Seminar-treninglarning navbatdagi bosqichi boshlandi

Joriy yil 7-iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida  uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga nomzodlarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan seminar-treninglarning navbatdagi bosqichi boshlandi.

Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan  aprel oyida tasdiqlangan Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasiga binoan, saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi va saylovda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimi hamda amaliy ko‘nikmasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglarni tashkil etish va o‘tkazish uch bosqichda amalga oshirilmoqda.

Davlat boshqaruvi akademiyasida 28-apreldan 6-mayga qadar saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar va saylov jarayoni boshqa tashkilotchilarining malakasini oshirish uchun mas’ul  56 nafar respublika treneri hamda mas’ul shaxslar ishtirokida seminar-treninglarning  dastlabki bosqichi o‘tkazildi.

Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil olgan 56 nafar respublika treneri mamlakatimiz bo‘ylab 17-maydan 24-mayga qadar viloyatlardagi 936 nafar hududiy trener, 346 nafar saylov tashkilotchisi uchun mashg‘ulotlar olib bordi.

Endigi bosqichda tayyorlangan hududiy trenerlar tuman va shaharlarga taqsimlanib,  uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga 32 mingdan ortiq nomzod uchun saylov qonunchiligidagi yangiliklar va ularni amaliyotda qo‘llash masalalari yuzasidan bugundan mashg‘ulotlar o‘tkazishga kirishdi.

Seminar-treninglarning navbatdagi, muhim bosqichiga joylarda qanday tayyorgarlik ko‘rildi? Bu savolga javobni Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida ko‘rish mumkin.

“Qoraqalpog‘iston Respublikasida bir milliondan ko‘proq saylovchi ro‘yxatga olingan, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Marinika Babanazarova. - Qoraqalpog‘istonda jami 658 uchastka saylov komissiyasi tuzilishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda hududda 1991 nafar uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga nomzodlar ro‘yxati shakllantirilib,  ular tuman va shaharlari kesimida 107 guruhga taqsimlangan. 

Shuningdek, har bir tuman va shaharning markazida 17 namunaviy saylov uchastkasi va har biri 20 kishiga mo‘ljallangan jami 34 auditoriya xonalari tayyorlanib, o‘quv-seminar mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun tayyor holatga keltirildi.

Seminar-treninglar joriy yilning 7-iyun sanasidan  interfaol usullarda, jumladan, ma’ruza, videodars, saylov jarayonlarini modellashtirish, trening, simulyasiya, bahs-munozara tarzida olib boriladi”.

Mashg‘ulotlar zarur jihoz va vositalar (proyektor, elektron doska, kompyuter, marker, ichimlik suvi, dizenfeksiya vositalari, dozatorlar hamda antiseptiklar) bilan to‘liq ta’minlangan auditoriyalarda olib borilmoqda.

Qayd etish joiz, ushbu mashg‘ulotlar saylov komissiyalari a’zolariga “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyiliga qat’i amal qilish, saylovchi shaxsan o‘zi ovoz berishining ahamiyatini keng tushuntirish, shuningdek, ularning saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish tartibi bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan.

Treninglar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining konstitusiyaviy-huquqiy asoslari, saylovni o‘tkazuvchi saylov komissiyalari tizimi, vakolatlari va vazifalari, saylov jarayonida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va mahalliy kuzatuvchilarning ishtiroki, ularning huquq va majburiyatlari, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, saylov kuniga tayyorgarlik ko‘rish, saylov kuni ovoz berishni tashkil qilish, saylov natijalarini aniqlash va e’lon qilish tartibi kabi mavzular keng qamrab olinadi.


Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati

07.06.2021 35