SAYLOV SOHASIDAGI QONUNChILIKNI YANADA TAKOMILLASHTIRISHNING USTUVOR YO‘NALISHLARI

Mamlakatimiz saylov tizimi milliy qadriyatlarimizga tayanilgan holda xalqaro andozalarga asoslanib, shuningdek, xorijiy mamlakatlar qonunchiligi va amaliyotini o‘rganish hamda mustaqillik yillarida mamlakatimizda o‘tkazilgan saylovlar tajribasining tahlili natijasida takomillashib bormoqda. Bunda umume’tirof etilgan prinsiplarga amal qilgan holda erishilgan yutuqlardan unumli foydalanish orqali mentalitetimizga xos milliy xususiyatlarni yanada mustahkamlab borish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Saylov jarayoni butun dunyoda e’tirof etilgan eng muhim konstitusiyaviy-siyosiy munosabatlardan biri bo‘lib, u fuqarolarga davlat hokimiyati organlariga o‘z vakillarini saylash imkoniyatini yaratib beradi. Zero, fuqarolarning o‘z saylov huquqlarini hech to‘sqinliksiz amalga oshirishlari, ularning davlat boshqaruvidagi ishtirokining eng muhim kafolatlaridan biridir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev ta’kidlab o‘tganlaridek, “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida o‘tgan bu kampaniya mamlakatimiz siyosiy hayotidagi g‘oyat muhim voqeadir. Konstitusiyamizga muvofiq, fuqarolar davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega. Saylovda o‘ziga ma’qul bo‘lgan nomzod yoki biron-bir partiya ilgari surayotgan dastur uchun ovoz berish, ularni qo‘llab-quvvatlash vakillik demokratiyasining yaqqol ko‘rinishidir”.

Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining 21-moddasida: “Har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillari vositasi orqali o‘z mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqiga ega. Har bir inson o‘z mamlakatida davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega. Xalq irodasi davlat (hukumat) hokimiyatining asosi bo‘lishi lozim. Bu iroda davriy va soxtalashtirilmagan, yalpi va teng saylov huquqidan, yashirin ovoz berish yo‘li bilan yoki ovoz berish erkinligini ta’minlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida o‘tkaziladigan saylovlarda o‘z aksini topishi lozim”ligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Endi, ushbu noyob, umume’tirof etilgan insonparvar xalqaro huquq normalari bizning milliy qonunchiligimizda qay darajada aks etganligiga e’tibor qaratamiz.

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 32-moddasiga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Ikkinchidan, Konstitusiyaning 117-moddasiga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi. Saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar”.

Uchinchidan, Konstitusiyasining 18-moddasiga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”.

To‘rtinchidan, Saylov kodeksining 7-moddasiga muvofiq, “Saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali ta’minlanadi”.

Beshinchidan, Saylov kodeksining 8-moddasiga muvofiq, “Saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshiradi. Saylov komissiyalari fuqarolarni o‘z ishi to‘g‘risida, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi haqida xabardor etadi, saylovchilarning ro‘yxatlari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning ro‘yxati bilan tanishtiradi, ovoz berish va saylov yakunlari haqidagi ma’lumotlarni ma’lum qiladi.

Ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishini va saylov qanday o‘tayotganligini yoritib boradi. Saylov komissiyalarining majlislari ochiq o‘tkaziladi. Saylov komissiyalarining qarorlari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi yoki Saylov kodeksida belgilangan tartibda hammaga ma’lum qilinadi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etish huquqiga ega”.

Shu kabi xalqaro huquqda umume’tirof etilgan, O‘zbekistonning milliy manfaatlari va qadriyatlariga zid bo‘lmagan normalarning milliy qonunchiligimizda aks etganligini ko‘plab misollar orqali yoritish mumkin. Zero, O‘zbekiston Inson huquqlari umumjaxon deklarasiyasida belgilangan asosiy qoidalarni milliy qonunchilikka to‘liq implementasiya qilgan.

