SIYOSIY PARTIYALARNI SAYLOV KAMPANIYASI DAVRIDA MOLIYALASHTIRISH: MUHIM YANGILIKLAR

Saylov davrida saylov kampaniyasi va siyosiy partiyalarni moliyalashtirish mamlakatning demokratik islohotlarni yangi bosqichiga olib chiqishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Saylov kampaniyasining davlat tomonidan moliyalashtirilishi siyosiy jarayonlarda tenglik prinsipini ta’minlash bilan birga, mablag‘lar behuda sarflanishining oldini oladi. Bu, o‘z navbatida, siyosiy partiyalar va nomzodlarning mavqeni mustahkamlash teng huquqli raqobat muhitini kengaytirish va saylovchilarning siyosatchilarga ishonchini oshirishga xizmat qiladi.

Saylov kampaniyasi davrida saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, siyosiy partiyalar hamda nomzodlarning targ‘ibot va tashviqot ishlari muayyan mablag‘ talab etishi sir emas. Bu borada davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘lar maqsadli, oqilona va samarali sarflanishi hamda teng taqsimlanishida xalqaro me’yorlarga amal qilinishi muhim ahamiyatga ega. Bu qonunchilikda saylov kampaniyasini moliyalashtirishga oid qoidalarni mukammal belgilashni talab qiladi.

Mamlakatimiz saylov qonunchiligida siyosiy partiya yoki uning nomzodining saylovlar, xususan saylovoldi kampaniyasi bilan bog‘liq barcha harajatlari davlat byudjetidan qoplanishi shartligi belgilangan.

Chet davlatlarning, jismoniy va yuridik shaxslarining hamda xalqaro tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan saylovni moliyalashtirish hamda nomzodlar va siyosiy partiyalarni moddiy jihatdan boshqacha tarzda qo‘llab-quvvatlash ta’qiqlanadi. Tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borishga ham yo‘l qo‘yilmaydi.

Saylov kodeksining 100-moddasiga muvofiq - Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘larining bir nomzod hisobiga to‘g‘ri keladigan miqdori O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi. Bu haqdagi axborot Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida, shuningdek zarur hollarda, boshqa manbalarda e’lon qilinadi.

Siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun davlat mablag‘lari shu partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyin ro‘yxatga olingan nomzodlar soniga muvofiq hajmda siyosiy partiyaning hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘lari tashviqot olib borish, nomzodlarning ishonchli vakillari va tashviqot o‘tkazish uchun jalb qilinadigan boshqa faollar ishini tashkil etish, saylov kampaniyasini o‘tkazishga doir umumpartiyaviy tadbirlarga sarflanishi belgilab qo‘yilgan.

Siyosiy partiyalar yoki ularning nomzodlarini saylovda shaxsiy manbalardan olingan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilgan yoki moddiy jihatdan o‘zgacha tarzda qo‘llab-quvvatlangan holatlar aniqlansa, bunday yordam xayriya yordami beruvchiga qaytarilishi, qaytarish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda esa, davlat daromadiga o‘tkazilishi lozim.

2019 yili mamlakatimizda o‘tkazilgan Parlament saylovidan so‘ng siyosiy partiyalar o‘zining saylovdagi ishtirokini moliyalashtirishga oid axborotni bir oy ichida o‘z rasmiy veb-saytida va bosma nashrlarda e’lon qilishi bilan bog‘liq tajriba milliy ekspertlar va xalqaro kuzatuvchilar tomonidan yuksak baholanganligini ta’kidlash joiz.

Shu yil 8 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasining “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilinishi milliy saylov qonunchiligimizda xalqaro standartlarga to‘la mos bir qator yangiliklarni joriy qilish, saylovni moliyalashtirishda shaffoflikni ta’minlashda muhim omil bo‘lishi, shubhasiz.

