Saylov kodeksida nimalar o‘zgardi?

HAYOT yangi maqsadlardan, yangilanishlardan, o‘zgarishlardan, rivojlanish­lardan iborat. Siyosiy va ijtimoiy qarashlar har qanday mamlakat qaror va qonunlarining yangilanishi va takomillashuvini taqozo etadi.

 

Ma’lumki, 2021 yilda davlatimiz va xalqimiz hayotida katta siyosiy voqea — nav­batdagi Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Shu sababli O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 8 fevraldagi “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur Qonun bilan nafaqat bir qator qonunlarga, balki Bosh qomusimiz hisoblangan Konstitusiyamizga ham o‘zgartirishlar kiritildi.

 

Unga muvofiq, endilikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyat, tuman, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov ularning konstitusiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — dekabr oyi emas, balki oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.

 

Shuningdek, eng muhimi — Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlardir. Xususan, Kodeks yangi — ya’ni chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar ro‘yxatlariga kiritishga bag‘ishlangan 271-modda bilan to‘ldirilib, xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi, chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida ko‘chma qutilarda ovoz berishning huquqiy asoslari yaratildi.

 

Bundan tashqari, chet davlatlarda turgan fuqarolarga saylovchilar ro‘yxatidagi o‘ziga tegishli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari rasmiy veb-saytlari orqali ham ta’minlanadi. Shuningdek, saylov byulletenlarini Brayl alifbosi asosida to‘ldirish uchun trafaretlar tayyorlanishi mumkinligining belgilanishi, albatta, saylovchilarning, xususan imkoniyati cheklangan fuqarolarning o‘z konstitusion huquqlaridan foydalanishlari uchun qulay bo‘lishi va ularning bevosita manfaatlariga xizmat qilishi tabiiy.

 

Qonunlarimizning xalqaro umume’tirof etilgan normalarga muvofiqlashtirilib borilayotganligining tasdig‘i sifatida, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining tavsiyalari asosida ham bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartishlar jumladan, saylov komissiyalarining nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifasi chiqarib tashlanishi; saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanish taqiqlanishi; saylov natijalarini e’lon qilish muddatlarining asossiz cho‘zilishining oldini olish maqsadida saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirilishi va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti uchun ajratilgan mablag‘lardan foydalanishning shaffofligini ta’minlash maqsadida ular tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan so‘ng yakuniy moliyaviy hisobotlarni, shuningdek, Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini e’lon qilish tartibi joriy etilishida ko‘rishimiz mumkin.

 

Bundan tashqari, milliy ekspertlar tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan takliflar asosida xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilib, ularning vakolatlari tuman, shahar saylov komissiyalari zimmasiga yuklatildi.

 

Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilarining, Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, sudyalarning, saylov komissiyalari a’zolarining, diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlanishi belgilab qo‘yildi.

 

Kiritilgan o‘zgartishlar saylov qonunchiligini takomillashtirish bilan birga, jamiyatimizda demokratiya ko‘zgusi sanalgan saylovlarning xalqaro andozalarga mos ravishda o‘tkazilishiga xizmat qilishi shubhasiz.

 

 

Abdurahimxo‘ja BAFAYEV,

Buxoro shahar adliya bo‘limi boshlig‘i

 

“Inson va qonun” gazetasi,

 2021 yil 2 mart, 08(1264) son.

02.03.2021 102