BUYUK GʻOYALAR BUYUK INSONLARNI TARBIYALASHGA XIZMAT QILADI

Keyingi yillarda mamlakatimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda, zalvorli yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. Bu borada, shubhasiz, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan yangi g‘oyalar va tashabbuslar hamda olib borilayotgan oqilona siyosat dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Muxbirimiz shular xususida  O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat  ko‘rsatgan yurist, yuridik fanlar nomzodi Mirzo Ulug‘bek ABDUSALOMOV bilan suhbatlashdi.

- Mirzo Ulug‘bek Elchiyevich, mamlakatimiz jamoatchiligi o‘rtasida Yangi O‘zbekistondagi yangi Uyg‘onish - uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini barpo etish g‘oyasi katta qiziqish uyg‘otdi. Tashabbus keng o‘rganilib, atroflicha sharhlanmoqda, qo‘llab-quvvatlanmoqda, ko‘plab amaliy va samarali takliflar aytilmoqda. Siz katta tajribaga ega siyosatchi, huquqshunos va olim sifatida bu boradagi fikrlaringizni gazetxonlarimiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

- Vatan manfaatlarini, nufuzini, xalq hayotini, farovonligini yuksaklarga ko‘tarishni maqsad qilgan  ulug‘vor g‘oyalar odamlarda doim katta qiziqish uyg‘otishi tabiiy.     

Davlatimiz rahbarining bu tashabbusi o‘z taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichiga dadil qadam qo‘ygan va zalvorli odimlar tashlayotgan Yangi O‘zbekistondagi Yangi uyg‘onish - Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini barpo etish g‘oyasi, shubhasiz, amalga oshirsa bo‘ladigan buyuk maqsad, real ishdir...

To‘rt-besh yilning nari-berisida O‘zbekistonda ochiqlik, oshkoralik, demokratiya tamoyillarini  amalda ko‘rish mumkin, deyilsa, ishonish qiyin edi. Bugun u hayot tarzimizga aylandi. Bu - real haqiqat.  Amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, yangidan-yangi loyihalar, ilm-fan, ma’rifatni yuksaklarga ko‘tarish, innovasion rivojlanishga e’tiborni xayolimizdan o‘tkazib ko‘raylik. Din va e’tiqod erkinligining mustahkamlanishi, ona tilimizning davlat tili sifatidagi nufuzining amalda oshgani-chi...

O‘z qobig‘iga o‘ralib yashagan davlatning qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni dadil tiklashi, xalqaro hamjamiyatning diqqat-e’tiborini global muammolarga jalb etishi, tadbirkorlikka keng yo‘llar ochilishi, milliy valyutaning erkin konvertasiyasi ta’minlanishi, transport infraqurilmasining rivojlanishi, bir umr biqiq muhitda yashagan xalqimiz uyg‘ona boshladi...

Ana shu uyg‘onish samarasi  o‘laroq jamiyatni yemirib yotgan necha asrlik  hadikning dillardan ko‘chishi-chi! Adolatning mustahkamlanayotganiga ishonchimiz ortdi, so‘z va fikr erkinligi, ilmiy-ijodiy ruh, tashabbuskorlik,  odamlarda o‘z salohiyatini namoyon etish sari dadil intilish, saylash va saylanish huquqi, imkoniyatlari amalda  kengaydi...

Necha o‘n yillar, hatto osha asrlar xalqimiz uchun  armon bo‘lib kelgan bunday imkoniyatlar bugun, yana ta’kidlayman, rivojlangan davlatlardagi kabi osoyishta hayotimizning uzvuy qismiga aylandi. Boshqacha aytganda, mamlakatimizda adolatli jamiyat barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan hayotbahsh islohotlarning samaralarini barcha yurtdoshlarimiz bugun o‘z hayotida his etib turibdi.

- Sizningcha, uchinchi Renessans poydevorini yaratish uchun mamlakatimizda imkoniyatu asoslar yetarlimi?

- Uchinchi Renessans poydevorini yaratish uchun ta’lim-tarbiya, ilm-fan, ma’rifat va madaniyatni muttasil rivojlantirish g‘oyasining bosh drayver - lokomotiv sifatida tanlangani ushbu tashabbusning g‘oyat hayotiyligini ta’minlovchi eng muhim omildir. Millatning ilm-ma’rifati oshgani sari farovonligi shunchalik yuksalib boraveradi.

“Biz maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni bo‘lg‘usi Renessansning to‘rt uzviy halqasi, deb bilamiz, - deb ta’kidladi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev. - Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz”.

Ushbu sohalarga qaratilayotgan e’tiborning, yo‘naltirilayotgan sarmoyalarning, sarflanayotgan kuch-g‘ayratning muttasil oshib borishi natijasida jamiyatning qolgan barcha tarmoqlari harakatga keladi, rivoj topadi.

