KONSTITUSIYA – XALQIMIZ TAFAKKURI VA IJODINING MAHSULI

Xudoyor Mamatov

Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyat rahbari, yuridik fanlar doktori, professori

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining g‘oyasi, maqsadi, ruhi – har bir qoidasi Inson huquqlari Umumjahon deklarasiyasi, asrlar mobaynida shakllangan demokratik qadriyatlar, milliy davlatchilik, shuningdek, bir necha ming yillardan buyon avloddan avlodga meros bo‘lib kelayotgan o‘zbekona va sharqona davlatni idora etish hamda xalq bilan bamaslahat siyosat olib borish an’analarini o‘zida to‘la mujassamlashtirgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Hammamizni tarbiyalagan, voyaga yetkazgan – shu xalq. Barchamizga tuz-nasiba bergan ham – shu xalq. Bizga ishonch bildirgan, rahbar qilib saylagan ham aynan shu xalq. Shunday ekan, biz birinchi navbatda kim bilan muloqot qilishimiz kerak – odamlarimiz bilan. Kim bilan bamaslahat ish tutishimiz kerak – avvalo xalqimiz bilan. Shunda xalqimiz bizdan rozi bo‘ladi. Xalq rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi. Xalq bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi”, degan fikrlari xalq bilan bamaslahat siyosat olib borish an’analari davom etayotganligining amaliy isbotidir.

Qadimiy Sharq hamisha o‘zining azaliy an’analari, betimsol qadriyatlari bilan kishilik jamiyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazib kelgan. Jumladan, Turonzamin jahonning ulug‘ davlatchilik solnomasida o‘zining qator hokimiyat tuzilmalari, dovruqli saltanatlari, davlat ishlarini yuritish tajribasi bilan munosib o‘rin tutadi. Ayniqsa davlat boshqaruvining huquqiy asoslari barpo etilib, bu borada muayyan tajribaga erishilgan. Xalqning huquqiy ongi, madaniyati va ma’rifatini o‘stirish barobarida, jamiyatda qonunlar ustivorligini ta’minlash, hamma uchun birdek taalluqli, adolatli, haqqoniy qonunlar ishlab chiqish mexanizmlari  yaratilgan. Shu bois ham “har qanday davlatning Konstitusiyasi unda yashovchi xalqning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettiradi. Konstitusiyamiz tom ma’noda xalqimiz tafakkuri va ijodining mahsulidir”.

Xalqimizda “Kengashli to‘y tarqamas” degan g‘oyat ibratli bir maqol bor. Ijtimoiy hayotimizning qaysi bir jihatiga e’tibor qaratmaylik, mana shu hikmatga amal qilinishini kuzatishimiz mumkin. Qaysi bir joyda ibratli bir ish bo‘lsa, u – kengashilgan tadbirning natijasi ekaniga guvoh bo‘lamiz. Bu bejiz emas, zotan biz ulug‘vor o‘tmishimizdan shunday saboq olganmiz. Sohibqiron Temur o‘z tuzuklarida shunday ta’lim beradi: “Davlat ishlarining to‘qqiz ulushi kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilur... Yuz ming otliq askar qila olmagan ishni bir to‘g‘ri tadbir bilan amalga oshirish mumkin... Har kimdan so‘z olib kengash so‘rar edim. Lekin aytilgan har bir maslahatning yaxshi va yomon tomonlari haqida o‘ylab ko‘rgach, to‘g‘ri va sovoblirog‘ini tanlab olardim”.

Bu haqda mashhur nemis tarixchisi F.Shlosser ham shunday ma’lumot beradi: “... sarkarda, hokim va qonunchi sifatida buyuk talant egasi edi. Yolg‘onni yomon ko‘rar, bilimga muhabbat qo‘yishdan mahrum emas edi. Uning manzilida shoirlar, olimlar, mashshoqlar va mistiklar (so‘filar) ko‘p bo‘lardi... u odil sudya, ilm-fan do‘sti, birga suhbatlashishni xush ko‘radigan, rassomlar va olimlarning homiysi edi”.

Bu fikr to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqning xohish-irodasini qonunlarda ifoda etish, baayni uning tomonidan saylangan vakillar orqali bajarilishi lozimligini bildiradi. Shuning uchun ham “Davlatning manbai xalq” degan qoida barcha zamonlarda o‘z dolzarbligini saqlab kelgan. Jan Jak Russo: “Qonunga itoat etguvchi xalq uning ijodkori ham bo‘lmog‘i lozim” deydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir”, deb ta’kidlagan edi. Darhaqiqat, suveren Respublikamiz Konstitusiyasi – inson va fuqaro huquqlarining demokratik xartiyasi bo‘lib, u huquqiy va insonparvar davlatni shakllantirishning strategik dasturi vazifasini o‘tab kelmoqda. Konstitusiya – davlatimiz mustaqilligining huquqiy zamini, xalq xohish-irodasining oliy ifodasi sifatida maydonga chiqdi. U eng taraqqiy topgan, rivojlangan davlatlarning konstitusiyaviy tajribalariga tayanish bilan birga, tarixda sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan huquqiy hujjatdir.

