Seminar-treninglar: dolzarb vazifalar ijrosi

Mamlakatimizda bu yilgi Prezident saylovi ilk bor Saylov kodeksi va umum e’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga rioya etilgan holda  o‘tkaziladi. 

Bu esa o‘z navbatida, saylov jarayonlarini milliy saylov qonunchiligiga mos tarzda, uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun saylov komissiyalari a’zolari hamda saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining bilimi va ko‘nikmasi yuqori darajada bo‘lishini taqozo qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida davom etayotgan uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga nomzodlarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga yo‘naltirilgan seminar-treninglarda ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mashg‘ulotlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi hamda  Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib tashkil etilgan.

“Joriy yilning oktyabr oyida  bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga Surxondaryo viloyatida tayyorgarlik ko‘rish, saylov jarayoni ishtirokchilarining malakasini oshirish va saylovchilar uchun qulay shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Muyassar Qodirova. –Shundan kelib chiqqan holda, viloyatimizning 15 shahar va tumanida davom etayotgan seminar-treninglarda uch yuzga yaqin tinglovchi faol qatnashmoqda. Mashg‘ulotlarga 64 nafar hududiy trener jalb etilgan. Darslarda saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha o‘quv amaliy qo‘llanma hamda saylov tizimiga oid video-darslar va videoroliklardan samarali foydalanilmoqda”.

Farg‘ona viloyatida uch milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi.

“Oldimizda uchastka saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarning  bilim va ko‘nikmalarini oshirishdek muhim vazifa turibdi, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Orzigul Qozixonova. – Saylov jarayonlarining ochiq va shaffof o‘tishida saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotiblarining saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar hamda umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari bo‘yicha salohiyatini oshirish muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimizning boshqa hududlari kabi Farg‘ona viloyatida ham seminar-treninglarning navbatdagi bosqichiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. Xususan, viloyatning 19 tuman va shaharida tashkil etilgan o‘quv jarayonlariga to‘rt yuzdan ziyod  tinglovchi jalb etildi. O‘quv auditoriyalar zarur jihoz va vositalar (proyektor, elektron doska, kompyuter, marker, ichimlik suvi, perometr dizenfeksiya vositalari, dozatorlar hamda antiseptiklar) bilan to‘liq ta’minlangan”.

“Xorazm viloyatida o‘tayotgan seminar-treninglarda jami 455 nafar tinglovchi ishtirok etmoqda, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Ergash Yusupov. – Mashg‘ulotlar saylov qonunchiligiga oid eng dolzarb mavzularni qamrab olgan. Jumladan, joriy yilda milliy saylov qonunchiligi va amaliyotining yanada takomillashtirilishi fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada keng ta’minlashda muhim omil bo‘lishi shubhasiz. Bunday keng imkoniyatlarning yaratilishida o‘tgan yillari orttirilgan milliy tajriba hamda xalqaro kuzatuvchilar va xalqaro tashkilotlar, xususan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining maqbul tavsiyalari inobatga olingani ta’kidlanmoqda.  Saylov kodeksida fuqarolarga saylovlarda ishtirok etish borasida yaratilgan qator qulayliklar haqida ham tushuntirishlar berilmoqda. Bunday qulayliklar sirasiga saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchiga muddatidan oldin ovoz berish huquqi kafolatlanganligini misol sifatida keltirish mumkin.  Tinglovchilar mashg‘ulotlar davomida uchastka saylov komissiyasi a’zolari oldida turgan muhim vazifalar haqida keng ma’lumotga ega bo‘layotirlar”.

Ta’kidlash o‘rinliki, respublikamizning barcha hududlarini qamrab olgan seminar-treninglar pirovard natijada Prezident saylovi jarayonlari ochiq va oshkora o‘tishiga, aholining saylovda faol ishtirok etishi va yurtimiz taqdiri uchun dahldorlik tuyg‘usini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati

10.06.2021 54