Bu yaqin istiqbolda yurtimizdagi barcha bolalar maktabgacha ta’lim dargohlari bilan to‘la qamrab olinadi, degani. Bu milliy harakat ko‘lamini olgan maktab ta’limi yanada ravnaq topishi, yoshlar oliy ta’lim dargohlarida tahsil olishi, ilm-fan bilan mashg‘ul bo‘lishi uchun imkoniyatlar misli ko‘rilmagan darajada kengayishidan dalolat. Bu  zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali minglab, millionlab kadrlar yetishib chiqadi, degani. Bu mustaqil O‘zbekiston, bobolarimiz orzu qilganlaridek, fozil insonlar mamlakatiga, jahonning eng yirik iqtisodiy, ilmiy, ijodiy, texnik kashfiyotlar, madaniyat va san’at  markazlaridan biriga aylanadi, degani. Bu xalqimizning ilmiy-intellektual salohiyati yanada yuksalib, Yangi O‘zbekiston ilmiy-ijodiy, texnik, tafakkur zehni bilan dunyoni lol qoldiradigan buyuk allomalar yurtiga aylanadi, degani...

O‘tgan to‘rt yildan buyon  amalga oshirilayotgan shijoatli, ko‘lami keng va kompleks islohotlar natijasida bugun jamiyatimiz, ongimiz va tafakkurimiz o‘zgarmoqda, mamlakatimizning qiyofasi ko‘rkamlashib bormoqda. Buni nafaqat yurtdoshlarimiz, balki Yangi O‘zbekistondagi buyuk o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib turgan olam  ahli ham keng e’tirof etmoqda.

Hamyurtlarimiz endi biladiki, ular qayerda bo‘lmasin, davlatimizning himoyasidadir. Dunyoda pandemiya avj olgan, turli hududlarda nizolar olovi bot-bot bo‘y ko‘rsatib turgan tahlikali zamonda, Butunjahon qonun va tartib indeksiga ko‘ra, O‘zbekistonimizning eng tinch va osoyishta mamlakatlardan biri sifatida alohida e’tirof etilishi bunday ishonchni yanada mustahkamlashi tabiiy. Zero, faqat tinch, osoyishta yurtdagina ulug‘vor g‘oyalar amalga oshishi, orzular ushalishi, qut-baraka bardavom bo‘lishi mumkin.

-Bunday yutuqlarga erishish oson bo‘layotgani yo‘q...

- Albatta. Bu yutuqlarning zamirida uzoqni ko‘zlab yuritilayotgan oqilona ichki va tashqi siyosat, ulkan zahmat, izlanish, donishmandlik, mustaqil Vatanimizga, ona xalqimizga cheksiz mehr, eng muhimi, katta siyosiy iroda mujassam. O‘tgan qisqa muddat ichida g‘oyat dolzarb, ko‘lami keng dasturlar, vazifalar hamda loyihalarni o‘zida mujassam etgan Harakatlar strategiyasi belgilab olindi va ijrosi izchillik bilan ta’minlanmoqda.

Yangi qonunlar qabul qilindi, barcha darajadagi xalq vakillik va ijro organlari tarkibi davriylik prinsipi asosida tubdan yangilandi. Davlat boshqaruviga millatni eng ezgu g‘oyalar ostida birlashtirishni diliga mahkam tukkan yangi kuch keldi.  

Bunday ulkan mehr-e’tiborni his etib yashayotgan bunyodkor xalqimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan da’vatkor g‘oyani o‘zida ifoda etgan islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Barcha o‘zgarishlarda kamarbasta bo‘layotgan yurtdoshlarimizning bunyodkorlik salohiyati tobora oshib bormoqda.

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan oliy o‘quv yurtlari, jumladan, xorijiy oliy ta’lim dargohlarining filiallari soni sezilarli darajada ko‘paydi. Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarida minglab o‘g‘il-qizlar ta’lim olmoqda. Bu – ulkan imkoniyat. Ayni o‘zgarishlar raqamlarda ifodalansa, so‘nggi to‘rt yilda mamlakatimizda qirq uchta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni bir yuz yigirmatadan oshdi. Bu yil oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun bir yarim millionga yaqin, boshqacha aytganda, o‘tgan yildagiga nisbatan qirq foiz ko‘p yigit-qiz hujjat topshirdi. Bu yoshlarimizning ilmga chanqoqligi, buyuk kashfiyotlarga qodirligi, davlatimiz olib borayotgan siyosatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani va bu siyosat ularning orzu-istaklariga mos ekanligidan dalolatdir.

