YANGI SAYLOVLAR: QONUNCHILIKDAGI MUHIM O‘ZGARISH

Davlatimiz va jamiyatimiz hayotidagi keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda, xalqimiz huquq va manfaatlarini himoya qilishda, jamoatchilik nazoratini ta’minlashda ommaviy axborot vositalari muhim o‘rin tutadi.

 

Zero, so‘z va axborot erkinligi, o‘z fikrini erkin bildirish, axborot olish va uni tarqatish huquqi eng asosiy va umume’tirof etgan inson huquqlaridan va demokratik jamiyat rivojining muhim omillaridandir.

 

O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.

 

Amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq so‘nggi yillarda, Yangi O‘zbekistonda ochiqlik va oshkoralik, so‘z va matbuot, fikr erkinligi turmush tarzimizga aylanib borayotganini xalqimiz yaqqol his qilmoqda. Ommaviy axborot vositalari faoliyati keskin yuksalib, ularda sog‘lom tanqidiy va tahliliy ruh kuchaydi. Yurtdoshlarimiz o‘z fikrini ochiq-oshkora, hadiksiz, dadil aytayotganini xalqaro ekspertlar, xalqaro tashkilotlar ham keng e’tirof etmoqda.

 

Jamiyat hayotida demokratik prinsiplarni mustahkamlashda, ayniqsa, saylovlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashda, ommaviy axborot vositalari – bosma va internet nashrlar, televideniye va radio, shuningdek, blogerlar faoliyati muhim o‘rin tutadi.

 

Ommaviy axborot vositalarida saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish huquqi mavjud. Saylov kodeksining 8, 35-moddalariga asosan ommaviy axborot vositalarining vakillari saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov kuni ovoz berish binolarida, shu jumladan ovozlarni sanab chiqish chog‘ida hozir bo‘lish huquqiga ega.

 

Albatta, ommaviy axborot vositalari vakillarining vakolatlari Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan berilgan hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi o‘z faoliyatida mazkur masalaga doim alohida e’tibor qaratib keladi. Bunga 2019 yili mamlakatimiz Parlamenti va mahalliy Kengashlarga ilk bor Saylov kodeksi asosida “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida o‘tgan saylovlar yorqin misoldir. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida  O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va barcha darajadagi saylov komissiyalari o‘z ishini ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga binoan tashkil etdi. Bunda Markaziy saylov komissiyasi huzurida Xalqaro matbuot markazi va uning hududiy bo‘linmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani muhim ahamiyat kasb etdi. Saylov jarayonlarini mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 1 155 nafar vakili yoritib bordi.

 

Xalqaro matbuot markazida yuzdan ortiq brifing va matbuot anjumani, seminar va davra suhbatlari o‘tkazildi, Markaziy saylov komissiyasining o‘ndan ortiq yig‘ilishi va siyosiy partiyalar va nomzodlar o‘rtasida o‘tkazilgan 26 teledebat to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.

 

2019 yil 20 oktyabrdan 20 noyabrga qadar mamlakatimiz miqyosida “Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi” o‘tkazilib, targ‘ibot tadbirlari bilan millionlab saylovchilar qamrab olindi.

 

Oltmishta saylov uchastkasida kuzatuv kameralari o‘rnatilib, ulardagi ovoz berish jarayoni Xalqaro matbuot markazida, Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida hamda “O‘zbekiston24” telekanalida real vaqtda namoyish etildi.

 

Bulardan tashqari,  Xalqaro matbuot markazi bilan hamkorlikda 28 marotaba 150 daqiqalik “Press-coffee” hamda yetti marotaba 30 daqiqalik “Press-brifing” jonli efirda namoyish etildi.

 

O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi va unga a’zo ellikdan ortiq teleradiostansiya tomonidan “Demokratik debat” tok-shousining 26 soni jonli efirga uzatildi.

 

Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti (elections.uz) modernizasiya qilinib, unga o‘zbek tilida 3 800 dan ortiq, rus tilida 2 400 ga yaqin, ingliz tilida 350 dan ortiq materiallar joylashtirildi.

 

Umuman olganda, saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarlarda saylovlarga bag‘ishlangan 42 mingdan ortiq, jumladan, 4 mingga yaqin tanqidiy ruhdagi chiqishlar qayd etildi.

