Seminar-treninglar qiziqarli o‘tmoqda

Avval xabar berilganidek, 7 iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida  uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotiblarining bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan seminar-treninglarning navbatdagi bosqichi boshlandi.

Birinchi va ikkinchi  bosqichlarda tayyorlangan hududiy trenerlar endi tuman va shaharlarda uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga 32 mingdan ortiq nomzod uchun saylov qonunchiligidagi yangiliklar va ularni amaliyotda qo‘llash masalalari yuzasidan mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda.

Seminar-treninglarning navbatdagi bosqichi joylarda qanday o‘tayotganligini Andijon va Jizzax viloyatlari  misolida ko‘rish mumkin.

“Andijon viloyatining 16 shahar va tumanida saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv-seminarlari o‘z ishini faol boshladi, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Feruza Ahmedova. - Mashg‘ulotlar barcha shahar va tumanlarga onlayn translasiya qilinmoqda va o‘quv jarayonlarini markazlashgan holda to‘liq kuzatish imkoni bor. Tinglovchilar Markaziy saylov komissiyasi tashabbusi bilan chop etilgan saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha o‘quv-amaliy qo‘llanmasidan foydalanmoqda. Darslar davomida trenerlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining konstitusiyaviy-huquqiy asoslari, saylovni o‘tkazuvchi saylov komissiyalari tizimi, vakolatlari va vazifalari, saylov jarayonida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va mahalliy kuzatuvchilarining ishtiroki kabi mavzularda tushintirishlar berilmoqda”.

“Jizzax viloyatining 13 shahar va tumanida saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv-seminarlari mashg‘ulotlari qiziqarli o‘tmoqda, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Alisher Usmonqulov. - Birinchi kuni jami 246 nafar tinglovchi faol ishtirok etdi.

Mashg‘ulotlar davomida “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyiliga qat’iy amal qilish, saylovchi shaxsan o‘zi ovoz berishining ahamiyati, saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish tartibi bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga e’tibor  qaratilmoqda”.

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati

08.06.2021 42