Asosiysi, bu bilim olishni, zamonaviy kasb-hunarlarni chuqur egallashni, ilm-fan bilan shug‘ullanishni maqsad qilgan yoshlarning tanlash imkoniyatini kengaytiribgina qolmay, mamlakatimizda ilmiy-ijodiy salohiyatni ko‘tarishga ham samarali xizmat qiladi. Ilmga tashnalik xalqimizning qonida bor. Bobolarimiz ilmni saodat kaliti, deb bilganlar.    Ilgari abituriyent bor-yo‘g‘i bitta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirishi va o‘qishga kirishi mumkin edi. Endi u nafaqat O‘zbekistondagi, balki dunyoning istalgan davlatidagi universitet, institut va kollejlarda tahsil olishi mumkin. Minglab farzandlarimiz bunday imkoniyatdan samarali foydalanmoqda ham.  Chunki qunti va g‘ayrati baland yoshlarimiz bugun nafaqat o‘z ona tili – o‘zbek tili, balki chet tillarini ham puxta biladi. Zamonaviy axborot texnologiyalarini puxta egallagan.

Shu o‘rinda yana bir raqamga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Dunyoning qaysiki davlatida oliy ma’lumotli mutaxassislar ko‘p bo‘lsa, o‘sha mamlakatda xalqning forovonlik darajasi g‘oyat yuqori. Yaponiya, Kanada, Janubiy Koreya, Germaniya bunga yaxshi misol. Oliy ma’lumotlilar ushbu mamlakatlarda yoshi yigirma besh yoshdan yuqori aholining ellik foizidan ko‘proqni tashkil etadi.

Joriy yilda ayrim yigit-qizlarimizning bir yo‘la O‘zbekistondagi va chet ellardagi o‘nlab universitetlarning talabalari safidan joy olgani, nafaqat  yaratilayotgan ana shunday keng imkoniyatlarning sharofati, balki yoshlarimizning bilim darajasi, orzu-umidlari, istaklari, intilishlari oshib borayotganidan dalolatdir. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”.

- Bunday yangilanish “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlar deputatligiga 2019 yili o‘tgan saylovlar jarayonida ham yorqin namoyon bo‘lgan edi. Shunday emasmi?

- Darhaqiqat, umume’tirof etilgan xalqaro talablar va standartlarga to‘liq javob beradigan yangi Saylov kodeksi asosida o‘tkazilgan saylovlar xalqimizning huquqiy ongi, siyosiy bilimi va madaniyati o‘sib, jamiyatimizda demokratik tamoyillar mustahkam qaror topib borayotganining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.

Saylov jarayonlarini boshqarish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati ilk bor joriy etildi. Chet ellarda vaqtincha yashab turgan mehnat muhojirlari, talabalar va boshqa vatandoshlarimizga saylovlarda ishtirok etishlari uchun keng sharoit yaratildi.  Ozodlikdan mahrum etilgan, biroq og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etmagan mahkumlarga ilk bor ovoz berish imkoniyati yaratildi.

Ayni paytda saylov kuni mamlakatimizning turli hududlaridagi oltmishta saylov uchastkasiga tajriba-sinov sifatida o‘rnatilgan 120 ta videokamera saylovchilarning ovoz berish jarayonini Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markaziga va internet orqali onlayn rejimida butun dunyoga namoyish qilib turdi. Yigirmata saylov uchastkasida ovoz berish chog‘ida fuqarolarning shaxsini aniqlash uchun  biometrik hujjatlarni «o‘qiydigan» oltmishta qurilmadan tajriba sifatida foydalanildi.

Bunday ilg‘or amaliyot kelgusi saylovlarda yanada kengroq qo‘llaniladi va kelajakda saylovlarning axborot kommunikasiya texnologiyalari yordamida,  xalqaro standartlarga to‘la mos ravishda, ochiq-oshkora, shaffof, sog‘lom raqobat ruhida o‘tishiga xizmat qiladi.

-Saylovlar jarayonida muayyan kamchilik va muammolar ham ko‘zga tashlangani sir emas. Bu haqda nimalar deya olasiz?

- Savolingiz to‘g‘ri.  Yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning sharofati shundaki, nafaqat qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, balki mavjud muammo va kamchiliklar ham baralla aytilib, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari belgilab olinadi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yilning fevralida  mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda barcha hududlarda saylovchilar, saylov tashkilotchilari, mahalliy rahbarlar ishtirokida  qiziqarli davra suhbatlari o‘tkazildi. Ularda erishilgan yutuqlar, kamchiliklar hamda duch kelingan muammolar chuqur va tanqidiy tahlil qilinib, istiqbolda saylovlarni yanada samarali tashkil etish, aholining huquqiy bilim va elektoral madaniyatini yanada oshirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Muloqotlar chog‘ida, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning xulosalarida, ijtimoiy tarmoqlar orqali oddiy saylovchilar tomonidan ilgari surilgan takliflar va tavsiyalar umumlashtirilib, O‘zbekiston saylov tizimini yanada demokratlashtirish, milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirishga oid ma’lumotlar  umumlashtirilgan “Saylov – 2019: yutuqlar, muammolar, takliflar” risolasi tayyorlandi.

