlarning yordami bilan Shinjon viloyati polisiyasi boshqarmasi tezkor agentura bo‘limi boshlig‘ining yordamchisi lavozimiga ishga joylashishga muvaffaq bo‘ladi. Bunda “Sharif Qayumiy”ning bir nechta tilni, jumladan, Markaziy Osiyo xalqlari tilllarini puxta bilishi muhim o‘rin tutgan.

“Ta’kidlash joyizki, - deydi Xudoyberdi aka, - begona davlatning xavfsizlik xizmatiga, boz ustiga, uning “yuragi” - agentura bo‘limiga  ishga joylashish razvedkachi orzu qilishi mumkin bo‘lgan katta omad. Chunki, Xitoyning o‘zida va undan xorijda, jumladan, Sovet Ittifoqida, ish olib borayotgan yuzlab agentlarga, ular amalga oshirayotgan, rejalashtirayotgan g‘oyat maxfiy harakatlarga oid ma’lumotlar aynan Sharif Shirinboyev xizmat qilgan o‘sha bo‘limda jamlangan va umumlashtirilgan. Ayni paytda, mazkur bo‘limning vazifasiga siyosiy jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, hibsga olingan gumondorlarni tergov qilish ham kirgan. Bu, bir tomondan,  g‘oyat ulkan imkoniyat bo‘lsa, ikkinchi tomondan, razvedkachimizning tepasida o‘tkir tig‘li qilich doim o‘ynab turishini ham anglatar edi. Zero, kutilmaganda siri fosh bo‘lib, muqarrar o‘limga yuz tutishi hech gap emasdi. 

Oradan bir yil o‘tggach, viloyat jamoat xavfsizligi bosh boshqarmasi inspektori lavozimiga ko‘tarilgan “Sharif Qayumiy” tug‘ilgan imkoniyatdan juda samarali foydalangan. Avvalo, muhojirlar va muvojirlar orasidan o‘ziga ishonchli ko‘makdoshlar topib, ular bilan mustahkam aloqa o‘rnatgan. O‘rta Osiyodan qochib, Shinjondagi xorij razvedkachilarining yo‘rig‘ida ish yuritayotgan ko‘plab kallakesarlarning kirdikorlari-yu rahnamolarini aniqlagan”.

Arxiv ma’lumotlariga qaraganda, 1939 yilning mayida Qashg‘ar polisiyasi boshqarmasi tomonidan chet el razvedkasi bilan aloqadorlikda ayblanib o‘ttizdan ortiq ofiser, jumladan, Sharif Shirinboyev ham qamoqqa olinadi. Tergov jarayonidagi qiynoqlarga qarmasdan, u chet el, jumladan, Sovet razvedkasiga aloqasi borligini butunlay rad etadi. Qayd qilinganidek, afsonaga asoslangan o‘sha “Sharif Qayumiy” nomi va  shunga yarasha to‘qilgan tarjimai holida turib oladi.

U otishga hukm qilinadi. Bir kishilik kamerada qatl etishlarini kutish azobi boshlanadi. Uqubat to‘rt oydan ko‘proq cho‘ziladi.

Temir eshikning ochilishi

1939 yil 17 sentyabri tonggida to‘satdan kameraning temir eshigi ochilib, ikki harbiy kiradi va uning boshiga yostiq ustida yotgan kamzulini tashlaydi. O‘ttiz yoshli razvedkachi kuni bitganini anglaydi.  

Sharif Shirinboyevni qamoqxonadan sudrab olib chiqar ekanlar,  undan oxirgi marta so‘raydilar: “Agar asli o‘zing kimligingni va Sovet razvedkasi bilan aloqang borligini aytsang, hayotingni saqlab qolamiz!”

“Bu sinov uchun berilgan savol ekanini razvedkachimiz o‘sha paytda bilmagan, albatta, - deb xotirlaydi Xudoyberdi Sohibov. - Dor ostida turgan yigitning javobi qat’iy bo‘ladi: “Men Sharif Qayumiyman. Boshqa gapdan xabarim yo‘q!”

Uni mashinaga o‘tqizadilar va uzoq yuradilar. “Meni shahardan tashqariga chiqarib otishsa kerak”, deb o‘ylaganini bot-bot eslagan edi keyinchalik Sharif aka.

O‘ydim-chuqur yo‘llardan ketib borar ekanlar, yonida o‘tirgan xitoylik ofiser unga yana sekin g‘uldiraydi: “Vatan uchun jon fido!”

Bu razvedkachimizning ishonchli va mahram maslakdoshlari o‘rtasida sinash uchun aytiladigan, juda sanoqli odamlargina biladigan shartli so‘zlar – parol edi.        