 

Saylovoldi tashviqoti davrida barcha siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlar va ularning ishonchli vakillari uchun saylovchilar bilan uchrashuvlar, bahslar, debatlar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, plakatlar, roliklar, bannerlarni joylashtirish uchun teng imkoniyatlar yaratilganini ham qayd etish o‘rinli. Umuman olganda, ommaviy axborot vositalari, Internet sahifalar va ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy partiyalar va ularning nomzodlariga oid jami 141 952 tashviqot materiali e’lon qilindi.

 

Bularning barchasi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha jarayonlar qonunchilikda belgilangan muddatlarda, erkin, ochiq-oshkora, shaffof, saylov sohasidagi milliy qonunchilik, xususan, Saylov kodeksiga muvofiq o‘tkazilishiga xizmat qildi.

 

O‘tgan saylovlarda orttirilgan katta amaliy va huquqiy tajriba, shuningdek milliy va xalqaro kuzatuvchilar tomonidan bildirilgan tavsiyalar saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirishda muhim o‘rin tutadi.

 

Joriy yilning 8 fevral kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengaytirish, milliy saylov tizimini takomillashtirish, saylovlarda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlashdek ezgu maqsadlarga erishishda muhim omil bo‘ladi.

 

Saylov jarayonlarini xolis va oshkora yoritish jurnalistlardan, avvalo, milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini pishiq-puxta bilishni, jurnalist etikasiga qat’iy rioya qilishni talab etadi. Shu jihatdan, 2019 yilgi saylovlar oldidan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bu borada jurnalistlar o‘quvi tashkil etilgani yaxshi samara berganini ta’kidlash o‘rinli.

 

Saylovlarning natijalari va xulosalari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tayyorlangan “Saylov–2019: yutuqlar, muammolar, takliflar” axborotnomasida o‘zbek, rus va ingliz tillarida chop etildi.

 

Saylov qonunchiligiga kiritilgan yangi o‘zgartishlarni puxta bilish hammamizning burchimiz. Zero, qonunni bilmasdan, kishi, ayniqsa, jurnalist, o‘z haq-huquqi, burchi va majburiyatlariga amal qilishi mushkul. Ana shunday muhim o‘zgartishlarning ayrimlariga to‘xtalib o‘tish foydadan holi bo‘lmaydi, deb o‘ylayman.

 

Yangi qonunga binoan Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov o‘tkazish vaqtini o‘zgartirishga oid taklif, ayniqsa, ko‘pchilikning e’tiborini tortganini qayd etish joiz.

 

Aslida, saylov jarayonlarining ko‘p yillik bevosita ishtirokchisi sifatida oddiy saylovchilardan to saylov tashkilotchilarigacha – ko‘plab fuqarolarning saylovlarni o‘tkazishni iliq kunlarga ko‘chirish borasida bildirgan istak va takliflarini ilgari ham necha bor eshitganman. Negadir saylovlarni yil oxirida o‘tkazish bilan bog‘liq eski an’anani o‘zgartirish masalasi hozirgacha e’tibordan chetda qolib kelayotgan edi.

 

Ekspertlar tomonidan qayd etilganidek, saylovlarning qahraton qish -  dekabr oyidan ko‘ra, ochiq-sochiq, iliq oyda o‘tkazilishi har tomonlama va hamma uchun – saylovchilar uchun ham, saylanuvchilar uchun ham, saylovlarni tashkil etuvchilar uchun ham, saylovlardan keyin oliy davlat organlarini o‘z vaqtida shakllantirish uchun  ham juda qulay.

 

Saylov qonunchiligiga kiritilgan bu muhim yangilikni katta xayrixohlik bilan kutib olayotganlar orasida siyosiy partiyalar vakillari, mahalliy kuzatuvchilar, deputatlar va jurnaslitlar ham ko‘p. Ularning fikricha, saylovlarning ayni sovuq qish mavsumiga to‘g‘ri kelishi fuqarolarning saylovlardagi faolligiga, saylovoldi tashviqoti tadbirlarini keng qamrovda o‘tkazishga, ayniqsa, ommaviy tadbirlarni tashkil­  etishga salbiy ta’sir etib kelayotgan edi.

 

Qolaversa, saylovlar natijasida konstitusiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan O‘zbekistonning qonun chiqaruvchi hokimiyati va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tarkibi davriylik prinsipi asosida yangilanishi ta’minlanadi. Barcha darajadagi ijroiya hokimiyati qaytadan shakllantiriladi. Bulardan tashqari, yangi yil bayrami, yil yakunlari va sarhisobi, kelgusi yil rejalari, dasturlari bilan bog‘liq g‘oyat muhim va sertashvish jarayonlar bor.

