Saylovchilar uchun eslatma

Saylovchilarga eslatma

Aktiv saylov huquqi – Bu saylash huquqi bo‘lib, har bir fuqaroning davlatni boshqarishda o‘z vakillarini saylash bilan ishtirok etishini nazarda tutadi.

Saylov tizimi – O‘zbekiston Respublikasida saylov tizimi deganda, keng ma’noda Oliy hokimiyat vakillik organlari hamda mahalliy vakillik organlarini shakllantirish tartibi tushuniladi. O‘zbekiston Respublikasi saylov tizimi majoritar saylov tizimiga asoslangan.

Saylov huquqining asosiy prinsiplari – umumiy saylov huquqi prinsipi; teng saylov huquqi prinsipi; to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi prinsipi; yashirin ovoz berish huquqi prinsipi.

Yosh senzi – Saylovlardagi yosh senzi fuqarolarning saylovda ishtirok etishlari uchun muayyan, qonunda belgilangan yoshga yetishlari talab etilishidir. Masalan: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod sifatida 25 yosh; Viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzod sifatida 21 yosh etib belgilangan.

Saylov madaniyati – Saylov madaniyati deganda, saylovchilarning o‘z siyosiy huquqlaridan oqilona foydalanib, saylovlarda faol ishtirok etishi, shuningdek ularning hamda saylov tashkilotchilarining saylovlarni o‘tkazish, unda qatnashish va ovoz berish chog‘ida amaldagi qonunlarga, o‘rnatilgan tartiblarga amal qilishi, saylov qatnashchilarining bir birlarini hurmat qilishi tushuniladi.

Saylovchi. Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga egadirlar. Saylovda ishtirok etuvchi har bir fuqaro bir ovozga ega bo‘ladi. Saylovda saylovchilar o‘zlari xohlagan nomzodga, ya’ni erkin ovoz beradilar. Saylovchilarning ovoz berishi yashirin tarzda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda - dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.

Joriy yilda davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarda beshta siyosiy partiya ishtirok etadi. 2019 yil yanvar oyida O‘zbekiston Ekologik harakati o‘rnida, O‘zbekiston Ekologik siyosiy partiyasi tashkil etildi.

Saylovchilar Qonunchilik palatasi saylovi bo‘yicha 150 ta saylov okrugidan qo‘yilgan nomzodlar uchun ovoz berishadi.

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati yuritiladi.

Saylovchilar siyosiy partiyalar tomonidan imzo yig‘ishda bir qancha partiyalarni yoqlab imzo qo‘yish imkoniyatga ega.

Saylovlarda ovoz berish vaqti 08:00 dan 20:00 gacha etib belgilandi.

Saylovchilar Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida saylovchilarning ro‘yxati to‘g‘risidagi o‘zi uchun kerakli ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ovoz berish vaqti va joyi to‘g‘risida saylovchilarni uchastka saylov komissiyasi saylovdan kamida 10 kun oldin xabardor qiladi

Ovoz berish kuni, vaqti va joyi to‘g‘risida (saylovdan kamida 15 kun oldin), uchastka saylov komissiyasining aniq manzili, telefon raqami, ish vaqti, saylovchilar ro‘yxati hamda deputatlikka nomzodlar haqidagi ma’lumotlar bilan tanishish uchun saylovchilar uchastka saylov komissiyasi tomonidan xabardor qilinadi.

Yodda tuting!

Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, ya’ni saylovchilarning saylovga kelish-kelmasligi va o‘zlari xohlagan nomzodga ovoz berish-bermaslik masalasi bu ularning huquqidir.

Mamlakatimiz saylov qonunchiligiga ko‘ra, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lmaydigan saylovchi muddatidan oldin ovoz berishi mumkin.

Saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligi sabablari ko‘rsatilgan ariza asosida uchastka saylov komissiyasiga murojaat qiladi hamda saylov byulletenini olib, ovoz berishni amalga oshiradi.

Saylovchi arizasida saylov kuni ovoz berish uchun saylov uchastkasiga kela olmaslik sababini (vaj) ko‘rsatsa, shu arizasiga asosan muddatidan oldin ovoz berish imkoniyati yaratib beriladi.

Arizaga hech qanday qo‘shimcha ma’lumot talab etilmaydi. Arizaning o‘zi yetarli hisoblanadi.

Uchastka saylov komissiyasi saylovchidan saylov kunida bo‘la olmasligining sabablarini tasdiqlovchi qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish huquqiga ega emas.

Yodda tuting!

Muddatidan oldin ovoz berish saylovga 10 kun qolganida boshlanadi.

Muddatidan oldin ovoz berish saylovga 3 kun qolganida tugallanadi.

Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilarning e’tiboriga yetkaziladi.

Muddatidan oldin ovoz beradigan saylovchiga saylov byulleteni u tomondan saylovchilar ro‘yxati ko‘chirmasiga imzo qo‘yilgandan so‘ng taqdim etiladi.