“Kimdir sotibdi!” degan gap xayolidan chaqmoqdek o‘tgan Sharif Shirinboyev yana o‘zini tushunmaganga oladi.

“Mashina uzoq yurdi, - deb eslaydi u keyinchalik. – Juda uzoq. Tekis ko‘chalar ortda qolib, tuproq yo‘l boshlandi. Dimog‘imga dala-dashtning epkini, qovjiragan o‘t-o‘lan hidi keldi.

“Demak, cho‘lga chiqarib otishmoqchi. Jinoyat izini yo‘qotishmoqchi!” Ona shahrim Samarqand, ota-onam ko‘z oldimga kelib, ularga g‘oyibona alvido  aytdim. Birdan mashina to‘xtab, meni qandaydir zinadan yetaklab chiqishdi. Samolyot! Uchdik va Olmaotaga qo‘ndik. O‘zimiznikilar ekan!”

Maxsus xizmatlar muhim davlat topshirig‘ini bajarish paytida o‘z xodimi xoh xorijda, xoh mamlakatning ichkarisida bo‘lsin, nochor ahvolga tushib qolsa, uni, albatta, qutqaradi, - deb ta’kidlaydi polkovnik X.Sohibov. - Bu – xizmatimizning oltin qoidasi.

 

Sharif Shirinboyev ham Xitoydagi g‘oyat qattiq qo‘riqlanadigan qal’a-qamoqxonadan jasur hamkasblari tomonidan ozod etilgan edi”.

E’tirof

Ikki yil davom etgan tekshir-tekshirlardan keyin, nihoyat, 1939 yil 29 noyabrda SSSR Ichki ishlar xalq komissari raisining o‘rinbosari V.Merkulov imzosi bilan Toshkentga 5293/b raqamli xat jo‘natiladi. Unda jumladan, shunday satrlar bor edi:

“O‘zbekiston Ichki ishlar xalq komissarligi Qoradaryo tuman bo‘limining sobiq boshlig‘i, Davlat xavfsizlik xizmati serjanti o‘rtoq Sharif Qayumovich Shirinboyev 1937 yilning oktyabrida Shinjonga maxsus topshiriq bilan jo‘natilgan edi.

Muayyan sharoit taqozosi bilan Shirinboyev hibsga olinib, to‘rt oy Xitoy qamoqxonasida saqlandi. Jangavor topshiriq nuqtai nazaridan biz uning qamalishiga yo‘l qo‘yishga majbur bo‘lgan edik. Biroq keyinchalik ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida Shirinboyev qamoqdan qutqarilib, o‘zimizning hududga olib kelindi. Shirinboyev Xitoy qamoqxonasida o‘tirgan paytida va o‘tkazilgan tergovlar jarayonida chin inson, Davlat xavfsizlik xizmatining sadoqatli xodimiga xos sabot-matonatini namoyon qildi. Ayni paytda, uni yana Shinjonga yuborishning, muayyan sabablarga ko‘ra, iloji yo‘q. Shinjon polisiyasi tomonidan qamoqqa olinishi Shirinboyevning obro‘-e’tiboriga soya soladigan ma’lumot sifatida talqin qilinmasligi kerak.

Ixtiyoringizga yuborilayotgan Shirinboyevning qanday lavozimga tayinlangani haqida ma’lum qiling”.

Bu – Shirinboyevning razvedkachilik faoliyatiga berilgan yuksak baho edi.

Shunday qilib, mohir razvedkachimiz faoliyatining birinchi davri xayrli yakun topadi va ikkinchi bosqichi boshlanadi.

Urush yillari Markaz davlat xavfsizlik xizmati leytenanti  Sharif Shirinboyevni chet ellarda maxsus vazifalarni bajarishga tayyorlash uchun SSSR razvedkachilari zaxirasiga kiritadi. 1941 yilning oktyabrida u atoqli razvedkachi, general-leytenant Pavel Sudoplatovning qabuliga chorlanadi. Partizanlar harakatini, xorijda, dushman orasida razvedka ishlarini tashkil etishga rahbarlik qiluvchi bu odam bilan suhbatdan so‘ng, 1942 yili, Sharif Shirinboyev Eronga 1948 yilgacha davom etgan maxsus safarga otlanadi. Zimmasiga fashistlar agenturasining Sovet Ittifoqiga qarshi olib borayotgan qo‘poruvchilik harakatlarini aniqlash va barbod etishdan iborat jangovar vazifa yuklanadi.       

 

Qulman OCHIL

Manba: “Hurriyat” gazetasi.

14.05.2020 147