Daholardan ulug‘lik ulgusini olish – Vatanga munosib farzand bo‘lishning muhim sharti

Daho darajasiga yetishgan zotlar o‘zlari tug‘ilib o‘sgan joy, o‘zlari mansub bo‘lgan millatni mukarram etadilar – dunyoga tanitadilar. Misol tariqasida musulmon olamida mashhur Imom Buxoriy, Imom at-Termiziy, Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshbandiy, az-Zamaxshariy va yana o‘nlab bobokalonlarimizning nomlarini keltirishimiz mumkin. Xususan, Muhammad Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimiz insoniyat taraqqiyotiga, xususan, ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifatning yuksalishiga ulkan hissa qo‘shgan.

Ular tomonidan barpo etilgan buyuk saltanatlar, muhtasham tarixiy obidalar bugun ham xalqimiz dahosining yorqin namunalari sifatida dunyo ahlini hayratga solib kelmoqda. Xorijda shu zotlar tufayli vatandoshlarimizga alohida hurmat va ehtirom ko‘rsatilgani bot-bot qulog‘imizga chalinib turadi. Bularning barchasi o‘tmishimiz nechog‘li ulug‘vor ekanini anglatadi.

turkiy_tilli_davlatlar_amkorlik_kengashi_ezgu_ma_saddagi_mil.jpg

Xudoyor MAMATOV,

Markaziy saylov komissiyasi kotibiyat rahbari,

Yuridik fanlari doktori, professor

Mana shu shonli o‘tmish qalblarimizga faxr-iftixor tuyg‘ularini tarbiyalash barobarida, saboq vazifasini ham o‘taydi. Ularga munosib avlod bo‘lish mas’uliyatini zimmamizga yuklaydi. Chunki o‘tmishidan faqatgina g‘ururlanish, bobolari bosib o‘tgan zafarli masofalarni pesh qilib ulug‘likka da’vo qilish – millatning ravnaqiga xizmat qilmaydi. Binobarin, harakatchanlik, ishtiyoq va sobitqadamlikka uyg‘un bo‘lmagan umidvorlik notavonlik belgisidir. Yoki Aristotel aytganidek: «... hamma narsaning mohiyati uning harakatida namoyon bo‘ladi».

Shu o‘rinda ulug‘larimiz – bobarokat bobolarimiz an’anasini davom ettirish omili nima, degan haqli savol tug‘iladi. Nima qilsak ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lamiz? Batafsil javob aytish o‘ta murakkab. Bir oddiy haqiqatni eslatib o‘tishni o‘rinli deb bildik. Ulug‘lik martabasiga musharraf bo‘lgan o‘tmishdoshlarimizning birortasi ham bu masnadga siymu zar bilan emas, balki ilmu hunar, tinimsiz izlanish, intilish, harakat qilish bilan erishganlar. O‘zlarida eng go‘zal insoniy fazilatlarni kamol toptirish orqali xulqlariga husn, odoblariga oro berganlar – a’mollarini ziynatlaganlar.

Sirasini aytganda odob – o‘qibgina o‘rganiladigan ilm emas. Uning urug‘i inson bolasining qalbiga avval boshdayoq qadalgan bo‘ladi. O‘qish-o‘rganish, pandu nasihat, tanbih, o‘git va ulgu – bularning barchasi odamning odobini orasta etguvchi vositalar xolos.

Qur’oni karimda (Alloh) ota-onaning qadrini quyosh qadar sarbaland etgani, basharti shunday qilmaganida ham bandasi bu haqiqatni fahmu farosati bilan anglashi lozimligi uqdirilgan. Darhaqiqat, katta ko‘chani kesib o‘tayotgan qariyaga qo‘ltiqdosh bo‘lish, jamoat transportida keksalarga joy berish yoki kichik yoshdagi bolalarni bezorisifat bolalar ta’qibidan himoya qilish uchun albatta qaysidir mutafakkirning bu boradagi asarini o‘qigan bo‘lishimiz shart emas (o‘qigan bo‘lsak nur ustiga a’lo nur, albatta).

Bu insonda tabiiy ravishda kechadigan jarayon. Burch darajasidagi qaraladigan qonimizda shunday unsurlar bor. Shuning barobarida o‘qib-o‘rganiladigan va amal qilinishi shart bo‘lgan ilmlar ham mavjud. Masalan, huquqiy bilimlar. Bu borada Konfusiy aytganidek: «O‘qigan biladi, bilgan amal qiladi». Jamiyatda amalda bo‘lgan qonunlarni bilmaslik siyosiy g‘o‘rlik, huquqiy savodsizlik belgisi sanaladi. Bunday kishilarni chalg‘itish, xohlagan tomonga ergashtirish oson kechadi. Chunki o‘qimaydigan kishi nainki qonunlar bilan tanish emas, u o‘zligini bilmaydi, o‘tmishini tanimaydi.