2019 yil 22 dekabrda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlari mahalliy kengashlari saylovlari “Yangi O‘zbekiston. Yangi saylovlar” shiori ostida yuqori saviyada uyushqoqlik bilan bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, hududlarda tashkil etilgan barcha darajadagi saylov komissiyalari tomonidan o‘z faoliyatlarida  mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik prinsiplariga qat’iy amal qilgan holda saylovni ochiq oshkora, milliy qonunlarimiz, boy tajribamiz va umume’tirof etilgan xalqaro standartlar talablariga mos ravishda yuqori saviyada tashkil etildi va o‘tkazildi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari o‘z vakolatlari doirasida  barcha darajadagi saylov komissiyalari ishiga yaqindan ko‘mak berdilar.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2018 yil 6 noyabrdagi PQ-4004-sonli Qarorida saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish, shuningdek, fuqarolar konstitusiyaviy saylov huquqlarini amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha umume’tirof etilgan xalqaro prinsiplar va standartlarni hisobga olgan holda, saylov tizimi va qonunchiligini bosqichma-bosqich liberallashtirish O‘zbekiston Respublikasi saylov tizimini yanada takomillashtirishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

Mustaqil davlatimiz tarixida Prezidentimiz tashabbuslari bilan ilk bora O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksini qabul qilish maqsadlaridan biri ham aynan zamonaviy xalqaro saylov standartlarini hisobga olgan holda saylov tizimining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish edi.

Yuqoridagi Qarorga asosan Markaziy saylov komissiyasi tarkibida Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi tashkil etildi. Milliy saylov qonunchiligining umume’tirof etilgan xalqaro prinsiplari va standartlariga muvofiqligini tizimli ravishda monitoring qilib borish mazkur markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

Erkin va adolatli saylovlar mezonlari to‘g‘risidagi Deklarasiyaning   4-bandida doimiy haqiqiy erkin va adolatli saylovlar o‘tkazish uchun xalqaro huquqiy majburiyatlarga muvofiq ravishda davlatlar huquqlarni kafolatlashni ta’minlash maqsadida qonunlar qabul qilishlari va boshqa choralarni ko‘rmoqliklari lozimligi belgilangan. Saylov kodeksning qabul qilinishi ham mamlakatimizni aynan mazkur talabni og‘ishmay, izchillik bilan bajarganidan dalolatdir.

Xalqaro huquqiy hujjatlarda saylovga oid standartlar, eng asosiy prinsip va qoidalar sifatida umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi, yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylash, erkin va adolatli, haqiqiy saylov o‘tkazish va shu kabilar belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va Saylov kodeksida fuqarolarni davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekanliklari, har bir saylovchi bir ovozga egaligi, ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanishi belgilab qo‘yilgan.

Asosiy qonunimizga muvofiq saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar.

O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksining 4-moddasiga asosan fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma’lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar, teng saylov huquqiga egadir.

Saylov kodeksida “bitta saylovchi-bitta ovoz” tamoyilini amalga oshirishni ta’minlaydigan O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatiga oid qoidalar belgilandi.

Xalqaro standartlarda davlatlar milliy qonun chiqaruvchi organning hech bo‘lmasa bir palatasidagi hamma mandatlar umumxalq saylovi jarayonida nomzodlar erkin tortishuvining ob’yekti bo‘lishiga yo‘l qo‘yishlari lozimligi belgilangan.

Shu ma’noda Saylov kodeksimizdagi eng katta yangiliklardan biri bu – siyosiy maydon to‘liq siyosiy partiyalarga berilishi, Ekologik harakatga qo‘yilgan kvota chiqarib tashlanganida namoyon bo‘ldi. Siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tadigan saylovda 135 emas, balki to‘liq 150 ta saylov okrugida nomzodlarini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ldilar, bu esa milliy qonun chiqaruvchi organning bitta palatasidagi barcha mandatlar umumxalq saylovi jarayonida nomzodlar erkin tortishuvining ob’yekti bo‘lishini ta’minladi.

Xalqaro standartlarda har bir ishtirokchi-davlatlar ayollarga erkaklar bilan bir xil sharoitlarda hech bir kamsitishsiz saylovlarda ovoz berish huquqi va ochiqdan-ochiq saylanadigan organlarga saylanish huquqi ta’minlashlari lozimligiga oid talablar belgilangan.

Konstitusiyamizning 46-moddasiga ko‘ra xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning tashabbuslariga ko‘ra 2019 yil 2 sentyabrda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Ushbu qonunning 4-bobi alohida “Saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari”ga bag‘ishlangan. Unga ko‘ra xotin-qizlar va erkaklar hokimiyat vakillik organlariga saylash va saylanishda teng huquqlarga ega. Siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlandi.

