Buyuk shoir va mutafakkirga yuksak ehtirom

9 fevral - hazrat Alisher Navoiyning tug‘ilgan kuni. Davlatimiz rahbarining 2020 yil  19 oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga binoan ushbu tabarruk sana mamlakatimizda har qachongidan keng va tanatanali nishonlanmoqda. Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o‘rin olgan.

Ertalab Toshkentdagi Adiblar hiyobonida, buyuk shoirning muazzam haykali poyida boshlangan tantanali tadbir butun mamlakatimizda - shahar va qishloqlarimiz, ta’lim dargohlari, ilm-ma’rifat mu’assasalarida davom etmoqda. Ilmiy, amaliy va xalqaro anjumanlar, navoiyxonlik kechalari, mushoiralar, viktorinalar, uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Nafaqat mamlakatimizda, ko‘plab xorijiy davlatlarda ham o‘tayotgan bunday qiziqarli tadbirlar shoir dahosiga yuksak ehtirom ramzidir.

Shoirlar, yozuvchilar, ilm-fan namoyondalari, davlat va jamoat arboblari, talaba-yoshlar, maktab o‘quvchilari – Navoiy ijodining minglab, millionlab muxlislari ishtirok etayotgan bunday tadbirlar umumxalq bayrami tusini va ko‘lamini oldi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti oldidagi buyuk shoir nomi bilan ataluvchi hiyobonda o‘tgan tantanlarda ham  yuzlab adabiyot muxlislari ishtirok etdi.

Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama va chuqur o‘rganish, o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi. 

Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilgani, mamlakatimiz hamda bir qator xorijiy davlatlarda haykallari o‘rnatilgani, asarlar to‘plami to‘liq nashrdan chiqarilgani, poytaxtimiz markazidagi ulug‘ bobomizning muazzam me’moriy yodgorligiga mutanosib ravishda Adiblar xiyoboni barpo etilgani madaniy hayotimizdagi ulkan voqealarga aylandi.

Tantanali tadbirda shoirlar va adiblar o‘zlarining Navoyiga bag‘ishlangan asarlaridan, talabalar buyuk shoirning g‘azallaridan o‘qidilar. Olimlar, jumladan, chet ellik ilmiy tadqiqotchilar so‘z mulkining sultoni hayoti, faoliyati va asarlarini o‘rganish va targ‘ib etish borasida erishilayotgan yutuqlar haqida so‘zlab berdilar.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi  nomidan ham hazrat Alisher Navoiyning haykali  poyiga gullar qo‘yildi.

09.02.2021 49