-Ushbu risola haqida batafsilroq to‘xtalib o‘tsangiz.

- Bu – Markaziy saylov komissiyasining saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishga oid o‘z faoliyatini tanqidiy nuqtai nazardan o‘rgangan holda bunday keng ko‘lamli tahliliy axborotni, mavjud muammolar hamda ularning yechimlari bo‘yicha takliflarni jamoatchilik e’tiboriga ilk bor havola qilishi. O‘zbek, rus va ingliz tillarida chop etilgan risoladan milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini  yanada demokratlashtirish borasidagi g‘oyat qiziqarli ma’lumotlar va takliflar joy olganki, jamoatchilikning e’tiborini tortmasdan qolmadi.

Jumladan, mamlakatimiz Konstitusiyasining 117-moddasida  O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bir vaqtning o‘zida ikkidan ortiq davlat hokimiyati vakillik organining deputati bo‘lishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.

Bir vaqtning o‘zida ikkita mahalliy vakillik organi deputatligiga nomzod etib ko‘rsatilgan fuqarolarning saylovoldi targ‘ibotini olib borish, uchrashuvlar o‘tkazish bilan bog‘liq muammolarga duch kelishi sir emas. Bu masalada Markaziy saylov komissiyasiga ham bir qator murojatlar kelib tushgan.

Shularni e’tiborga olib, qonunda bir nomzod faqat bitta saylov okrugidan va bitta mahalliy vakillik organiga saylanishi mumkinligiga oid qoidani o‘rnatish taklif qilinmoqda.

Milliy saylov qonunchiligiga o‘zgartirish kiritish orqali, xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarini tugatish va ularning vakolatlarini tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklash ham asosli takliflardandir.

Siyosiy partiyalarga saylovlarda yanada kengroq erkinlik yaratish maqsadida, tashqi reklama vositalari va elektron monitorlarga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilab berilgan shakldagi targ‘ibot va tashviqot materiallarini joylashtirish va bunda ularni bepul ajratish amaliyotidan voz kechish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shunda partiyalar va nomzodlar tomonidan saylovoldi tashviqotini o‘tkazish asnosida o‘zaro o‘xshashlik, bir xillik, takororlanish holatlari va boshqalar kuzatilmaydi.

Qayd etilganidek, kelajakda saylov jarayonlariga rivojlangan mamlakatlarda bo‘lgani kabi axborot kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish kun tartibidagi asosiy masalalardan bo‘lib turibdi.

- Ayonki, maqsad qanchalik aniq va ulug‘vor bo‘lsa, unga erishish shunchalik sharafli bo‘ladi. 

- Haq gap. Jahonda raqobat tobora kuchayib borayotgan bir paytda strategik bosh maqsadning - milliy taraqqiyot istiqbolining to‘g‘ri belgilanishi  xalqimizning ulkan baxtidir. Donishmandlar aytadilarki, buyuk g‘oyalar buyuk insonlarning kamol topishiga xizmat qiladi. Buyuk zotlar, ulug‘ mutafakkirlar esa o‘z xalqining, Vatanining nufuzini yuksaklarga ko‘taradi. 

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan  ajdodlarimizning buyuk yaratuvchanlik, ilmiy-ijodiy salohiyatiga g‘oyat mos uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini barpo etishdek ezgu g‘oyaning amalga oshirilishi O‘zbekistonimiz dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatoridan joy olishida, xalqimiz farovonligining yanada yuksalishida muhim omil bo‘lishi shubhasiz.

Buning uchun biz, avvalo, Vatanimizda mustahkam qaror topgan tinchlik-osoyishtalikning, yaratilayotgan keng imkoniyatlarning  qadriga yetishimiz zarur. Ayni paytda, ulardan samarali foydalangan holda butun kuch-g‘ayrat va iqtidorimizni ayamay, el-yurtimizning buguni va ertagi kunining yanada farovon, yanada to‘kin va osuda bo‘lishi uchun barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, buyuk xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan xizmat qilishimiz darkor.

 

 

Zokir XUDOYSHUKUROV,

(“Xalq so‘zi”) suhbatlashdi.

(“Xalq so‘zi” gazetasi, 11.11.20 yil).

11.11.2020 128