Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Olivye Shav bilan uchrashuv

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev bilan Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olivye Shavning uchrashuvchi bo‘lib o‘tdi.

Muloqot Birlashgan millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida 2019-2021 yillarda O‘zbekistonda saylov jarayonini qo‘llab-quvvatlash loyihasi doirasida o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, 2019 yil mamlakatimizda o‘tgan parlament saylovlari arafasida yo‘lga qo‘yilgan ushbu hamkorlikka binoan xalqaro ekspertlar tomonidan saylov jarayoni ishtirokchilarining bilim va malakasini oshirish bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etilgan edi.

Muloqot chog‘ida saylovlarning ko‘ppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillari asosida, jahonda umume’tirof etilgan demokratik standartlarga mos holda o‘tishini, fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengroq ta’minlash borasida O‘zbekistonda qisqa muddat ichida yuksak samarali islohotlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan va ijrosi izchillik bilan ta’minlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga binoan amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.  

Shveysariya elchisi, O‘zbekiston Respublikasida milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish hamda demokratlashtirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar berayotgan samaralarga yuksak baho berdi.

Do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar ikki davlatning saylov organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini  yanada  mustahkamlash borasida fikr almashdi.

Onlayn muloqotda, shuningdek, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori X.Freyzer, BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili M.Dimovska ishtirok etdi.

Markaziy saylov komissiyasining
Matbuot xizmati

08.06.2021 44