Agar avvallari qonunlarda faqat Markaziy saylov komissiyasiga nisbatan faoliyatining huquqiy asoslari, mustaqillik, ochiqlik prinsiplari, faoliyatiga aralashmaslik kabilar qayd etilgan bo‘lsa, endilikda Saylov kodeksida barcha saylov komissiyalari va ularning a’zolari o‘z faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshirishi belgilab qo‘yildi.

Avvallari mahalladan kuzatuvchilar ishtirok etishi nazarda tutilmagan edi. Yangi Saylov kodeksiga ko‘ra fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar barcha saylovlarda qatnashishi mumkinligi qayd etildi. Bu saylovlar ustidan fuqarolik kuzatuvini, shaffoflikni ta’minlashga, saylov jarayoniga jamoatchilik ishonchini oshishiga omil bo‘lib xizmat qildi.

Yuqorida bayon etilgan fikrlarning barchasi milliy saylov qonunchiligimiz asosiy xalqaro-huquqiy hujjatlardagi umum e’tirof etilgan saylov prinsiplari va standartlari talablariga muvofiq kelishidan, fuqarolarning davlat vakillik organlariga saylash va saylanishi bilan bog‘liq konstitusiyaviy huquqlarini amalga oshirilishi uchun mustahkam kafolatlar belgilab qo‘yilganidan dalolat beradi.

Shu bilan birgalikda bo‘lib o‘tgan saylovlar milliy saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish, bo‘shliqlarni to‘ldirishga ehtiyoj mavjudligini ko‘rsatdi. Zero, saylov jarayoni, demokratlashtirish jarayonlari zamon bilan hamnafas bo‘lishni, xorijiy va xalqaro tajribani o‘qish o‘rganishni, ortirilgan milliy tajribadan yanada unumliroq foydalangan holda saylov qonunchiligi va amaliyotini yildan yilga takomillashtirib, demokratlashtirib borishni talab qiladi.

Ushbu talabga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi bir qator davlat va nodavlat tashkilotlari, xalqaro kuzatuvchilar va mahalliy ekspertlar, saylovchilar tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda “Saylov – 2019: yutuqlar, muammolar, takliflar” nomli axborot tarzidagi risola tayyorlandi. O‘zbek,  rus  va  ingliz  tillarida tayyorlangan risola 5 ta bo‘lim,       24 ta bobdan iborat bo‘lib, unda 2019 yil 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy vakillik organlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish, o‘tkazish va natijalarini e’lon qilish bilan bog‘liq bosqichlar batafsil tahlil qilingan. Shu bilan birga risolada erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Bugungi kunda milliy saylov qonunchiligimizni takomillashtirish, uni umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar bilan uyg‘unlashtirish, mamlakatimizning siyosiy nufuzini yangi bosqichga ko‘tarish, xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yanada yaxshilash asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.

Jumladan, Saylov kodeksining 25-moddasida nazarda tutilgan “Uchastka saylov komissiyasi a’zolarining yarmidan ko‘pi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas”-degan norma talabini O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa stasionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuziladigan uchastka saylov komissiyalari uchun qo‘llamaslik haqidagi normani o‘rnatish;

saylov komissiyalari uch bosqichli tizimini muqobillashtirish, ya’ni xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarini tugatib, ularning vakolatlarini tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklash orqali, ular tarkibini o‘n bir nafardan yoigirma bir nafarga qadar kengaytirish;

xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’iy nazar saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibini, shuningdek chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida ko‘chma qutilarda ovoz berish, ya’ni saylovchilarga ovoz berishda qulaylik yaratish maqsadida saylov uchastkasidan tashqaridagi hududlarda ovoz berishning huquqiy asoslarini Saylov kodeksida mustahkamlash;

saylovoldi tashviqoti doirasida ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun mahalliy davlat hokimiyati organlaridan ruxsat olish tartibi o‘rniga hokimliklarni tadbirga muayyan muddat qolganida xabardor qilish orqali, ommaviy tadbirlarni o‘tkazish amaliyotini joriy etish  maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimiz milliy taraqqiyotining xozirgi bosqichida turli sohalarda bo‘lgani kabi milliy saylov qonunchiligini ham xalqaro standartlarga muvofiq va milliy tajribaga mos tarzda yanada takomillashtirish taraqqiyotga xizmat qiladi.

 

Xudoyor Mamatov,

Yuridik fanlari doktori, professor

09.11.2020 148