Xususan, qabul qilingan qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonunining 8, 16, 17 va 18 moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ma’lumki, 2004 yilda qabul qilingan mazkur qonunning 8-moddasi “Siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasiga va davlat hokimiyatining boshqa vakillik organlariga saylovda ishtirok etishini davlat tomonidan moliyalashtirish” deb nomlanar edi. Ushbu modda 2019 yilda qabul qilingan Saylov kodeksi 100-moddasiga muvofiqlashtirildi va “Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish” deb nomlandi.

Kodeksning ushbu moddasida siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish belgilangan tartibda faqat ana shu maqsadlar uchun ajratiladigan davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi. Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘larining bir nomzod hisobiga to‘g‘ri keladigan miqdori O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘lari shu partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyin ro‘yxatga olingan nomzodlar soniga muvofiq hajmda siyosiy partiyaning hisob-kitob varag‘iga belgilangan tartibda o‘tkaziladi.

Saylovda siyosiy partiyalarning ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablag‘lar siyosiy partiya tomonidan tashviqot olib borish, nomzodlarning ishonchli vakillari va tashviqot o‘tkazish uchun jalb qilinadigan boshqa faollar ishini tashkil etish va saylov kampaniyasini o‘tkazishga doir umumpartiyaviy tadbirlarga sarflanadi.

Amaldagi qounchilikka kiritilgan yangilik shundan iboratki, siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari yuzasidan saylov kuniga qadar oraliq hisobotini va saylov natijalari e’lon qilinganidan keyin yakuniy hisobotini Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etadi. Siyosiy partiyaning hisobotlari uning rasmiy veb-saytida va bosma nashrida e’lon qilinadi.

Mazkur qoidaning belgilanishi siyosiy partiyalarning saylov kampaniyasidagi faoliyati shaffofligini oshirishga, saylovlarda tenglik, adolatlilik, haqqoniylik va xolislik tamoyillarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Shu o‘rinda aytish joizki, avval o‘tkazib kelingan saylovlarda siyosiy partiyalar tomonidan oraliq hisobot taqdim etilmagan. Qonunga ushbu normalar YeXHT DIIHB tomonidan berilgan tavsiyalari asosida kiritilganligi halqaro saylov standartlariga mos ekanligini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, BMTning Korrupsiyaga qarshi kurash konvensiyasining 7(3)-bandida davlatlar siyosiy partiyalar va nomzodlarni moliyalashtirish manbalarini imkon qadar ochiqlash choralarini ko‘rishlari zarurligi qayd etilgan.

Endilikda saylov kampaniyasi davrida siyosiy partiyalar ikki xil shaklda, ya’ni ustavida nazarda tutilgan faoliyati va saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish haqidagi hisobotni berishi belgilandi. Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun davlat mablag‘lari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan taqsimlanishidan kelib chiqib, ushbu mablag‘lar bo‘yicha hisobotni faqat Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etadi.

Siyosiy partiyaning hisobotiga uning saylovda ishtirok etishini va ustavida nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun hisobot yilida partiyaning hisobvarag‘iga kelib tushgan hamda sarflangan davlat mablag‘lari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Hisob palatasi va Adliya vazirligining xulosasi ilova qilinadi. Siyosiy partiyaning moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisoboti ommaviy axborot vositalari va manfaatdor tashkilotlarning vakillari taklif etilgan holda ko‘rib chiqiladi.

Moliyaviy va boshqa mablag‘larning kelib tushishi hamda siyosiy partiyalarning ulardan belgilangan maqsadda foydalanishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining siyosiy partiyalar moliyaviy faoliyatini tekshirish natijalari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

Milliy saylov qonunchiligimizga kiritilgan bunday muhim o‘zgartishlar saylovlarda ochiqlikni ta’minlash, mablag‘larning sarflanishi ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mablag‘larning belgilangan yo‘nalishga ishlatilishi ularning maqsadli sarflanishini ta’minlaydi. Moliyaviy intizomini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Adham IBODULLAYEV,

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining

a’zosi.

20.03.2021 87