O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASINING MAJLISI HAQIDA

2021 yilning 14 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi.  Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev olib bordi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi va Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga oid qator nizomlari loyihalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida o‘z oldiga buyuk maqsadni qo‘ygan Yangi O‘zbekistonda Prezident saylovi bu yil yangi milliy saylov qonunchiligi, umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga amal qilingan holda, demokratik tamoyillar asosida va butunlay yangicha muhitda o‘tishi alohida ta’kidlandi.

Prezident saylovi mamlakatimizni rivojlantirishning beshta muhim ustivor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida  o‘z ifodasini topgan ilg‘or demokratik g‘oyalarning amaldagi yana bir yorqin ifodasi bo‘ladi.

Bu saylovda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik amalda keng ta’minlanishi uchun uchastka saylov komissiyalaridan to Markaziy saylov komissiyasigacha – barcha darajadagi saylov komissiyalari, barcha saylov tashkilotchilari o‘z ishini eng ilg‘or demokratik prinsiplar asosida va yuksak tashkiliy darajada amalga oshirishini taqozo qiladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 8 fevral kuni imzolangan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga doir qonun bilan saylov qonunchiligining takomillashtirilishi fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini, davlat va jamiyat  boshqaruvidagi ishtirokini yanada keng ta’minlashda muhim omil bo‘lishi shubhasiz.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga binoan endi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari saylovi ularning konstitusiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.

Prezident saylovi Yangi O‘zbekistonda saylovchilarning siyosiy va huquqiy madaniyati tobora yuksalib borayotgan bir sharoitda bo‘lib o‘tadi. Buning uchun saylovga tayyorgarlik ko‘rishning dastlabki bosqichi, ya’ni saylov kampaniyasi e’lon qilingunga qadar, zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish barcha saylov tashkilotchilarining muhim vazifasidir.

Ushbu vazifalardan kelib chiqib, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi batafsil muhokama qilindi va tasdiqlandi.

Dasturdan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ilk bor Saylov kodeksi asosida o‘tajak Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish borasida qadamba-qadam amalga oshiriladigan ishlar o‘zining batafsil ifodasini topgan. Bajariladigan vazifalarning ijro muddati va mas’ul ijrochilari  aniq ko‘rsatilgan.

Avvalo, saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonini huquqiy va uslubiy jihatdan ta’minlash, saylov jarayoni ishtirokchilarining saylov qonunchiligiga oid bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash borasidagi ishlarni o‘z vaqtida va samarali tashkil etish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda barcha okrug va uchastka saylov komissiyalarining a’zolari uchun seminarlar, treninglar, o‘quv mashg‘ulotlari, konferensiyalar, davra suhbatlari boshqa tadbirlar, jumladan onlayn muloqotlar, o‘tkaziladi.

Asosiy tadbirlar dasturida saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy qilish, ushbu jarayonda axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etish, saylovga tayyorgarlik jarayonini koronavirus pandemiyasi sharoitini hisobga olgan holda o‘tkazish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Markaziy saylov komissiyasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug va uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibini belgilab beruvchi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzolarni to‘plash va imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish tartibi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibiga doir nizomlar qabul qilindi.

Yig‘ilishda bu yilgi Prezident saylovi mamlakatimizda boshlangan keng qamrovli islohotlarning, xalqimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etish sari tashlayotgan dadil qadamlarning bardavom bo‘lishini ta’minlash borasida barcha saylov tashkilotchilari uchun muhim sinov bo‘lishi ta’kidlandi. Majlisda Markaziy saylov komissiyasining vakolatlariga taalluqli boshqa ayrim masalalar ham ko‘rib chiqildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

14.04.2021 93