Shu bois ham har bir davrda yoshlarning ongida o‘tmishga hurmat hissini tarbiyalash dolzarb mavzu, muhim vazifa sanalgan. Shuning barobarida bizni o‘rab turgan muhitda chalg‘ituvchi omillar ham bisyor, qonimizda esa chalg‘ishga moyillik uyg‘otuvchi qusurlar mavjud.

Birgina misol: aholimizning aksari sevib tomosha qiladigan hind filmlari uzoq vaqt qadriyatlarimizga qarshi ishlab keldi. Udumlarimizni ulug‘lashga emas, ulardan uzoqlashtirishga xizmat qildi. Irodasi sust, tashqi ta’sirlarga tez beriluvchan ayrim fuqarolarimiz filmlarga taqlidan ayrim noma’qulchiliklardan o‘zlarini tiya olmagan hollar ham uchradi (bunday hollar faqat hind filmlariga taalluqli emas. Binobarin katta ekranlarda «Fantomas » filmi namoyish etilganida shunga taqlidan o‘g‘irlik jinoyatlari ko‘payganini, Shvarsenegger , Jan Klod Van Damm ishtirokidagi filmlar ta’sirida ko‘cha-ko‘yda mushtlashuvlar, mayda bezorilik illatlari urchiganligini katta yoshdagilar yaxshi eslashadi).

«Bobbi» filmini eslang. Sevgida omadi chopmagan yoshlar o‘zlarini suvga cho‘ktirib qurbon qilmoqchi, shu yo‘l bilan qalbi so‘qir otalarning ko‘zini ochib qo‘ymoqchi bo‘lishadi. Kinoda shunday bo‘ladi ham. Hayotdachi? O‘sha kezlari qanchadan-qancha qiz-juvonlar muhabbat mojarosida o‘zlariga o‘t qo‘yganlari ko‘pchiligimizning yodimizda. Bundan ehtimol qattiqqo‘l otalarning diydasi yumshagandir, ammo ularning ko‘zlari manguga yumilgancha qoldi.

Hind filmlaridan yuqqan yana bir illat ota-o‘g‘il munosabatlaridagi parokandalikdir. Bilasiz hind filmlarida mana shu ziddiyat bo‘rttirib talqin qilinadi. Betgachopar o‘g‘il uning tashvishini qilayotgan otaning ra’yiga qarshi borib, ters gapirib yuziga sapchiydi. Hattoki, kostyumini yelkasiga tashlab ota uyini tark etadi. Oxir-oqibat u haq bo‘lib chiqadi, ota – mulzam bo‘lib qoladi.

Xo‘sh, o‘sha davr yoshlari bundan qanday saboq oldi? Bunga shunchaki kino deb qaraganlar qatorida, uni hayotga tatbiq qilganlar bo‘lmadi deysizmi?! Otasiga zarda qilib uyini tantanali tarzda tark etgan yigitlardan biri, ketishimku kinodagidek bo‘ldiyu, bu yog‘i o‘xshamayaptida, deb, pushaymon bo‘lgan ekan. O‘xshamaydi ham, axir otasini norozi qilgan qaysi bolaning omadi chopgan?

Xalqimizning purma’no hikmatlariga quloq tutaylik. Ikki toifa odamlarga yaxshilik qilib bo‘lmaydi, debdi donishmand. Birinchisi, ota-onasining roziligini olmagan insonga, ikkinchisi ota-onasining roziligini olganga, deb fikriga yakun yasabdi u. Uni tinglab turganlar ajablanib qolishibdi. Shunda u o‘tirganlarga yuzlanib fikriga aniqlik kiritibdi: «Birinchisiga yaxshilik qilding nimayu qilmading nima – foydasi yo‘q. Ikkinchisi esa yaxshilikka muhtoj emas!» Chunki, ota-onasini rozi qilgan farzanddan Alloh ham, bandasi ham rozi. Rozilik, halollik, poklik ila maqsadga intilgan inson albatta o‘z orzu-maqsadiga yetishadi. Hayotda bunga misollar juda ko‘p...