 

Bunday siyosiy-huquqiy jarayonlar muayyan vaqt va mehnat talab qilishi tabiiy. Prezidentimiz 8 fevral kuni imzolagan yangi qonun bo‘yicha saylov qonunchiligiga kiritilgan  o‘zgartishlarga  binoan, endi Prezidentlikka saylov, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov ularning konstitusiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. Ta’kidlaganimizdek, bunday saylovlar ilgari dekabr oyida o‘tkazilar edi.

 

Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilib, ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanishi munosabati bilan tuman, shahar saylov komissiyalari tarkibi 21 nafar  a’zogacha  kengaytirildi.

 

2019 yili o‘tkazilgan saylovlar jarayonida mazkur yo‘nalishda saylov qonunchiligini takomillashtirish  bilan bog‘liq qator vazifalar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Saylov kodeksining 25-moddasida “uchastka saylov komissiyasi a’zolarining yarmidan ko‘pi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas”, deb qayd etilgan. Ammo shifoxonalar, dam olish uylari, harbiy qismlar, mamlakatimizning chet ellardagi diplomatik vakolatxonalari kabi muassasalarda, ularning qat’iy ichki tartib qoidalari talablaridan kelib chiqqanda, saylov uchastkasi a’zolarini bunday tartibda tuzish qiyin.

 

Shularni e’tiborga olib, yangi qonunga binoan, Saylov kodeksining mazkur moddasi uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi: “Uchastka saylov komissiyasi a’zolarining yarmidan ko‘pi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas, bundan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda va dam olish uylarida, boshqa stasionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum qilish joylarida tashkil etilgan uchastka saylov komissiyalari mustasno”.

 

Ta’kidlash zarurki, 2019 yilgi saylov davrida 38 xorijiy davlatdagi O‘zbekistonning diplomatik va boshqa vakolatxonalarida 55  saylov uchastkasi tashkil etildi. Mamlakatimizning xorijdagi vakolatxonalarida konsullik hisobida bo‘lgan yoki bo‘lmaganidan qat’i nazar, barcha vatandoshlarimiz uchun ovoz berish imkoniyati yaratilgani ham ana shunday muhim o‘zgarishlar sirasidandir. Xorijda 112 411 nafar yurtdoshimiz o‘zining konstitusiyaviy huquqidan foydalanib, ovoz berdi. Avvalgi saylovlarda mamlakatimizning chet eldagi vakolatxonalarida konsullik ro‘yxatidan o‘tgan fuqarolargina ovoz bera olgan.

 

Saylov qonunchiligiga kiritilgan yangi o‘zgartirishlarga ko‘ra, saylov komissiyalari zimmasidagi nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifaning chiqarib tashlanishi, saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanishning taqiqlanishi, saylov natijalarini e’lon qilish muddatlarining asossiz cho‘zilishining oldini olish maqsadida, saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirilishiga oid yangi normalarning kiritilgani saylovlarni ochiq-oshkora, shaffof va mustaqillik tamoyillari asosida o‘tkazishga xizmat qiladi.

 

Shuningdek, siyosiy partiyalarning moliyaviy shaffofligini ta’minlash maqsadida, ular tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan so‘ng yakuniy moliyaviy hisobotlarni, shuningdek, Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini e’lon qilish tartibi joriy etildi.

 

Mazkur o‘zgartishlardan yaxshi xabardor bo‘lish va ularning amaliyotdagi ijrosini kuzatib borish ommaviy axborot vositalari vakillaridan joriy yilda kutilayotgan Prezidentlik saylovining ham umume’tirof etilgan xalqaro saylov prinsiplari asosida o‘tishida muhim omil bo‘lishi, shubhasiz. Bu muhim siyosiy kampaniya Yangi O‘zbekiston sharoitida saylovchilarimiz, barcha fuqarolarimizning siyosiy va huquqiy madaniyati, dunyoqarashi, grajdanlik pozisiyasi yuksalib borayotganini yana bir bor namoyon etadi, deb bildirilgan ishonchni oqlash barchamizdan faol harakatni talab qiladi.

 

Hasan ABDURAHMONOV,

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi

matbuot xizmati rahbari,

yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori.

 

Manba: “Hurriyat” gazetasi, 2021 yil 3 mart. 9-son.

03.03.2021 109