Hindistonning beshta hududida qonunchilik assambleyasiga saylovlar bo‘lib o‘tdi

Shu yilning 5-6 aprel kunlari Hindistonning Assam, Kerala, Tamil Nadu, Gʻarbiy Bengaliya va Paducherri shtatlari qonunchilik assambleyasiga saylovlar bo‘lib o‘tdi.  

Hindiston saylov komissiyasi tomonidan Saylov kampaniyasi davrida mamlakatda pandemiya sharoitida erkin, adolatli, oshkora va xavfsiz saylovlarni o‘tkazish maqsadida xalqaro virtual saylov dasturi yo‘lga qo‘yildi.

Virtual saylovlarni Moldova, Gruziya, Avstraliya, Malavi, Maldiv orollari, Mo‘g‘uliston, Bangladesh, Afg‘oniston, Kambodja, Indoneziya, Nepal, Zambiya Filippin, Ukraina, Koreya, Qozog‘iston hamda O‘zbekiston kabi dunyoning 26 ta davlatidan 100 dan ortiq saylov organlari vakillari bevosita kuzatib bordi.

Siyosiy tadbirlar uchun 5 ta hududda 824 ta saylov okrugi tashkil etilgan va 187 milliondan ortiq hind fuqarolari saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan.

Tashkil etilgan 266 mingdan ortiq saylov uchastkalarining barchasi Hindiston saylov komissiyasining talablariga muvofiq elektron ovoz berish mashinalari bilan ta’minlangan. Mazkur qurilma ovoz berish jarayonlari shaffofligini ta’minlash bilan birga, tashishda qulayligi bois olis hududlarda yashovchi, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ham ovoz berishlari uchun imkoniyat yaratdi. 

Saylovda ishtirok etgan har bir ovoz beruvchining bir martalik ishtirokini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha jamoatchilik nazorati o‘rnatilgan. Unga ko‘ra saylovchilarning barmoqlariga maxsus “o‘chmaydigan” qora bo‘yoq surtiladi, u bir necha kun davomida barmoqlardan yuvilib ketmaydi.

Shu o‘rinda aytish joiz saylov uchastkalarida sanitariya-epidemiologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘rilgan. Saylov uchastkalari va komissiya a’zolari va ovoz berishda ishtirok etuvchilar shaxsiy himoya vositalari, antiseptik va boshqa vositalar bilan ta’minlangan.

Virtual saylov jarayonlari doirasida “Saylovchilarning elektoral savodxonligini oshirish”, “Pandemiya sharoitida saylovarni tashkil etish”, “Elektron ovoz berish mashinalari va saylovlarda axborot kommunikasiya texnologiyalarining o‘rni” kabi mavzularga bag‘ishlangan vebinarlar ham tashkil etildi.

Shuningdek, vebinarlar davomida “A-WEB India Journal of Elections” jurnali taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Jahon saylov organlari assosiasiyasi tomonidan nashr etilgan jurnalda taniqli yozuvchilar, ekspertlar, tadqiqotchilar va amaliyotchilarning tadqiqot ishlari, maqolalar va sharhlar e’lon qilingan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bildirilgan fikrlar, jumladan saylovlar sohasidagi do‘stona munosabatlar va chuqur hurmatga asoslangan kelishuvlar, hamkorlik rishtalarining tobora mustahkamlanib borayotganligi borasidagi fikrlar ham keltirib o‘tilgan.

Xalqaro virtual saylovlarning 2 kuni saylov uchastkalaridagi sharoitlar bilan bevosita tanishish imkoniyati yaratildi. Videoroliklar orqali Assam, Kerala, Tamil Nadu, Gʻarbiy Bengaliya va Paducherri hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, turizim salohiyati bilan tanishtirib o‘tildi. Har bir uchastkada karantin qoidalariga amal qilish orqali ovoz berish jarayonlarida ishtirok etishga da’vat etuvchi ko‘rgazmali ma’lumotlar va de’voriy axborotlarni kuzatish mumkin bo‘ldi.   

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joiz, qonunchilik assambleyasiga bo‘lib o‘tgan saylovlarni kuzatish bilan birga pandemiya sharoitida erkin va oshkora saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish, saylov jarayonlariga ilg‘or axborot kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish yuzasidan ham tajriba almashildi.

07.04.2021 62