Qizig‘i shundaki sho‘ro davrida adabiyot va san’at asarlari ustidan qattiq nazorat o‘rnatilgan, syenzuraning ta’siri kuchli bo‘lgan. Biroq filmlarning mana shu jihati e’tibordan soqit qilingan. Milliy mentalitetimizga zid bo‘lgan bu syujetlarga hech kim e’tiroz bildirmagan. Balki atay qilingandir! Buning bitta sababi bor, u ham bo‘lsa o‘sha davr hind filmlarida uyatsiz sahnalarning deyarli uchramasligi degan farazga to‘xtalamiz. Xuddi mana shu omil hatto nuktadon nazoratchilarni ham chalg‘itgan bo‘lishi kerak. Hozirgi aksariyat filmlarda, shu jumladan hind filmlarida ham uyatsiz sahnalar shu darajada urchib bormoqdaki, televizor atrofida o‘tirib, oila a’zolaringiz bilan bu filmlarni miriqib tomosha qilish mutlaqo mumkin emas.

O‘z vaqtida bu ham bir targ‘ibot usuli bo‘lgan, albatta! Bugunda bu kabi targ‘ibotlar keng miqyos kasb etdi. Axborot tashuvchi texnologiyalar shu qadar rivojlandiki, endi dunyoning biror-bir mamlakatida barqarorlikni izdan chiqarish uchun katta bir armiyani boshlab borish shart bo‘lmay qoldi. Informasion hurujlar yo‘li bilan bu ish osongina hal etilyapti. Shuning uchun ham mamlakatimiz birinchi Prezidenti I.Karimov barchamizni ogohlikka da’vat etib, jamiyatda ma’naviy bo‘shliq qoldirib bo‘lmasligini, unda yot g‘oyalar urchishi mumkinligini, bugunda axborot xurujlari yadro poligonlaridanda, xavfli tus olayotganini, buzg‘unchi yot g‘oyalar informasiya tarzida, kino, multfilmlar, klip, rolik va boshqa ko‘rinishlarda radio va teleto‘lqinlar va internet xalqaro tarmog‘i orqali tarqatilayotganini uqdirgan edilar.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida: «Bugungi tez o‘zgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi, buyuk imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, ularni ilgari ko‘rilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor qilmoqda. Gʻarazli kuchlar sodda, g‘o‘r bolalarni o‘z ota-onasiga, o‘z yurtiga qarshi qayrab, ularning hayotiga, umriga zomin bo‘lmoqda. Bunday keskin va tahlikali sharoitda biz ota-onalar, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik, mahalla-ko‘y bu masalada hushyorlik va ogohlikni yanada oshirishimiz kerak. Bolalarimizni birovlarning qo‘liga berib qo‘ymasdan, ularni o‘zimiz tarbiyalashimiz lozim», deya ta’kidlagan edilar.

Buyuk davlat arbobi Mahatma Gandi: «Uyimizga toza havo kirishi uchun derazalarni ochsak, shabada bilan birga chang, g‘ubor va dovullar ham yopirilib kirib keladi. Bizni bezovta qiladi, hatto talafot ham yetkazishi mumkin», degan edi. Darhaqiqat, bugungi dunyoda kechayotgan integrasiyalashuv jarayonida axborot oqimlari shu qadar ko‘payib ketdiki, o‘smirlar u yoqda tursin, hatto aqlu hushini yig‘ib olgan kishilar ham internetdagi xabarlarning qaysi to‘g‘riyu qaysisi noto‘g‘ri ekanini ajratishga qiynalmoqda.

Shu o‘rinda internet global tarmog‘i, uning ijobiy va salbiy jihatlari xususida bir oz to‘xtalsak. Insoniyatning XXI asr bo‘sag‘asida informasion-kommunikasiya texnologiyalari sohasida qo‘lga kiritgan bu yutug‘i manzurlik miqyosi jihatidan qanchalik ulkan bo‘lsa, zararlilik jihatidan shundan kam bo‘lmagan ko‘lam kasb etmoqda. Aytish joizki internet global tarmog‘ining umumtaraqqiyotga ta’siri – rad etib bo‘lmaydigan haqiqat, biroq u ayrim yoshlarimizning ma’naviy immunitetini siqib olayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Uning ayrim buzg‘unchi saytlarida insonning iymonini izdan chiqarishga qaratilgan zo‘ravonlik, behayolik, odobsizlik va fahshni, narkotik, ekstremizm va terrorni targ‘ib etadigan namoyishlarga ochiqdan-ochiq o‘rin berilgan. Buzg‘unchilikning barcha ko‘rinishlari xuddi ko‘rgazmaga qo‘yilgandek – kino qilib ko‘rsatilmoqda. Bilasiz, ko‘ngilochar tadbirlar ichida kinoning qanchalik ta’sir kuchiga ega. O‘tgan asrning «dohiy»laridan biri shu borada gapirib, «san’atlar ichida eng yaxshisi – kino» deganida, uning mana shu ta’sirchan qudratini nazarda tutgan bo‘lsa ajab emas.