Saylov byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki USK xonasida saylovchi tomonidan to‘ldiriladi.

Saylovchi to‘ldirilgan saylov byulletenini yopiq konvertda qoldiradi, konvert tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi.

Konvertning yelimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar a’zosining imzolari qo‘yilib, ular komissiyaning muhri va ovoz beruvchining imzosi bilan tasdiqlanadi.

Ovoz berish tartibi

Saylov kuni saylovchi ovoz berish binosiga kelib, uchastka saylov komissiyasining a’zosiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni (pasport, fuqarolik pasportini yo‘qotgan fuqarolarga ichki ishlar organlari tomonidan berilgan vaqtinchalik ma’lumotnoma, harbiy guvohnoma va jazoni o‘tab bo‘lganlik yoki jazodan ozod qilinganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma) ko‘rsatadi hamda saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi. Shundan keyin USK a’zosi tomonidan unga saylov byulleteni beriladi.

Saylovchi byulletenni olgach, uni yashirin ovoz berish xonasida to‘ldiradi.

Saylov byulletenini to‘ldirish chog‘ida ovoz beruvchi shaxsdan boshqa shaxslarning hozir bo‘lishi taqiqlanadi.

Saylovchi o‘zi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga «+» yoki «✔» yoxud «x» mazkur uchta belgidan xohlagan bittasini qo‘yadi.

Ovoz beruvchi to‘ldirilgan saylov byulletenini saylov qutisiga tashlaydi.

Saylov byulletenini mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra yashirin ovoz berish xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli. (Bundan USK a’zolari, kuzatuvchi va ommaviy axborot vositalari vakillari mustasno).

Buzib qo‘yilgan saylov byulleteni saylovchining iltimosiga ko‘ra yangisiga almashtirib beriladi.

Saylovchining turgan joyida ovoz berish tartibi.

Saylovchilarning saylov kuni yoki saylov kuniga qadar qilgan yozma yoki og‘zaki iltimosiga binoan ular turgan joyda faqat saylov kuni USK tomonidan ovoz berish jarayonini tashkil etadi.

USK a’zosi murojaatlar qaydlov daftariga saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, murojaat qilingan vaqt haqida tegishli yozuvlar kiritadi va USK a’zosi imzosi bilan tasdiqlanadi.

Komissiyaning kamida ikki nafar a’zosi ko‘chma saylov qutisi bilan saylovchining turgan joyiga boradi, ular saylovchining xohish-irodasi sir saqlanishiga rioya etilgan holda ovoz berish amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarning familiyalari saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.

Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.

Saylovchilar ro‘yxatiga har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manzili kiritiladi.

Saylovchilar ro‘yxatlari Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha axborot tizimi ma’lumotlari asosida tuziladi.

Harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilarning, shuningdek harbiy xizmatchilar oila a’zolarining va boshqa saylovchilarning ro‘yxatlari, agar ular harbiy qismlar joylashgan hududlarda yashasa, harbiy qismlarning komandirlari taqdim etadigan ma’lumotlar asosida tuziladi. Harbiy qismlardan tashqarida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar yashash joylari bo‘yicha umumiy asoslarda saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalar bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatlari mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida tuziladi.

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati vakolatli davlat organlarining axborot bazalariga muvofiq saylovchi fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari haqidagi axborotni o‘z ichiga olgan davlat axborot resursidir.

Fuqarolarga uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish, shuningdek Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylovchilar ro‘yxatidan o‘zlariga tegishli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati ta’minlanadi.

Saylovchilarning ro‘yxatlari saylovga o‘n besh kun qolganida, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalarda esa saylovga uch kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi.

Uchastka saylov komissiyasi ro‘yxat bilan tanishish joyi va vaqti to‘g‘risida xabardor etadi.

Saylovchilarning ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritish saylovga uch kun qolganida to‘xtatiladi.

Har bir fuqaro saylovchilarning ro‘yxatlaridagi xato yoki noaniqlik to‘g‘risida uchastka saylov komissiyasiga arz qilishi mumkin. Uchastka saylov komissiyasi 24 soat ichida murojaatni tekshirishi va xatoni yoki noaniqlikni bartaraf etishi yoxud murojaat qiluvchiga uning murojaati rad etilganligi to‘g‘risida asoslantirilgan javob berishi shart.

Saylovchi uchastka saylov komissiyasining harakatlari va qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Biron-bir sababga ko‘ra saylovchilar ro‘yxatiga familiyasi kirmay qolgan saylovchilarning familiyalari saylovchining shaxsi, fuqaroligi va yashash joyini tasdiqlovchi hujjat asosida saylovchilar ro‘yxati ilovasiga kiritiladi.

Saylovchi ayrim sabablarga ko‘ra chet davlatda bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ro‘yxatdan o‘tib, ovoz berish jarayonida ishtirok etadi.

1339