Saylov qonunchiligi va amaliyoti: saylov huquqining yangi kafolatlari

2021 yil 13 aprel kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Markaziy saylov komissiyasi tashabbusi bilan “Saylov qonunchiligi va amaliyoti: saylov huquqining yangi kafolatlari” mavzuidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, universitetning o‘qituvchi va talabalari, shuningdek OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘qituvchi professorlari saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalar yuzasidan ma’ruza qildilar.

Davra suhbati davomida talabalarga saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarning familiyalari saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi, saylovchilar ro‘yxatlari Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha axborot tizimi ma’lumotlari asosida tuzilishi, haqida ma’lumotlar berib o‘tildi.

Qayd etilganidek, avvallari siyosiy tadbirlarda faqat konsullik vakolatxonalaridan rasman ro‘yxatdan o‘tgan o‘zbekistonliklar o‘zlarining konstitusiyaviy huquqlaridan foydala olgan. Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra endilikda, chet davlatlarda istiqomat qilib turgan vatandoshlarimiz diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi va xorijiy mamlakatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida ko‘chma qutilar orqali ovoz berishlari mumkin bo‘ladi.

Tadbir davomida talabalarning nomzodlar tomonidan targ‘ibot va tashviqot olib borishda axborot kommunikasiya texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanish, aholining saylovlarda faol ishtirokini ta’minlash, pandemiya sharoitida saylovlarni o‘tkazish, tashqi reklama vositalarida siyosiy partiyalar va nomzodlarga bepul joy ajratilishiga doir savollariga mutahassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

13.04.2021 71