Internet global tarmog‘i orqali targ‘ib qilinayotgan buzg‘unchi g‘oyalardan yana biri, bu ommaviy madaniyatdir. Bu ham o‘zlikni, o‘tmishni unutishga qaratilgan g‘araz niyatlarning ifodasi aslida. Kimlardir o‘zi botgan shaltmoqqa boshqalarni ham tortmoqchi. Buning kabi targ‘ibotlar ta’siriga berilish o‘zini o‘zi sharmanda qilishdan boshqa narsa emas. Bunga tarix ko‘p bor guvoh bo‘lgan. XIX asrda yashagan rus adabiyotshunosi V.G.Belinskiy Pyotr I davrida Yevropa madaniyatini ruslarga singdirish uchun qilingan xatti-harakatlarni zaharxanda qilib: «Yevropa libosini kiygan rus yevropaliklarning oldida o‘zini parodiya qilgani qoldi», deb yozgan edi. Chunki asrlar osha kiyishga odatlangan chakmonlarini yechib, torgina botfort va syurtik kiygan dvoryanlar, saroy ayonlari o‘zlarini noqulay his qilar, ayniqsa xonimlarning qo‘lini o‘pish uchun egilayotganlarida, bunga odatlanmaganlari bois pariklari qiyshayib ketar yoki o‘zlari munkib yiqilib tushishlariga oz qolar ekan.

Basharti milliy mentalitetimizga zid bo‘lgan udumlarni, rasm-rusumlarni ko‘r-ko‘rona o‘zlashtirish ham shunday oqibatga olib keladi.

Xo‘sh, internet global tarmog‘i mavjud, undan foydalanish ixtiyoriy. Kimning qaysi saytda sayr qilayotgani, qaysi ehtiyojlarini qondirayotgani – faqat o‘ziga ayon. Har bir kishining ustida nazorat o‘rnatishning iloji yo‘q, imkoni bo‘lgan taqdirda ham mumkin emas, bu – xalqaro huquq talablariga zid.

Mana shunday vaziyatda farzandlarimizni internetga mutelikdan asrashning qanday samarali vositalari bo‘lishi mumkin?

Mening nazarimda bu ishni eng avvalo, ota-onalar, oila o‘z zimmasiga olmog‘i darkor. Farzandining kelajagi uchun mas’ullik hissi ulardan o‘ta hushyorlikni, doimiy diqqat-e’tiborda bo‘lishni talab etadi. Qolaversa bu hech qaysi qonunda ta’qiqlanmagan. Jamoatchilik esa bu ishda ko‘makdosh. Xususan, bahamjihat bo‘lib bolalarimizda ma’naviy immunitetni hosil qilsak, kompyuter qarshisida sarf bo‘layotgan vaqtning qadr-qiymatini tushuntirsak, zararli g‘oyalarga ilakishib qolishning ayanchli oqibatlarini anglata olsak, soxta demokratiya niqobi ostida tiqishtirilayotgan egosentristik g‘oyalar ostida qanday g‘arazli maqsadlar yotganini isbot qilib bera olsak farzandlarimizni mushohada qobiliyatida mosuvo zombilarga aylanishdan asrab qolgan bo‘lamiz. Zotan hayotimizning bor mazmun-mohiyati ham shu aslida, zotan yunon faylasufi Epiktet aytganidek, «bir solih farzand tarbiyasi ulug‘ bir kashfiyot bilan teng!»

Yuqorida o‘z nomini mangulik toqiga muhrlash barobarida o‘zi mansub bo‘lgan millat sha’nini sharaflagan ulug‘ zotlar – bobokalonlarimizning nomlarini zikr etib o‘tgandik. Fikrimizni muxtasar qilish arafasida Bahouddin Naqshband hazratlarining tariqatidan joy olgan bir ta’limotni tilga olsak – «Xilvat dar anjuman». Bunda tariqat piri insonning xilvatda xulqi qanday bo‘lsa, ko‘pchilikning ichida ham shu holatda bo‘lishi lozimligidan saboq beradi. Chunki xilvatda chalg‘ituvchi unsurlar deyarli yo‘q, anjumanda esa haddidan ziyod – har ikki holatda ham chalg‘imaslik komillikdan dalolatdir.

Alqissa ulug‘lar ulg‘aygan yurt farzandlari ekanimizni unutmasak, ulug‘larimizdan ulug‘lik ulgusini olsak – milliy tiklanishdan, milliy yuksalish sari yuz tutgan Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shamiz va kelajagi buyuk O‘zbekistonga munosib farzand bo‘lamiz.

 

14.08.2020 153