Prezident saylovi: yuksak e’tibor va daxldorlik tuyg‘usi bilan

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekiston: saylov huquqining yangi kafolatlari” mavzusida seminar tashkil etildi. Unda mazkur Qo‘mita rahbarilari va mas’ul xodimlari, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar  va do‘stlik jamiyatlari vakillari ishtirok etdi.

Seminarda joriy yilning oktyabrida mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida saylovchilarning, jumladan, milliy madaniy markazlar  va do‘stlik jamiyatlari vakillarining saylov huquqi kafolatlarini yanada keng ta’minlashga ko‘maklashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratildi. O‘zbekiston saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.

Markaziy saylov komissiyasining a’zolari S.Qurbonqulov, G.Ismoilova bu yil mamlakatimizda kutilayotgan ulkan  siyosiy voqea – Prezident saylovi butunlay yangicha, xalqaro saylov standartlari va umum e’tirof etilgan demokratik tamoyillar asosida o‘tkazilishiga e’tibor qaratdilar.

Davlatimiz rahbari tomonidan shu yil 8 fevral kuni imzolangan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bu borada muhim omil bo‘lishi alohida ta’kidlandi. Qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Ushbu qonunning imzolanishi fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengroq ta’minlashdek ezgu maqsadga xizmat qiladi.

Qo‘mita raisining o‘rinbosari A.Toshev Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi to‘laqonli missiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy vakillik organlariga 2019 yil 22 dekabrda o‘tkazilgan saylovlarni kuzatish bo‘yicha Yakuniy hisobotida bildirilgan maqbul tavsiyalar mamlakatimizda izchillik bilan  amalga oshirilayotganiga e’tiborni qaratdi.

Prezident saylovi yuksak siyosiy tafakkur mahsuli - mamlakatimizni rivojlantirishning beshta muhim ustivor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida  o‘z ifodasini topgan  ilg‘or demokratik g‘oyalar ro‘yobining, O‘zbekistonning yuksak taraqqiyotiga xalqimiz bildiradigan qat’iy ishonchning amaldagi yana bir yorqin ifodasiga aylanishi qayd etildi.

Seminarda milliy madaniy markazlar vakillarining nomzodlar tomonidan targ‘ibot va tashviqot olib borishda axborot kommunikasiya texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan keng foydalanishi, aholining saylovda faol ishtirokini ta’minlash, el-yurt taqdiri va saylovga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish, pandemiya sharoitida saylov o‘tkazishning o‘ziga xos jihatlariga doir savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

29.04.2021 82