Konstitusiya o‘zbek davlatchiligini zamonaviy, ma’rifiy asosda qayta tiklash, tinch-totuv yashash va tinchlikni barcha choralar bilan mustahkamlash, demokratiyani chuqurlashtirish, inson huquqlari va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiq qolish, adolatli huquqiy davlat barpo etish, fuqarolar tinchligi va milliy hamjihatlikni ta’minlash kabi vazifalarga mas’ul va kafolat bo‘lib hisoblanadi.

Konstitusiya istiqlol mahsuli, shu bilan birga uni himoya qiluvchi qalqon, jamiyatimizning asosiy huquqiy poydevori hamdir. Uning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, unda davlatning qiyofasi, jamiyatning xususiyati yaqqol o‘z ifodasini topadi, hayotimizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy va huquqiy tizimi demokratik tamoyillarga asoslangani, umuminsoniy qadriyatlarning ulug‘lanayotganligi, fuqarolarning huquq va erkinliklari nechog‘li kafolatlangani hamda himoya qilinayotgani ko‘rinib turadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida, Bosh qomusimizning mohiyati haqida to‘xtalib, shunday deb ta’kidlagandi “Har bir davlat o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini o‘zining Konstitusiyasi – Asosiy qonunida mustahkamlab oladi. Binobarin, o‘z xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitusiyaga ega bo‘lgan mamlakat o‘zi belgilagan yuksak marralardan hech qachon og‘ishmasdan, doimo oldinga qarab boradi. Tarixga nazar solsak, asrlar davomida shakllangan ma’naviy-axloqiy qadriyatlar va insonning tabiiy huquqlari sivilizasiya jarayonlari natijasida Konstitusiya shakliga kelganini ko‘ramiz. Konstitusiya bashariyat hayotida ilk bor insonning ozod va erkin yashash, mulkka ega bo‘lish, ta’lim olish, mehnat qilish, saylash va saylanish kabi huquqlarini, so‘z hamda e’tiqod erkinliklarini oliy qadriyat darajasiga ko‘tardi”.

Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ilk davrida qabul qilingan Konstitusiya – shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi.

Konstitusiyamizning 18-moddasida belgilab qo‘yilganidek, O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.

Dunyo hamjamiyati oldida yangilangan qiyofasi, xalqaro hamjamiyat bilan yaqin qo‘shnichilik, strategik sherikchilik hamda o‘zaro hurmatga asoslangan ochiqlik va oshkoralik siyosati bilan tanilib, jahonda tutgan o‘rni va nufuzi yildan yilga yuksalib borayotgan O‘zbekistonda so‘ngi yillarda amalga oshirilgan insonparvar islohotlar tufayli yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlati ta’minlanib, zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratmoqda.

Aynan shu sababli Konstitusiyamizni ehtirom bilan ulug‘lashimiz, har tomonlama o‘rganishimiz, unga izchil amal qilishimiz, Asosiy qonunimizda mujassam bo‘lgan ajdodlarimizning buyuk merosi va umuminsoniy qadriyatlarni yoshlarimiz qalbiga singdirishimiz zarur.

Biz intilayotgan demokratik jamiyatning istiqboli, birinchi navbatda, demokratik qadriyatlar har birimizning qalbimiz va ongimizdan qay darajada chuqur o‘rin olishiga, bu qadriyatlarning nechog‘li asrab-avaylanishi va kelajak avlodlarga yetkazilishiga bevosita bog‘liq. Bu borada esa Konstitusiyaning mazmun-mohiyatini chuqur anglab yetish, konstitusion talablarga qat’iy rioya etish darkor.

Mamlakatimizda tinchlik, barqarorlik va millatlararo totuvlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar zamirida yurtimizdagi turli millat va elat ijtimoiy toifa-yu, kasbu-korga mansub bo‘lgan kishilarni ma’naviy-mafkuraviy tajovuzlardan asrash, ularni ogohlikka chorlash, mavjud xavf va taxdidlarning oqibatlarini anglab yetish, ular haqida jamoatchilik fikrini shakllantirish, eng muhimi, milliy istiqlol g‘oyasi asosida xalqni birlashtirish, jipslashtirish, yosh avlod ongi va qalbida ezgu g‘oyalarga sadoqat tuyg‘ularini tarbiyalashga qaratilgan tizimli va aniq maqsadli amaliy harakatlar mujassamdir.

Bugungi kunda yurtdoshlarimizning nafaqat bilimini oshirish, balki ular qalbida va amaliyotida mustaqilligimizni mustahkamlash bilan bog‘liq demokratik tafakkur va yangi g‘oyalarni kamol toptirish, ularni yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va Vatanimiz taraqqiyotini anglash yo‘lida ezgu ishlarga rag‘batlantirish, odamlar ongu shuurida xayotimizning turli sohalarida olib borilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlarga daxldorlik, bunyodkorlik, kelajakka ishonch va shukronalik tuyg‘ularini mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etadi.

30.11.2020 160