O‘ZBEKONA MEHR JOZIBASI

Jazirama kunlar boshlanishi bilan shahar-qishloqlarimizda chanoqovbosdi ichimliklar, meva sharbati iste’molining foydasiyu savdosiga bag‘ishlangan rang-barang reklama lavhalari ko‘paydi. Sarxil mevalari bilan yetti iqlimga dong‘i ketgan O‘zbekistonday jannatmonand mamlakatda bu tabbiy hol. Shukrki, sohibkorlarimizning say’-harakati bilan yurtimizda endilikda to‘rt faslda ham pishiqchilik.

Ayni jarayondagi eng muhim o‘zgarish - barcha tashqi yozuvlar, shu jumladan lavhalar, e’lonlar, ko‘rgazmali boshqa axborot matnlari, tashqi reklama mahsulotlarining davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lishi yuzasidan jadal va samarali ishlar boshlanganida o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda. Ko‘chalar, mahallalar, qishloqlar va korxonalarda davlat tilidagi reklama vositalari, peshlavhalar, joy nomlari kun sayin ko‘paymoqda. Buni ommaviy axborot vositalarini va ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar, yurtdoshlarimizning e’tiroflaridan ham ko‘rish mumkin.

Bu mamlakatimizda davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyatining izchil yo‘lga qo‘yilayotgani bilan ham bog‘liq. Zero, barcha bo‘g‘indagi maslahatchilar hamkor tashkilotlar vakillari bilan birgalikda, tashqi yozuvlar, jumladan lavhalar, e’lonlar, ko‘rgazmali boshqa axborot matnlari, tashqi reklama materiallarini qadam baqadam yurib, xatlovdan o‘tkazmoqda. Jumladan, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Andijon shaharlarida o‘tkazilgan ana shunday izchil tadbirlar samarasida yuzlab reklama va peshlavha matnlarini davlat tili talablariga moslash yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi. Bunday xayrli ishlarning ko‘lami tobora kengayib, samaralari ortib borayotgani g‘oyat quvonarli.

Darvoqe, o‘zbekcha reklama asli o‘zi qanday bo‘lishi kerak? Yodingizda bo‘lsa, sal ilgari gavjum ko‘chalardan joy olgan salobatli lavhada xushro‘ygina ayol meva sharbati to‘la idishni uzatgancha: “Sizga ham ilindik!” deb muloyim jilmayib turardi. Ko‘rib, quvonib ketardingiz: “Sizga ham ilindik!”

Sodda, samimiy bu lutfning zamirida nafaqat xaridorni chorlash, balki o‘zbekona mehr mujassam. Odatda tansiq taomni eng yaqin, qadrdon kishimiz bilan baxam ko‘rgimiz kelsa, unga ilinamiz. Bu uch so‘zda ana shunday o‘zbekona nazokat, lutf, ehtirom, mehr bor. Mamlakatimiz davlat tilining boy latofati, jozibasi va ta’sir kuchidan reklamada foydalanish, aslida, mana  shunday bo‘lishi kerak, nazarimda. Shu bois, do‘konga kirganimda xalqimizga, tilimizga  - o‘z mijozlariga mehri baland  o‘sha barakali shirkatning (reklamaga yo‘ymasliklari uchun nomini aytmayapman)  mahsulotlarini xarid qilishga shoshilaman.

Zero, ilgari har qadamda uchrab turadigan “Musiqali sigirlar suti”, “Salom, Shirin, men shaftoliman!”, “Salom, Kamilla, men olchaman!” (imlosi asliday),  “O‘yinda bo‘l!”, “Chanqog‘ingga ishon!”, “Mevali quvonch”  kabi tushunish qiyin reklama mahsulotlarining oldida bu lutf  naqadar jozibali va esda qolarli: “Sizga ham ilindik!”

Bobolarimiz ona tiliga sadoqatni Vataniy ish, ya’ni millat, Vatan taqdiriga daxdor vazifa deb bilganlar. Bu hikmatga amal qilish  barchamizning - reklama beruvchilarning ham, tayyorlovchilarning ham, xaridorlarning ham sharafli burchidir.

 

Q.Ochilov

Manba: “XXI asr” gazetasi.

2020 yil 18 iyun.

18.06.2020 124